O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROG‘I

O‘zbekiston Respublikasi suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil Davlatimizning “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga bu yil 30 yil to‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro maydonda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.
Bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.
Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.
Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.
Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o‘rtasidan 70×30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan.
Oq rangli yangi oy vertikal holatda o‘ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi.
O‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig‘adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o‘rta qatorda to‘rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.
Davlat bayrogining ramzi mamlakatda mavjud bulgan qudratli davlatlar bayroqlariga xos an’analarni davom ettiradi, shu bilan birga respublikaning tabiiy hususiyatlarini, xalqning milliy va madaniy o‘ziga xosligini aks ettiradi.
Bayroqdagi ko‘k rang moviy osmon va musaffo suvning ramzi hisoblanadi. Azur rang sharqda hurmatga sazovor.
Oq rang – tinchlik va poklikning ramzi. Yosh mustaqil davlat o‘z yo‘lidagi yuksak dovonlarni yengib o‘tishi kerak. Bayroqdagi oq rang, shuningdek, yo‘lning ravshan va yorug‘ bo‘lishi kabi yaxshi tilakni anglatadi.
Yashil – bu mamlakatning muborak tabiatining o‘ziga xos hususiyati. Hozirgi kunda butun dunyoda ekologik harakat o‘sib bormoqda, uning ramzi ham yashil rang.
Qizil chiziqlar har qanday tirik mavjudot tomirida oquvchi hayotiy kuch va hayotning ramzi hisoblanadi.
Yarim oy O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik an’analariga mos keladi. Yarim oy va yulduzlar dunyoning bulutsiz osmonining ramzidir.
O‘zbekiston bayrogida 12 ta yulduz bor. 12 raqami burjning 12 ta belgisini bildiradi. Shuningdek, ba’zi manbalarga ko’ra, 12 raqami 12 oylik oyiga to‘gri keladi va mukammallik belgisini anglatadi.
Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgisidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir. Davlat bayrog‘idagi ramzlar O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an’analarini o‘zida mujassamlashtirganligini anglatadigan davlat ramzidir.
Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Tashkiliy-nazorat va tahlil bo‘limi
katta mutaxassisi
3-darajali yurist, S. Kudratov