Elektrotexnika ekspertizasining imkoniyatlari va uning xal etadigan masalalari

O‘zbekiston Respublikasi

                                Adliya vazirligi xuzuridagi

                X.Sulaymonova nomidagi

Respublika sud ekspertiza markazi

Yong‘in-texnik ekspertizasi laboratoriyasi

mudiri, 3-darajali adliya maslaxatchisi  

Yakubjan Kiyamovich Rustemov

O‘zbekiston Respublikasi      Prezidentining 17 yanvar 2019 yildagi 4125-sonli  “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (Yo‘l xaritasining 3-ilova 7-bandi)ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida 2020 yilda Yong‘in texnik ekspertizasi laboratoriyasida yangi tur “Sud elektrotexnikaviy ekspertizasi” joriy etildi.

Ushbu tur ekspertiza oldiga qo‘yilgan masalalarni mukammal xal etish maqsadida, ekspertlar tomonidan elektrotexnika ekspertizasining nazariy jihatlari o‘rganildi, bunda,  mutaxassislikka doir adabiyotlar bilan yaqindan tanishildi, mazkur ekspertizaning dolizarblik axamiyati va mavjud uslubiyotlar o‘rganilib, mutaxassislikka oid dolzarb mavzuda ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Shuningdek, elektrotexnika ekspertizasini o‘tkazish uchun talab etiladigan mutaxassislar, mazkur ekspertizaning fani, ob’ektlari, ekspertiza oldiga qo‘yiladigan masalalar, vakolatidagi savollar doirasi va  ushbu ekspertizaning xal etadigan masalarini yechish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar o‘rganib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 maydagi 5997-sonli “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida farmonida (2-bob). Sud ekspertizasi sifatini izchil yaxshilash,  Sud ekspertizasi amaliyotiga yangi innovatsion ishlanmalarni joriy etish, ekspert tadqiqotlarining turlari, xususan, sud-psixologik va sud-elektrotexnik ekspertizalari, oziq-ovqat mahsulotlari sud ekspertizalarining sifati va ishonchliligini oshirish masalasi qo‘yilgan bo‘lib, bu borada ushbu tur ekspertizasini rivojlantirish maqsadida bir qator ishlar qilindi.

2019-2020 yillarda Markazning Yong‘in texnik ekspertizasi (YTE) laboratoriyasida qarorning ijrosi yuzasidan elektrotexnikaviy ekspertizasini o‘tkazish yuzasidan uslubiyotni boyitish, elektrotexnikaviy ob’ektlarni tekshirishning usullarni o‘rganish, yangi usullarini ishlab chiqish, mavjud usullarini takomillashtirish maqsadida Toshkent Davlat texnika Universitetining professor o‘qituvchilari raxbarligida, “Elektr uskunalaridagi nosozliklarni o‘rganib chiqish va ularni tekshirish usullari” mavzusida ilmiy tadqiqot ishi olib borildi. Shuningdek, ekspertlar xizmatda foydalnishi uchun “Sud elektrotexnika ekspertizasi va uning ob’ektlarini tekshirish usullari” uslubiy qo‘llanmasi ishlab chiqildi va 2021 yilda nashr etildi.

Bundan tashqari, Yong‘in texnik ekspertizasi (YTE)  laboratoriyasida 2021-2022 yillarda “Sud elektrotexnikaviy ekspertizasi ob’ektlari – mis va aluminiy elektr simlarida qisqa tutashuv alomatlarini va ularning yong‘indan oldin va yong‘in vaqtida bo‘lganligini “Empyrean” rusumli (PANalytical Netherlands) Rentgen uskunasi yordamida aniqlash” mavzusida ilmiy tadqiqot ishi olib borilib, 2022 yilda yakuniga yetkazildi va ekspertlar uchun uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Markazda sud elektrotexnikaviy ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazishda “Empyrean” rusumli (PANalytical Netherlands) Rentgen difraktometri, “Axiotech” Caurl Zess» rusumli metallografik  mikroskopi kabi zamonaviy uskunalardan keng foydalaniladi.

Bugungi kunda ya’ni 21 asrda dunyodagi axoli yashaydigan yer qadlamini elektr energiyasi va uning turli sohalardagi amaliy tadbiqlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Elektr energiyasi jamiyat hayotining barcha jabhalarini keng qamrab olgan va undan foydalanib ishlaydigan mashinalar va mexanizmlar kun sayin takomillashib bormoqda. Chunki, yangi asrda elektr energiyasi barcha energiya turlari ichida eng qulay va arzon manbaga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda dunyo olimlari elektr energiyasi ishlab chiqarishning yangi muqobil manbalarini rivojlantirish ustida ishlamoqdalar. Buning asosida, Gidro elektr stansiyalari, Shamol elektr stansiyalari, Issiqlik elektr stansiyalaridan o‘laroq, Atom elektr stansiyalari, Quyosh nuri elektr stansiyalari kabi zamonaviy elektr manbalari stansiyalari rivojlanmoqda.  Shunday ekan, elektr energiyasidan foydalanib ishlaydigan barcha elektr soxasi mashina va mexanizmlarning fizikaviy asoslarini va elektr energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar yo‘q emas.

