Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri berish tartibi to‘g‘risida
1-bo‘lim: Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri to‘g‘risida umumiy tushunchalar
O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligiga qarashli sud ekspertizasi muassasalarida tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikrlari mulkchilik shaklidan qat’iy nazar yuridik shaxslarning va jismoniy shaxslarning yozma murojaatlari asosida bajariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6256-sonli Farmonining 7-bandiga binoan 2021 yil 1 sentabrdan boshlab davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq, sud ekspertizasi turlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish huquqi berildi. Bunda tadqiqot natijalariga ko‘ra mutaxassis fikri taqdim etilishi ham belgilab qo‘yildi.
Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri berilishining yo‘lga qo‘yilishi tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolar uchun birmuncha qulayliklar tug‘diradi. Chunki xususiy tadbirkorlar va fuqarolar mutaxassis fikrini olish orqali o‘z mol-mulklarining holati va bugungi kundagi o‘rtacha bozor bahosi to‘g‘risida ekspertlik tadqiqotlari o‘tkazish orqali tuzilgan mutaxassis fikrlarini olishlari mumkin.
Bunda mutaxassis-tovarshunoslik tadqiqotlari sud-tovarshunoslik tadqiqotlari bilan bir xil tartibda, bir xil shakl va bosqichlarda olib boriladi. Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikrlari sud-tovarshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha maxsus malaka sertifikatiga ega bo‘lgan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi va uning viloyat bo‘limlari xodimlari tomonidan beriladi va tegishli muassasalar muhrlari bilan tasdiqlanadi.
Barcha turdagi sud ekspertizalari va mutaxassis fikrlari kabi tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha ham mutaxassis fikrlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha to‘lovli tartibda amalga oshiriladi.
2-bo‘lim. Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri so‘rab berilgan murojaatlarni qabul qilish va tadqiqot ob’ektlarini ekspertiza muassasasiga taqdim qilish tartibi.
Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri so‘rab murojaat qilgan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari birinchi navbatda ekspertiza muassasasi rahbari (bo‘lim mudiri) tomonidan ko‘rib chiqiladi va murojaatchiga mutaxassis fikri berilishi uchun zarur bo‘lgan asosiy talablar tushuntiriladi. Agarda mutaxassis fikri berilishi so‘ralayotgan masalalar yuzasidan bo‘limda tovarshunoslik tadqiqotlari olib borish uchun yetarli shart-sharoitlar, tadqiqot uslublari va mutaxassislar mavjud bo‘lsa berilgan murojaat bo‘limda ekspertiza tadqiqotlari bilan bir qatorda ro‘yxatga olinadi va ijrochiga yuboriladi.
Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri so‘rab berilgan murojaatlar bilan birgalikda tekshirilishi lozim bo‘lgan tadqiqot ob’ektlari ham taqdim qilinishi mumkin. Bunday holatlarda tadqiqot ob’ektlarining nomi, soni va rusumiga oid ko‘rsatgichlar yozma murojaatda ko‘rsatilishi lozim bo‘ladi.
Agarda tadqiqot ob’ektlari yuridik yoki jismoniy shaxsning yozma murojaatida ko‘rsatilmagan va ekspertiza muassasasiga olib kelish imkoni bo‘lmasa, murojaat xatida tadqiqot ob’ektlarining nomi, soni va joylashgan joyi ko‘rsatilib, mutaxassis tomonidan ko‘zdan kechirilishi uchun imkoniyat yaratib berilishi kafolatlanishi bayon qilinishi lozim.
Mutaxassis fikri berilishini so‘rab qilingan murojaatlarni ro‘yxatga olinishi va bajarishning eng muhim shartlaridan biri bu mutaxasis fikri tadqiqotlari uchun amalga oshirilishi lozim bo‘ladigan to‘lov bo‘lib, murojaatchi yuridik yoki jismoniy shaxs mutaxassis fikri tadqiqotlari uchun belgilangan to‘lov tariflari bilan tanishtirilishi va tadqiqotlar boshlanishiga qadar to‘lovni amalga oshirishi shart.
