Gugurt qutisiga joylangan “Oq ajal”

Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan olib borilayotgan tezkor tadbirlar orqali ko‘plab giyohvand vositalar savdosiga chek qo‘yilayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Haqiqatdan ham, ayni vaqtda giyohvandlik balosi insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayaptiki, natijada jamoatchilik tomonidan “asr vabosi” deya tan olindi. Giyohvandlik muammosi jamiyat, millat ravnaqiga jiddiy putur yetkazuvchi bo‘lib, hozirda dunyo davlatlarini tashvishga solib kelmoqda. Giyohvandlik oqibatida minglab norasida go‘daklar mayib majruh tug‘ilmoqda, oilalarda ajrashishlar ko‘paymoqda va dunyoda millonlab odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda. Eng afsuslanarli jihati shundaki, bu jirkanch narsaga mubtalo bo‘lgan kimsalarning tuzalishi qiyin kechib, oqibati ayanchli o‘lim bilan tugamoqda.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining “Materiallar, ashyolar, buyumlar kriminalistik ekspertizasi” laboratoriyasiga tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyo sifatida bir dona gugurt qutisi polietilen paketga qadoqlanib, muhrlangan holatda taqdim qilindi. Gugurt qutisining ichida oq rangli, kukunsimon, noma’lum moddaning qoldiqlari mavjud edi. Ekspertlar oldiga hal etish uchun “Tekshirish uchun taqdim qilingan oq rangli kukunsimon moddaning tarkibi aniqlansin. Uning tarkibida giyohvandlik vositalari mavjudmi?” degan vazifa qo‘yildi. Taqdim qilingan noma’lum moddaning tarkibini aniqlash uchun Markazning maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ekspertlari tomonidan laboratoriyada mavjud bo‘lgan zamonaviy, o‘ta sezgir uskunalarda kompleks tadqiqotlar olib borildi.

Olib borilgan laboratoriya tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, gugurt qutisining ichidagi oq rangli, kukunsimon modda sintetik giyohvand vosita – Mefedronga taalluqli ekanligi aniqlandi.

Mefedron tuzilishiga ko‘ra giyohvand vosita amfetaminga yaqin bo‘lib, ta’siri jihatidan nisbatan kuchliroq eyforik ta’sirga ega. Mefedron hidsiz, oq rangli kukunsimon modda bo‘lib, u kapsula, tabletka va suyuq holatda uchraydi. Mefedron hidlash, ichish va ayrim hollarda vena ichiga in’eksion yuborish orqali iste’mol qilinadi.

Ko‘pincha Mefedron tungi klublarda va 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar vaqt o‘tkazadigan boshqa shunga o‘xshash joylarda sotiladi. Mefedronga qaramlik birinchi foydalanishdan keyin shakllanadi va foydalanishning birinchi haftalarida tolerantlik kuchayadi. Shuning uchun, Mefedrondan birinchi foydalanishda odam energiya va motivatsiyaning kuchayishini his qiladi, eyforiya, jinsiy qo‘zg‘alish va atrofidagilarning barchasiga nisbatan “sevgi” ni boshdan kechiradi va uyat his qilmaydi. Ranglar yorqinroq ko‘rinadi va giyohvandda ovqatga yoki uxlashga ehtiyoj kamayadi. Ammo 2 soatdan keyin eyforiya ta’siri pasayadi, shu sababli, doimiy ravishda ko‘proq kuchli dozalarni qabul qiladi. Mefedronning ta’siri tugagandan so‘ng, giyohvandda depressiya va tashvish kuchayadi, kuchsizlanish, spazmlar va sudorgi bilan namoyon bo‘ladi.

Mefedronga psixologik qaramlik 2-3 dozadan keyin shakllanadi. Mefedrondan foydalanishning yoqimli ta’siri uzoq vaqt davom etmaydi. Ko‘p o‘tmay, giyohvand qanday dozani qabul qilmasin, eyforiyani his qilishni to‘xtatadi. Natijada giyohvand effektni kuchaytirish uchun Mefedronni tomir ichiga in’eksion shaklda yuboradi. Giyohvand moddaning tomir ichiga kiritilishi in’eksiya joylarida yallig‘lanish va qon infeksiyalari, zaharlanish, allergik reaksiyalar va o‘limga olib keltiruvchi dozani oshirib yuborish xavfini keltirib chiqaradi.

Giyohvandlik yomon illatlardan biridir. Ha, giyohvandlik kishini har qanday tubanlikka ko‘niktiradi. Inson uni qancha ko‘p iste’mol qilsa, yaxshi fikrlash, mehnat qobiliyati, ruh pokligi va hissiyot quvvatidan shuncha uzoqlashar ekan. Shu boisdir giyohvandlik hamma zamonlarda, har qanday jamiyatda qoralangan.

Giyohvand moddalarni iste’mol qilish inson kamolotiga, imon-e’tiqodiga xavf xatar solish bilan bir qatorda mustaqil mamlakatimiz rivojlanishi va taraqqiyotiga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Inson hayoti, yosh avlod kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlikka qarshi kurashish mustaqil yurtimizning har bir fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan bo‘lib hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotidagi mavjud har qanday zararli illatni yo‘q qilish va uning oldini olish har birimizning vazifamiz, sharafli burchimizdir.

Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti bo‘limi boshlig‘i,
farmasevtika fanlari nomzodi
Xalilova Nilufar Shuxratillaevna

Skip to content