Bank sohasida boy berilgan foydani aniqlash tartibi

O‘zbekiston Respublikasi bank tizimi bugungi kunda bank xizmatlarining an’anaviy sohalari – kreditlash, depozit operatsiyalari, hisob-kitob va kassa kabi xizmatlarini ko‘rsatuvchi 31 ta tijorat bankidan tashkil topgan.

Mamlakatimiz mustaqilligi davrida banklar davlat ishtirokidagi korxonalarni va davlat rivojlanish dasturlarini imtiyozli foiz stavkalarida moliyalashtirishga faol jalb etgan holda muayyan maqsad va vazifalar uchun tashkil etildi. Natijada imtiyozli kreditlarning bank tizimi umumiy portfelidagi ulushi 60 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda.

Bank sektorida davlat ustun mavqega ega – 31 ta bankdan 13 tasining kapitalida davlat ishtiroki mavjud bo‘lib, ularning kapitali bank tizimi jami kapitalning 87 foizidan ko‘prog‘ini, aktivlari esa umumiy aktivlarning 85 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

Nizolarni sudda ko‘rish jarayonida yuzaga kelgan masalalarga huquqiy baho berish tartib-taomillari, bankrotlik, majburiy ijro sohalaridagi qonunchilikni va qarzdorlarning insofsiz harakatlaridan banklarni huquqiy himoya qilishning boshqa choralarini takomillashtirish banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi:

2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi[1] doirasida amalga oshirish ko‘zda tutilgan chora-tadbirlardan biri bank tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, shuningdek, pul-kredit siyosati instrumentlarining samaradorligini oshirish uchun subsidiyalangan kredit berishdan voz kechish.

Ma’lumot uchun, subsidiyalangan kredit – bu oddiy bozor stavkalaridan past foiz stavkasida imtiyozli shartlarda berilgan kredit.

2022 yilda tayinlangan sud moliya – kredit ekspertizasi bo‘yicha ish materiallaridan ko‘rinishicha, tijorat banki hamda xorijiy korxona o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasi bo‘yicha 2019 yilda Piskent tumanida paxta xom-ashyosini yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yillik besh foiz ustama to‘lash sharti bilan 12 oy muddatga yopiq kredit liniyasi hisobidan milliy valyutada paxta xom-ashyosini yetishtirish uchun 12,4 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.

Kredit shartnomasining talablariga ko‘ra, majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida javobgarga tegishli mustaqil baholovchi tomonidan 18 mlrd. so‘mga baholangan, bank xodimlari tomonidan 9 mlrd. so‘mga tavsiya bahosi berilgan asbob-uskuna va texnikalar hamda kafilning kafillik shartnomasi bo‘yicha 3,1 mlrd. so‘mlik kafilligi va sug‘urta kompaniyasining 3,2 mlrd so‘mlik kredit qaytmasligi xataridan sug‘urta polisi, jami garov ta’minoti 15,5 mlrd. so‘m, 125 foiz miqdorida taqdim etilgan.

Kredit shartnomasiga ilova qilingan, shartnomaning ajralmas qismi hisoblangan to‘lov jadvalida belgilangan muddatlarda hamda miqdorlarda kredit bo‘yicha asosiy qarz summasi so‘ndirilmaganligi sababli, bank tomonidan muddati o‘tgan asosiy qarzdorlik summasiga nisbatan bankning qayta moliyalash stavkasi (2019 yilda – yillik 16 foiz)da foizlar hisoblanishi natijasida to‘lov jadvalida belgilangan to‘lovlardan ortiqcha to‘lovlar, ya’ni muddati o‘tgan qarzdorlikka nisbatan hisoblangan foizlar summasi hisoblanishiga olib kelgan. Natijada yuzaga kelgan 3 mlrd. so‘m qarzdorlik summasini mulkka qaratish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bo‘yicha sud tomonidan sud moliya-kredit ekspertizasi tayinlangan.

O‘tkazilgan tadqiqot davomida, mazkur davrda banklar tomonidan beriladigan kreditlarning o‘rtacha foizi 18-24 darajada bo‘lsada, da’vogar bank tomonidan davlat buyurtmasiga muvofiq mahsulot yetishtirishga qaratilgan imtiyozli kreditning asosiy stavkasi besh foiz – bu Markaziy bank tomonidan belgilangan asosiy stavka (qayta moliyalashtirish stavka)sidan ham past ko‘rskatkich bo‘lib, muddati o‘tgan qarzdorlik summasiga nisbatan hisoblanishi belgilangan foiz ko‘rsatkichi (16 foiz) tarkibida ham bank marjasi hisobga olinmaganligini ko‘rsatadi.

