Oziq-ovqat mahsulotlarini tadqiq qilish va baholash bo‘yicha sud-tovarshunoslik ekspertizasi.

Hozirgi kunda salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Respublikamizda jinoyat va boshqa turdagi qonunbuzarliklarining oldini olishga, ularni fosh etishga, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini qonuniy hal qilishga, jazoning muqarrarligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda.

Turli jinoyatlarning tarkibi, ularni sodir qilish usullarning taxlili bugunga kunda qonunbuzarliklar jarayoni zamonaviy texnik imkoniyatlardan foydalanish bilan ajralib turishini ko‘rsatadi. Bunday kirdikorlarni fosh etish uchun tergov va sudlarda tegishli vositalar bo‘lishi zaruratini isbotlash zarur emas. Bu o‘rinda fan va texnikaning yutuqlaridan keng foydalanish odil sudlovni ta’minlash  uchun alohida axamiyatga egaligini takidlash joiz. Boshqacha qilib aytganda hozirgi vaqtda, mavjud kriminal vaziyatni hisobga olgan holda qonunbuzarliklar bilan muvaffaqqiyatli kurash uchun mutasaddi idoralarida tegishli texnik jihoz va tergov qilish uchun sud ekspertiza imkoniyatlariga qaratishning dolzarbligi ayniqsa so‘nggi vaqtda o‘sib borishi tasodifiy emasdir.

Inson huquqlarini himoya qilish, jamiyat va davlatning manfatlarini ta’minlash huquqni muhofaza qilish idoralarining asosiy vazifasidir. Bu vazifani samarali bajarish fan va texnika yutuqlaridan keng foydalanish bilan bog‘liq. Shu sababli dastlabki tergov va sudlovni amalga oshirishda fan va texnikaning zamonaviy imkoniyatlariga asoslangan sud ekspertiza xulosalari alohida o‘rin egallaydi.

Tovarshunoslik bilimlarni qo‘llash sohasida sud-tergov organlarning o‘sib borayotgan ehtiyoji tufayli, oziq-ovqatlarni kompleks ravishda tadqiq qilish va ularni baholashga yondashish bo‘yicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqish va yaratish, natijalarni X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazida o‘tkazilayotgan sud-tovarshunoslik ekspertizalarning ekspertlik amaliyotiga joriy etish zaruriyati vujudga keldi.

Xozirgi kunda X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza Markazida Oziq-ovqat mahsulotlarini tadqiq qilish va baholash sud-tovarshunoslik ekspertizasining yangi turi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish yo‘lga qo‘yildi. Shunga muvofiq yangi ekspertiza turi xamma uchun yangi ma’lumotlar manbai hisoblanadi.

Tovarshunoslikda bayon etilgan nazariy va metodik asoslar, ob’yektning iste’mollik (tovar) hususiyatlarini va fazilatlarini aniqlash maqsadida uni holatini o‘rganishni, shuningdek tovar ob’yektlari saqlangan, ularning hususiyatlari atrof muhit bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi tufayli o‘zgarishiga olib kelgan aniq sharoitlarni tadqiq qilishni nazarda tutadi.

Tovarshunoslik ekspertizasi masalasini yechishning asosiy sharti bu – ob’yektning maqsadiga muvofiq ma’lum ehtiyojni qondirish uchun yaroqliligini shart qiladigan hususiyat va fazilatlarning majmuini tadqiq qilishdir.

Oziq-ovqat mahsulotlarini kompleks ravishda tadqiq qilish va baholash O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun, “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining baholash milliy standartlari, “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi sud-ekspert muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma, hamda “X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza Markazida sud-tovarshunoslik ekspertizalar tartibi va ularni yuritish” ekspertlar uchun Metodik tavsiyalar talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

Sud-tovarshunoslik ekspertizasining vazifalari va savollari.

Yechilayotgan masalalarga muvofiq, sud tovarshunos-ekspert vakolatiga uning tovarshunoslik sohasidagi maxsus bilimlari predmetiga kiruvchi quyidagi masalalarni yechish kiradi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini kompleks tadqiq qilish va baholash bo‘yicha sud-tovarshunoslik ekspertiza doirasida, nooziq-ovqat tovarlarni tadqiq qilish va baholashda qo‘llaniladigan bilan bir xil masalalar ko‘rib chiqiladi, ya’ni, masalalar ikki guruhga ajraladilar:

1) Klassifikasion:

– oziq-ovqat mahsulotlarini texnik shartlar talablariga, tasdiqlangan namunalarga, shartnomalarga va boshqa tovarni hamroh qiluvchi hujjatlarga mos kelishi (mos kelmasligi)ni aniqlash;

– tovarlarni tur va toifaga tegishliligini, iste’mollik hususiyatlarini, narxini, markirovkalar mavjudligini aniqlash;

– tovar sifatining ta’riflarini namuna sifatida taqdim etilgan tovarlarning o‘xshash ko‘rsatkichlariga mosliligini aniqlash.

