Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasi bilan har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalan huquqi mahkamlangan.
Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasi bu – sud tomonidan qoʻyilgan iqtisodiy masalalarni, xususan, ish haqi, mehnatga haq toʻlash tartibi, ish oʻrinlarining normativlari, xodimlarning ijtimoiy himoyasi va mehnatdan ajralgan davrdagi hisob-kitoblar kabi masalalarni iqtisodiy-statistik usullar yordamida oʻrganib, xulosa beruvchi sud ekspertizasi turidir; u mehnat huquqidagi nizolarni hal qilishda, korxona moliyaviy holatini baholashda va qonunchilikka rioya etilishini tekshirishda muhim rol oʻynaydi.
Mehnat iqtisodi va uning toʻlovlari, pensiya va nafaqa hisob-kitobi sohasidagi savollar yetarli darajada murakkab. Bunday masalalarning mehnat sharoiti, mehnat xarajatlari va natijalarining oʻlchovi va bahosi, shuningdek davlat pensiyalari va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash shartlari bilan bogʻliq nozik jihatlari va oʻziga xos xususiyatlari bor.
Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasining predmeti – mehnat va ish haqi boʻyicha iqtisodiy koʻrsatkichlarni aniqlanishi va bajarilishi asoslanganligi toʻgʻrisidagi maʻlumotlarni aniqlash maqsadida mehnat va ish haqi toʻlovlari hujjatlarini tadqiq qilish, ularni hisobotlarda toʻgʻri aks ettirilishi, shuningdek mehnat va ish haqini rejalashtirish, mehnat va ish haqi koʻrsatkichlari hisobotlaridan foydalanish va ularni tuzishda qoida buzilish holatlarini aniqlash hisoblanadi.
Sud – mehnat iqtisodi ekspertizasi obyektlari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
- a) birlamchi hujjatlar (buyruqlar, ishga qabul qilish, boshqa ishga oʻtkazish, mehnat shartnomasini bekor qilish boʻyicha farmoyishlar, shaxsiy varaqalar, mehnat taʻtiliga chiqish boʻyicha buyruqlar, ish haqi hisoblash va ish vaqtini hisobga olish tabellari, hisob-kitob qaydnomalari va boshqalar);
- b) yigʻma hujjatlar (yigʻma tabellar, brigadalar boʻyicha oylik ish ha qi hisobkitoblari, sex-uchastkalar boʻyicha mukofot hisoblash va ishlab chiqarish meʻyorlarini bajarish qaydnomalari, xodimlar toifasi boʻyicha ishchilar soni qaydnomalari va boshqalar);
- v) iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish rejalari (texnik iqtisodiy reja meʻyorlari, mehnat va xodimlar boʻyicha rejalar, iqtisodiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi rejalari), bu koʻrsatkichlarni asoslovchi hisob-kitoblar bilan birgalikda;
- g) oʻtkazilgan tekshirish hujjatlari (bajarilgan ishlarni nazorat oʻlchov dalolatnomalari va boshqalar);
- d) rejalashtirish va reja koʻrsatkichlari oʻzgarishlari boʻyicha hujjatlar, ish haqi va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi yillik rejalari, faoliyat turlari va choraklar boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan holda;
- e) mehnat boʻyicha iqtisodiy koʻrsatkichlarni bajarilishi yuzasidan davlat statistika hisobotlari hujjatlari.