Bu soha mavzuga doir bo‘lganligi sababli muallif tomonidan o‘quvchining e’tiborini qaratish maqsadida yoritilgan bo‘lsada, biroq, ekspertiza o‘tkazish jarayonida tadqiqot ob’ekti sifatida qaralmaydi. Chunki ekspert-iqtisodchi kredit shartnomasi shartlari hamda normativ hujjatlar talablari asosida o‘z yechimiga sud-tergov idoralari hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarida ko‘rsatilgan savol predmetidan kelib chiqib tadqiqot o‘tkazadi.

Ekspertlik yo‘li bilan kredit shartnomasi, kredit summasi qaytarilishi va unga hisoblanishi lozim bo‘lgan foiz bo‘yicha to‘lov jadvali (grafigi), kredit shartnomasida ko‘rsatilgan qarz summasi berilishini tasdiqlovchi bank hujjatlari, kredit mablag‘larining maqsadli sarflanishini tasdiqlovchi buxgalteriya hujjatlari, berilgan kredit mablag‘larini qaytarilmasligi bo‘yicha hisoblangan foizlar summasi hisob-kitobi ma’lumotlari (hujjatlari), kredit shartnomasida ko‘rsatilgan tovar-moddiy boyliklarning kirim-chiqim hujjatlarini tadqiq etish bank sohasida boy berilgan foydani aniqlash masalasi predmetidir.

“Boy berilgan foyda” tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasida ta’riflangan bo‘lib, unga ko‘ra boy berilgan foyda deb “shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari” tushuniladi. Odatdagi fuqarolik muomalasi sharoiti sifatida bozor faoliyatining, ko‘zda tutilmagan vaziyatlar yoxud yengib bo‘lmas kuch deb talqin qilinayotgan vaziyatlar ta’sir etmayotgan, uning uchun odatdagi sharoitlari tushunilishi lozim. Masalan, kredit shartnomasi bo‘yicha bank shartnomani buzib pul mablag‘larini tovar yetkazib beruvchiga o‘tkazmasligi mijoz do‘konining bekor turib qolishiga sabab bo‘lsa, majburiy bekor turish bilan bog‘liq ijara haqini to‘lash, kredit foizlarini undirish xaridor-do‘kon uchun haqiqiy ziyonni, yetkazib berilmaslik va uning oqibatida kelib chiqqan bekor turish sababli xaridor-do‘kon ololmagan foyda esa boy berilgan foydani tashkil etadi. Mijoz qilishga majbur bo‘lingan harajatlarni ham, bo‘lg‘usi harajatlarni ham qoplash to‘g‘risida talab taqdim etilganda majburiyatni buzish (bajarmaslik) bilan zarar hamda uning miqdori o‘rtasidagi sababiy aloqa isbotlanishi lozim ekanligini yodda tutish muhimdir. Olinmagan daromad (boy berilgan foyda)ni qoplash to‘g‘risidagi talablar taqdim etilganda ham mazkur shartlarga rioya qilinishi kerak. Huquqlari buzilgan shaxs majburiyat buzilgani oqibatida ololmagan daromadning miqdorini, shuningdek, majburiyat bajarilmasligi bilan olinmagan daromad o‘rtasidagi sababiy aloqani isbotlashi lozim. Olinmagan daromadlar miqdorini hisoblashda jabrlanuvchi shaxs odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishni mo‘ljallagan daromadlarning haqqoniyligi (realligini)ni aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilinganda, zarar yetkazilganligi bilan bog‘liq holatlarni aniqlashi va ushbu holatlarni tasdiqlovchi dalillarni o‘rganish sudning vakolati hisoblanadi.

Zero, da’vo talabini asosliligini isbotlash ekspert –iqtisodchining vakolatiga kirmaydi. Ekspert yechimiga ish materialaarini hal etishda maxsus bilim talab etadigan masalalar yuzasidan savollar qo‘yilishi mumkin.

Mazkur masalaga oid sud amaliyotidan ko‘rinishicha, OATB va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi tuzilgan.[2]. Unga ko‘ra, bank qarz oluvchiga yillik 15 foiz ustama haqi to‘lash sharti bilan 36 oy muddatga 700.000.000 so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratgan.

Kredit shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini ta’minlash maqsadida bank, qarz oluvchi va garovga qo‘yuvchi o‘rtasida garov shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, garovga qo‘yuvchiga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar garovga qo‘yilgan.

Kredit shartnomasiga binoan qarz oluvchi olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni oyma-oy to‘lov jadvali asosida to‘lab borish majburiyatini olgan. Biroq, qarz oluvchi tomonidan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.

