Obyektlarni baholashda qo‘llaniladigan yondashuvlar va usullar.

Obyektlarning qiymatini aniqlashda, baholash  yondashuvlari va usullarining qo‘llanilishi tartibi  O‘zbekiston Respublikasining yagona milliy baholash standarti talablari asosida tartibga solinadi.

Mazkur standart talablariga asosan, ekspert (mutaxassis ) kerakli yondashuv va usullarni tanlash uchun javobgar hisoblanadi hamda mustaqil qo‘llaydi.

Ob’ektlarni baholashda uchta baholash yondashuvlaridan foydalaniladi. Bular qiyosiy yondashuv, daromad yondashuvi va xarajat yondashuvidir.

Baholash yondashuvlarining har biri turli qo‘llanilish usullariga ega.

  1. Qiyosiy yondashuv deganda aktiv qiymatini baholashning baholanayotgan aktivni analog aktivlar bilan tuziladigan bitim yoki taklif narxlari haqida axborot mavjud bo‘lganda shunday aktiv bilan qiyoslashga asoslangan usullari yig‘indisi tushuniladi. Qiyosiy yondashuv almashtirish prinsipiga asoslanadi.

Qiyosiy yondashuv usullari taqqoslanuvchi baholash ob’ektlarining faol bozori mavjud bo‘lganda samarali bo‘lib, ob’ektning haqiqatan ham bozor qiymati haqida tasavvur beradi.

Qiyosiy yondashuvni qo‘llaganda asosiy talab qiyoslash ob’ektini (analogni) to‘g‘ri tanlash hisoblanadi. Qiyoslash ob’ekti baholanayotgan ob’ekt bilan nafaqat funksional, balki klassifikatsion o‘xshashlikka ega bo‘lishi, ya’ni baholanayotgan aktiv va qiyoslash ob’ekti vazifasi hamda eng asosiy narxni hosil qiluvchi parametrlari qiymatlari bo‘yicha bitta klassifikatsion guruhga mansub bo‘lishi zarur.

Qiyosiy yondashuvda ko‘pincha taqqoslanuvchi ob’ektlar tanlanmasidan olinadigan bozor multipikatorlaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi, ularning har biriga o‘z multiplikator qiymati xos bo‘ladi. Mavjud qiymatlar ichidan munosib multiplikatorni tanlashda sifat va miqdoriy omillarni e’tiborga oladigan asoslashni taqozo etadi.

Ob’ektlarning qiymatini aniqlashda qiyosiy yondashuv orqali baholashda quyidagi asosiy usullardan foydalaniladi:

taqqoslanuvchi bitim usuli;

kapital bozori (analog-kompaniya) usuli.

Taqqoslanuvchi bitimlar usulini qo‘llaganda baholash ob’ekti parametrlarini qiyosiy tahlil qilishning turli xil natijalaridan, shuningdek taqqoslash uchun baza bo‘lib xizmat qiladigan «taqqoslash birligi» parametrlaridan foydalanish mumkin. Bularga quyidagilar kiritilishi mumkin:

kvadrat metr bahosi ― ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ko‘rib chiqishda kvadrat metr bahosi taqqoslash birliklaridan biri sifatida qaraladi, bunda bir kvadrat metr uchun ijara haqi hamda kapitallashtirish stavkalari aniqlanadi;

soliqlarni, foizlarni va moddiy va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini chegirgungacha bo‘lgan foyda (bundan buyon matnda EBITDA deb yuritiladi) multiplikatorlari, narx/foyda multiplikatori, narx/tushum multiplikatori va narx/balans qiymati multiplikatori ― biznesni baholashda qo‘llaniladigan taqqoslash birliklaridan biri hisoblanadi;

daromadlilik va foiz stavkalari sperdlari (foiz stavkasidan yuqori marja) ― moliyaviy vositalarni baholashda qo‘llaniladigan taqqoslash birliklari hisoblanadi.

Foydalaniladigan taqqoslash birliklari bir-biridan aktiv mansub bo‘lgan guruh, tarmoq va mintaqaga bog‘liq holda farq qilishi mumkin.

Taqqoslanuvchi bitimlar usulini qo‘llash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:

tegishli bozorda ishtirokchilar foydalanadigan taqqoslash birliklarini aniqlash;

zarur taqqoslanuvchi bitimlarni aniqlash va asosiy (salmoqli) baholash ko‘rsatkichlarini, shu jumladan, ushbu bitimlar bo‘yicha multiplikatorlarni hisoblash;

taqqoslanuvchi aktivlar va baholanayotgan aktivlar o‘rtasidagi sifat va miqdoriy o‘xshashliklar va farqlarni izchil qiyosiy tahlil qilish;

baholanayotgan aktiv bilan taqqoslanuvchi aktivlar o‘rtasida farqlarni aks ettirish uchun baholash ko‘rsatkichlariga zarurat bo‘lgan hollarda tuzatishlar kiritish;

baholanayotgan aktivga tuzatilgan baholash ko‘rsatkichlarini qo‘llash;

agar bir nechta baholash ko‘rsatkichlaridan foydalanilgan bo‘lsa, olingan qiymat ko‘rsatkichlarini kelishish.