Shu o‘rinda qayd etib o‘tish joizki, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi bo‘lim va laboratoriyalari tomonidan bajariladigan ekspertlik va mutaxassislik tadqiqotlari uchun to‘lov O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tarif bo‘yicha belgilanadi.
Qabul qilib olingan murojaat X.Sulaymonova nomidagi RSEMning “rsem.uz” elektron dasturida ro‘yxatga olinadi va ushbu dastur orqali mutaxassis-tovarshunosga ijro uchun yuboriladi.
Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tadqiqotlar olib boruvchi mutaxassis-tovarshunos tomonidan ro‘yxatga olingan murojaat ham “rsem.uz” elektron dasturi ham xat orqali qabul qilib olinadi va ko‘rib chiqiladi. Mutaxassis-tovarshunos tomonidan murojaat ko‘rib chiqilishi jarayonida tovarshunoslik tadqiqotlarini bajarish va mutaxassis fikrini berish uchun tadqiqot ob’ektlarini ko‘zdan kechirish orqali tadqiqot uchun kerakli ma’lumotlarni oladi.
3-bo‘lim. Ko‘zdan kechirishni tashkil etish.
Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri tadqiqotlariga taqdim qilingan tadqiqot ob’ektlari tovarshunos-mutaxassis tomonidan ekspertiza muassasasida tekshiriladi va tadqiqotlar uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni oladi. Ekspertiza muassasasiga olib kelish imkoni bo‘lmaydigan tadqiqot ob’ektlari ularning joylashgan joyida murojaatchi (mulk egasi)ning shaxsan ishtirokida ko‘zdan kechirish orqali amalga oshiriladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ning 30-bandida – “Ko‘rikdan o‘tkazish talab qilinadigan tekshirish ob’ektlarini (ekspertiza muassasasiga taqdim etilgan ob’ektlardan tashqari) ekspertizalardan o‘tkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) sud eksperti uchun ob’ektga to‘siqsiz kirishni va uni tekshirish imkonini ta’minlashi kerakligi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur yo‘riqnomaning 30-bandi talabi mutaxassis tadqiqotlarini olib borish jarayoni uchun ham amal qiladi. Ya’ni mutaxassis fikri berilishini so‘rab murojaat qilgan yuridik yoki jismoniy shaxs tovarshunos-mutaxassisning tadqiqot ob’ektiga to‘siqsiz kirishini va uni tekshirish imkonini ta’minlashi kerak.
Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri berilishini so‘rab murojaat qilgan yuridik yoki jismoniy shaxs mutaxassis tadqiqotlariga taqdim etilayotgan ob’ektning qaerda joylashganligi, kimning egaligida ekanligi va tadqiq qilinishi so‘ralayotgan ob’ekt bilan bir xil ko‘rinish va parametrlarga ega ekanligiga ishonch hosil qilgan bo‘lishi lozim. Ayrim hollarda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tovarshunoslik tadqiqotlariga taqdim etilayotgan ob’ektlar yo‘qotilganligi, topilmaganligi va shu kabi holatlarda tadqiqot uchun shu ob’ektlar bilan bir xil parametrlarga ega bo‘lgan boshqa ob’ektlar taqdim etilishi mumkin. Bunday hollarda murojaat xatida va ko‘zdan kechirish bayonnomasida mutaxassis tadqiqotlari analog tariqasida taqdim etilayotgan boshqa ob’ekt (namuna) asosida o‘tkazilayotganligi bayon qilinishi shart.
Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis fikri yechimiga qo‘yilgan masalalarni muvaffaqiyatli hal etish tadqiqotning har bir bosqichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2011 yil 2 mart kuni №2202-son bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” talablaridan kelib chiqqan holda ishni to‘g‘ri tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda:
Birinchidan: Murojaatchi tomonidan mutaxassis tadqiqotlariga taqdim etilayotgan tovar (tovarlar)ning nomi, tipi, guruhi, ishlab chiqarilgan yili va joyi, texnik va fizik parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek tovarlarga tegishli bo‘lgan texnik pasport, sertifikat, guvohnoma, shartnoma va yuk xatlari murojaat xati bilan birgalikda, yoki mutaxassisning so‘rov xati asosida ko‘zdan kechirishni tashkil etishdan oldin taqdim etilishi lozim;
Ikkinchidan: Ko‘zdan kechirishni to‘g‘ri tashkil etish, ya’ni bunda ko‘zdan kechirishga taqdim etilgan tovar (tovarlar)ning nomi, tipi, guruhi va komplektatsiyasi, ishlab chiqarilgan yili va joyi, texnik va fizik parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek texnik pasport, sertifikat va guvohnoma murojaat xatida ko‘rsatilgan tovar (tovarlar)ga mos kelishi ko‘rib chiqilishi kerak;
Uchinchidan: Ko‘zdan kechirish jarayonida tovar (tovarlar)ning sifatiga, yangi yoki muqaddam foydalanishda bo‘lganligi, uzoq vaqt saqlanganligi, komplektidagi yetishmovchiliklar, ishga yaroqlilik va eskirish darajasi, ta’mirlash va butlash talab etilishi va shu kabi masalalar yuzasidan tegishli sex, laboratoriya yoki soha mutaxassislari tomonidan berilgan xulosalar olinishi lozim.
Tadqiqot ob’ektlarini ko‘zdan kechirish jarayonida ularning turi, guruhi, nima maqsadlar uchun ishlatilishi, hozirgi davr talabiga mosligi, ishlab chiqarish, qadoqlash va saqlash tartibiga rioya etilganligi, ishlab chiqqarishda va saqlash jarayonidagi xatoliklar tufayli nuqsonlar (defekt) yuzaga kelmaganligiga, komplektatsiyasiga, ishga yaroqlilik darajasiga va ta’mirlash zaruriyatiga e’tibor qaratiladi.
Ko‘zdan kechirishda birinchi navbatda taqdim etilgan ob’ektga taalluqli bo‘lgan, ishlab chiqaruvchi yoki sinovdan o‘tkazgan tashkilot tomonidan berilgan hujjatdagi ma’lumotlarga e’tibor qaratiladi. Bular birinchi navbatda texnik pasportlar, sifat sertifikatlari, sinov sertifikatlari yoki xulosalari, kapital ta’mirlash yoki restavratsiya dalolatnomalari, muddatli texnik ko‘rik dalolatnomalari va boshqa hujjatlardan iborat bo‘lishi mumkin.
Bunday hujjatlar bo‘lmagan yoki hujjatlardagi ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan hollarda murojaatchi (mulk egasi) tomonidan mavjud bo‘shliqni to‘ldirish uchun ushbu ob’ektni yaxshi biladigan soha mutaxassislari jalb qilinishi mumkin. Ko‘zdan kechirishga jalb qilingan soha mutaxassisi tomonidan tadqiqot ob’ektining sifati, ishga yaroqlilik darajasi, zarur hollarda uning komplektatsiyasi va ishlab chiqarish quvvatiga oid ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi. Ayrim hollarda tadqiqot ob’ektining qanday materialdan yasalganligi, foydalanish yo‘nalishi, chidamlilik darajasi va kelajakda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha maqsadli foydalanish uchun yaroqlilik darajasiga ham baho berilishi lozim bo‘ladi.
4-bo‘lim. Tovar moddiy qiymatliklarning bozor bahosini aniqlash bo‘yicha tovarshunos-mutaxassis tadqiqotlarini olib borish va mutaxassis fikrini berishning o‘ziga xos xususiyatlari.
Tovarshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis tadqiqotlari doirasida hal etiladigan masalalar xuddi sud-tovarshunoslik ekspertizasi doirasida hal etiladigan masalar kabi 2 guruhga ajratiladi, bular:
1). Tasniflash (классификатсионные):
- tovarlarning standart talablariga, texnik shartlarga, tasdiqlangan namunalarga, shartnomalarga va boshqa me’yoriy hujjatlarga mos yoki mos emasligini aniqlash.
- yorliq (маркировка), kuzatuv yuk-xatlari va boshqa hujjatlardagi ma’umotlar asosida tovarlarning tuzilishi va tashqi ko‘rinishi, sifati, miqdori, turkumi, o‘lchami, navi, komplektlanganligi va iste’mol xususiyatlari bo‘yicha mosligini aniqlash.
- mahsulotning sifat ko‘rsatgichlari namuna tariqasida taqdim etilgan boshqa mahsulotning sifat ko‘rsatgichlariga mosligini aniqlash.
2). Tashxislash (Диагностические):
- tovarlardagi sifat o‘zgarishlarining sabablarini, hamda hosil bo‘lgan nuqsonlarning xususiyatlarini aniqlash. (tovar sifatining yo‘qolishi ishlab chiqarish xususiyati bilan bog‘liqmi yoki foydalanish sharoitlari bilan bog‘liqmi?);
- tovarlarning bahosini ularning eskirishi, zararlanish darajasi va mavjud nuqsonlarni hisobga olgan holda aniqlash;
- yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash.
Bozor munosabatlarining tarkib topishi va rivojlanishi bilan tovarshunos-mutaxassislik tadqiqotlari amaliyotida mol-mulkni baholashning turli yo‘nalishlari paydo bo‘ldi. Shularning ichidan eng ommalashgan 3 ta turini alohida ajratish mumkin:
- Xarajat uslubi. Xarajat yondashuvining mohiyati shundan iboratki bunda buyumning bozor bahosini aniqlash uchun uni ishlab chiqarish uchun sarflangan xarajatlar (sarflar) inobatga olinadi.
- Taqqoslash (solishtirish) yoki bozor yondashuvi – baholanayotgan ob’ekt bilan bir xil bo‘lgan tovarlarning yaqin vaqt oralig‘idagi sotuv narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plab tahlil qilish prinsipiga asoslanadi. Bunda shunday qoidaga amal qilinadiki, tejamli xaridor ushbu ob’ekt uchun u bilan bir xil sifat va xususiyatlarga ega bo‘lgan boshqa bir ob’ektni sotib olish mumkin bo‘lgan narxdan ortiq pul to‘lamaydi.
- Daromadli (iqtisodiy) uslub – olinishi kutilayotgan daromadni pulda ifodalashdan iboratdir. Daromadli yondashuvda – ob’ektdan kelajakda foydalanish orqali kutilayotgan daromadga qarab uning joriy bahosini aniqlashdan iborat bo‘ladi.
Baho bozor kon’yukturasini, undagi talab va taklifni hisobga olgan holda erkin va ochiq tarzda shakllanayotgan bozor bahosi asosida aniqlanadi.
Bozor bahosi – bu erkin bozor sharoitida ko‘ngilli xaridor bilan ko‘ngilli sotuvchi o‘rtasida erkin tijorat kelishuvida shakllangan narx bo‘yicha tanlangan buyumning bir qo‘ldan ikkinchi qo‘lga o‘tishi uchun beriladigan to‘lovning puldagi ifodasidir. Bozor bahosi baholashning – talab, taklif, muvofiqlik va mutanosiblik prinsiplariga asoslangan holda, ya’ni bozor bahosiga ta’sir etuvchi omillarni va hamda ularning ta’sir darajasining o‘zgarishlarini hisobga olgan holda aniqlanadi.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Sirdaryo viloyat bo‘limi
davlat sud eksperti Norbaev Abdunazar Achilovich