2) Diagnostik:

– tovarlarning sifatli o‘zgarishini sabablarini va nuqsonlarni paydo bo‘lishi xarakterini aniqlash (foydalanish, tashish paytida, yoki tovarlarni buzilishi jarayonida);

– tovarlarni shikastlanishi, nuqsonlari, me’yoriy hujjatlarga mos kelmasligini hisobga olgan holda narxini aniqlash;

– yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash.

Ko‘rilayotgan ish tafsilotlariga qarab,  ekspert-tovarshunoslar yechimiga quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:

– Tovarning nomi, maqsadi va guruhi?

– Tovarlar  sifatining ta’riflari taqdim etilgan tovarlarning o‘xshash ko‘rsatkichlariga mos kelishi; agarda farq bo‘lsa, u nimada?

– Tadqiqot uchun taqdim etilgan tovarlardagi nuqsonlar buzilish, noto‘g‘ri tashish, yoki saqlash qoidalariga rioya qilinmaganlik tufayli paydo bo‘lganmi?

– Tadqiqot uchun taqdim etilgan tovarning, ularning jismoniy holati (yangilarni, yoki shikastlanish va buzilish, texnika shartlarga va markirovkaga mos kelmasligini inobatga olgan holda) ekspertizani o‘tkazish sanasiga bo‘lgan holatini inobatga olingan o‘rtacha bozor narxi?

– Tadqiqot uchun taqdim etilgan tovarning, ularning jismoniy holati (yangilarni, yoki shikastlanish va buzilish, texnika shartlarga va markirovkaga mos kelmasligini inobatga olgan holda)  holatini inobatga olib o‘tgan vaqtning ma’lum bir davrdagi o‘rtacha bozor narxi?

– shikastlanish yoki buzilish oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori?

Ekspertlik amaliyoti, tovarlarni baholash uchun qo‘llanilgan uslublarni asosliligini aniqlash maqsadida o‘tkaziladigan sud-tovarshunoslik ekspertizalarni o‘tkazish bo‘yicha tergov, sud va surishtiruv organlarining  murojaatlarini o‘sishini ko‘rsatadi. Ushbu masalani amaldagi qonunchilikka asosan yechish sud ekspertlarning vakolatiga kiradi.

Yuqorida sanab o‘tilgan savollar eng ko‘p uchraydigan namunali savollar hisoblanadi. Ularning doirasi kengaytirilishi hamda har bir tergov qilinayotgan ishning hususiyatiga qarab o‘zgarishi mumkin.

Ekspert-tovarshunos vakolatiga kirmaydigan, kompleks ravishda yechiladigan masalalar.

Ekspertlar yechimi uchun ekspertiza tadqiqotiga taqdim etilgan tovarlarni iste’mol qilish uchun ularning yaroqliligini va sifatini aniqlash bilan bog‘liq masalalar qo‘yilishi mumkin. Mazkur masalalar tovarshunos-ekspert tomonidan yechilishi mumkin emas, chunki ularni yechimi uchun kompleks tadqiqoti zarur (kimyoviy, biologik, va hk.).

O‘z vakolati doirasida tovarshunos-ekspert, mazkur masalalar bo‘yicha mutaxassislarning ma’lumotnomalari va xulosalarini inobatga olib klassifikasiya va diagnostik masalalarni yechishi mumkin.

Shuningdek tovarshunos-ekspert vakolatiga tovarning TIFTN bo‘yicha kodini aniqlash ham kirmaydi, chunki Tashqi Iqtisodiy Faoliyatning Tovar Nomenklaturasi (TIFTN) bu – bojxona va TIF vakillari tomonidan qo‘llanish uchun yaratilgan tovarlar klassifikatori hisoblanadi. TIFTN Butunjahon bojxona tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan va Yevropa va ba’zi bir boshqa mamlakatlarda tovar klassifikasiyasi uchun asos sifatida qabul qilingan Moslashtirilgan Tizimning eng to‘liq variantidir. Klassifikator mazmuni shundaki,  har bir tovarga yoki tovarlar guruhiga shaxsiy yagona kod beriladi va bojxona boji belgilanadi. Ushbu klassifikator tovarlarni bir xil ma’noli identifikasiyalashni, bojxona bojlarini undirish va bojxona deklarasiyalarga avtomatlashtirilgan ishlov berishni osonlashtirishni ta’minlash uchun qo‘llaniladi. Tovarning TIFTN bo‘yicha kodini aniqlashda tovarshunos-ekspert faqatgina uning nomini va maqsadini aniqlashi mumkin.

 

 

Sud-tovarshunoslik ekspertizasi

         bo‘limi eksperti, 3-darajali yurist

S.Sh.Abduvaitov

Skip to content