Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimida davlat rahbarining parlament va xalqqa murojaat qilishi – siyosiy ritorikadan ancha keng mazmunga ega bo‘lgan strategik hujjat hisoblanadi. U bir vaqtning o‘zida hisobot, dastur, prognoz va mafkuraviy yo‘naltiruvchi vazifalarni bajaradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi ham ana shunday kompleks siyosiy hujjat sifatida namoyon bo‘ldi.
Murojaatnoma – davlatning o‘z fuqarolari oldida ochiq hisobdorligini ta’minlaydigan, strategik maqsadlar va amaliy vazifalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib beruvchi muhim siyosiy instrumentdir. U orqali davlat rahbari nafaqat o‘tgan yil natijalarini sarhisob qiladi, balki kelgusi bosqichda jamiyat oldida turgan asosiy vazifalarni konseptual jihatdan belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning murojaati “Bugun Oliy Majlisga va ko‘pmillatli xalqimizga kelgusi yil uchun Murojaatnomani taqdim etar ekanman…” degan so‘zlar bilan boshlanadi. Bu ibora Murojaatnomaning asosiy yo‘nalishi – kelgusi taraqqiyot strategiyasini belgilash ekanini ko‘rsatadi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot falsafasi: natijaga yo‘naltirilgan davlat siyosati. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar falsafasi “deklaratsiya”dan “amaliy natija”ga o‘tish bilan xarakterlanadi. Prezidentimiz buni Murojaatnomada “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik” deya aniq va ochiq ifodalaydi. Bu fikr davlat boshqaruvida pragmatik yondashuv, institutsional samaradorlik va natijadorlikka asoslangan siyosat tamoyillari ustuvor bo‘lib borayotganini anglatadi. Ya’ni, islohotlar endilikda g‘oya sifatida emas, balki har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida seziladigan o‘zgarish sifatida baholanmoqda. Bu natijalar shahar va qishloqlar qiyofasining o‘zgarishi, infratuzilmaning modernizatsiya qilinishi, raqamli xizmatlar rivoji, yangi ish o‘rinlari va ijtimoiy himoya tizimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Global beqarorlik sharoitida milliy barqarorlik. Murojaatnomaning muhim konseptual jihatlaridan biri – O‘zbekiston taraqqiyotining global kontekstda tahlil qilinishidir. Prezidentimiz nutqida dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlarga alohida to‘xtalib o‘tadi: “Dunyoda sodir bo‘layotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar sharoitida o‘ta murakkab yilni yakunlayapmiz”. Bu yerda gap geosiyosiy qarama-qarshiliklar, global savdo zanjirlarining uzilishi, xavfsizlik tahdidlari, inflyatsion bosim va moliyaviy noaniqliklar haqida bormoqda. Shunday murakkab muhitda milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishi – davlat siyosati samaradorligining asosiy indikatori hisoblanadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyoti ishonchli va barqaror o‘sishda davom etdi. Bu holat davlatning makroiqtisodiy barqarorlik siyosati, diversifikatsiyalangan iqtisodiy model hamda ochiq tashqi iqtisodiy aloqalarga asoslangan strategiyasi to‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy o‘sish: tarixiy ko‘rsatkichlar va ularning siyosiy ahamiyati. Murojaatnomada keltirilgan iqtisodiy raqamlar O‘zbekiston taraqqiyotida sifat jihatdan yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatadi. Xususan, Prezidentimiz quyidagicha ta’kidlaydi: “Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi”. Bu raqam nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki davlatning strategik rejalashtirish qobiliyati oshganini ham anglatadi. Chunki, murojaatda ta’kidlanganidek, bor-yo‘g‘i to‘qqiz yil oldin YaIMni 100 milliard dollarga yetkazish katta marra sifatida baholangan edi. Shuningdek, eksport hajmi 33,4 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshdi hamda xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiyotda ichki va tashqi ishonch mustahkamlanganini anglatadi.
Suveren reyting va xalqaro ishonch omillari. Prezidentimiz Murojaatnomada xalqaro reytinglar masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, yetakchi xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren reytingini “BB–”dan “BB” darajasiga ko‘targani ta’kidlandi.
Ilmiy nuqtai nazardan, bu holat quyidagi omillar bilan izohlanadi:
- davlat moliyaviy intizomining yaxshilanishi;
- qarz yukini boshqarishda shaffoflik;
- institutsional islohotlarning barqarorligi.
