Insoniyat qadimdan o‘z turmushini farovon qilish, og‘ir mehnatni yengillatish uchun bosh qotirib, turli tuman kashfiyotlarga bosh urgan, ayrim olimlar hattoki umuman mehnat qilmasdan yashash orzusida abadiy dvigatel (perpetuum mobile) yaratishga urinib ko‘rganlar. 19-asrning oxirlariga kelib, hozirgi avtomobillarga o‘xshash o‘ziyurar aravalar yer yuzining goh u yerida, goh bu yerida paydo bo‘la boshlagan. Rasmiy ravishda, 1885 yili nemis injenerlari Karl Bens va Gotlib Daymler (har biri alohida) yaratgan moslamalar jahondagi birinchi avtomobillar deb tan olingan. 1985 yil insoniyat avtomobilsozlikning 100 yilligini keng nishonladi. Yangi texnika Markaziy Osiyo hududiga 1900 yillardan so‘ng kirib keldi, jumladan, 1906 yili Skobelev va Gorchakovo (hozirgi Farg‘ona va Marg‘ilon) shaharlari oralig‘ida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 1910 yildan boshlab Toshkentda ham avtobuslar qatnay boshladi. Keyingi yuz yil davomida avtomobilsozlik keskin rivojlandi, dunyoda 1970 yilda 250 mln. avtomobil bo‘lgan bo‘lsa, ushbu raqam 1986 yilda 500 mln.ni tashkil qilgan, ayni paytda yer yuzida 1,2 mlrd.dan ortiq avtomobil bo‘lib, mashinasozlik sanoati yiliga yana 125 mln. avtomobil ishlab chiqarmoqda. 1996 yil Asakada ish boshlagan korxona O‘zbekistonning ushbu sohada jahon miqyosida faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatlarning 28-qatoridan o‘rin olishiga imkon berdi. Respublikamiz avtomobilsozlik tarmog‘i mustaqillik davrida gurkiradi va jahon miqyosida o‘ziga munosib o‘rinni egalladi.
Avtomobil transportining rivojlanib borishi insoniyat uchun bir qancha qulayliklarni yaratdi. Shu bilan birga, uning salbiy oqibatlari ham namoyon bo‘la boshladi, ayniqsa, sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining ta’siri kundalik hayotda kundan-kunga sezilib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, transport vositasi odamni urib ketishi oqibatida o‘lim holatining qayd etilishi ilk bor 1869 yil britaniyalik olim Meri Uord bilan sodir bo‘lgan. U bug‘ dvigateli bilan ishlaydigan avtomobildan tushib ketib, to‘g‘ri g‘ildirak ostiga yiqilgan. Shundan buyon ichki yonuv dvigateli bilan harakatlanadigan transport vositalari soni, turi va tabiiyki avtomobil bilan bog‘liq halokatlar miqdori oshib bordi. 2016 yil may oyida haydovchisiz boshqariladigan avtomobil ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasida ilk o‘lim qayd etildi. AQShning Florida shahrida “Tesla model S” rusumli texnika chapga burilayotgan tirkamaga borib to‘qnashgan, chunki bu vaqti “Tesla model S”ning videokamerasi osmonda quyosh charaqlab turgani bois yo‘lidagi oq rangli tirkamani “ko‘rmay qolgan”. Xuddi shunday voqea Xitoyda ham kuzatildi. Avtomobil kashf qilingandan buyon dunyo bo‘yicha 50 mln.dan ortiq odam yo‘l-transport hodisalarida jon bergan. Har yili yo‘lda halok bo‘layotganlar sonining urush qurbonlaridan ham ortiqligi masalaning qanchalik jiddiyligini ko‘rsatib turibdi. Sayyoramiz yo‘llarida har kuni 3500 dan ziyod kishi yo‘l-transport hodisasi qurbonlariga aylanmoqda.
Jahon miqyosida, xuddi shuningdek, O‘zbekistonda vujudga kelgan voqelik mutaxassislarning e’tiborini yo‘l harakati xavfsizligiga qaratdi, 20-asrning ikkinchi yarmiga kelib yo‘llardagi xavfsizlik muhim ijtimoiy muammoga aylandi. Avtomobil o‘z fe’l-atvoriga ko‘ra harakatdagi ob’ekt hisoblanib, yo‘l-transport hodisasi “haydovchi-avtomobil-yo‘l” tizimidagi nomuvofiqlik natijasi hisoblanadi.