Sud – mehnat iqtisodi ekspertizasi mehnatga haq toʻlash va ish haqi boʻyicha hal etadigan vazifalar uch guruhga boʻlinadi. Sud – mehnat iqtisodi ekspertizasi tomonidan hal etiladigan birinchi guruh vazifalariga korxonada ishlayotgan ishchilar soni hisob-kitobi, qoʻllanilayotgan tarif setkasining asosliligi va ushbu maʻlumotlarning korxona hisobotlarida toʻgʻri aks etganligi va bajarilishi taalluqli. Birinchi guruhning asosiy vazifalaridan biri – ishlab chiqarish jarayonining toʻxtovsiz ishlashi va shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini taʻminlovchi har xil toifadagi ishchi xodimlarga boʻlgan talabni aniqlashdir. Tadqiqot jarayonida mehnat qonunchiligi buzilishini mehnat faoliyati natijalariga taʻsiri oʻrganiladi
Ekspert yechimiga qoʻyilishi mumkin boʻlgan savollar:
– korxonaning ishlab chiqarishda band boʻlgan xodimlari tarkibi, tuzilmasi, soni hamda undagi oʻzgarishlarning korxonada belgilangan shtatlar jadvaliga muvofiqligi;
– ishlovchilar miqdori hisobi maʻlumotlari talab qilingan koʻrsatkichlarga nisbatan asosliligi, mehnatga haq toʻlashda tarif tizimi qoʻllanilishi toʻgʻriligini;
– korxona hisobotlarida bunday maʻlumotlar bajarilishi va toʻgʻriligini aniqlash.
Sud – mehnat iqtisodi ekspertizasi hal etadigan ikkinchi guruh asosiy vazifalari ish haqi jamgʻarmasining toʻgʻri shakllanishi va sarflanishi hamda ularning hisobotlarida toʻgʻri aks ettirilganligini aniqlashdan iborat.
Sud – mehnat iqtisodi ekspertizasi ish haqi jamgʻarmasiga taalluqli quyidagi masalalarni hal etadi:
– ish haqi jamgʻarmasi (mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi) taqsimlanishi va ajratilishini asosli va toʻgʻriligini aniqlash;
– ish haqi jamgʻarmasi sarflanishi, bu jamgʻarma sarflanishida belgilangan meʻyordan chetga chiqishning asosliligi va buning sabablarini aniqlash;
– ishchi xodimlarni ish haqi jamgʻarmasidan mukofotlashni asosliligini aniqlash;
– zararli, oʻta zararli sharoitlarda ishlovchi ishchi xodimlarga toʻlanadigan qoʻshimcha haqlarning asosliligini aniqlash;
– mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasini sarflanishi boʻyicha aks etgan maʻlumotlarni korxona hisobotlarida toʻgʻri aks ettirilganligini aniqlash;
– mukofot pullari toʻlanishini mukofotlash sabablarini tahlil qilgan holda va Jamoa shartnomasida koʻzda tutilmagan mukofotlash tizimi oydinlashtirgan holda asosliligini aniqlash
Sud – mehnat iqtisodi ekspertizasi hal etadigan uchinchi guruhga taalluqli vazifalarmehnat va ish haqi boʻyicha rejalashtirish va rejalarni bajarishdagi qonun buzilish holatlarini aniqlash hisoblanib, u quyidagi savollarni hal etadi:
– ish haqi jamgʻarmasi boʻyicha mehnat resurslarini belgilash va sarflashda qoida buzilish holatlarini aniqlash;
– mehnat va ish haqi koʻrsatkichlari toʻgʻri rejalashtirilishi va bajarilishi boʻyicha hisobotlarni tuzilishini taʻminlovchi javobgar mansabdor shaxslar doirasini aniqlash
Xulosa qilib aytganda, sud – mehnat iqtisodi ekspertizasi natijalaridan sud-tergov amaliyotida foydalanish ish haqi va undan ushlab qolinadigan soliq va majburiy toʻlovlarni toʻliq hisoblamaslik, ish beruvchining xodim mehnatiga vijdonsiz munosabati, pensiya va nafaqalari notoʻgʻri hisoblash, mehnat boʻyicha miqdor koʻrsatkichlarini oʻzgartirish, buning natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlarni aniqlash va ular miqdorini oʻlchash, subyekt moliyaviy ahvoliga taʻsiri darajasini toʻliq aniqlash va baholash imkonini beradi.
Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi RSEM Buxoro viloyat bo‘limi mudiri F.M. Ochilov