Xatshunoslik ekspertizasi tadqiqotlarida namunalarning ahamiyati

Sud xatshunoslik ekspertizasi kriminalistik ekspertizalarning eng ko‘p tarqalgan turlaridan biri bo‘lib, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha ob’ektiv haqiqatni ochishga imkon beradi. Uning yordamida dastlabki tergov va sud organlari fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha ahamiyatli bo‘lgan shart-sharoitlarni aniqlaydilar. Ushbu turdagi ekspertizalarni o‘tkazishning qiyinligi odamning yozuv-harakat ko‘nikmalari o‘ta murakkab tashkiliy va ruhiy-fiziologik asosga egaligi, tadqiqotlarning bevosita ob’ektlari bo‘lgan qo‘lyozma matnni bajarish jarayoni esa birdaniga bir necha ichki va tashqi omillar ta’sirida kechishi bilan bog‘liq. Xatshunoslik sohasidagi nazariy va amaliy tadqiqotlar doimo ekspert-xatshunos hal etadigan savollar qamrovini kengaytirishga imkon beradi.

Xatshunos ekspertning o‘z tadqiqotini har tomonlama to‘liq o‘tkazishida albatta unga taqdim etiladigan namunalarning turi, sifati va miqdoriga bog‘liqdir. Xatshunoslik tadqiqotida namunalarning quyidagi turlari mavjud:

  • Erkin namunalar – ushbu namunalar tekshirilayotgan ob’ekt-hujjatga (masalan, shartnoma yoki tilxat) bog‘liq bo‘lmagan ushbu tekshiriluvchi ob’ekt-hujjat sanasidan oldingi vaqtlarda bajarilgan, yuritilayotgan fuqarolik, iqtisodiy yoki jinoiy ishga taalluqli bo‘lmagan boshqa hujjatlardagi yozuvlar, imzolar kiradi. Erkin namunalarning tadqiqot uchun ahamiyati shundan iboratki, imzosi yoki qo‘lyozma yozuvi tekshirilayotgan shaxs uning qo‘lyozma yozuvlari yoki imzolari tekshirilishi shubxalanmagan paytlarda u tomonidan bajarib yurilgan qo‘lyozma yozuvlar, imzolardir. Bunday namunalarga shaxsning ish joyidagi arizalari, tushuntirish xatlari, iltimosnomalari, bildirgilari, o‘qish joyidagi yozuvlari, imzolari yoki pensiya hujjatlaridagi yozuvlari, imzolari, biometrik pasport olish haqidagi arizalaridagi imzolari va boshqalar kiradi.
  • Shartli erkin namunalar – ushbu namunalar ham ekpertning tadqiqot olib borishida muhim ahamiyat kasb etadi. Fuqarolik, iqtisodiy yoki jinoiy ish qo‘zg‘atilgandan so‘ng bajarilgan qo‘lyozmalar, imzolar shartli erkin namunalar turiga kiradi. Shartli erkin namunalarga fuqarolik ishida mavjud da’vo arizalari, qarshi arizalar, iltimosnomalar, tilxatlar, jinoiy ishda mavjud so‘roq qilish, yuzlashtirish va boshqa turli xil bayonnomalar, arizalar, shikoyatlar, iltimosnomalar, tushuntirish xatlari va boshqalar kiradi.
  • Tajribaviy (eksperimental) namunalar – ushbu namunalar imzosi yoki qo‘lyozma yozuvi tekshirilayotgan shaxsdan aynan ekspertiza tadqiqoti uchun yozdirib olinadi. Ushbu namunalar 10-15 varaqda toza oq rangli A4 formatdagi qog‘ozga olinib, har bir varag‘i ish tayinlagan organ(shaxs) tomonidan tasdiqlanadi.

HKE laboratoriyasi katta eksperti B.Mamadaliev

Skip to content