Ekspert (mutaxassis) taqqoslanuvchi bitimlarni quyidagilarni hisobga olgan holda tanlashi kerak:

bir nechta bitimlar bo‘yicha ma’lumotlar, qoida tariqasida, bir martalik bitim yoki hodisaga qaraganda samarali hisoblanadi;

juda o‘xshash aktivlar bilan tuzilgan bitimlar, haqiqiy sotish bahosi mazkur bitimda jiddiy tuzatishlarni talab qiladigan aktivlarga qaraganda yaxshiroq ko‘rsatkichni beradi;

baholash sanasiga yaqinroq amalga oshiriladigan bitimlar uzoqroq muddatlarda, ayniqsa beqaror bozorlarda amalga oshiriladigan bitimlarga qaraganda ishonchlirok buladi;

bitimlar erkin bozor shartlarida o‘zaro bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan taraflar ishtirokida sodir etilgan bo‘lsa, bunday bitimlar baholash maksadlarida ko‘proq to‘g‘ri keladi;

baholovchida taqqoslanuvchi aktiv tavsifini chuqurroq tushunish va baholash ko‘rsatkichlarini tahlil qilish imkoniyati bo‘lishi uchun, bitim haqidagi tegishli axborotdan foydalanish mumkin bo‘lishi kerak;

taqqoslanuvchi bitimlar haqidagi axborotni ishonchli va e’tiborga molik manbadan olish kerak;

amalga oshirilgan bitimlar, mo‘ljallanayotgan bitimlarga (taklif narxiga) qaraganda ishonchliroq bo‘ladi.

Ekspert (mutaxassis) taqqoslanuvchi bitimlar/takliflar narxlari bilan baholanayotgan aktiv o‘rtasidagi har qanday jiddiy farqlarni tahlil qilishi va tuzatishlar kiritib borishi kerak. Tuzatishlar talab etiladigan eng ko‘p tarqalgan farqlar quyidagilardan iborat:

muhim tavsiflar (o‘lchami, tuzilishi va shunga o‘xshash boshqa xususiyatlari);

baholanayotgan aktiv yoki taqqoslanuvchi aktivlarga qo‘yilgan tegishli cheklovlar;

geografik o‘rni (aktivning joylashgan joyi va/yoki aktiv bilan bitim amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan yoki undan foydalanadigan joy) hamda tegishli iqtisodiy va huquqiy muhit;

aktivlar rentabelligi yoki foydaliligi;

tarixiy yoki kutilayotgan o‘sish;

daromadlilik darajasi/kupon bo‘yicha foiz stavkalari;

ta’minot turlari;

taqqoslanuvchi bitimlarni tuzishdagi noodatiy shartlar;

taqqoslanuvchi aktiv va baholanayotgan aktivga nisbatan likvidlilik va nazorat darajasi bilan bog‘liq farqlar;

mulkchilik tavsiflari (masalan, egalik qilishning huquqiy shakli, egalik qilishning foiz ifodasidagi ulushi);

taqqoslanuvchi aktivlar taklif narxlari va sodir etilgan bitimlar narxlari.

Kapital bozori (analog-kompaniya) usuli taqqoslash uchun baza sifatida baholanayotgan aktivga o‘xshash yoki xuddi shunday ommaviy sotiladigan taqqoslanuvchi aktivlar haqidagi axborotdan foydalanishni nazarda tutadi.

Kapital bozori usuli taqqoslanuvchi bitimlar usuliga o‘xshash bo‘lib, ayrim farqlari bundan mustasno, ular ochiq bozorda savdo qilinadigan taqqoslanuvchi aktivlarga bog‘liq bo‘ladi. Quyidagilar kapital bozori usulining taqqoslanayotgan aktivlarning ochiq bozorda sotilishi bilan bog‘liq farqli jihatlari hisoblanadi:

faqat baholash sanasidagi qiymat bahosi ko‘rsatkichlaridan foydalanish mumkin;

taqqoslanuvchi aktivlar haqidagi bunday axborotdan ochiq foydalanish mumkin;

ochiq foydalaniladigan axborot buxgalteriya hisobi standartlarini hisobga olgan holda tayyorlanadi.

