DNK ekspertizasiga hujjatlar va ashyoviy dalillarni taqdim etilishining qonun qoidasi va yo‘l qo‘yiladigan asosiy kamchiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi yetakchi eksperti
Saitova Niyyora Sobirjonovna

          Hozirgi paytga kelib, kriminalistikada shaxs identifikatsiyasi va diagnostikasini hal etishda molekulyar genetik tadqiqotlarga asoslangan DNK ekspertizasining roli muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, jinoyat sodir etilgan joyda aniqlangan biologik izlar kimga tegishli ekanligi, shaxsi noma’lum murdalarni shaxsini tahmindagi qarindoshlari bilan solishtirish orqali shaxsini aniqlash, ota-onalik faktini aniqlash kabi ishlarni molekulyar genetik yo‘l bilan olib borilishi sud va tergov jarayoni uchun inkor etib bo‘lmaydigan dalillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur ekspertiza zamonaviy molekulyar genetik uslublarni qo‘llab odamning biologik ob’ektlarini tadqiqot qilish yo‘li bilan ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlar aniqlanadi. Bunda har bir shaxsning tabiatan indiviual o‘ziga xos va ikkinchi shaxsda qayta takrorlanmas genetik materiallar to‘plami – genotipga ega bo‘lishi asosiy ko‘rsatkich bo‘lib hisoblanadi.

       photo_2020-06-30_16-58-02         photo_2020-06-30_16-57-54

     Odam DNKsi SBE laboratoriyasida xal qiladigan masalarga quyidagilar kiradi:

  1. Identifikatsiya – biologik izni gumondagi shaxs solishtirma qon namunasi bilan solishtirish orqali uning shaxsini aniqlash, qon dog‘lari, so‘lak, soch, ter namunasi, tana bo‘laklari va boshqa biomateriallarni bir shaxsdan kelib chiqqanligini aniqlash, qon dog‘lari, so‘lak, soch, ter namunasi, tana bo‘laklari va h.larning gumondagi shaxsning qarindoshlari biomateriallari bilan solishtirib uning shaxsini aniqlash;
  2. Diagnostika – biomaterialning DNK tadqiqotlari uchun yaroqliligini aniqlash, bolaning biologik ota-onasini aniqlash, ota yoki ona avlod bo‘yicha o‘zaro biologik qarindoshlikni aniqlash, etnik kelib chiqishni aniqlash;
  3. Klassiqikatsiya – voqea joyidan topilgan biomateriallarning jins mansubligini aniqlash.

Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasida o‘ziga xos bo‘lgan tadqiqot ob’ektlari mavjud, ularga o‘z tarkibida DNK molekulalarini saqlaydigan har qanday odam biologik materiallari kiradi. Jumladan, qotillik sodir etilgandagi biologik materiallar tashuvchilar: voqea joyidagi qon izlari; qon va tana ajratmalarining qurib qolgan izlari; ashyoviy dalildagi biologik izlar (qon, so‘lak, ter-yog‘ izlari), ya’ni sigaret qoldiqlari; voqea joida qoldirib ketilgan kiyim kechaklar, jumladan kepka, niqoblar; stakan; bakalajkalar; qotillik qurollaridagi biologik izlar (qon, ter-yog‘ izlari), ya’ni pichoq, arqon, stol, stul, turli temir buyumlar, shisha idishlar, toshlar kabi qotillik qurollari sifatida foydalanilgan barcha narsalardagi qon va ter-yog‘ qoldiqlari; voqea joyidan topilgan soch tolalari; bo‘laklangan tana qoldiqlari; murda ob’ektlari; yumshoq to‘qimalar; tishlar; suyak fragmentlari; o‘zida maniy qoldiqlarini saqlovchi turli kiyimlar, ichki kiyimlar, yopinchiqlar, yostiqlar, surtmalar, abort materiallar va boshqalar.

      photo_2020-06-30_17-00-43                1

Odam DNKsi sud-biologik ekpertizasiga taqdim etiladigan asosiy hujjatlarga Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini tayinlash haqida qaror (ajrim), voqea joyini ko‘zdan kechirish, ashyoviy dalillarni olish va solishtirma na’munalarni olish bayonnomalarining nusxalari, sud-tibbiyot ekspertizalari xulosalarining nusxalari, solishtirma namunalari olingan shaxslarning shaxsini   tasdiqlovchi xujjatlari nusxalari kiradi.

Odam DNKsi sud-biologik ekpertizasiga quyidagi mazmunda savollar qo‘yilishi mumkin:

– A.I. shimining 1-sonli ob’ektidagi qon dog‘i (murdasidan olingan tamponning 1-sonli ob’ektida aniqlangan maniy) DNK ekspertizasi tadqiqotlari uchun yaroqlimi?

– A.I. shimining 1-sonli ob’ektidagi qon dog‘i (murdasidan olingan tamponning 1-ob’ektida aniqlangan maniy ) genotipini aniqlash mumkinmi?