Elektr energiya shaharlar va qishloklarni obodonlashtirishda katta rol o‘ynaydi. Inson xayotida elektr energiyasining ulkan ahamiyati uning yutuqlari bilan izohlanadi: elektr energiyani yirik elektrostansiyalarda ishlab chiqarish, uzoq masofalarga uzatish va turli iste’molchilar orasida taqsimlash mumkin. Bundan tashqari, elektr energiyani boshqa energiya turlariga jumladan: elektr energiyasini issiqlik energiyasiga, elektr energiyasini mexanik energiyaga, elektr energiyasini yorug‘lik energiyasiga o‘zgartirish mumkin.

Elektrotexnika — elektr  zanjirlarida  va  elektromagnit maydonlarida elektr hamda magnit energiyalarining hosil  bo‘lish va  o‘zgarish qonuniyatlarini o‘rganadigan fan va texnika sohasidir. Hozirgi paytda elektr energiyasi ma’lum bo‘lgan barcha energiyalardan farqli o‘laroq sanoatda, transportda, qishloq xo‘jaligida, maishiy xizmatda va halq xo‘jaligini barcha sohalarida alohida tengi yo‘q o‘rin egallaydi.

Bu energiyani ustunlik tomonlari:

  1. a) elektr energiyani boshqa energiyaga aylantirish mumkin, yoki boshqa turdagi energiyani elektr energiyasiga aylantirish mumkin
  2. b) elektr energiyasini juda katta tezlik bilan uzoq masofalarga uzatish mumkin
  3. v) ekologik jihatdan toza, atrof muhitni ifloslantirmaydi, o‘zidan chiqindi chiqarmaydi.

Sud elektrotexnikaviy ekspertizasi diagnostik va klassifikatsion masalalarni xal etadi.

 

Elektrotexnika ekspertizasi elektr tarmoqlari yoki elektr jihozlarining buzilishi yoki ishdan chiqish sabablarini aniqlash uchun mo‘ljallangan. Belgilangan maqsadga erishish jarayonida elektrotexnika ekspertizasi quyidagi vazifalarni hal qiladi:

O‘rganilayotgan qurilma yoki elektr tarmog‘idan foydalanish vaqtida aniqlangan buzilish yoki nosozlik sababini aniqlash.

Tekshirilayotgan qurilma va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini aniqlash.

Tekshirilayotgan qurilmaning elektr tarmoqlari texnik xususiyatlariga mosligini tahlil qilish.

O‘rganilayotgan qurilmaning ushbu mexanizmlar kategoriyasi uchun umumiy qabul qilingan standartlarga javob berishini aniqlash yuzasidan tadqiqotlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, elektr uskuna va moslamalari, xar-xil texnikaviy qurilmalar hamda texnologik jihozlar, isitish yoki sovutish elektr jixozlaridagi nosozliklarni va bu nosozliklar nima sababdan kelib chiqqanligini aniqlash elektrotexnikaviy ekspertizasining asosiy vazifalari xisoblanadi.

Shu bilan bir vaqtda, sud elektrotexnikaviy ekspertizasi ekspertlari oldiga elektr uskuna va asboblarning ishdan chiqish mexanizmini tiklash ya’ni uning texnik nosozligi, ishlab chiqarishda yo‘l qo‘yilgan kamchilik, elektr moslama yoki uskunaning sifatsizligi, ishlatilgan detallarning nuqsonini aniqlash yoki uning eksplatatsiyasi noto‘g‘ri qilinganligini o‘rganishga qaratilgan savollar qo‘yilishi mumkin.

Shuni e’tiborga olish lozimki, ekspert xulosalarining sifatini ta’minlashda albatta, yangi uslub-uslubiyotlarni va yuqori sezgir kriminalistik uskunalarni, innovatsion texnologiyalarni xamda ilmiy ishlar natijalarini tadbiq etish maqsadga muvofiqdir.

 

Foydalangan manbalar:

O‘zbekiston Respublikasi      Prezidentining 17 yanvar 2019 yildagi 4125-sonli  “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 maydagi 5997-sonli “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida farmoni.

V.N. Cherkasov.  «Pojarnaya profilaktika elektroustanovok». Moskva.1978g.

 

Internet manbalar. 

 

 

 

Skip to content