Mualliflik huquqini aniqlashda sud-filologiya (muallifshunoslik) ekspertizasining ahamiyati

Respublikamizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, sud ekspertlik faoliyati samaradorligini oshirish, sohani malakali mutaxassislar va zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash orqali odil sudlovni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davr mobaynida sud soha rivojiga doir tizimli ishlar amalga oshirildi.

Ma’lumki, fan, adabiyot va san’at asarlarini (mualliflik huquqi), ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlarini (turdosh huquqlar) yaratish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlar, xususan, muallifni aniqlash ekspertizasi ham O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.

Muallifni aniqlash ekspertizasi sud-filologiya ekspertizasining bir yo‘nalishi bo‘lib, munozarali vaziyatlarda muallifni aniqlash maqsadida yozma nutqini o‘rganish uchun maxsus bilimlar zarur bo‘lganda qo‘llaniladi. Muallifni aniqlash ekspertizasiga filologiya sohasidagi mutaxassislar jalb qilinadi.

Muallifshunoslikni aniqlash ekspertizasining maqsadi – o‘rganilayotgan yozma nutqning muallifini taqdim etilgan ob’ekt, namuna, ish hujjatlari asosida aniqlashdan iborat. Bir yoki bir necha matnning mualliflarini aniqlash, matn ijrochisi uning muallifi ham ekanini aniqlash sud-filologiya (muallifshunoslik) ekspertizasining muhim vazifalari hisoblanadi.

Muallifshunos ekspert (filolog) oldiga qo‘yilgan masalani hal etishda matnda aks etgan muallifga xos nutqiy belgilarni tadqiq etish orqali olingan maxsus bilimlardan foydalanadi. Ekspert bunda shaxsning nutqiy salohiyatini identifikatsiyalash va tashxis qilish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan xususiyatlari majmuasining individuallik va o‘ziga xosligiga asoslanadi. Ekspertiza usullarining butun majmui bu xususiyatlarni yoritishga, ularni tavsiflashga va taqqoslashga qaratilgan bo‘ladi.

Bu turdagi ekspertiza kriminalistik ekspertizalarning murakkab turlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda matn muallifini aniqlashga oid ekspertizaga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda.

Mualliflik huquqi ob’ekti sifatida adabiy asarlar, drama va ssenariy  asarlari, matnli va matnsiz musiqa asarlari, musiqali drama asarlari, xoreografiya asarlari va pantomimalar, audiovizual asarlar, rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy san’atning boshqa asarlari, manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari, arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari, fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar, jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli sharhlar, eskizlar va asarlar hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, muallifshunoslik ekspertizalari xorijiy ekspert muassasalarida fuqaro va jismoniy shaxslarning mualliflik va turdosh huquqlarini, obro‘-e’tiborini, ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqidagi fuqarolik da’volarini ko‘rib chiqishda qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish, yangi turdagi sud ekspertizalarni yaratish, sud ekspertlarning nazariy  bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini yanada chuqurlashtirish faoliyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Markazning Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida sud-filologiya (muallifshunoslik) ekspertizasiga oid tadqiqotlar jarayonida “A**taqdim etilgan yozma matnlar muallifimi?”, “Kim matn muallifi – A**, B**, yoki V**”, “Matnlar – “…”, “…”, “…” ning muallifi bir kishimi?” kabi savollarga javob berish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Bugungi ijtimoiy rivojlanish bosqichida sud filologik ekspertizasi jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida o‘z o‘rniga ega. Xususan, bir necha muallif tomonidan da’vo qilinayotgan asarning aynan qaysi muallif qalamiga mansubligini aniqlashda mazkur ekspertiza muhim o‘rin tutadi va shaxsning intellektual mulk egasi sifatidagi huquqlarini kafolatlashda alohida ahamiyatga ega.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar kundalik hayotimizning bir bo‘lagiga aylanib ulgurdi, desak xato bo‘lmaydi. Albatta, buning ijobiy va salbiy jihatlari bisyor. Markaz ekspertlari tomonidan kelgusida ekspertizaning yangi turi – ijtimoiy tarmoqlarda muallifni aniqlashga doir tadqiqotlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.

 

Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi
ish o‘rganuvchi eksperti Najmidinova Nilufar.

 

Skip to content