– A.I. shimining 1-sonli ob’ektidagi qon dog‘i qanday jinsli shaxsdan kelib chiqqan?

– A.I. shimining 1-sonli ob’ektidagi qon dog‘i bir shaxsdan yoki bir necha shaxslardan kelib chiqqanmi?

– A.I. shimining 1-sonli ob’ektidagi qon dog‘i (murdasidan olingan tamponning 1-sonli ob’ektida aniqlangan maniy) A.I., T.A.larndan yoki boshqa shaxsdan kelib chiqqanmi?

– Bo‘laklarga bo‘lingan odam tanasi qismlari; kalla suyagi, tana qismi, oyoq suyaklari DNK ekspertizasi tadqiqotlari uchun yaroqlimi?

– Bo‘laklarga bo‘lingan odam tanasi qismlari; kalla suyagi, tana qismi, oyoq suyaklari bir shaxsga tegishlimi yoki bir necha shaxsga?

– Bo‘laklarga bo‘lingan odam tanasi qismlari; kalla suyagi, tana qismi, oyoq suyaklari tegishli shaxs biologik fuqarolar G.A. va T.A.larning biologik farzandi ekanligi tasdiqdanadimi yoki yo‘q?

– Bo‘laklarga bo‘lingan odam tanasi qismlari; kalla suyagi, tana qismi, oyoq suyaklari tegishli shaxs voyaga yetmagan G.A. va T.A.larning biologik otasi (onasi) ekanligi tasdiqlanadimi yoki yo‘qmi?

– Bo‘laklarga bo‘lingan odam tanasi qismlari; kalla suyagi, tana qismi, oyoq suyaklari tegishli shaxs fuqaro G.A. bilan bir ota avlodi bo‘yicha o‘zaro yaqin qarindoshmi?

– Fuqaro I.S.ning 2012 yil 15 mayda tug‘ilgan S.P.ga nisbatan biologik onasi ekanligi tasdiqlanadimi yoki yo‘qmi?

–  Fuqaro I.I.ning 2012 yil 15 mayda tug‘ilgan S.P.ga nisbatan biologik otasi ekanligi tasdiqlanadimi yoki yo‘qmi?

Odam DNKsi sud-biologik ekpertizasi natijasida beriladigan xulosalar quyidagicha bo‘ladi:

  • genetik bir xillik, ya’ni taqdim etilgan ashyoviy dalillardagi biologik iz va solishtirma na’muna aynan bir odamdan kelib chiqqanligini tasdiqlovchi qat’iy xulosa,
  • genetik xar xillik, ya’ni taqdim etilgan ashyoviy dalillardagi biologik izlar va solishtirma na’muna aynan bir odamga tegishli emasligini tasdiqlovchi qat’iy xulosa,
  • ob’ektlarning DNK ekspertizasi tadqiqotlari yaroqsizligi to‘g‘risida qat’iy xulosa,
  • biologik ota-onalikni aniqlash bo‘yicha qat’iy xulosa
  • aniklangan ob’ektning genetik belgilari qat’iy xulosa berish uchun yetarli bo‘lmagan hollarda ehtimol xulosa,
  • ob’ektlarning jins mansubligi aniqlash, ularning identifikatsion belgilarini aniqlashning iloji bo‘lmagan hollarda va faqat jins mansubligini aniqlanganda beriladi.

Odam DNKsi sud-biologik ekpertizasiga ashyoviy dalillar va solishtirma na’munalar belgilangan tartibda o‘ralgan, muhrlangan holda taqdim etilishi zarur. Ushbu qoidalarning ayrimlari quyidagilar:

Ashyoviy dalil va solishtirma namunalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri, uzoq vaqt namlik va yuqori harorat ta’sirida qoldirish mumkin emas. Shuningdek, ashyoviy dalillardagi dog‘larni bo‘yoqlar bilan bo‘yash, ularga qog‘oz, mato va boshqalar bo‘lagini yelimlash ham tavsiya etilmaydi. Chunki bu holat tadqiqot davomida identifikatsiya uchun yaroqli natija olinmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

photo_2020-06-30_17-03-34          photo_2020-06-30_17-04-39

    • Tadqiqot uchun taqdim qilingan ashyoviy dalillar va solishtirma namunalar buzilmasligi uchun oldindan quritilgan holda qog‘oz o‘ramlar yoki paketlarda qadoqlangan va muhrlangan xolatda bo‘lishlari lozim. Ashyoviy dalil va solishtirma namunalarni havo o‘tkazmaydigan polietilen paketlarga qadaoqlash tavsiya etilmaydi. Muhrlangan va tegishli yozuvlar bilan izohlangan o‘ramlar butunligi buzilmagan bo‘lishi zarur.
    • Bolalarning biologik ota-onalarini aniqlash ekspertizalarida tekshirilayotgan shaxslardan maxsus steril laboratoriyalarda qo‘l barmog‘idan 0,5 ml miqdorida steril dokalarga qon olinadi. Qon olish jarayonida bir marta ishlatiladigan steril igna(skarifikator)lardan foydalaniladi. Bunda ovqatlanish tartibiga hech qanday talablar yo‘q. Na’muna olinadigan bolalarning yoshi cheklanmagan bo‘ladi.

