Jamiyat hayotida ro‘y berayotgan jadal o‘zgarishlar va yangilanishlar advokatura sohasini zamon talabiga hamohang tarzda takomillashtirib borish va isloh qilish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Shunga ko‘ra islohotlar va o‘zgarishlar jarayonida barcha sohalar bilan bir qatorda fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri bo‘lgan advokatura tizimi takomillashib bormoqda. Prezidentimiz ham ushbu soha faoliyatiga to‘xtalarkan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi mustaqil advokatura faoliyatini samarali tashkil etishni nazarda tutadi. Maqsadimiz – sud tergov faoliyatida fuqarolarning huquq, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoyalash, tergov va sudning barcha bosqichlarida jinoiy, fuqarolik, ma’muriy va xo‘jalik ishlarini ko‘rib chiqishda advokatning rolini oshirishdan iborat” deya ta’kidlaydilar.
Biron-bir huquqiy muammosi bo‘lgan shaxs aksariyat hollarda advokatlarga murojaat qiladi. Bu bejiz emas, chunki qonun tilini bilgan advokatlar o‘zlariga ishonch bildirgan shaxslarga professional yordam ko‘rsata oladi. Binobarin, dunyoning barcha davlatlarida advokat yordami inson huquqlarini himoya qilishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi. Advokatura zimmasiga jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish, shaxsning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek muhim konstitutsiyaviy vazifa yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil davomida advokatlar respublikamiz bo‘yicha jami 292197 ta jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlarda ishtirok etishgan. Shuningdek, 113 984 ta og‘zaki (yozma) huquqiy maslahat va tushuntirishlar ko‘rinishida yuridik yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, shundan 85 foizi (97 926 ta) bepul amalga oshirilgan.
Joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra Respublikamizda 2336 ta advokatlik tuzilmalarida 4577 nafar advokat faoliyat yuritmoqda. Bu esa 7,8 ming aholiga o‘rtacha 1 nafar advokat to‘g‘ri kelishini anglatadi. Bu borada dunyo davlatlaridagi holatga qaraydigan bo‘lsak, Isroilda 130 nafar, Italiyada 265 nafar, Buyuk Britaniyada 361 nafar, Germaniyada 499 nafar, Fransiyada 1029 nafar, Rossiyada 1800 nafar va Qozog‘istonda 3900 nafar kishiga 1 nafarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda aholi jon boshiga nisbatan advokatlik korpusi yetarli emasligini anglatadi. Va fuqarolarimizga malakali yuridik yordam ko‘rsatish masalasini jiddiy oshirish zaruratini belgilaydi. Shu sababli ham mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar doirasida advokatura institutini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Yangilanayotgan konstitutsiyada Advokatura institutiga konstitutsiyaviy maqom berilmoqda. Ya’ni ilk bora mamlakat konstitutsiyasiga advokaturaga bag‘ishlangan alohida bob kiritish orqali ular faoliyati mustaqilligining konstitutsiyaviy kafolatlari kuchaytirilmoqda. Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganida uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday norma advokatlar faoliyati umumiy holatiga jiddiy ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki sud va tergov amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, advokatlarning kasbiy faoliyatiga aralashish ularning himoya pozitsiyasini olib borishida turli bevosita va bilvosita bosim holatlari aynan jinoyat ishi yurituvi jarayonida ko‘proq kuzatiladi.
Konstitutsiyada advokatura va advokatlar faoliyati kafolatlarining alohida bobda mustahkamlanayotganligini inson huquq va erkinliklarini yuqori darajada ta’minlash, huquqiy davlat qurish sari qo‘yilgan muhim qadam sifatida baholash mumkin.
Konstitutsiyaviy darajada advokatura faoliyatining xalqaro tan olingan qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplarining belgilanishi advokatura va advokatlik faoliyatini emin-erkin amalga oshirish kafolatlarini kuchaytiradi.
Advokatning kasbiy faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligining Konstitutsiyada mustahkamlanishi kuchli advokatura tizimini yaratishning asosiy omili bo‘ladi. Advokatlik faoliyatidagi har qanday to‘siqlarni bartaraf etish, nafaqat advokatning ishini yengillashtiradi, balki advokat himoya qilayotgan shaxsning qonuniy huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi. Shuningdek, sud protsessida advokatning prokuror bilan tengma-teng munozaraga kirishishiga sharoit yaratadi, ish bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Albatta, ushbu o‘zgarishlar advokatura sohasi rivojini yangi sifat bosqichiga olib chiqadi.
Nuriddin Qolqanov,
Sud ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti direktori