Ro‘y berayotgan yo‘l-transport hodisalarida transport vositasi haydovchisining harakatlariga huquqiy baho berish muammosi sud avtotexnika ekspertizasi sohasining hayotga tatbiq etilishiga olib kelgan. Sobiq ittifoq hududida, shu jumladan, O‘zbekiston sud ekspertizasi faoliyatida avtotexnika ekspertizasining joriy qilinishi 1960 yildan keyingi davrga to‘g‘ri keladi. Yo‘l-transport hodisasi mexanizmini o‘rganish, ishtirokchilarning harakatlarini tadqiq qilish, holatni ilmiy asosda tahlil qilish bilan transport vositasi haydovchisining harkatlariga huquqiy baho berish uchun zamin yaratish sud avtotexnika ekspertizasi vazifasiga kiradi. Avtotexnika ekspertizasi tadqiqotlarida hodisa sodir bo‘lgan yo‘lning o‘lchamlari, relefi, yo‘l qoplamasining holati, yo‘l belgilarining mavjudligi, yo‘l yuzasida belgilangan chiziqlar, boshqaruvning texnik vositalari, transport vositalari to‘qnashuv joyining geometrik o‘rni, transport vositalaridan qolgan izlarning koordinatalari, hodisa sharoitidagi ko‘rinish masofasi va boshqa ko‘plab faktorlar e’tiborga olinadi.
Mutaxassislar tomonidan avtohalokatlar sodir bo‘lishining bir qator sabablari aniqlangan, jumladan, transport vositasining nomukammal texnik xususiyatlari va nosoz texnik holati, yo‘l sharoitlari va yo‘l jihozlarining xavfsizlik talablariga mos kelmasligi, boshqa transport vositalari yoki piyodalarning “Yo‘l harakati qoidalari”ga zid harakatlari va h.k. Ularning ichida eng asosiy hisoblangan “inson omili” bilan bog‘liq hodisalar jami avtohalokatlarning 60,0 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.
Huquqiy davlatni shakllantirish, yangi iqtisodiy munosabatlarga o‘tish jarayonida respublika huquqni muhofaza etuvchi idoralari oldiga sifat jihatidan yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish, jinoyatlarni tergov qilish, dalillar to‘plash, fosh etish va jazoning muqarrarligini ta’minlash masalalari yechimining samaradorligi va xolisligi sud ekspertizasi xizmatidan qay darajada foydalanilayotganligiga uzviy bog‘liqdir. Jinoiy, fuqarolik hamda ma’muriy ishlarni ko‘rish jarayonida huquqni muxofaza etuvchi idoralarning sud ekspertiza xizmatiga bo‘lgan extiyojini qondirishda X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi alohida o‘rin tutadi. Markaz tizimida yo‘l-transport hodisalariga oid ko‘plab tadqiqotlar olib boriladi. 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi yo‘llarida 9902, shu jumladan Sirdaryo viloyati hududida 180 dan ortiq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lgan. Ularga oid bo‘lgan 211 yo‘l-transport hodisasi mexanizmini matematik uslubda tadqiqot qilish, 42 transport-trasologiya va 44 transport vositalari texnik holatini tekshirish ekspertizalari X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Sirdaryo viloyat bo‘limida bajarilgan.
Bo‘limda o‘tkaziladigan ekspertizalarning asosiy qismi yuqori malakali mutaxassislar tomonidan zamonaviy EHMlar yordamida bajariladi. Ekspertiza turlari bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular ekspertizalar sifatini oshirish hamda bajarish muddatini qisqartirish imkonini beradi.
Bo‘limga topshirilgan hujjatlarni qabul qilish va ekspertiza bajarish jarayoni “O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” asosida olib boriladi.
Sudga oid avtotexnika ekspertizasi tayinlashda ekspertiza muassasasiga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan asosiy hujjatlarning ro‘yxati:
- Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasi va chizmasi;
- Yo‘l-transport hodisasi haqida ma’lumotnoma;
- Transport vositasini ko‘zdan kechirish va uning texnik holatini tekshirish bayonnomasi;
- Harakat ishtirokchilarining yo‘l-transport hodisasiga oid ko‘rsatmalari;
- Transport vositalari va voqea joyi aks ettirilgan fotosuratlar;
- Tergov eksperimenti bayonnomasi;
- Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasi;
- Yo‘lning o‘lchamlari hakida ma’lumotnoma.
