O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi
Kudratov Sanjar Marupovich
3-darajali yurist
Annotatsiya: Ushbu maqolada ekspert va mutaxassisning jinoyat protsessidagi ikki asosiy ishtirokchisi sifatidagi huquqiy maqomi hamda “ekspert xulosasi” va “mutaxassis xulosasi” tushunchalarining ta’riflari ko‘rsatilgan.
Kalit so‘zlar: ekspert, mutaxassis, ekspertiza, xulosa, huquqiy maqom, protsessual majburiyatlar, ekspertning kasbiy maqomi, javobgarligi.
Annotatsiya: V dannoy state rassmatrivaetsya pravovoe polojenie eksperta i spesialista kak dvux osnovnыx uchastnikov ugolovnogo protsessa,
a takje opredelyayutsya ponyatiya “zaklyuchenie eksperta” i “zaklyuchenie spesialista”.
Klyuchevыe slova: ekspert, spesialist, ekspertiza, zaklyuchenie, pravovoe polojenie, protsessualnыe obyazannosti, professionalnыy status eksperta, otvetstvennost.
Annotation: This article discusses the legal status of an expert and a specialist as the two main participants in the criminal process, and also defines the concepts of “expert’s opinion” and “specialist’s opinion”.
Key words: expert, specialist, expertise, opinion, legal status, procedural obligations, expert’s professional status, responsibility.
Bugungi kunda sud ekspertizasi jinoyat va fuqarolik protsessida maxsus bilimlardan foydalanishga asoslangan fanning eng malakali turi hisoblanadi. Aynan sud ekspertizasi sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tergovni amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxslarning kongnitiv imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Jinoyatlarni tergov qilish ko‘p qirrali hodisa bo‘lib, tergovni olib boruvchi shaxsdan ilmiy bilimlarning turli sohalari bo‘yicha ko‘p qirrali bilimlarni talab qiladi. Biroq, tergovchilardan bunday bilimga ega bo‘lishni talab qilish mumkin emas. Uzoq vaqt davomida ushbu muammoni hal qilish uchun ekspertlar va mutaxassislarning yordami ishlatilgan.
Qonunchilikda mutaxassisning huquqiy maqomi uning xulosasi belgilangan bo‘lsada, ammo bu jinoyatlarni tergov qilishda ekspert
va mutaxassisning roli va ushbu sub’ektlarning huquqiy holati o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida savollar tug‘diradi. Dastavval O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida ko‘rsatilgan “ekspert” va “mutaxassis” tushunchalaridan boshlash zarur.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual qonunchiligida “ekspert” yoki “mutaxassis” tushunchalari aniq ask etirilmagan, faqat ekspert yoki mutaxassis sifatida jalb etilishi mumkin bo‘lgan shaxslarni belgilash bilan cheklangan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
67-moddasiga muvofiq, “Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs ekspert sifatida chaqirilishi mumkin”[1].
O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasida ko‘ra “Sud eksperti sifatida davlat sud eksperti, boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.
Boshqa tashkilot xodimi sud ekspertizasini uni tayinlagan organ (shaxs) tomonidan mazkur tashkilotga berilgan topshiriqni bajarish tartibida o‘tkazadi.
Ishda sud eksperti sifatida ishtirok etish uchun jalb etilgan boshqa jismoniy shaxs biron-bir davlat sud-ekspertiza muassasasi shtatida turmaydi va sud ekspertizasini uni tayinlagan organning (shaxsning) topshirig‘ini bajarish tartibida o‘tkazadi”[2].
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 69-moddasida “Tergov va sud muhokamasini o‘tkazishda dalillarni topish
va mustahkamlashda surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga yordam berish uchun mutaxassis chaqiriladi. Mutaxassis sifatida shifokor, pedagog hamda zarur bilim va malakaga ega bo‘lgan boshqa shaxslar chaqirilishi mumkin”. Shubhasiz, bu tushunchalarning umumiyligi bu shaxslarning “maxsus bilimlar”ga ega ekanligidan dalolat beradi.
Qonunchilik nuqtai nazaridan jinoyat protsessida ekspert
va mutaxassisga tegishli bo‘lgan “maxsus bilimlar” tushunchasi fan, texnika, san’at yoki hunarmandchilik sohasidagi tor profilli kasbiy bilim
va ko‘nikmalar majmui sifatida belgilanishi mumkin hamda jinoyat ishini tergov qilish va hal qilish doirasida foydalaniladi [3].
O‘zbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunining yangi tahriri loyihasida “maxsus bilim” tushunchasi o‘z ichiga olingan bo‘lib, “maxsus bilimlar – maxsus tayyorgarlikdan o‘tish va (yoki) kasbiy malaka yohud tajriba orqali o‘zlashtiriladigan va sud-ekspertiza tadqiqotlari uslubiyotlarida o‘z aksini topgan, fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar majmui”ta’rifi berilgan.
Ekspert va mutaxassis tomonidan maxsus bilimlarni qo‘llash shakllari sezilarli farqlarga ega. Mutaxassis ulardan foydalanib, tergovchiga tergov va protsessual harakatlarni amalga oshirishda yordam beradi va bunday o‘zaro hamkorlik protsessual shaklda ham, masalan, mutaxassis tergov guruhiga kiritilganda, va noprotsessual shaklda, kiritilmaganda ham amalga oshiriladi, u maslahat ishlarini olib boradi va bunda tergov harakatining bayonnomasida aks ettirilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
70-moddasiga ko‘ra mutaxassis quyidagi huquqlarga ega “Mutaxassis: o‘zining qanday maqsadda chaqirilganligini bilish; basharti tegishli bilimlarga ega bo‘lmasa, ish yuritishda ishtirok etishdan bosh tortish; o‘zi ishtirok etayotgan protsessual harakatlarga oid ish materiallari bilan tanishish; o‘zi ishtirok etayotgan protsessual harakatlarga aloqador arz va mulohazalar bildirish; tergov harakatlari va sud muhokamasida ishtirok etayotgan shaxslarga surishtiruvchining, tergovchining, prokuror va sudning ruxsati bilan savollar berish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari ustidan shikoyatlar keltirish huquqiga egadir.
