Iqtisodiy jinoyat – har qanday davlat iqtisodiyoti uchun katta muammo, chunki u juda yirik moddiy zarar keltiradi. Ichki ishlar organlari iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash va ularga barham berish chora-tadbirlarini ko‘rib boradi. Biroq jinoyat ishini qo‘zg‘atish paytida qilmishni to‘g‘ri baholashga doir qiyinchiliklar yuzaga keladi.
Iqtisodiyat sohasidagi huquqbuzarliklarni bartaraf etishda jinoiy faoliyatni tergov qilish jarayonida hujjatlashtirishni lozim darajada tashkil etish muhim rol o‘ynaydi. Bunday hujjatlashtirishni amalga oshirish chog‘ida soliq va boshqa nazorat qilish organlari, shuningdek sud ekspertiza muassasalari mutaxassislarining ishtirokisiz ish bitmaydi. Mazkur muassasa xodimlari egallagan maxsus bilim va mahoratlar iqtisodiyat sohasidagi jinoyatlarning kelib chiqish holatlarini aniqlash va ularni malakali tadqid qilish uchun xolisona asosni tashkil etadi. Ko‘rsatilgan jinoyatlarni aniqlashda sud-iqtisodiy ekspertizaning turli usullaridan keng foydalaniladi.
Iqtisodiy jinoyatni aniqlash uchun sud-iqtisodiy ekspertizaning usul va yo‘llaridan kompleks tarzda foydalaniladi. Ular alohida dolzarblik kasb etadi, chunki bozor munosabatlarini shakllantirish jarayonida moliyalashtirish, narx belgilash, tadbirkorlik, bank, tashqi iqtisodiy faoliyat va soliq solish sohasida suiiste’molchiliklar ancha keng tarqalgan.
So‘ngi yillarda Iqtisodiyat sohasida bir qancha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lib jumladan, O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida soliq solish bazasini kengaytirish orqali soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish borasida bir qator vazifalar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 18 iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari soliq tizimini yangi pog‘onaga olib chiqish va samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega hujjatlar hisoblanadi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad – soliq tizimini davlat va iqtisodiy agentlar talablari darajasida takomillashtirish va yangi soliq qoidalarini amalga joriy etishdan iboratdir. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-599 son Qonuni bilan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib 2020 yil 1 yanvardan boshlab amalga kiritildi.
Endi, yagona ijtimoiy to‘lov o‘rniga ijtimoiy soliq, yagona soliq to‘lovi o‘rniga — aylanmadan soliq, qat’iy belgilangan soliq o‘rniga — jismoniy shaxslarning daromadlariga, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilgari berilgan imtiyoz va soliqni hisoblash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, qat’iy belgilangan miqdorda soliq joriy etildi.Ayrim faoliyat turlari uchun belgilangan maxsus soliq rejimlari bekor qilindi.Shu munosabat bilan, bugungi kunda sud-ekspert tadqiqotlarining xolisligini, har tomonlamaligini, to‘liqligini va ilmiy asoslanganligini ta’minlash maqsadida sud-iqtisodiy ekspertizalarning sinfiga kiruvchi alohida tur hisoblangan sud-soliq ekspertizalarini o‘tkazish zarurati yuzaga keldi.
Sud-soliq ekspertizasi fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishi (shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv materiallari), ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida soliq qonunchiligi talablariga ko‘ra soliq solish ob’ekti yuzaga keladigan turli xo‘jalik yoki moliyaviy operatsiya sodir etilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha haqiqatda hisoblangan va budjetga hisoblanishi lozim bo‘lgan soliqlarni miqdorini belgilash zarur bo‘lgan hollarda tayinlanishi mumkin.
Sud-soliq ekspertizasining asosiy vazifasi – bu O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini, davlatning va xo‘jalik yurituvchi sub’ektning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashdan iborat.
Sud-soliq ekspertizasining predmeti, soliq solinadigan bazaning hajmi, ma’lum davr uchun budjetga hisoblanishi va to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq miqdori, budjetga hujjatlar bo‘yicha to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi faktik ma’lumotlar (tergov qilinayotgan yoki sudda ko‘rib chiqilayotgan holatlar)dagi ko‘rsatkichlarni tadqiq qilishdir.