Shu sababli, bank sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchidan 447.653.771 so‘m kredit summasi va bank foizini undirishni, undiruvni garov narsasiga qaratishni so‘ragan.

Sudning hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, qarzdordan 447.653.771 so‘m kredit bo‘yicha qarz summasi va 4.354.810 so‘m sud xarajatlari, jami 452.008.581 so‘m undirilgan. Undiruv mulkga qaratilgan.

Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori o‘zgartirilgan va garov narsasining boshlang‘ich bahosi 1.275.405.200 so‘m miqdorida belgilangan.

Sud hujjatini ijro etish jarayonida sud ijrochilari tomonidan garov narsasi 1.147.864.680 so‘m qiymatida bank oldidagi 452.008.581 so‘m kredit qarzdorligini qoplash uchun bankka o‘tkazib berilgan.

Shu bois, garovga qo‘yuvchi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, qarzdordan 452.508.581 so‘m zararni undirishni so‘ragan. Bunga asos qilib qarzdor tomonidan kredit shartnomasida belgilangan majburiyatlarning bajarilmaganligi oqibatida garovga qo‘yuvchiga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar 1.147.864.680 so‘m qiymatda bankka o‘tkazib berilganligi, bank tomonidan qabul qilib olingan mol-mulkning qiymati va kredit bo‘yicha qarz summasining farqi bo‘lgan 695.856.099 so‘m garovga qo‘yuvchiga o‘tkazib berilganligi, natijada qarzdorning aybi bilan garovga qo‘yuvchiga 452.008.581 so‘m miqdorida zarar yetkazilganligini vaj qilib keltirgan.

Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo to‘liq qanoatlantirilgan.

Boy berilgan foyda va haqiqiy zararni aniq ajratish kerak, chunki bu har xil qarash va yondashuvni talab qiladigan da’volar.

Haqiqiy zarar – bu shikastlangan tomonga ta’mirlash zarurati yoki yo‘qolgan mulkni sotib olish va huquqlarning buzilishi tufayli yetkazilgan zarar. Bu tushumlarning haqiqiy miqdori uchun aniq tasdiqlangan xarajatlardan iborat (materiallar narxi, demontaj, montaj, ish qiymati).

Yuqorida bayon etilgan holatlardan kelib chiqib, bank sohasida boy berilgan foydani aniqlash masalasida bank muassasasi tomonidan berilgan kreditning qaytarilmagan summasi haqiqiy zarar summasi bo‘lsa, berilgan kredit uchun hisoblangan va olinmagan foiz summalari boy berilgan foyda miqdorini tashkil etadi deb hisoblash joiz.

Bank sohasida boy berilgan foyda – bu kredit mablag‘larining qonuniy va asosli berilishi bilan birga biznesning boshqa muhim shartlari bog‘liq bo‘lgan uchinchi shaxslarning faoliyati tufayli huquqlarini buzilishi, qarzning o‘z vaqtida qaytarilmasligi natijasida, bankning pul yo‘qotishi. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, bank sohasida boy berilgan foyda – bankning yoki xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning boshqa tadbirkorlarning harakatlari tufayli ololmagan daromadi.

Iqtisodiy o‘sish davrida banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlar miqdori yildan yilga oshmoqda, lekin sud iqtisodiy ekspertizalar o‘tkazish uchun kelib tushayotgan materiallar qaytarilmayotgan kreditlar salmog‘i ham pasaymayotganini ko‘rsatmoqda. Bu holat bank sektorining barqarorligiga tahdid hisoblanadi. Banklar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan mazkur jarayonlar asosan 2020 yilda pandemiya oqibatida keskin namoyon bo‘ldi.

Xukumatimiz tomonidan Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta’minlash, shuningdek, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar doirasida tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha umumiy summasi 5 trln so‘mlik qarzdorliklarni to‘lash bo‘yicha kechiktirishni (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktabrga qadar tartibi belgildandi[3]:

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank nazorati qo‘mitasi majlisining 07.04.2020 yildagi 231/1-sonli bayonidan ko‘chirmasiga asosan kreditlarning to‘lov muddatlarini uzaytirish bo‘yicha: koronavirus pandemiyasining oqibatida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kredit to‘lovlari bilan bog‘liq risklarni puxta o‘rganib chiqish asosida ularning muddatini tomonlar kelishuviga ko‘ra joriy yil 1 oktabrga qadar uzaytirish va bunda qarzdorning pul oqimi kreditning:

  1. a) asosiy qarzni to‘lashga yetmagan taqdirda, kredit shartnomasining oxirgi muddatini mos davrga uzaytirish;
  2. b) asosiy qarz va foiz to‘lovlarini to‘lashga yetmagan taqdirda, kreditning asosiy qarzni mazkur bandning “a” kichik bandiga asosan va hisoblangan foizlarni to‘lov muddati uzaytirilgan davrga mos ravishda uzaytirish bo‘yicha kredit shartnomasiga o‘zgartirish kiritish tartibi belgilandi.

