Yoshlar masalasi barcha davr uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan. Har bir davlat, jamiyat o‘z taraqqiyotida yoshlarga tayangan. O‘zbekiston ham mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq, yoshlar bilan ishlash tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi. Bu borada milliy qonunchilik asoslari yaratildi va yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Bu siyosat bugun ham davom ettirilmoqda. Mamlaktimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga murojaatnomasida “bola tug‘ilganidan boshlab, 30 yoshgacha bo‘lgan davrda uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishi uchun ko‘mak beradigan, yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi” deya ta’kidladilar. Bu esa, shu vaqt oralig‘ida yoshlar davlat siyosatining ob’ekti bo‘ladi, degan ma’noni anglatadi. Biroq yoshlar timsolidagi inson kapitalini bunday tizimli va uzluksiz rivojlantirish natijasida 30 yoshdan keyin davlat siyosatining, ijtimoiy hayotning sub’ekti, ya’ni islohotlar tashabbuskoriga, jamiyatning hal qiluvchi kuchiga aylanadi va bunday yoshlarning faoliyatidan ko‘ngilni to‘q qilsa ham bo‘laveradi, chunki ular vatanparvar, bilimni qadrlaydigan, innovatsiyalarga ochiq, ko‘ngli mehrli, o‘zining to‘lib-toshgan energiyasini bunyodkorlikka yo‘naltiradigan fuqarolar bo‘lib shakllanadi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yoshlarga oid davlat siyosatining real hayot bilan bog‘langan, yoshlarning mavjud va kelgusidagi ehtiyoj va manfaatlarini hisobga oladigan, yoshlarning rivojlanishi, ijodiy salohiyatini to‘la namoyon qilishlari uchun shart-sharoit yaratish, barcha imkoniyatlarni to‘la ishga solishga qaratilgan tizimga zarurat yuzaga chiqadi.
Bunday zarurat quyidagi omillar bilan izohlanadi: yoshlarning mamlakat siyosiy tizimi barqaror rivojlanishi va mustaqilligi mustahkamlanishi jarayonidagi rolini oshirish; yoshlarning mamlakat barqaror iqtisodiy taraqqiyotidagi ishtiroki ahamiyatini oshirish, jumladan, ular uchun maqsadli qulay tadbirkorlik muhitini yaratish; yoshlar o‘rtasida ilm-fan, ta’limga qiziqishni oshirish barobarida mamlakatning innovatsion rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni tashkil qilish; yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarning real hayot bilan mutanosibligini ta’minlash; yoshlar bilan ishlash sohasiga mamlakatimizning bugungi kundagi taraqqiyot bosqichi uchun mos keladigan ilg‘or tajriba, zamonaviy uslub va mexanizmlarni izchil tatbiq etib borish.
Yoshlarning intellektual salohiyati, odob-axloqi, zukkoligi, harakatchanligi va shijoati, o‘zgarishlarga tayyorligi – jamiyatning umumiy taraqqiyot darajasini belgilaydi. Shu ma’noda, yoshlar va jamiyat taraqqiyoti o‘zaro izchil bog‘langan va uzviylik kasb etgan ijtimiy-siyosiy voqelik bo‘lib, yoshlar ongida hukm surgan kayfiyat va orzular bevosita jamiyatning kelajakdagi rivojlanish mo‘ljallarini namoyon etadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashda yoshlar bilan bog‘liq amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish yo‘nalishida yosh avlod vakillari manfaatini boshqa qatlamlar vakillari manfaatlariga qarshi qo‘ymasdan, umummilliy manfaat bilan uyg‘unlashtirish ustuvor vazifamiz bo‘lishi lozim.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti,
siyosiy fanlar doktori N.T.Qolqanov
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi
mudiri N.Solieva