Kapital bozori usulidan, baholanayotgan aktiv ochiq bozorda sotiladigan analog-ob’ektga juda o‘xshash bo‘lgandagina foydalanish mumkin, bu ularning to‘g‘ri taqqoslanishini ta’minlaydi.

  1. Daromad yondashuvi baholash ob’ekti qiymatini, baholash ob’ektidan kelgusida kutilayotgan daromadlarni yagona joriy kiymatga keltirish orkali baholshni nazarda tutadi. Daromad yondashuvidan foydalanilganda, aktiv qiymati undan foydalanish okibatida keladigan daromadlar yoki pul oqimlari yoxud tejaladigan xarajatlarning qiymati bilan belgilanadi.

Daromad yondashuvida eng muxim omil investorlarning o‘z sarmoyalaridan daromad/samara kutishlari bo‘lib, bunda daromad olishda sarmoyalar bo‘yicha aniqlangan tavakkalchilik darajalarini hisobga olishlari kerak bo‘ladi.

Baholash ob’ekti qiymatini daromad yondashuvi bilan baholash uchun ekspert baholash ob’ektidan kutilayotgan daromadni baholash sanasidagi yagona qiymat birligiga aylantirishga asoslangan quyidagi usullarning biridan foydalanadi:

pul oqimlarini diskontlash usuli (bundan buyon matnda POD usuli deb yuritiladi) ― baholash ob’ekti qiymati baholash sanasi holatiga, prognoz va prognozdan keyingi davrlardagi (davrning oxiridagi) pul oqimlarining joriy qiymatlarini qo‘shish yo‘li bilan aniqlashga asoslanadi;

daromadni kapitallashtirish usuli ― baholash ob’ekti qiymati yagona davrdagi daromad miqdorini ushbu daromadga mos keladigan kapitallashtirish stavkasiga bo‘lish orqali aniqlanadi.

POD usuli pul oqimlari beqaror bo‘lgan ob’ektlarni baholash uchun qo‘llaniladi.

POD usuliga muvofiq prognozlanayotgan kelajakdagi pul oqimlari baholash sanasiga kadar diskontlanadi va buning natijasida aktivning joriy qiymati aniklanadi.

Daromadni kapitallashtirish usuli pul oqimlari o‘zgarmas bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi. Bunda ekspert joriy moliyaviy hisobotni tahlil qilishi va zarur bo‘lsa, uni me’yorlashtirishi, kapitallashtiriladigan daromad turi va miqdorini tanlashi, kapitallashtirish stavkasini hisoblab chiqishi, baholash ob’ektining joriy qiymatini aniqlashi va ularga tegishli tuzatishlar kiritishi shart.

Kapitallashtirish stavkasi tanlangan daromad turiga mos kelishi lozim. Baholash ob’ekti qiymati tanlangan daromad miqdorini kapitallashtirish stavkasiga bo‘lish orqali hisoblanadi.

3.Xarajat yondashuvi baholash ob’ekti qiymatini baholashning baholash ob’ekti eskirishini hisobga olib, uni tiklash yoki almashtirish uchun zarur xarajatlarni aniqlashga asoslangan usullar yig‘indisi. Ushbu mulkni o‘rnini bosish uchun asl mulkning nusxasi yoxud xuddi shunday foydalilikni ta’minlay oladigan boshqa mulkni yaratish mumkinligi nazarda tutiladi.

Xarajat yondashuv aktivni almashtirish yoki takror ishlab chiqarishga xarajatlarni hisoblash hamda jismoniy va boshqa o‘rinli eskirish turlariga chegirmalar qo‘llash yo‘li bilan qiymat ko‘rsatkichini olish imkonini beradi.

Xarajat yondashuvi quyidagi asosiy usullar orqali hisoblanadi:

almashtirishning qoldiq qiymati usuli, bunda qiymatni teng qiymatli foydaliligi taklif qilinadigan o‘xshash aktivga xarajatlarni hisoblash yo‘li bilan aniqlanadi;

takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati usuli, bunda qiymatni aktivning aniq nusxasini yaratishga ketgan xarajatlarni hisoblash yo‘li bilan aniqlanadi;

komponent usuli, bunda uning yordamida aktiv qiymati uning tarkibiy qismlarining alohida qiymatlarini qo‘shish orqali hisoblanadi.

Ekspert (mutaxassis) baholash ob’ektining qiymatini baholashning turli baholash yondashuvlari va baholash usullarini qo‘llash orqali olingan natijalariga asosan muvofiqlashtiradi hamda ularning natijalarini hulosada yoki mutaxassis fikrida aks ettiradi.

 

 

Sifat menedjmenti bo‘limi mutaxassisi   A. Bo‘riyev

Skip to content