Sud lingvistik ekspertizasida submadaniy leksika tahlili

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev 2025-yil 5-mart kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ta’kidlaganidek, “Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir… Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi”.

Jamiyatimizda korrupsiyaga nisbatan keskin va murosasiz kurash e’lon qilingan hozirgi sharoitda korrupsion huquqbuzarliklarni aniqlashning zamonaviy metodlari, jumladan, lingvistik tahlil usullari alohida dolzarblikka ega. Korrupsion holatlarni tergov qilish jarayonida yozma va og‘zaki muloqot materiallari muhim daliliy manba sifatida xizmat qiladi. Bunday kelishuvlar, odatda, ochiq va bevosita ifodalanmay, balki yashirin, bilvosita hamda kodlangan nutq vositalari orqali amalga oshiriladi.

Xususan, argo va jargon birliklari pora miqdorini, noqonuniy xizmatni yoki manfaatdor kelishuvlarni ifodalashda keng qo‘llaniladi. Leksik vositalar ma’lumotni begonalardan yashirish, suhbat mazmunini tor doira vakillarigagina tushunarli qilish hamda huquqiy javobgarlikdan qochish maqsadida ishlatiladi. Natijada nutqdagi mazkur birliklarni to‘g‘ri anglash va lingvistik jihatdan talqin qilish sud lingvistik ekspertizasida alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu bois, korrupsion mazmundagi nutq materiallarida uchraydigan argo va jargon birliklarini aniqlash, ularning semantik-pragmatik xususiyatlarini ochib berish hamda ekspertiza jarayonida baholash masalasi dolzarb ilmiy-amaliy muammolardan biri hisoblanadi.

Jargon – biron ijtimoiy yoki professional guruhga xos, faqat ularning o‘zi tushunadigan va adabiy tildan farq qiladigan so‘z va iboralar tizimi. Kasbi, jamiyatdagi o‘rni, qiziqishlari, yoshiga ko‘ra alohida guruhni tashkil etgan kishilarning, asosan, og‘zaki nutqida ishlatiladigan va ma’nosini boshqalar ko‘p hollarda anglab yetavermaydigan birliklar jargon deyiladi.

Sud-lingvistik ekspertizasida tadqiqot jarayonlarida asosan pul yoki moddiy qadriyatni yashirin ifodalash vositasi sifatida “limon”, “karam”, “qogoz”, “kokidan”, “tanga”, “bilet”, “pochka” (почка) kabi leksik birliklar, korrupsion harakatni yashirin ifodalash uchun esa “yes qilamiz”, “dondiramiz”, “gullatamiz”, “otkazamiz” kabi fe’l shakllari qo‘llaniladi.

Yuqoridagi so‘z va so‘z birikmalari matnga, kommunikativ holatga, shart-sharoitga qarab tahlil qilinadi. Misol uchun, “limon” so‘zi leksik ma’nosi jihatidan “asosan janubiy mamlakatlarda o‘sadigan doimo yashil subtropik o‘simlik va uning tuxumsimon sariq nordon xushbo‘y mevasi”ni anglatadi, ammo ushbu so‘zning “million so‘m” (ushbu semantik o‘zgarish “limon” va “million” so‘zlari talaffuzidagi o‘xshashlikga asoslangan; dastlab rubl uchun qo‘llangan)” kabi ma’nosi matnda umuman boshqa konsepsiyani ifodalaydi.

Jargon so‘zlarni turli sohalarda uchratish mumkin. Masalan, tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi shaxslarning nutqida uchrab turuvchi jargonlar: “doktorni xursand qiling”, “rahmat”, “maydalab berish”, “xizmat haqqi”, “ko‘nglidan chiqarish”, “alohida qaraymiz” kabi evfemistik iboralarning semantik strukturasida ushbu so‘zlarning aynan ma’nosi emas, balki shaxslarning moddiy manfaatga bo‘lgan moyilligi yotadi.

Jargonlarga xos so‘zlar tez-tez yangilanib turadi, buning sababi bu so‘zlarning ma’nosi jamiyatdagi kishilarga ayon bo‘lgach yashirin ma’no kasb etmay qoladi. Jargon so‘zlarning yashirin ma’nosi o‘zbek tilidagi lug‘atlarda deyarli aks ettirilmaydi, ular asosan jonli nutqda yashaydi va faol qo‘llaniladi.

Argo – yasama til, biror ijtimoiy guruh, toifaning o‘ziga xos, boshqalar tushunmaydigan leksik birliklardan iborat maxfiy til turi. Argolar nutqda muloqot predmetini sir tutish maqsadida qo‘llaniladi. Argo jargondan maxfiy til bo‘lganligi bilan farq qiladi.

Tilshunos olim Roberning kichik lug‘atida argo atamasi umumiy ma’noda “jinoiy muhit tili”, lingvistik termin sifatida esa “ma’lum ijtimoiy guruh tomonidan ishlatiladigan leksika” sifatida berilgan. Argoning etimologiyasi – “corporation des juex” – “qora niyatli kishilar jamoasi” sifatida izohlangan.

Xususan, jinoyatchilar argosida o‘ziga xos semantik xususiyatga ega so‘zlar mavjud: “ment” – “millitsioner”, “gopstop qilmoq” – “o‘g‘irlamoq”, “narkora” – “giyohvand modda bilan shug‘ullanuvchi”, “shuxer” – “qorovul” va boshqalar. Argolar boshqalar uchun atayin tushunarsiz qilib qo‘llaniladi, shu orqali asl maqsad yashiriladi.

Mashhur rus tilshunosi, sotsiolingvistika bo‘yicha yetakchi olimlardan biri Leonid Petrovich Krysin so‘nggi ellik yil davomida yozgan sotsiolingvistika haqidagi maqola va ocherklaridan tuzilgan mualliflik to‘plamida argo va jargon so‘zlar haqida quyidagicha fikrlarini bildiradi: “Zamonaviy lingvistik terminlar lug‘ati mualliflarining fikricha, jargonda ma’lum bir guruhga mansublikni ifodalash ustun bo‘lsa, argoda muloqot mazmunini til orqali yashirish ustundir”. Biroq bunday farqlash asosan jargonlar va argoning tarixiy shakllanishiga tegishlidir.

Shundan kelib chiqadiki, Jargon ma’lum guruhga mansublikni ifodalovchi, argo esa muloqot mazmunini yashirish funksiyasiga ega lingvistik hodisa. Ammo hozirgi zamonda bu farq nisbiy xarakterga ega. Turli tillarda korrupsion muloqotda evfemizm (yumshatish), metafora (ko’chma ma’no), metonomiya va kod almashtiruv kabi lingvistik vositalar qo‘llaniladi. “Pul” tushunchasini ifodalashda oziq-ovqat (“qahva”, “choy”, “sho’rva”), o‘simlik (“ko‘kidan”, “limon”, “karam”) va boshqa semantik sohalardan olingan leksemalar ishlatiladi. O‘zbek tilshunosligida argo va jargon leksikasi yetarlicha tadqiq etilmagan, maxsus leksikografik manbalar mavjud emas. Bu sohadagi tadqiqotlarni rivojlantirish va argo-jargon lug‘atlarini tuzish dolzarb vazifadir.

Respublika sud ekspertiza markazi Buxoro viloyati sud-lingvistika ekspertizasi eksperti To‘xtaeva Shaxnoza Adizovna