Yuqorida qayd etilgan talablarga ko‘ra, kredit bo‘yicha to‘lov jadvaliga asosan hisoblangan muddatli qarzlar hamda hisoblangan foizlar yuzasidan amalga oshirilishi belgilangan to‘lovlarni kechiktirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu kredit shartnomasi shartlarida qayd etilgan foizlarni hisoblash tartibini belgilamaydi.

Biroq, ekspertiza muassasasiga kelib tushgan materiallardan ko‘rinishicha, ayrim qarz oluvchi jamiyatlar tomonidan olingan kredit mablag‘lari bo‘yicha asosiy qarz yuzasidan to‘lovlarni amalga oshirish muddatlari pandemiya davriga to‘g‘ri kelgan holatlar bo‘yicha umuman hech qanday foizlar hisoblanmasligi masalasi bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilgan.

Masalan, ekspert tadqiqoti uchun ATIB jamiyat bilan 2017 yil iyulda tuzilgan kredit shartnomasi bo‘yicha:

– kredit summasi – 2.074.800.000 so‘m;

– kreditdan foydalanish muddati – 36 oy;

– kredit bo‘yicha muddatli foiz stavkasi – yillik 24 foiz;

– kredit bo‘yicha muddati o‘tgan foiz stavkasi –  yillik 36 foiz;

– foizlarni belgilangan muddatda to‘lamaganlik va ular bo‘yicha muddati o‘tgan summalar vujudga kelgani uchun qarzdor bankka kechiktirilgan to‘lovning har bir kuni uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida penya to‘lashi belgilangan.

To‘lov jadvali hamda bank hisobvaraqlariga kiritilgan yozuvlarga asosan 2019 yil iyul-noyabr davrida – to‘rt oy mabaynida imtiyozli davr berilgan bo‘lib, bundan tashqari 2020 yil aprel – sentabr oylari karantin paytida olti oy to‘lov amalga oshirilishi belgilanmagan. Biroq, 2020 yil aprel – sentabr oylarida hisoblangan 54.357.041,1 so‘m foizlar “pandemiya davrida hisoblangan foiz qarzdorliklari” sifatida hisobdan chiqarilgan. O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, asosiy qarzga nisbatan hisoblangan jami 54.357.041,1 so‘m foizlar summasini hisobdan chiqarilishini asosli deb hisoblash mumkin emasligi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Banklarning mulkiy manfaatlarini himoya qilishda kredit ta’minoti shakllari alohida rol o‘ynaydi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, kredit tashkilotlari tomonidan kredit olish bosqichida tuziladigan kredit shartnomalari bo‘yicha qarz oluvchilarning majburiyatlari bajarilishini ta’minlashning samarali usullari garov, kafillik va bank kafolatidir. Shuning uchun ular kreditning qaytarilishini ta’minlashning asosiy shakllari sifatida tasniflanishi kerak.

Ta’minot shakllarining har biri qarz oluvchini o‘z mablag‘lari bo‘lmagan taqdirda, boshqa manbalardan foydalangan holda kredit majburiyatlarini bajarishga majbur qilish uchun mo‘ljallangan. Garov majburiyatlarni ta’minlashning eng afzal usullaridan biridir. Biroq, qarz oluvchi bankrot bo‘lgan taqdirda muammolar paydo bo‘ladi: garov umumiy bankrotlik mulkiga o‘tadi va bank da’vosi pul mablag‘larini olish uchun navbat bo‘yicha ketma-ketlikdan o‘rin oladi.

Biroq, ta’kidlash joizki, qarz oluvchi tomonidan ta’minot sifatida kiritilayotgan mulkning baholovchi tashkilotlar tomonidan aniqlangan bozor bahosi bank tomonidan aksar hollarda pasaytirilgan qiymat bilan qabul qilinishi mijozning olingan kredit moblag‘laridan bir necha barobar qimmat bo‘lgan mulkini yo‘qotish havfini ham inkor etmaydi. Bu holatlar juda sub’ektiv bo‘lib, har bir kredit ishi yuzasidan alohida ekspertlik tadqiqotlari o‘tkazilishi hamda bir-biriga o‘xshamagan noodatiy usullarni qo‘llanilishini talab etadi.

