Sud avtotexnika ekspertizasining imkoniyatlari

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Andijon viloyat bo’limi dastlab 1981-yilda Markazning Farg‘ona viloyatlararo bo‘limining Andijon filiali sifatida tashkil etilib, 1990-yildan boshlab Markazning Andijon bo‘linmasi, keyinchalik bo‘lim nomi berilgan. Hozirgi kunda bo‘limda sud avtotexnika ekspertizasining:

  • Matematik hisoblar bilan bajariladigan hisob-kitoblar tadqiqoti;
  • Sud transport-izshunoslik ekspertizasi tadqiqoti;
  • Transport vositalariga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini va bozor bahosini aniqlash -kabi mutaxassisliklari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Mustaqilikka erishgan dastlabki yillardan boshlab mamlakatimizda transport sohasi ham rivojlana boshladi. Mustaqil davlatlar orasida birinchilardan bo‘lib avtomobil transporti ishlab chiqaruvchi zavodiga ega bo‘ldi.

Hozirgi kunda yurtimizda transport vositalarini soni ortib borishi bilan bir qatorda, yo‘llarda turli xil ko‘ngilsiz yo‘l-transport hodisalari ham sodir bo‘lmoqda. Sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalari holatlarini belgilashda maxsus bilimlardan samarali foydalanish alohida ahamiyatga ega bo‘lib, bu borada sud avtotexnika ekspertizasi imkoniyatlaridan keng foydalanib kelinmoqda.

Yo‘l-transport hodisalari:

  • transport vositalari tomonidan piyodalarni urib ketish;
  • transport vositalarining to‘qnashuvi;
  • transport vositalarining ag‘darilishi;
  • transport vositalari tomonidan qo‘zg‘almas to‘siqlarni urib ketish;
  • transport vositalari tomonidan nomexanik transport vositalarini urib ketish;
  • transport vositalaridan yo‘lovchilarning yiqilishi – kabi turlarga bo‘linadi.

 

Matematik hisoblar bilan bajariladigan hisob-kitoblar ekspertizasi tadqiqotining predmeti yo‘l-transport hodisasining faktik holatlarini tashkil qilib, uning vazifasiga quyidagilar kiradi:

  • transport vositasining harakat tezligini aniqlash;
  • transport vositasining to‘xtatish va to‘xtash masofalarini aniqlash;
  • yo‘l-transport hodisasining turli vaqtlarida transport vositalarining o‘zaro yaqinlashib kelish holatlarini aniqlash;
  • transport vositasining ma’lum masofani bosib o‘tish uchun sarflaydigan vaqtini aniqlash;
  • ekspertning maxsus bilimlari yordamida yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun xavf tug‘ilgan vaqtni aniqlash;
  • haydovchining yo‘l-transport hodisasini bartaraf etish uchun oxirgi imkoniyati qolgan vaqtda transport vositasi bilan hodisaning ikkinchi ishtirokchisini o‘zaro holatlari qanday bo‘lganligini aniqlash;
  • haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalarining tegishli talablarini bajarish uchun texnikaviy imkoniyati bor yoki yo‘qligini aniqlash;
  • ekspertiza tayinlagan organ tomonidan aniqlab berilgan, xavfli vaziyat paydo bo‘lgan vaqtda haydovchi tomonidan transport vositasining tezligini kamaytirish yo‘li bilan yo‘l-transport hodisasini oldini olish uchun texnikaviy imkoniyati bor yoki yo‘qligini aniqlash;

Matematik hisoblar bilan bajariladigan hisob-kitoblar tadqiqoti ekspertizasini o‘tkazish uchun yo‘lning qatnov va yoqa qismlari qoplami (asfalt, beton va h.k), qatnov qismining holati (quruq, ho‘l, loy, qor, muz va h.k.), qatnov qismi va yoqasining kengligi, yo‘lning mazkur joyida harakat qanday tashkil etilganligi (bir qator, ikki qator, bir tomonga va h.k.), yo‘l belgilari mavjudligi va ularni joylashishi, yo‘lning old va yon tomonlaridagi ko‘rinish masoflari, transport vositasining texnik holati, transport vositasining yuklanish darajasi, tormoz izlari yoki transport vositasining harakatlanishini bildiruvchi izlar yo‘q bo‘lganda uning harakat tezligi, tormoz izlari mavjud bo‘lsa uning uzunligi, hodisa sodir bo‘lgan nuqta va izlarning yo‘l elementlariga nisbatan o‘lchamlari taqdim etilishi lozim.

Piyodaning hodisa joyiga qadar bosib o‘tgan masofasi, piyodaning harakat tezligi yoki harakat vaqtini aniq bilish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyda ko‘rsatmalarni tekshirish, tergov eksperimentlari o‘tkazish tavsiya etiladi, chunki bu masalada piyodalarning harakat tezliklari haqidagi mavjud jadvallar haqiqiy ma’lumotlarni bermasligi mumkin.

 

         X.Sulaymonova nomidagi RSEMning

           Andijon viloyat bo‘limi mudiri v.v.b       

             Sh.B.Patidinov  

 

 

 

Skip to content