Tadbirkorlik sohasida boy berilgan foydani aniqlash

Maqolada tadbirkorlik sohasida boy berilgan foydasini aniqlashning nazariy, huquqiy va uslubiy asoslari tadqiq etilgan. Boy berilgan foyda iqtisodiy munosabatlar ishtirokchilarining huquqlari buzilishi natijasida olinmay qolgan daromad sifatida tahlil qilingan. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligi, xorijiy davlatlar tajribasi, sud-iqtisodiy ekspertiza amaliyoti hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga keladigan nizolar misolida boy berilgan foydani aniqlashning o‘ziga xos jihatlari ochib berilgan. Shuningdek, boy berilgan foydani hisoblashda qo‘llaniladigan usullar, ekspertlik tadqiqotlari ob’ektlari va dalillash mexanizmlari yoritilgan. Tadqiqot natijasida boy berilgan foydani aniqlashning yagona metodologik yondashuvlarini shakllantirish zarurligi asoslab berilgan.

Xozirgi kunda tadbirkorlik faoliyatining barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarning to‘g‘ri tashkil etilishi va bajarilishiga bog‘liq. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, amaliyotda shartnoma majburiyatlarining buzilishi, tovarlar yetkazib berilmasligi, xizmatlarning o‘z vaqtida ko‘rsatilmasligi yoki boshqa iqtisodiy huquqbuzarliklar natijasida yuzaga kelayotgan nizolar soni ham ortib bormoqda.

Mazkur nizolarning muhim qismi tadbirkorlik sohasida boy berilgan foydasini aniqlash va undirish bilan bog‘liqdir. Boy berilgan foyda nafaqat iqtisodiy kategoriya, balki fuqarolik-huquqiy javobgarlikning muhim elementi hisoblanadi. Aynan shu sababli uning miqdorini ilmiy asoslangan usullar yordamida aniqlash sud-huquq amaliyotida dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Tadqiqot davomida tizimli tahlil, qiyosiy-huquqiy tahlil, iqtisodiy tahlil, ekspertlik amaliyotini umumlashtirish hamda normativ-huquqiy hujjatlarni o‘rganish usullaridan foydalanildi. Tadqiqotning axborot bazasini O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, sud amaliyoti materiallari, sud-iqtisodiy ekspertiza xulosalari, xalqaro uslubiy tavsiyalar va ilmiy adabiyotlar tashkil etdi.

Fuqarolik qonunchiligiga ko‘ra, zarar ikki asosiy tarkibiy qismdan iborat: haqiqiy zarar va boy berilgan foyda. Haqiqiy zarar shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan xarajatlari yoki mol-mulkining yo‘qolishi va shikastlanishini ifodalasa, boy berilgan foyda huquqlar buzilmagan taqdirda olinishi mumkin bo‘lgan, ammo amalda olinmay qolgan daromadni anglatadi.

Boy berilgan foyda iqtisodiy mazmuniga ko‘ra korxona yoki tadbirkorning kelajakda olishi kutilgan iqtisodiy manfaatining yo‘qotilishidir. Bu foyda real pul oqimlari shaklida olinmagan bo‘lsa-da, iqtisodiy jihatdan asoslangan va hujjatlar bilan tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan daromad hisoblanadi.

Shartnoma majburiyatlarining buzilishi natijasida yuzaga keladigan boy berilgan foyda ko‘pincha quyidagi holatlarda uchraydi:

  • mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib bermaslik;
  • shartnomada nazarda tutilgan xizmatlarni bajarmaslik;
  • ishlab chiqarish jarayonining majburiy to‘xtashi;
  • xomashyo yoki materiallar yetkazib berilmasligi;
  • tovarlarni realizatsiya qilish imkoniyatining yo‘qolishi;
  • kontragentlarning noqonuniy harakatlari.

Xorijiy davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, boy berilgan foydani aniqlash masalasi iqtisodiy-huquqiy munosabatlarning murakkab elementlaridan biri hisoblanadi.

Rossiya Federatsiyasi amaliyotida boy berilgan foyda zararlarning tarkibiy qismi sifatida baholanadi va uni aniqlashda daromad yondashuvi keng qo‘llaniladi. Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi Plenumi boy berilgan foydani huquqlar buzilmagan taqdirda mulkiy holatning ortishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan, ammo olinmagan daromad sifatida talqin qiladi.

Qozog‘iston Respublikasida ham boy berilgan foyda qonunchilik bilan tartibga solingan bo‘lsa-da, uni hisoblashning yagona metodologiyasi mavjud emas. Shu sababli sud amaliyotida turli yondashuvlar qo‘llaniladi.

