Sud-kompyuter-texnikaviy ekspertizasining imkoniyatlari
Bugungi kunda hech bir sohani kompyuter texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Axborot texnologiyalarga bo‘lgan talab kun sayin ortib bormoqda. Bunday talab jamiyat rivojiga hissa qo‘shish bilan bir qatorda, jinoyatni amalga oshirishda foydalanish holatlarida ham uchrab turibdi. Xususan, jinoyatni amalga oshirishda nafaqat kompyuter vositalaridan, balki mobil aloqa vositalaridan ham keng foydalanish kuzatilmoqda. Sodir etilgan jinoyatlar haqidagi ma’lumotlarni aniqlab, ularni fosh etishda X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining “Sud kompyuter-texnikaviy ekspertizasi” bo‘limining malakaliy ekspertlari tomonidan tinimsiz tadqiqotlar olib borilmoqda.
Hozirgi kunda Sud kompyuter-texnikaviy ekspertizasi bo‘limi tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va jinoiy ishlar yuzasidan ekspertiza tadqiqotlari, shuningdek, fuqarolarning arizalariga asosan mutaxassis fikri berish yuzasidan sud kompyuter-texnikaviy ekspertizasi tadqiqotlari olib borilmoqda, jumladan kompyuter texnikalari, notebooklar, netbooklar, mobil telefonlar, planshetlar, smart soatlar, dronlar, raqamli foto va video qurilmalarning xotira qurilmalaridan kerakli ma’lumotlarni izlab topish, shifrlangan ma’lumotlarni ochish, hamda o‘chirilgan fayllarni aniqlash va qayta tiklash, shuningdek, bloklangan qurilmalarni ochish va shikastlangan qurilmalarning xotirasidan ma’lumot o‘qish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda, natijasiga ko‘ra tegishlicha xulosalar va mutaxassis fikrlari berilib kelinmoqda.
Sud kompyuter-texnikaviy ekspertizasi nisbatan yangi va murakkab ekspertiza turiga mansub xisoblanadi va ekspertiza tadqiqotlari aloxida yondashuvni talab qiladi. Bunda taqdim qilingan obyekt ustida tadqiqot olib borish uchun kompyuter qurilmasi yoki mobil aloqa vositasi sifatidagi holatini, jinoyatni sodir etish jarayonidagi rolini aniqlash, axborot saqlovchi va tashuvchi qurilmalarda jinoyatga aloqador ma’lumotlarni ajratib olish uchun qurilmalar xotirasiga xavfsiz yo‘llar bilan kirish, hamda ma’lumotlarni tahlil qilish maqsadida maxsus usullar va dasturiy-texnik vositalardan foydalaniladi.
Sud kompyuter-texnikaviy ekspertizasi tadqiqotini o‘tkazish jarayoni quyidagi kema-ketliklarda amalga oshiriladi:
Dastlabki bosqichda taqdim etilgan obyekt ustida olib boriladigan tadqiqot predmeti aniqlanadi shundan so‘ng tadqiqot obyektining qaysi turga mansubligi o‘rganiladi va qo‘llaniladigan maxsus usullar, dasturiy-texnik vositalar ketma-ketligi belgilanadi, tadqiqot obyektining ishlash qobiliyati tekshiriladi va umumiy hamda alohida holatlari fotojadvalga joylanadi, tadqiqot o‘tkazish jarayonida obyektga tashqi ta’sirlar yetmasligi va zarar yetkazmaslik choralari sifatida himoya vositalaridan foydalanib, uning xotirasidan fizik nusxa olinadi(1-rasm);
1-rasm. tadqiqot obyektini tashqi ta’sirlardanximoyalash uchun klonlashtirish jarayoni.
Obyekt xavfsizligi ta’minlangach, maxsus dasturiy hamda texnik vositalar yordamida ekspert o‘z oldiga qo‘yilgan savollarni hal qilish uchun bir necha tadqiqot ishlarini amalga oshiradi. Masalan, jinoyatga aloqador bo‘lgan axborot tashuvchi qurilmadan biror kalit so‘zi qatnashgan ma’lumotni, ya’ni, kompyuter yoki telefon xotirasidagi hujjat, foto yoki audio-videofayl (ya’ni konkret obyekt), ma’lumotlar bazasi elementlarini aniqlash lozim. Bunda ekspert har doim maxsus dasturiy vositalar orqali tadqiqot ishlari amalga oshiradi. Birlamchi o‘chirib yuborilgan ma’lumotlar tiklanadi va barcha fayllar dastur tomonidan tahlil qilinadi. So‘ngra, olingan ma’lumotlar natijasi saralanadi. Saralanib olingan ma’lumotlar esa, hisobot ko‘rinishida keng tarqalgan fayllar (PDF, Word, Excel va b.) formatida saqlanadi.
Hisobot va ekspertning tadqiqotlari natijalari saralab olingan tergovga aloqador ma’lumotlar bo‘yicha ekspert xulosasi tuzilib, xulosaga barcha fayllar ko‘p funksiyali(DVD)-disklarga yozilib, tadqiqot obyektlari bilan birgalikda tergov va sud organlariga yuboriladi. Konkret jinoyat ishi bo‘yicha saralab olingan ma’lumotlar ekspertning kompyuterida ma’lum muddat saqlanib turiladi. Saqlash muddati har bir ekspertiza xususiyatiga qarab ekspert tomonidan o‘rnatiladi.
Shuningdek sud kompyuter texnikaviy ekspertizasining maxsus texnik va dasturiy vositalari yordamida ekspert shifrlangan ma’lumotlarni aniqlash, deshifrlash va o‘qish, tadqiq qilinayotgan obyektga ulangan har qanday qurilmalarni aniqlash, obyektning texnik imkoniyatlarini aniqlash, fayllardagi qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘qish, o‘chirib yuborilgan fayllarni tiklash, operatsion tizim fayllaridan ma’lumotlarni olish, bundan tashqari 800 dan ortiq fayl formatlarini tahlil qilish, elektron pochta xatlarini tahlil qilish, brauzer ma’lumotlarini o‘qish, mobil telefonlardagi barcha xabarlar, qo‘ng‘iroqlar, messendjerlardagi xabarlarni olish, mobil telefonlarda o‘chirib yuborilgan ma’lumotlarni tiklash, shuningdek to‘liq hisobot yaratish va boshqa imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Sud-kompyuter-texnikaviy va sud-fonografiya
ekspertizalari ilmiy tadqiqot bo’limi bosh ilmiy xodimi
D.Sh. Ataniyazov