Transport-trasologiya ekspertizasi yo‘l-transport hodisasiga oid ishlarni olib borishning turli bosqichlarida – hodisa yuz bergan joyni ko‘zdan kechirish, yo‘l-transport hodisasi mexanizmini tiklash jarayonida tergov organiga uslubiy yordam berishga qodir. Transport vositalarida vujudga kelgan izlarning kelib chiqish sabablari va hosil bo‘lish mexanizmiga oydinlik kiritishda transport-trasologiya ekspertizasi alohida ahamiyatlidir. Olingan axborotlar orqali transport-trasologiya ekspertizasi tergov va sud organlariga yo‘l-transport hodisasining sodir bo‘lish va rivojlanib borish mexanizmi to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlar beradi.
–To‘qnashuvda transport vositalarining o‘zaro ta’siri mexanizmi. Transport vositalarining bir-biriga ta’sir qilish mexanizmi kontakt jarayonida paydo bo‘lgan o‘zgarishlar ko‘lamidan kelib chiqadi. Transport vositalarining harakatlanishi davomida kontaktda bo‘lgan qismlar konfiguratsiyasiga bog‘liq holda har-xil o‘lchamli to‘qnashuv belgilari vujudga keladi.
–Deformatsiyalarning hosil bo‘lishi. To‘qnashuvning turiga qarab transport vositasida vujudga kelgan deformatsiyalar va ularning xarakteriga baho berish mumkin. To‘qnashuv natijasida vujudga kelgan o‘zgarishlar xarakteri, o‘lchamlari va joylashuvi bo‘yicha transport vositalarining o‘zaro to‘qnashuvda bo‘lgan qismlari hamda to‘qnashuv vaqtida ularning o‘zaro joylashuviga aniqlik kiritiladi.
-Tezlikning o‘zgarishi. To‘qnashuvning turidan kelib chiqib transport vositasining tezligi keskin kamayishi (ro‘paradan harakatlanib kelgan transport vositasi bilan to‘qnashuv holatida) yoki ortib ketishi (bir yo‘nalishdagi transport vositalarining to‘qnashuvi holatida) kuzatiladi. Shu bilan birga transport vositasining harakat yo‘nalishi o‘zgarib ketishi ham mumkin. Transport vositalaridagi jarohatlar va izlarning ekspert tadqiqotlari ularning o‘zaro kontaktda bo‘lganlarida ta’sir jarayonini aniqlash imkonini beradi.
–To‘qnashuv vaqtida transport vositalarining o‘zaro joylashuvini aniqlash.
Transport vositalaridagi jarohatlar va izlarni zkspert tadqiqot qilish quyidagi vazifalarni hal qiladi:
– to‘qnashuv vaqtida transport vositalarining o‘zaro joylashuv burchagini aniqlash;
– transport vositalarining birlamchi kontaktda bo‘lgan nuqtalarini aniqlash.
Ushbu ikki savolning yechimi to‘qnashuv vaqtida transport vositalarining yo‘lning qatnov qismidagi vaziyatlarini aniqlash imkonini beradi. Buning uchun to‘qnashuv holati aks etgan chizma yo‘lning parametrlari va to‘qnashuv joyining geometrik o‘rni hamda transport vositalari g‘ildiraklaridan qolgan tormoz izlari bilan to‘ldiriladi.
– to‘qnashuv chizig‘i yo‘nalishini aniqlash. Ushbu savolning yechimi to‘qnashuvdan so‘ng transport vositalari yo‘nalishini va xarakterini aniqlash imkonini beradi;
– to‘qnashuv burchagini aniqlash. To‘qnashuv burchagi transport vositalari harakat yo‘nalishiga aniqlik kiritishga yordam beradi.
–To‘qnashuv vaqtida zarb kuchining yo‘nalishini aniqlash. To‘qnashuv vaqtidagi zarb sekundning kichik ulushlarida yuz beradigan qisqa jarayon, bu vaqtda transport vositalarining kinetik energiyasi deformatsiyalanishga sarf bo‘ladi. Transport vositalarining to‘qnashuvidan kontaktda bo‘lgan yuzalar bir-biriga nisbatan kirishib ketishi, deformatsiyalanishi, ishqalanib o‘tishi mumkin. Bu vaqtda ular orasida turli yo‘nalishda o‘zaro ta’sir etuvchi kuchlar vujudga keladi.
–To‘qnashuv joyini aniqlash bo‘yicha ekspertiza tadqiqotlari. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish mustaqil tergov harakati sifatida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 135-141-moddalari bilan tartibga solingan. U boshlang‘ich va kechiktirib bo‘lmaydigan eng muhim tergov harakati hisoblanadi, aks holda jinoyat izlari tabiiy ta’sirlar natijasida buzilib ketishi yoki ataylab yo‘qotilishi mumkin. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishda haqiqiy hodisa holatini aniqlash va xolisona tergovni ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar, ya’ni ko‘zdan kechirilayotgan ob’ektlarning ahvoli, o‘ziga xos belgilari aniqlanadi. Transport vositalarining va ulardan qolgan izlarning joylashuvi, izlarning yo‘nalishi va xarakteri, yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joyda qolgan predmetlar – avtomobildan sinib tushgan qismlar, shisha siniqlari, to‘kilgan moy dog‘lari, suv, elektrolit, tormoz suyuqligi va h.k. ko‘zdan kechirish bayonnomasiga to‘liq qayd qilinishi va chizmada ko‘rsatilishi shart, chunki, keyinchalik ushbu ma’lumotlar orqali yo‘l-transport hodisasining sodir bo‘lish mexanizmi o‘rganiladi. Amaldagi qonun talablariga ko‘ra, bayonnomaga faqatgina ko‘zdan kechirish vaqtida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar kiritiladi.
X.Sulaymanova nomidagi RSEMning
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi
sud transport-trasologiya eksperti H.Sultonov