SUD-FONOGRAFIYA EKSPERTIZASINI TAYINLASH ASOSLARI

B.SH.Mirzaaxmedov  – O‘zbekiston

Respublikasi Adliya vazirligi

X.Sulaymonova nomidagi Respublika

sud ekspertizasi markazi

“Sud–fonografiya ekspertizasi”

laboratoriyasining eksperti

 

Sud-fonografiya ekspertizasi poraxo‘rlik, korrupsiya, reket, ta’magirlik hamda terrorizm kabi jinoiy ishlarni fosh etishda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi paytda sud-fonografiya ekspertizasining imkoniyat darajasi, jinoyatga tayyorgarlikni yoki qonunbuzarlikka yo’l qo‘ygan shaxslarni fosh etishda isbotlovchi, guvoxlik beruvchi holat, materiallar tanqis bo‘lgan vaziyatlarda esa, yashirin ravishda yozib olingan so‘zlashuvlar mavjud hollarda, ularning qilgan jinoyatlarini ochishda xozirgi zamon talablariga to‘liq javob bera oladigan sud-fonografiya ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazishga imkon beradi.

Sud-fonografiya ekspertizasining maqsadi – tadqiqot qilinuvchi fonogramma yozib olingan asbob-uskunani, ya’ni magnitofon, diktofon, videokameralarga, raqamli diktofonlarga, raqamli videokameralarga, uyali telefonlarga, flesh-xotira kartalariga, flesh-xotira yig‘uvchilariga, kompakt disklarga va h.k.larga, yozilgan suhbatni (fonogrammani) tekshirish, suhbat mazmuni, ishtirok etgan shaxslar soni, jinsi, suhbatning sharoitlari va boshqalarni aniqlashga qaratilgan.

Ayni vaqtda Respublika sud ekspertizasi markazi O’zbekistonda sud-fonografiya ekspertizasini o’zbek va rus tillarida o’tkazish tashkil qilingan yagona muassasa hisoblanadi. Markaz zarur hollarda esa tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda, boshqa tillardagi fonogrammalar bo’yicha ham tadqiqotlar o’tkazish imkoniyatiga ega.

Laboratoriya hodimlari ekspertizalarni bajarishda ilmiy va texnik yutuqlardan, eng zamonaviy asbob-uskuna, qurilma hamda kompyuter dasturlaridan foydalanib, eng og‘ir va murakkab jinoyatlarni fosh etishda huquqni muhofaza qilish idoralariga samarali yordam berib kelmoqdalar.

Jumladan, bugungi kunga kelib, markazning sud-fonografiya ekspertizasi hal etadigan masalalar, xususan:

– ekspertizaga taqdim etilgan stenogrammaning tadqiq qilinuvchi fonogramma mazmuniga mos kelishi yoki mos kelmasligi;

– ekspertizaga taqdim etilgan yozuv (fonogramma) sifati past va fonogrammani tashqi shovqinlardan tozalash zarur bo‘lganda, suhbat stenogrammasini tuzish;

– ekspertizaga taqdim etilgan suhbatda nechta shaxs ishtirok etganligini, ularning jinsini, ruhiy holatini, suhbat qatnashchilarining nutqlari erkin holatdami yoki avvaldan tayyorlangan matnni o‘qish ko‘rinishidami, suhbat qaerda (xonada, ko‘chada, avtomashina salonida va h.k.) yozib olinganligini aniqlash;

– suhbat yozib olingan tashuvchida mexanik (faqat lenta-tortuvchi mexanizmi bo‘lgan obyektlar bo‘yicha) yoki elektroakustik montaj belgilari mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash;

– ekspertizaga taqdim etilgan fonogramma asli yoki nusxaligini aniqlash;

– ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammadagi ovoz va nutqning kimga tegishli ekanligini aniqlash (identifikatsiya qilish); – ekspertizaga taqdim etilgan tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan fonogramma aynan qaysi moslamada yozib olinganligini aniqlash;

– ekspertizaga taqdim etilgan videotasma va videofonogrammalarni tadqiqot qilish va h.k.

Ma‘lumki, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi, shuningdek advokat so‘rovi (faqat fuqarolik, iqtisodiy va ma‘muriy sud ishlarini yuritishda) sud ekspertizasini o‘tkazish uchun asos deb hisoblanadi. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e‘tiboran tayinlangan hisoblanadi. Sud-ekspertizani tayinlash protsessual harakat bo‘lib, qonun tomonidan belgilangan asos va tartibga binoan amalga oshiriladi. Bu harakat faqatgina ekspertiza tayinlash haqida qaror yoki ajrim tuzish bilan cheklanmaydi. Avvalambor surushtiruvchi, tergovchi va sudyalar sud ekspertiza tayinlash jarayonida uning turiga, zamonaviy sharoitdagi imkoniyatlari, ekspertiza hal eta oladigon masalalar doirasi va o‘ziga xos tomonlari haqida ma‘lumotga ega bo‘lishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Masalan, sud-fonografiya eksper­tizasini o‘tkazilishi uchun ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qarorga yoki ajrimga qo‘shimcha ravishda ayblanuvchi, gumon qilinuvchi yoki guvohdan ekspertiza tekshiruvi uchun ovozi va nutqidan namuna olish to‘g‘risidagi qaror, shu bilan birgalikda ovoz va nutqni yozib olish to‘g‘risidagi bayonnoma, ekspertizaga taqdim etilayotgan nizoli fonogrammani eshitib ko‘rish to‘g‘risidagi bayonnoma ekspertiza o‘tkazishlik uchun taqdim etiladi.

Sud ekspertizani samarali o‘tkazishning asosiy shartlaridan biri bo‘lib, ekspert oldiga qo‘yilayotgan vazifalar ish materiallaridan kelib chiqishi, ish uchun axamiyatli bo’lgan faktlar va holatlarni aniqlashga qaratilishi, ekspertning maxsus bilimlari doirasida bo‘lishidir. Vazifalar lo‘nda, ikkilamchi tahlilga ega bo‘lmagan savollar shaklida ifodalinashi zarur.

Ekspert tadqiqotlarining samaradorligi ekspertizani predmetlari vа ob‘ektlarini to‘g‘ri belgilash bilan bog‘liqdir. Qonunda ekspertiza tayinlanishi mumkin bo’lgan masalalalar belgilab qo‘yilgan, ammo ekspertiza uslubiyoti, tadqiqot uchun qo‘llanadigan usullar, texnik vositalar, qonuniyatlar va boshqa ma‘lumotlar ishonchli, tekshirilgan va sinalgan bo‘lishi talab qilinadi. Shuning uchun, ekspertizaning ilmiy asoslari shakillangan va ular tegishli tartibda amaliyotga tadbiq qilishga tavsiya qilingan bo‘lishi kerak.

Skip to content