“Nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari”. BU HAQDA NIMALARNI BILASIZ?

Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan izchil amalga oshirilayotgan O‘zbekiston Respublikasini rivoj­lantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mamlakatimizdagi barcha sohalar kabi sud-huquq tizimining muhim bo‘g‘inlaridan biri sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham zaruriy islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Hususan, Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, amaliyotda ilk bor nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratildi.

Mazkur qaror bilan 2019-2020 yillarda sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi tasdiqlangan edi.

Sud ekspertiza sohasini yanada takomillashtirishda, birinchi navbatda, ixtisoslashtirilgan nodavlat sud ekspertiza tashkilotlarini tashkil etish, shuning­dek, Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respub­lika sud ekspertizasi markazini rivojlantirish uchun xususiy kapital, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalasini ishlab chiqish belgilangan edi.

Yuqoridagi Qarorga muvofiq, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tashkil etish va ularga sud ekspertizalarining 44 ta turi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish vakolati berilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad sud ekspertizasi sohasida nodavlat sektor faoliyatini yanada rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash, sud ekspertizasining muqobil shaklini yaratishdan iboratdir.

Sir emaski, bugungi kunda surishtiruv, tergov organlari va sudlar tomonidan tayinlanayotgan ekspertizalar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Bu holat, o‘z navbatida, davlat sud ekspertiza muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat sud ekspertlari ish hajmining belgilangan me’yordan oshishiga va tadqiqot o‘tkazish sifatiga o‘z ta’sirini  ko‘rsatib, ayrim hollarda ayrim hollarda ekpertiza muddatlarning cho‘zilishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil qilish va ularga ekspertizalarning ayrim turlarini o‘tkazish huquqining berilishi  natijasida, birinchi navbatda, davlat sud ekspertlari ish hajmining me’yorlashishiga, tadqiqot sifatining oshishiga, ekspertizalarni bajarishda belgilangan muddatlarga rioya etilishiga xizmat qiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 martdagi “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori esa nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etishni tartibga solishning  qonuniy asoslarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan  islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Mazkur qarorga asosan “Nodav­lat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi, “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish tartibi to‘g‘risida”gi va “Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestrini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.

“Nodavlat sud-ekspertiza tash­kilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti faoliyatini tashkil etish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ular tomonidan sud ekspertizasini amalga oshirish, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlariga qo‘yiladigan talablar hamda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining reytingini yuritish tartibi belgilandi.

Nodavlat sud ekspertizasi faoliyati nimalardan iborat bo‘ladi?

Davlat sud ekspertiza tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat sud ekspertiza tashkilotlarida ham sud ekspertiza tadqiqotlari olib boriladi. Shuningdek, nodavlat sud-ekspertizasi tashkilotlari yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha shartnomaga muvofiq tadqiqotlari o‘tkazishi va uning natijalari bo‘yicha mutaxassis fikri berishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnomaga muvofiq ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar, amalga oshiriladigan sud ekspertizasining narxlari mustaqil belgilanadi. Bunda sud ekspertizalari o‘tkazilganligi uchun to‘lov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilmaganligi tekshirish ob’ektlari va ish materiallarini ekspertiza o‘tkazmasdan qaytarishga asos bo‘ladi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tashkil etilganda, uning rahbari oliy ma’lumotli bo‘lishi, shtatida rahbardan tashqari bir xil yoki turli xil sud ekspertizasi yo‘nalishi bo‘yicha sud eksperti sertifikatiga ega bo‘lgan kamida ikki nafar sud eksperti bo‘lishi kerak. Qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra sud eksperti sertifikatini olmasdan turib, sud eksperti sifatida ishlashga haqli emas.

Kimlar nodavlat sud eksperti bo‘lishi mumkin?

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti lavozimida oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan shaxslar faoliyat ko‘rsatishlari mumkin.

