Ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazish muddatlari va ularni qo‘llash tartibi

O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra sud ekspertizasining maqsadi – fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat.

Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan ekspertizalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2011 yil 2 martdagi 53-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma (keyingi o‘rinlarda Yo‘riqnoma deb yuritiladi) talablari asosida o‘tkaziladi.

Yo‘riqnomaning 12-bandiga ko‘ra sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlari sud ekspertizasining murakkabligi va xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘ttiz kun doirasida belgilanadi.

Ekspertiza muassasasi rahbari, uning o‘rinbosari, laboratoriya, bo‘lim va bo‘linma boshlig‘i tomonidan sud ekspertizasining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga qarab:

kam ob’ektli va murakkab bo‘lmagan tekshiruv o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha o‘n kungacha;

ko‘p ob’ektli yoki murakkab tekshiruvlar o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha yigirma kungacha;

ko‘p ob’ektli va murakkab tekshiruvlar o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatlarni belgilashi mumkin.

Ushbu o‘ttiz kunlik muddat qachondan boshlanadi ?.

Yo‘riqnomaning 13-bandiga ko‘ra sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlari materiallar ekspertiza muassasasiga tushgan kundan keyingi kundan boshlab hisoblanadi va ular ekspertiza muassasasi rahbari tomonidan sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuborilgan kunda tugaydi.

Sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlari quyidagi davrlarga to‘xtatib turiladi:

sud ekspertining sud ekspertizasiga taqdim etilgan materiallardagi kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi iltimosnomasini qondirish yoki iltimosnomani qondirishning rad etilishi to‘g‘risida javob olish;

sud ekspertizasini o‘tkazishni o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatda bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda uni o‘tkazish muddatlarini kelishib olish;

sud ekspertining boshqa sud ekspertizasini bajarishi munosabati bilan xizmat safarida bo‘lishi, uni bajarishni boshqa sud ekspertiga topshirish mumkin bo‘lmagan taqdirda;

sud ekspertining vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi, sud ekspertizasini bajarishni boshqa sud ekspertiga topshirish mumkin bo‘lmagan taqdirda.

Yo‘riqnomaning 5-bandiga ko‘ra sud eksperti sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish ob’ektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish huquqiga ega.

Shuningdek, Yo‘riqnomaning 14-bandida ekspertiza muassasasida fuqarolik va iqtisodiy ishlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari) bo‘yicha sud ekspertizasi o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish ish bo‘yicha tomonlarga yuklanadi va sud ekspertizasini o‘tkazish boshlangungacha to‘lanadi.

Bugungi kunda ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarga haq to‘lash miqdori O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2018 yil 31 oktyabrdagi 337-um-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida pullik ekspertizalar va boshqa maxsus tadqiqotlar bo‘yicha ta’riflarni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i bilan tasdiqlangan ta’riflar asosida amalga oshirilmoqda.

Ya’ni, ekspertlar tomonidan ob’ektlarni ko‘zdan kechirishni tashkillashtirish, belgilangan miqdordagi to‘lovni amalga oshirish (agarda qonun hujjatlarida to‘lov amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa) bo‘yicha ham iltimosnomalar berilishi mumkin.

Demak, ekspert tomonidan ekspertiza tayinlagan organga yuborilgan iltimosnoma to‘liq qanoatlantirilgandan keyin ekspertizani o‘tkazish bo‘yicha Yo‘riqnomada belgilangan 30 kunlik muddat boshlanadi va ushbu muddat ichida ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilib, tegishli xulosa beriladi.

Bulardan tashqari, Yo‘riqnomaning 12-bandi, 3-xatboshisiga ko‘ra sud ekspertizasini o‘tkazishni o‘ttiz kun mobaynida bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda ekspertiza muassasasi rahbari muddat o‘tishidan uch kun oldin asoslangan xulosa tuzadi va bu to‘g‘rida sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yozma ravishda xabar qiladi hamda ular bilan kelishgan holda qo‘shimcha muddatni belgilaydi.

Agar sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishgan holda sud ekspertizasini o‘tkazish uchun qo‘shimcha muddatni belgilashning imkoni bo‘lmasa, sud ekspertizasi o‘tkazilmasligi sabablari ko‘rsatilib, materiallar sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.

Ekspertiza tayinlagan organlarning ekspertlar tomonidan yuborilgan iltimosnomalarni o‘z vaqtida va to‘liq qanoatlantirilishi belgilangan muddatlarda ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazilib, xulosalar berilishiga xizmat qiladi.

Tashkiliy-nazorat va tahlil bo‘limi bosh mutaxassisi
A.Mamatov

 

Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi ish o‘rganuvchi eksperti
E.Rajabov

 

Skip to content