Boy berilgan foyda qiymatini aniqlashda ekspertning maxsus bilimlarini qo‘llagan holda tadqiqotlar o‘tkazishdan shartnomada belgilangan shartlar asosida kreditdan foydalanganlik uchun muddatli qarz bo‘yicha yillik foizlarni hisoblash, asosiy qarzdan hosil bo‘lgan muddati o‘tgan qarzdorlik uchun belgilangan oshirilgan foizlarni hisoblash hamda foizlarni belgilangan muddatda to‘lamaganlik va ular bo‘yicha muddati o‘tgan summalar vujudga kelgani uchun penya hisoblash tartibi asosliligi va belgilangan davrdagi qarzdorlik holatini aniqlashda foydalanish mumkin.

Yuqorida qayd etilganlarga xulosa sifatida, kredit shartnomalari tuzishda har ikkala tomonning ham shartnoma shartlarini puxta o‘rganishlarini tavsiya etish mumkin. Qarz oluvchi tomon bank bilan shartnoma imzolashdan oldin, qarz oluvchi qo‘shimcha to‘lovlar va komissiyalarni oldini olish uchun har bir bandni diqqat bilan ko‘rib chiqishi kerak. Bunda:

  • to‘lov jadvalida belgilangan to‘lov muddatlari, asosiy qarz, foizlar bo‘yicha har oylik to‘lov summalari kredit shartnomasi shartlariga to‘la mosligi;
  • shartnomada belgilangan foizlarni hisoblash tartibi. Foizlar fifferensial yoki annuitet usulda hisoblanishidan jami amalga oshirilishi lozim bo‘lgan to‘lovlar summasiga ta’sir qiladi. Mijoz o‘ziga ma’qul bo‘lgan to‘lov usulini tanlashi lozim;
  • to‘lov jadvalida belgilangan to‘lovlardan ortiqcha to‘lovlar amalga oshirilgan taqdirda ortiqcha summa asosiy qarzni so‘ndirilishiga yo‘naltirilishi shartnomada belgilanganligi. Aks holda bank ortiqcha to‘lov summasi hisobiga asosiy qarzdorlikni kamatirmay, keyingi to‘lovlar muddati kelishini “kutib o‘tiradi”. Bu esa asosiy qarzga foizlarni ko‘proq hisoblanishiga olib keladi;
  • kredit shartnomasi bo‘yicha ajratilgan kredit summasini muddatidan ilgari qaytarish holatlari ko‘rsatilganligi. Bu asosan qarzdor to‘lov muddatlarini buzganda, garov ta’minoti yo‘qotilganda, kredit mablag‘lari maqsadsiz sarflanganda sodir etilishi mumkin;
  •  shartnomada qo‘shimcha hizmatlar uchun komissiya to‘lovlarini kiritilganligi;
  • shartnomada tomonlar majburiyatlari aniq ko‘rsatilganligi. “Va boshqalar”, “va hokazolar” shaklidagi har xil talqinlarga o‘rin qoldiruvchi jumlalar mavjud bo‘lmasligi maqsadga muvofiq;
  • muddati o‘tgan to‘lovlarga hisoblanishi lozim bo‘lgan foizlar miqdori, jarima va penyalar miqdori va shartlariga alohida e’tibor qaratish lozim.

Zero, bugungi kunda kreditorga o‘z moliyaviy faoliyatini rivojlantirish yoki saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar kelajakda uni inqirozga uchrashiga omil yaratgan holat bo‘lmasligi uchun, kredit shartnomasi tuzishdan oldin risklarni toifalash, barcha ijobiy va salbiy holatlarni bilish va iqtisodiy nuqtai nazardan baholash lozim.

Xuddi shuningdek, moliya-kredit tashkilotlari tomonidan kredit mablag‘larini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan avval qarzdorning ishonchliligi, kreditga layoqatliligi, kreditning ta’minlanganligi, garovga qo‘yilayotgan mulkning likvidliligi, mijozning kredit tarixi va boshqa mavjud risklarni puxta o‘rganish va iqtisodiy tamondan baholash talab etiladi.

Xolmuxamedova Sevara Kamildjanovana

[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi PF-5992-son Farmoniga 1-ilova

[2] Xo‘jalik sudlari tomonidan 2013, 2014 yillar va 2015 yilning birinchi yarmida yetkazilgan zararni qoplash haqidagi nizolarni ko‘rish bilan bog‘liq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida ma’lumot

[3] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.03.2020 yildagi PF-5969-son “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni

Skip to content