Sudga oid avtotexnika ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da aks ettirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar :
- piyoda va boshqa ob’ektlarning ko‘rinish uzoqligi;
- yo‘l qoplamasi, uning holati, yo‘l bo‘ylama sathining o‘zgarib borishi;
- qatnov qismining kengligi, piyoda va transport vositalari harakatining tashkil etilganligi (yo‘l yuzasidagi chiziqlar, yo‘l belgilari, svetoforning ish rejimi);
- to‘qnashuv joyining geometrik o‘rni, tormozlanish yoki boshqa ko‘rinishdagi izlarning joylashuvi, ularning o‘lchamlari va xarakteri;
- transport vositasining harakat tezligi va yo‘nalishi;
- transport vositasi haydovchisining hodisadan oldingi harakatlari (tormozlaganligi yoki erkin harakatlanganligi);
- piyodaning harakat yo‘nalishi va tezligi;
- piyodaning to‘qnashuv joyiga qadar harakat yo‘li (transport vositasi haydovchisining ko‘rish maydonida);
- transport vositasining texnik holati, uning yuklanish darajasi;
- transport vositasining zarbga uchragan qismlari koordinatalari;
Sudga oid avtotexnika ekspertizasi tadqiqotlarida
– Hodisa sharoitida transport vositasining tormozlanishdan oldingi harakat tezligini aniqlash;
– Tormozlanish izlari uzuq-uzuq ko‘rinishda bo‘lgan holatda transport vositasining harakat tezligini aniqlash;
– Yo‘lning ko‘rinish uzoqligiga asosan transport vositasining xavfsiz harakatlanish tezligini aniqlash;
– Hodisa sharoitida transport vositasining to‘xtash yo‘lini aniqlash;
– Muayyan yo‘l sharoitida transport vositasini to‘xtash vaqtini aniqlash;
– Piyoda harakatni boshlagan vaqti transport vositasining to‘qnashuv joyidan uzoqligini aniqlash;
– Haydovchi tormozlashdan oldin xavfdan ta’sirlanishni boshlagan payti transport vositasining to‘qnashuv joyidan uzoqligini aniqlash;
– Piyoda qo‘zg‘almas to‘siq ortidan haydovchining ko‘rish maydonida paydo bo‘lgan vaqti transport vositasining to‘qnashuv joyidan uzoqligini aniqlash;
– Piyoda ro‘paradan kelayotgan transport vositasi ortidan haydovchining ko‘rish maydonida paydo bo‘lgan vaqti transport vositasining to‘qnashuv joyidan uzoqligini aniqlash;
– Piyoda quvib o‘tayotgan tranport vositasi ortidan haydovchining ko‘rish maydonida paydo bo‘lgan vaqti transport vositasining to‘qnashuv joyidan uzoqligini aniqlash;
– Piyoda harakatni boshlagan payti transport vositasi haydovchisi to‘qnashuvni oldini olishning texnik imkoniyatiga ega bo‘lganligini aniqlash;
– Transport vositasi haydovchisi ro‘paradan kelayotgan piyodani urib yuborishni oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lganligini aniqlash;
– Transport vositasi haydovchisi yo‘lakay ketayotgan piyodani urib yuborishni oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lganligini aniqlash;
– Transport vositasi muvozanatini saqlagan holda ko‘ndalang siljishi uchun qancha masofa zarurligini aniqlash;
-Transport vositasi haydovchisi ko‘zg‘almas to‘siqni xavfsiz aylanib o‘tishi mumkinligini aniqlash;
– Ushbu yo‘l vaziyatida transport vositasi haydovchisi “Yo‘l harakati qoidalari” bo‘yicha qanday harakatlanishi lozim edi?
– Harakati uchun xavf tug‘ilgan payti transport vositasining to‘qnashuv joyidan uzoqligini aniqlash;
– Oldinda harakatlanib borayotgan transport vositasi tormozlanishni boshlagan payti uning orqasidan kelayotgan transport vositasi haydovchisi to‘qnashuvni oldini olishi mumkin bo‘lganligini aniqlash;
– Orqadan kelayotgan transport vositasi haydovchisi harakati uchun xavf tug‘ilgan payti oldinda ketayotgan transport vositasi bilan to‘qnashuvni oldini olishi mumkin bo‘lganligini aniqlash;
– transport vositasi haydovchisi to‘xtab turgan transport vositasi ko‘rish maydonida paydo bo‘lgan payti uni xavfsiz aylanib o‘tishi mumkin bo‘lganligini aniqlash kabi savollar hal etilishi mumkin.
Hozirgi zamonning shiddati tez, shitobi baland. Yo‘llarda transport vositalari oqimi kuchayib bormoqda, buning bilan bizni yanada ehtiyotkorroq, hushyorroq bo‘lishimizni talab qilmoqda. Yo‘l harakati talablariga rioya etaylik, bir-birimizni hurmat qilaylik azizlar, “Yo‘l harakati qoidalari”ni ham, axir ular biz uchun ishlab chiqilgan.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika
sud ekspertizasi markazining Sirdaryo
viloyat bo‘limi yetakchi eksperti: O.No‘monov