AJDODLAR MA’NAVIY MEROSIDA – OILA MUQADDAS QADRIYAT

N. Niyazmetov
X. Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertizasi markazining
Kadrlar bo‘limi boshlig‘i

          Sharqda qadim qadimdan oila muqaddas vatan sanalgan. Oila katta bir qo‘rg‘ondir, uni mustahkamligi jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Oila jamiyatning dastlabki bo‘g‘ini sanaladi va davlatning rivojlanishida muxim axamiyat kasb etadi. Chunki oilada tug‘ilib tarbiya topayotgan yosh avlod jamiyatning, davlatning ertangi kunini, istiqbolini belgilab beradi.

Bugungi globollashuv davri deb atalgan, butun dunyo shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda oilaning jamiyat va davlat hayotidagi mavqei juda ham sezilib qoldi. Chunki jamiyatda sog‘lom oilalarning barpo qilinishi ikkita muammoni o‘z o‘zidan yechib beradi. Birinchidan: aholi soni bir xil maromda o‘sib boradi hamda aholining o‘rtacha umr ko‘rish yoshi yuqori bo‘ladi. Ikkinchidan: jamiyatdagi ma’naviy muhit sog‘lom bo‘ladi.

Oila haqida, uning mustaxkamligi to‘g‘risida diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarimiz Imom al-Buxoriy, Imom al-Moturudiy, Burhonuddin al-Marg‘inoniy, Alisher Navoiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat va boshqalar o‘z asarlarida qimmatli fikrlarini keltirib o‘tganlar.

Jumladan fiqh ilmining sultoni Burhonuddin al-Marg‘inoniyning musulmon huquqshunosligi bo‘yicha bebaho asari “Hidoya”da oila-nikoh masalasi bo‘yicha chiqargan shar’iy hukmlari katta ahamiyatga egadir. Marg‘inoniyning ta’kidlashicha har bir yosh nikoh qurishdan oldin ularda nikoh to‘g‘risida ilm bo‘lishligi shart deyilgan. Marg‘inoniyning bu fikri zamirida katta ma’no mujassam. Chunki nikohlanayotganlar ertaga oilada bo‘ladigan har xil vaziyatlarga oqilona yechim topishlarida, farzand tarbiyasida, qaynona kelin munosabatlarida, er va xotin rishtalarining mustaxkam bo‘lishida albatta chuqur ilm zarur bo‘ladi. Ilmli insongina har qanday muammoga to‘g‘ri yechim topa oladi, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya bera oladi va mustaxkam oila barpo eta oladi. Marg‘inoniyning bu fikri bugungi kunimiz uchun ham nihoyatda muxim ahamiyat kasb etadi.

Hech kimga sir emaski bugun ham erta turmush qurib oxir oqibat oilada arzimas muammolarga yechim topa olmasdan, oilada sog‘lom muxitni shakllantira olmasdan ajrashib ketayotgan yoshlarimiz ham oz bo‘lsada oramizda uchrab turadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek biz tarbiyalab voyaga yetkazayotgan farzandlarimiz jamiyatimizni, davlatimizni ertangi kunini, istiqbolini belgilab beradi. Marg‘inoniyning “Hidoya” asarida oila va nikox masalasida chiqargan shar’iy hukmlarining qimmati ham ana shundadir.

Marg‘inoniy oilaning moddiy va ma’naviy jihatdan mustahkamlanishi uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lgan holatlarni nazarda tutgan holda mahr berish borasida ham ayrim yengilliklarni o‘z hukmlariga kiritadi: Chunonchi, “nikohda garchi mahr aytilmasa ham, nikoh durust bo‘laveradi”[1], “… mahr ayol kishining xolis haqqidir. U nikohning boshidayoq mahrni bekor qilishi mumkin bo‘lgani kabi nikoh tugagandan keyin (ya’ni eri o‘lgandan keyin) ham o‘z haqidan voz kechishi mumkin”[2], “Nikoh faqat juftlanish uchun emas, balki undan ko‘zda tutilgan maqsadlarni ro‘yobga chiqishi uchun mashru’ qilingandir”[3], deb chiqargan hukmlari fikrimizning isbotidir.

Ushbu hukm haqiqatan ham insoniy mehr-muruvvat, bag‘rikenglik ruhida chiqarilganligi bilan katta ijtimoiy va ma’naviy ahamiyat kasb etishi shubhasizdir. Bu hukmlarning ma’naviy tamoni shundaki, nikoh qandaydir moddiy manfaatlar evaziga emas balki oila mustahkamligiga xizmat qilmog‘i lozim. Zero oiladagi go‘zal qadriyatlar, jumladan sevgi-muhabbat, farzandlar hursandchiligi va insoniy go‘zal mehr barcha narsadan ustun turadi hamda oila mustahkamligiga xizmat qiladi.

Umuman “Hidoya” asarida nikohdan ko‘zlangan maqsad, uning talab va shartlari, oila-nikoh masalalarida er-xotinning huquqlari va burchlari, joiz va nojoiz nikoh turlari haqidagi Marg‘inoniyning hukmlari shaxs va  jamiyatning ma’naviy-ahloqiy pokligini saqlash va bu boradagi turli illatlardan xoli bo‘lishga qaratilganligi haqida to‘liq ishonch hosil qilish mumkin.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni Karimda ham oilani mustahkamligini taminlash borasida bir qancha oyatlar mavjud. Qur’oni Karimning Niso surasi, 128-oyatidagi ko‘rsatmalarda ayolllarga samimiy munosabatda bo‘lishimiz kerakligi haqida aytilib  “Agar ayollaringizga chiroyli muomala qilsangiz va Allohdan qo‘rqsangiz (o‘zingizga yaxshidir). Zero, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor bo‘lgan zotdir”[4] deyilgan.

Hadislarda ham, islom ulamolarining asarlarida ham erning xotiniga yaxshi muomalada bo‘lishi, unga posbonlik qilishi haqida yozilgan. Eng quvonarlisi mustaqilligimiz sharofati bilan o‘tmish qadriyatlarimiz qayta tiklandi va biz bunday boy ma’naviy merosdan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Fikrlarimizni xulosalab shuni alohida ta’kidlashimiz lozimki, oila va nikoh munosabatlari bugungi kunda eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Bu munosabatlarni tartibga solib borishga har birimiz mas’uliyat bilan yondashmog‘imiz va aslo loqayd bo‘lmasligimiz lozim.

[1] Burxonuddin Marg‘inoniy. Xidoya. I – jild. Nikoh kitobi. Toshkent. “Adolat”, 2000. B 690

[2]  O‘sha asar. B 692

[3] Burxonuddin Marg‘inoniy. Xidoya. I – jild. Nikoh kitobi. Toshkent. “Adolat”, 2000.  B 732

[4] Qur’oni Karim. “Cho‘lpon”. 1992. Toshkent:. Alouddin Mansur tarjimasi. 128 – oyat. B. 83.