    Shu bilan birga laboratoriya amaliyoti davomida tergov idoralari tomonidan hujjatlar va tekshiruv ob’ektlarini taqdim etilishida bir qancha kamchiliklar hozirgi kunda ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ushbu kamchiliklarning ayrimlarining ayrimlariga to‘xtalib o‘taman.

    • Qarorda ko‘rsatilgan savollarning ekspert vakolati doirasiga kirmasligi yoki ularning noto‘g‘ri talqinda berilishi.
    • Masalan:
    • a) Ekspertiza tekshiruvi uchun taqdim etilgan suyak namunalari tegishli bo‘lgan noma’lum murdaning yoshi, o‘lim sababi aniqlansin.
    • b) Ekspertiza tekshiruvi uchun taqdim etilgan biologik materialning guruhiy mansubligi aniqlansin.
    1. v) Fuqaro A.D.ning bola tug‘ish qobiliyati bor yoki yo‘qligi aniqlansin.
    • g) 2009 yil 13 iyulda tug‘ilgan Sherov Umidjon Jamshid o‘g‘li ismli bola taraflar Muqumov Jamshid Hamidovich va Sherova Gulnoza Sharipovnaning birgalikdagi hayoti (jinsiy yaqinligi) maxsulimi yoki yo‘qmi?
    • d) Ekspertiza tekshiruvi uchun taqdim etilgan biologik materiallar odam tegishlimi yoki hayvonga?
    • ye) Fuqaro T.N. va 2009 yil 13 iyulda tug‘ilgan Sh.U. fiziologik jihatdan bir-biriga o‘xshashmi?

    Ushbu xolatda ekspertiza tayinlayotgan tergovchining ekspertizaning xususiyati bilan tanish emasligini bildiradi.

    2 . Ashyoviy dalillarning protsessual tartibga ko‘ra tegishlicha qadoqlanmasdan, polietilen paketga solgan yoki muxrlanmagan holatda ekspertiza tekshiruvi uchun taqdim etilishi.

    Ikkinchi xolatda birinchidan protsessual tartibning buzilishi, ya’ni qonun hujjatlarda belgilangan qoidalarga rioya etilmasligi, ikkinchidan tekshiruv ob’ektlariga yot moddalarning tushib qolishi yoki bo‘lmasa ularni identifikatsiya uchun yaroqsiz xolga olib kelishi mumkinligidan dalolat beradi.

    1. Paxtaga olingan yuvmalar yoki paxtaga shimdirilgan qon namunalarining taqdim etilishi.

    Paxtaga DNK ekspertizasi uchun namunalar olib bo‘lmaydi. Ushbu xolat xam tadqiqot jarayonini murakkblashtiradi. Agarda ushbu namuna tirik shaxsdan olingan bo‘lsa, tergovchiga murojaat qilib qaytatdan namuna olib, tekshiruvga taqdim etishini iltimos qilib so‘rash mumkin bo‘ladi. Ammo, ushbu namuna voqea joyidan olingan bo‘lsa-chi, uni qaytatdan olib bo‘lmaydi. Bunday xodat tergov uchun muxim bo‘lgan ashyoviy dalilning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin.

    1. Formalinda saqlangan suyak namunalarini, geparin moddasining qo‘shib, gistologik preparat ko‘rinishida solishtirma qon namunalarini ekspertiza tekshiruvi uchun taqdim etilishi.

    Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi ob’ektlariga tarkibidagi DNKning xususiyatlariga ta’sir etuvchi kimyoviy moddalar bilan ishlov berish qat’iyan man etiladi. Ushbu xolatda identifikatsiya uchun yaroqli natija olishning imkoni bo‘lmaydi.

    Yuqorida kelitirilgan kamchiliklarning bari birinchidan kamchiliklarni bartaraf etish uchun ketgan vaqt hisobiga tergov muddatining suniy cho‘zilishiga, ekspertlar bilan tergov idorasi xodimlari o‘rtasida tushunmovchiliklarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

    Bunday xollar kuzatilmasligi va tergov jarayoning to‘g‘ri va mazmunli o‘tishi uchun tergov idoralari tomonidan taqdim etilayotigan hujjatlar to‘g‘ri rasmiylashtirilishi hamda ashyoviy dalillarni konun qoidalarga rioya qilgan xolda taqdim etilishi talab etiladi.

    DNK Ekspertizasiga xujjatlar va ashyoviy dalillarni taqdim etilishini ng qonun qoidasi va yo‘l qo‘yiladigan asosiy kamchiliklar

     

Skip to content