Sud-soliq ekspertizasi ob’ektlari bo‘lib soliq to‘lovchining boshlang‘ich hisob hujjatlari, buxgalteriya va soliq hisobi registrlari, moliyaviy va soliq hisobotlari (soliq deklaratsiyalari), xo‘jalik shartnomalari, soliq tekshiruvi dalolatnomalari, shuningdek soliq va yig‘imlar hisoblashga asos bo‘luvchi xo‘jalik operatsiyasini sodir etilganligini o‘zida aks ettirgan boshqa hujjatlar bo‘lishi mumkin.
Sud-soliq ekspertizasi ob’ektlarini quyidagi guruhlarga ajratishimiz mumkin:
- asosiy ob’ektlar – soliq solish elementlari to‘g‘risidagi axborotlarni o‘zida aks ettirgan belgilangan (unifikatsiyalangan) shakldagi hisob hujjatlari; soliq solish elementlarini aniqlashda qo‘llaniladigan boshlang‘ich hisob hujjatlari; buxgalteriya va soliq hisobi registrlari; bank hujjatlari, hisovarag‘i aylanmasidan ko‘chirma ma’lumotlari; tovarlarni ishlab chiqarish va sotish, tovar (ish, xizmat)larni sotish, yetkazib berish bo‘yicha moliyaviy-ho‘jalik operatsiyalar, jismoniy shaxslarning daromadlari, yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan hisobotlar; soliq hisobotlari, moliyaviy hisobotlar, korxonaning hisob siyosati.
- yordamchi ob’ektlar – bu hisob hujjatlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda tadqiq qilinuvchi hisob yuritilmaydigan hujjatlar; ta’sis hujjatlari, shartnomalar, soliq tekshiruvi dalolatnomalari, soliq organlari hujjatlari (dalolatnomaga ilova qilingan tekshiruv hujjatlari va b.), auditorlik hisobotlari, boshqa mutaxassislik ekspertlarining xulosalari.
- elektron ob’ektlar – bu qog‘oz shaklida taqdim etilgan avtomatlashtirilgan hisobot materiallari (elektron hujjatning nusxasi).
Agar qog‘oz shaklida taqdim etilgan hisobot hujjatlari elektron shaklda yaratilgan bo‘lsa, ular “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq majburiy rekvizitlarga ega bo‘lishi kerak.
Bunda boshqa shaklda taqdim etilgan axborot sud-tergov organlari tomonidan (magnit, raqamli, optik tashuvchilar va perfokartalar) ishonchliligiga thuquqiy baho berilganidan so‘ng sud-soliq ekspertizasi ob’ekti sifatida tadqiq qilinishi mumkin.
Sud-soliq ekspertizasi – bu, avvalambor, ekspert yechimiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish va xulosa berish uchun zarur bo‘lgan faktik ma’lumotlarni o‘zida mujassam qilgan buxgalteriya hisobi va soliq hisobining birlamchi va yig‘ma hujjatlari, hisob registrlarini ekspertlik tadqiqotidir. Sud-soliq ekspertizasini o‘tkazishda ekspert tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, sudya tomonidan qo‘yilgan savol yuzasidan ishda mavjud bo‘lgan daliliy ashyolarning tadqiqotini o‘tkazadi.
Sud-soliq ekspertizasining maqsadi – soliq va yig‘imlarning hisoblanishi to‘g‘riligi va to‘liqligini amaldagi soliq qonunchiligi talablariga mosligini aniqlash.
Soliq ekspertizasi yechimiga qo‘yiladigan savollar, qoida tariqasida:
- budjetga to‘lanadigan soliqlarning to‘liqligi;
- soliqlarning vaqtida to‘lanishi;
- soliq elementlari (stavka, soliq solish bazasi va h.z) aniqlanishi to‘g‘riligi;
- soliq tekshiruvi dalolatnomasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlarning normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligi;
- soliq tekshiruvi dalolatnomasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlarning uslubiy jihatdan asoslanganligi;
- hujjatli tekshiruv (taftish, audit) o‘tkazish davrida tekshiruvchi (taftishchi, auditor) tomonidan qo‘llanilgan usul va uslublarning to‘g‘riligi (asoslanganligi);
- va boshqa masalalarni (soliq imtiyozlarini qo‘llash, soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari) aniqlash bilan bog‘liq.
Sud-soliq ekspertizasi oldiga jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy-xo‘jalik operatsiyasi oqibatida vujudga kelgan soliq oqibatlarini aniqlash, soliq hisoblanishida soliq qonunchiligini tartibga soluvchi qoida va me’yorlarga rioya etilganlik holatlarini aniqlash to‘g‘risida savollar ham qo‘yilishi mumkin.