Ekspert o‘z faoliyatini o‘zi uchun mavjud bo‘lgan yagona shaklda – ekspertiza tadqiqotini o‘tkazish orqali amalga oshiradi. Ekspertiza tushunchasining lug‘aviy ma’nosi yuridik ensiklopediyada “ekspertiza (lotincha “response” –“javob”; “expertus” –“tajribali, tajribadan biluvchi”) –mutaxassis yoki mutaxassislar guruhi tomonidan uyoki bu sohada malakali yechim talab qilinadigan masalalarni o‘rganish”sifatida ta’riflanadi.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida “ekspertiza (fransuzcha –tajribali, sinalgan) qiyin va chigal masalani yechish va hal qilish uchun mutaxassislar ishtirokida uyushtirilgan tekshirish, shunday tekshirishni o‘tkazuvchi mutaxassislar hay’ati” sifatida bayon qilingan. Ta’kidlash lozimki, jinoyat ishlari bo‘yicha ekspertiza alohida maqomga ega bo‘lgan ekspertiza turi bo‘lib, u maxsus bilimlarga asoslangan tadqiqotda namoyon bo‘lishi bilan ham e’tiborlidir. Jinoyat ishlari bo‘yicha ekspertiza boshqa turdagi ekspertizalardan o‘zining tayinlanish va o‘tkazish tartibi,
Jinoyat-protsessual kodeksida qat’iy va aniq belgilanganligi bilan farqlanadi[4].
O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasida ko‘ra “sud ekspertizasi – fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat;
sud-ekspertlik faoliyati – sud ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyatligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ya’ni, tadqiqot o‘tkazish va dalil kuchiga ega bo‘lgan xulosalar berish orqali professional asosda malakali xizmatlar ko‘rsatishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 68-moddasi ko‘ra « Ekspert: ekspertiza predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish; ekspertizani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish ob’ektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; tergov harakatlari o‘tkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir bo‘lish hamda shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga ekspertiza predmetiga oid savollar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va so‘roq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish; ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish; o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish; agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan shikoyatlar qilish huquqiga egadir”.
Shunday qilib, ekspertning protsessual maqomi va jinoyat protsessidagi mutaxassis o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, ekspert sud ekspertiza tadqiqoti o‘tkazish va xulosa berishda ishtirok etadi,
mutaxassis esa, aslida, maslahat funksiyasini bajaradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ashyolar
va hujjatlarni aniqlash, jinoyat ishi materiallarini o‘rganishda texnik vositalardan foydalanishda ko‘maklashish, ekspertga savollar ko‘yilishida, shuningdek, o‘z kasbiy vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha taraflarga
va sudga tushuntirishlar beradi.
Ekspertining o‘z protsessual vazifalarini yuqori professional darajada bajarishga tayyorligini ta’minlashga imkon beradigan chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur.
Jinoyat protsessual qonunchiligiga ko‘ra ekspert va mutaxassis surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilmasligi va ekspertning javobgarligi belgilangan. Ekspert tergov jarayonlarida bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, shuningdek uzrsiz sabablarga ko‘ra xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Ekspert o‘zi olib borayotgan tadqiqot jarayonlari bilan bog‘liq qo‘shimcha huquqlarga ega: ish materiallari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etilishi to‘g‘risida iltimosnoma bilan chiqish, qo‘shimcha muddatlar olish, ekspertiza xulosasini ijrosiz qaytarish va tadqiqot yakunlariga ko‘ra xulosa berish kabi huqularga ega. Shuni ta’kidlash kerakki, ekspertning huquqlari mutaxassisga qaraganda ko‘proq, shu bilan bilan birga majburiyatlari va javobgarligi qonunchilikda kengroq ko‘rsatilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni xulosa qilish mumkinki, jinoyat protsessining maxsus bilimlarga ega hisoblangan ikki ishtirokchisi ekspert va mutaxassis o‘rtasidagi huquqiy farqligi mavjud. Ushbu ikki sub’ektlarning qonunchilikdagi huquqiy maqomi, majburiyati
va javobgarligini tenglik prinsidan kelib chiqib takomilashtirish va mutaxassisning jinoyat protsessidagi o‘rni va huquqiy maqomini kengraytirish zarur.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
- O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi
2.O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuni.
- Belkin R.S. Kriminalistika ensiklopediyasi. M., 2000. 334 b.
- Kriminalistika va ekspertiza.Darslik. yu.f.n. prof. v.b. D.Bazarova, yu.f.d. dos. I.R.Astanov –Toshkent: ТДЮУ, 2020. – 618-27б.
[1] Ўзбекистон Республикасининг Жиноят-Процессуал Кодекси https://lex.uz/docs/111460
[2] Ўзбекистон Республикасининг “Суд экспертизаси тўғрисида”ги Қонуни https://lex.uz/docs/1633102
[3] Белкин Р.С. Криминалистика энциклопедияси. М., 2000. 334 б..
[4] Криминалистика ва экспертиза.Дарслик. ю.ф.н. проф. в.б. Д.Базарова, ю.ф.д. доц. И.Р.Астанов –Тошкент: ТДЮУ, 2020. –618-27б. https://proacademy.uz/postfiles/books/wb/jh/index.html