Shuningdek, belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs sud eksperti sifatida ishga jalb etilishi taqiqlanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari rahbari va sud ekspertlariga qo‘yiladigan talablardan biri, ular har ikki yilda o‘z malakasini va huquqiy bilimlarini oshirib borishlari kerak. Belgilangan muddatlarda, ya’ni ekspertlik faoliyatini boshlagan vaqdan boshlab, ikki yil tugashidan oldin va kelgusida har ikki yilda  o‘z malakasi va huquqiy bilimini oshirmagan sud ekspertlari tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, qoidaga ko‘ra, sud ekspertizasini tayinlagan davlat organi yoki sud nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda, qayta sud ekspertizasini faqat davlat sud-ekspertiza muassasasiga tayinlanishi sud ekspertiza tadqiqotlarini yanada sifatli o‘tkazilishini ta’minlaydi.

Hukumatning ushbu qaroriga ko‘ra, nafaqat nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish, balki ularni malakali kadrlar bilan ta’minlash ham asosiy o‘rin tutishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimini oshirish tartibi belgilangan.

Nizom talablariga ko‘ra, res­publikamizda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Ichki ishlar akademiyasi, Fanlar akademiyasining  Zoologiya instituti, Botanika instituti hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan ekspertiza turlari bo‘yicha va Sud ekspertlarining huquqiy bilimini oshirish esa, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Sud ekspertlarini qayta tayyorlashning asosiy maqsadi – sud ekspertizalarining muayyan turi bo‘yicha nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakani shakllantirish, talabgorni nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti sifatida ishlash huquqini egallashga tayyorlashdan iboratdir.

Bu esa, o‘z navbatida, sud ekspertizasi sohasiga nodavlat sektorning joriy qilinishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga, sog‘lom raqabot yuzaga kelishiga va eng asosiysi fuqarolarimizda sud ekspertizasi yoki mutaxassis fikrini olishga zarurat tug‘ilganda, ushbu xizmatga nisbatan tanlash huquqini yuzaga kelishi uchun zamin yaratadi.

Sud ekspertlarini qayta tayyorlash shartlari

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash ixtiyoriylik asosida sud ekspertizasining muayyan turi bo‘yicha kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish istagini bildirgan shaxslar – fuqarolar uchun shartnomaga muvofiq, pullik asosda tashkil etiladi.

Bunda davlat sud ekspertiza muassasalarida uzluksiz ravishda 10 yil davomida sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirgan sud ekspertlari, o‘zlarining ixtisosligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarida o‘qimasdan, to‘g‘ridan – to‘g‘ri yakuniy imtihon topshirishi mumkin.

Sud ekspertlarini qayta tayyorlash bo‘yicha mashg‘ulotlar, ya’ni o‘quv kurslari qoida tariqasida yiliga ikki marta sentabr va mart oylarida tashkil etiladi. Bunda  hujjatlarni qabul qilish o‘quv kursi boshlanishidan ikki oy oldin boshlanadi va o‘quv kursi boshlanishiga bir oy qolganda to‘xtatiladi.

Qayta tayyorlash o‘quv kursining tashkil etilishi, o‘quv kurslarining tegishli sud-ekspertlik ixtisosliklari, ularning davomiyligi, to‘lov miqdori, hujjatlar qabul qilinadigan va suhbat o‘tkaziladigan vaqt hamda manzil to‘g‘risida davlat muassasasining veb-saytida va ommaviy axborot vositalari orqali e’lon beriladi.

Qayta tayyorlash o‘quv kurslariga hujjatlarni qabul qilish, suhbat o‘tkazish jarayonini samarali tashkil qilish maqsadida har yili davlat muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan toq sondan a’zolar va komissiya kotibidan iborat tarkibda qabul komissiyasi tuziladi.

Komissiya kotibi tomonidan qayta tayyorlash kursida o‘qish istagini bildirgan har bir talabgordan hujjatlar qabul qilinadi, ularning har biri  uchun alohida hujjatlar yig‘majildi shakllantiriladi  va qabul komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorga, qayta tayyorlash kursida o‘qish to‘g‘risida ikki nusxada shartnomani imzolash taklif etiladi.

Talabgor tomonidan qayta tayyorlash to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan va shartnomada belgilangan to‘lov to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng, talabgorni qayta tayyorlash kursiga qabul qilish haqida davlat muassasasi rahbarining buyrug‘i chiqariladi. O‘quv kursida mashg‘ulotlar  talabgor tanlagan ixtisoslikka qarab, kamida olti oy bo‘lishi mumkin.

AKRAM XALILOV.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi
Markazi direktori

Inson va qonun gazetasi 11-son

Skip to content