Sud-soliq ekspertizasini hal etadigan vazifalarga quyidagilar kiradi:
- soliqlar va yig‘imlarni hisoblashning asosliligi va to‘liqligining soliq qonunchiligi talablariga muvofiqligini aniqlash;
- soliqlar va yig‘imlarni davlat budjetiga to‘liq yoki qisman yo‘naltirilganligini aniqlash;
- soliq qonunchiligi talablariga rioya etmaganlik holatlarini (masalan, soliq solish bazasini (yoki boshqa soliq elementlarini)) aniqlashda soliq qonunchiligi me’yorlari bo‘yicha tadqiq qilish;
- soliq tekshiruvi davomida aniqlangan soliq qonunchiligi talablariga rioya etilmaganligi holatining hujjatlar bilan tasdiqlanganligini aniqlash;
- davlat tomonidan yuridik shaxslarga yoki jismoniy shaxslarga berilgan imtiyozlarni inobatga olgan holda soliq bazasini to‘g‘ri aniqlab, soliq summasini to‘g‘ri hisoblanganligini aniqlash va boshqalar.
Sud-soliq ekspertizasining umumiy vazifasi budjetga hisoblangan va to‘langan soliqlar, yig‘imlarning miqdorini aniqlash hamda ularni soliq qonunchiligi talablariga muvofiq hisoblanishi, shuningdek, ularning hisoblanishi asosliligini aniqlash maqsadida soliq solish ob’ektlari va elementlarini, buxgalteriya hisobi va soliq hisobi ma’lumotlarini tadqiq qilish.
Sud-soliq ekspertizasining odatiy vazifalari soliqlar va yig‘imlar hisoblanishining to‘g‘riligi va to‘liqligini aniqlash, soliq qonunchiligi talablariga rioya etmaslik holatlarini aniqlash, soliq tekshiruvi paytida aniqlangan soliq qonunchiligi buzilishi faktini hujjatlar bilan tasdiqlanganligini mazkur sinfga kiruvchi ekspertizalar turlari bo‘yicha aniqlashdan iborat.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi ham soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi.
Sud-soliq ekspertizasini o‘tkazish sud-tergov ishlarida dalillar bazasini shakllantirishda muhim tarkibiy qism bo‘lganligi uchun alohida o‘ringa egadir. Sud va tergov amaliyotida sud-soliq ekspertizasi natijalaridan foydalanishda soliq solish masalasida moliyaviy axborotlarni buzilish alomatlarini to‘lik aniqlash va baholash, yuzaga kelgan salbiy oqibatlar natijalarini aniqlash va miqdorini o‘lchash imkonini beradi.
Soliq hujjatlarini kompleks tadqiqotida sud-soliq ekspertizasi boshqa ekspertizalar qatorida ajralib turadi. Bu esa espert-iqtisodchi yechimiga qo‘yilgan savol bo‘yicha xulosa berish uchun sud-soliq ekspertizasini o‘tkazishda soliq hisobotlari va boshqa materiallarni to‘plash bo‘yicha dastlabki ishlarni amalga oshirish zarurati bilan tushuniladi. Hujjatlarni o‘rganish jarayonida hisobotlardagi har bir ko‘rsatkich o‘z o‘rniga ega bo‘lib, hamda sud-soliq ekspertizasini o‘tkazishda inobatga olinishi mumkinligini ko‘rsatish imkonini beradi.
O‘z navbatda ekspertiza tadqiqoti jarayonida sud-soliq ekspertizasi soliq huquqbuzarliklarini aniqlash, huquqni muhofaza qiluvchi organ sub’ektlariga sud-soliq ekspertizasini tayinlash masalalarida metodik yordam ko‘rsatish, sud-soliq ekspertizasi masalalarini yechishda usul va uslublarni to‘g‘ri qo‘llash, buxgalteriya, soliq hisob va hisobotlari hujjatlarini tadqiq qilish jarayonida soliq jinoyati belgilarini aniqlash, ekspertiza tayinlashdagi sud-soliq ekspertizasi imkoniyatlarini aniqlash masalasida ish hujjatlarini tahlil qilishga imkon yaratadi.
Ushbu yuqoridagilar soliq va buxgalteriya hujjatlarini tadqiqot va tahlil qilish yo‘li bilan amalga oshiriladigan harakatlar ekspertlarga iqtisodiy qonunbuzarliklarni aniqlash, shuningdek sud-soliq ekspertizasi sohasida maxsus bilimlarni talab qiluvchi savollar paydo bo‘lganda davlat huquq-tartibot organlariga yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
Davlat sud eksperti: K.A.Xasanov