Yevropa Ittifoqi va xalqaro arbitraj amaliyotida esa iqtisodiy zararlarni baholashning zamonaviy usullari, diskontlangan pul oqimlari modeli, bozor tahlili va prognozlash usullari keng qo‘llaniladi.

Ilmiy adabiyotlarda boy berilgan foydani hisoblashning bir necha yondashuvlari mavjud.

Birinchi yondashuvga ko‘ra:

BBF = Fmah – Tmah – Sa

bu yerda:

BBF – boy berilgan foyda;

Fmah – ehtimoliy foyda;

Tmah – mahsulot tannarxi;

Sa – soliqlar.

Ikkinchi yondashuvda boy berilgan foyda potensial daromad va potensial xarajatlar farqi sifatida aniqlanadi:

BBF = D – X

bu yerda:

D – potensial daromad;

X – potensial xarajatlar.

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, boy berilgan foydani hisoblashda yagona universal formula mavjud emas. Har bir holatda iqtisodiy vaziyat, shartnoma shartlari, bozor kon’yunkturasi va moliyaviy natijalar alohida o‘rganilishi lozim.

Sud-iqtisodiy ekspertizada boy berilgan foydani aniqlash.

Sud-iqtisodiy ekspertizada boy berilgan foydani aniqlash uchun quyidagi hujjatlar tadqiq qilinadi:

  • shartnomalar;
  • hisobvaraq-fakturalar;
  • yuk xatlari;
  • bajarilgan ishlar dalolatnomalari;
  • moliyaviy hisobotlar;
  • bank hujjatlari;
  • buxgalteriya registrlari;
  • taqqoslash dalolatnomalari.

Ekspert tadqiqoti davomida quyidagilar aniqlanadi:

  • Shartnoma majburiyatlari buzilganmi;
  • Daromad olish imkoniyati mavjud bo‘lganmi;
  • Huquqbuzarlik va zarar o‘rtasida sababiy bog‘liqlik mavjudmi;

Boy berilgan foyda miqdori iqtisodiy jihatdan asoslanganmi. Ekspertlik amaliyoti misollari:

Amaliyotda ko‘plab holatlarda kontragent tomonidan mahsulot yetkazib berilmasligi natijasida tadbirkor keyingi xaridorlar oldidagi majburiyatlarini bajara olmaydi. Natijada u nafaqat haqiqiy zarar ko‘radi, balki realizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan mahsulotdan olinadigan foydani ham yo‘qotadi.

Sud amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, boy berilgan foyda bo‘yicha da’volarning qanoatlantirilishi asosan quyidagi omillarga bog‘liq:

  1. shartnoma mavjudligi;
  2. huquqbuzarlik faktining isbotlanishi;
  3. olinishi mumkin bo‘lgan daromadning iqtisodiy asoslanganligi;
  4. sabab-oqibat bog‘liqligining mavjudligi;
  5. hujjatlar bilan tasdiqlangan hisob-kitoblarning mavjudligi.

Muhokama: Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, boy berilgan foydani aniqlash iqtisodiy ekspertiza faoliyatining eng murakkab yo‘nalishlaridan biridir. Buning asosiy sababi ushbu ko‘rsatkichning ehtimoliy xususiyatga ega ekanligidir. Shu sababli ekspertlar tomonidan moliyaviy natijalar, biznesning oldingi davrdagi faoliyati, bozor tendensiyalari va kontragentlar bilan tuzilgan shartnomalar kompleks tarzda o‘rganilishi lozim.

Bundan tashqari, O‘zbekiston amaliyotida boy berilgan foydani aniqlash bo‘yicha yagona metodologik standartning ishlab chiqilishi sud qarorlarining bir xilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tadbirkorlik sohasida boy berilgan foydasi zamonaviy iqtisodiy-huquqiy munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Shartnoma majburiyatlarining buzilishi natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy yo‘qotishlarni adolatli qoplash uchun boy berilgan foyda miqdorini ilmiy asoslangan metodlar yordamida aniqlash zarur.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, boy berilgan foydani aniqlashda huquqiy normalar, moliyaviy hisobotlar, ekspertlik usullari va xalqaro tajribani uyg‘un qo‘llash muhim hisoblanadi. Kelgusida ushbu yo‘nalishda yagona metodologik yondashuvni ishlab chiqish sud-iqtisodiy ekspertiza sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. ekspertizaning eng murakkab yo‘nalishlaridan biridir. Yagona metodik tavsiyalar ishlab chiqilishi sud amaliyotining barqarorligini oshiradi.

 

Fayzullayeva Mashxura
Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Sud-iqtisodiy ekspertizasi bo‘limi eksperti.