Fuqaro Saodat Abduzokirova 2021 yil 18 fevralda o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi ekspertlari tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining sudyasi D.Dadadjanovaning 2020 yil 21 sentyabrdagi kompleks “Sud kurilish texnikaviy ekspertizasi tayinlash haqidagi ajrimi yuzasidan berilgan sud ekspertiza xulosasidan norozi bo‘lib qilgan videomurojaatini e’lon qildi. Keyinchalik ushbu videomurojaat NUZ.UZ saytida “Строительство многоэтажки в махалле: эксперты центра судебной экспертизы Сулеймановой не смогли определить, является ли строение многоэтажным и многоквартирным” nomi bilan qayta e’lon qilindi.
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi ushbu holat yuzasidan quyidagicha rasmiy bayonot beradi:
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2020 yil 21 sentyabrdagi kompleks “Sud-qurilish texnikaviy ekspertizasi tayinlash hakida”gi ajrimi yuzasidan Markazning Sud-qurilish texnikaviy ekspertizasi bo‘limi ekspertlari Baxtiyor Raximjonov va Murod Kalandarovlar tomonidan 2021 yil 15 yanvar kuni sud ekspertiza xulosasi berilgan. Shuningdek, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining appelyatsiya instansiyasi tomonidan chiqarilgan sud qurilish texnik ekspertizasini tayinlash haqidagi ajrimi kelib tushgan. Hozirgi vaqtda ushbu ajrim yuzasidan ekspertiza tadqiqotlari olib borilmoqda.
O‘tkazilgan ekspertizada ekspertlar oldiga hal etish uchun 4 ta savol qo‘yilgan. Ushbu savollarni yechish uchun sud tomonidan Markazning ekspertlaridan tashqari “O‘zGASHKLITI” DUK, O‘zbekiston Respublikasi Favqulotda vaziyatlar vazirligining Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati hamda O‘zbekiston sanitariya-epidemialogiya xizmati mutaxassislari jalb etilishi belgilangan.
Mazkur ekspertiza sud tomonidan kompleks deb e’tirof etilgan bo‘lsada, keyinchalik sudya tomonidan berilgan 2021 yil 14 yanvar kunidagi xatiga asosan ekspertiza o‘tkazilishida qatnashishi nazarda tutilgan boshqa mutaxassilarning alohida xulosalari olinganligi bois, Markaz ekspertlari tomonidan o‘z vakolatidagi savollar bo‘yicha tadqiqotlarni mustaqil olib borish va mavjud hujjatlarga asoslangan holda ekspertiza xulosasini berish so‘ralgan. Ushbu xatga asosan Markaz ekspertlari tomonidan faqat o‘z vakolatlari doirasidagi birinchi va to‘rtinchi savollar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib xulosa berilganligi ta’kidlanadi.
Jumladan, birinchi savol bo‘yicha, ya’ni Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, 326 B, 326 V-uylarda qurilishi tugallanmagan qurilmalarning o‘lchovi va hajmi “Lider Prof Proekt” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan eskiz loyihada qayd etilgan o‘lchov va hajmlarga to‘g‘ri keladimi ? degan savol yuzasidan ekspertlar tomonidan ob’ektlar ko‘zdan kechirilib mavjud uslubiyotlarga ko‘ra tegishli o‘lchovlarni amalga oshirishgan. Binoni ko‘zdan kechirish davomida uning to‘liq bitqazilmagan holatda ekanligi aniqlangan. O‘tkazilgan o‘lchovlarga asosan ushbu savolning birinchi qismi yuzasidan qurilishi bitmagan binoning gorizontal tashqi o‘lchovi bo‘yicha loyihaga mos kelishi biroq, bino qurib bitkazilmaganligi bois, uning balandligini o‘lchash imkoniyati bo‘lmaganligi sababli, binoning hajmi bo‘yicha loyiha bilan solishtirish imkoniyati yo‘qligi haqida xulosa berilgan.
Tadqiqotlar sud tomonidan taqdim etilgan loyiha hujjat asosida o‘tkazilgan bo‘lib, amaldagi qonunchilikka ko‘ra sud ekspertiga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlari, taqqoslovchi materiallar, ma’lumotlar ishonchliligi uchun sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) javob berishi belgilangan.
To‘rtinchi savol bo‘yicha, ya’ni, Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 326 B, 326 V-uylarda qurilayotgan qurilmalarning haqiqiy yer maydoni kadastr hujjatlaridagi yer maydonlariga to‘g‘ri keladimi ? degan savol bo‘yicha Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 326 B, 326 V-uylarda qurilayotgan qurilmalarning haqiqiy yer maydoni kadastr hujjatlaridagi yer maydonlariga to‘g‘ri kelmaydi deb xulosa berilgan.
Qolgan savollar, ya’ni birinchi savolning ikkinchi qismi, Agarda loyiha hujjatidan tashqariga chiqqan bo‘lsa, yon qo‘shnilarga xavf to‘g‘diradimi ?, ikkinchi savol, ya’ni Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 326 B, 326 V-uylarda qurilayotgan qurilmalar uchun “Lider Prof Proekt” MChJ tomonidan berilgan eskiz loyiha ko‘p qavatli uylar uchun beriladigan eskiz loyihasiga mos keladimi ? hamda uchinchi savol, ya’ni “Lider Prof Proekt” MChJ tomonidan tasdiqlangan eskiz loyiha bo‘yicha Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 326 B, 326 V-uylarda qurilayotgan qurilmalar yong‘in xavfsizligi va sanitar epidemiologiya qoidalariga to‘g‘ri keladimi ? degan savollar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazib xulosa berishga yong‘in xavfsizligi, sanitar epidemiologiya markazining, Favqulotda vaziyatlar vazirligining va SHNQ talablariga asosan Qurilish vazirligining mutaxassislari vakolatli hisoblanib, sud qurilish-texnik ekspertlarining vakolatiga kirmaganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 59-moddasi talablariga asosan ularning yechilishi sud-qurilish ekspertlarning vakolatiga kirmasligi to‘g‘risidagi xabarnoma berilgan.
O‘zbekiston Respublika “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuniga asosan qo‘yilgan savollar ekspert vakolat doirasida hal kilish mumkin bo‘lmasa, xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida hujjat tuzishi va ekspertiza tayinlagan organga yuborilishi belgilanganligi ma’lum qilinadi.
Ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun 4 million 542 ming 75 so‘m to‘lov undirilganligi bo‘yicha mazkur to‘lov ishning murakkabligidan kelib chiqib hal etilgan savollar bo‘yicha undirilgan, xabarnoma berilgan qolgan savollar uchun to‘lov miqdoriga kiritilmagan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Toshkent shahar sudining ajrimiga asosan ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilayotgan bo‘lib, mazkur ish yuzasidan nizo ko‘rilishi sudda davom etmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 80-moddasida sud dalillarga ishning hamma holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda, har taraflama, to‘liq, va xolis ko‘rib chiqishga asoslangan o‘z ichki ishonchi bo‘yicha baho berishi; har bir dalil aloqadorlik, maqbullik va ishonchlilik nuqtai nazaridan, dalillarning majmui esa yetarlilik nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi belgilangan.
Sulaymonova nomidagi Respublika
sud ekspertizasi markazi
Axborot xizmati