Prezidentimiz buning amaliy foydasini ham aniq ko‘rsatadi: “Bu o‘zgarish tufayli tashqi qarz xarajati yiliga kamida 300 million dollarga kamayadi”.
Davlat siyosatida “inson manfaati” konsepsiyasi. Prezidentimiz Murojaatnomada iqtisodiy o‘sishni mustaqil maqsad sifatida emas, balki inson farovonligiga xizmat qiluvchi vosita sifatida talqin qiladi. Bu yondashuv zamonaviy ijtimoiy davlat nazariyasiga to‘liq mos keladi. Ya’ni, Murojaatda shunday deyiladi: “Islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda”. Bu fikr davlat siyosatida inson markaziy o‘rinda ekanini anglatadi. Ya’ni, iqtisodiy o‘sish, infratuzilma, investitsiya – bularning barchasi pirovardida inson hayoti sifatini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Ijtimoiy davlat konsepsiyasi va kambag‘allikni qisqartirish siyosati. Zamonaviy siyosiy nazariyada “ijtimoiy davlat” tushunchasi faqatgina qayta taqsimlash yoki ijtimoiy yordam mexanizmlari bilan cheklanmaydi. U, eng avvalo, insonni iqtisodiy o‘sishning markaziga qo‘yuvchi, uning munosib hayot kechirishini kafolatlaydigan institutsional tizimni anglatadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yilgi Murojaatnomasida aynan shu yondashuv davlat siyosatida yetakchi g‘oya sifatida ilgari surilganini ko‘ramiz.
Prezidentimiz nutqida kambag‘allik masalasi alohida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muammo sifatida ko‘rib chiqiladi. Bu borada u quyidagicha ta’kidlaydi: “Biz kambag‘allikni qisqartirish masalasini umummilliy harakatga aylantirdik”. Ushbu fikr kambag‘allikka qarshi kurash davlatning yakka o‘zi amalga oshiradigan vazifa emas, balki jamiyatning barcha qatlamlari – mahalla, tadbirkorlik sub’ektlari, nodavlat sektor va fuqarolarning hamkorligini talab qiluvchi keng ko‘lamli jarayon ekanini anglatadi.
Kambag‘allikni qisqartirishda institutsional yondashuv. Murojaatnomada keltirilgan raqamlar ijtimoiy siyosatda tizimli burilish yuz berganini ko‘rsatadi. Xususan, so‘nggi yillarda 8,5 milliondan ortiq aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushirilgan va 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangan. Ilmiy tahlil nuqtai nazaridan, bu natijalar quyidagi omillar bilan izohlanadi:
- ijtimoiy yordamning adresli tizimga o‘tkazilishi;
- “mahallabay” ishlash tamoyilining joriy qilinishi;
- kambag‘allikni faqat daromad yetishmasligi emas, balki institutsional cheklovlar natijasi sifatida tushunish.
Prezidentimiz bu masalada muhim konseptual nuqtani belgilaydi: “Asosiy maqsadimiz – odamlarimizni doimiy daromadli qilish”. Bu yerda ijtimoiy siyosatning passiv (nafaqa, yordam) modeli emas, balki faol ijtimoiy davlat modeli tanlanganini ko‘ramiz.
Bandlik siyosati va mehnat bozori transformatsiyasi. Kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li – aholini ish bilan ta’minlash hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Murojaatnomada bandlik siyosatiga alohida e’tibor qaratilgan. Prezidentimizning ma’lum qilishicha, 2025 yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga pasaygan. Bu ko‘rsatkichlar mehnat bozorida institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilganini ko‘rsatadi. Xususan, “mahallada sanoat va xizmat” loyihalari, mikroloyihalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka imtiyozli kreditlar ajratish orqali aholi o‘z yashash hududida ish topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu jarayonni detsentralizatsiya qilingan bandlik siyosati deb atash mumkin.
Mahalla instituti – milliy boshqaruv modeli sifatida. Murojaatnomaning eng muhim va o‘ziga xos qismlaridan biri – mahalla institutiga berilgan strategik ahamiyatdir. Prezidentimiz mahallani nafaqat ijtimoiy tuzilma, balki milliy davlatchilik an’anasiga asoslangan o‘zini o‘zi boshqarish instituti sifatida ta’riflaydi: “Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi”. Bu fikr mahallaning ijtimoiy kapital yaratishdagi o‘rnini ko‘rsatadi. Ijtimoiy kapital nazariyasiga ko‘ra, ishonch, hamjihatlik va o‘zaro yordam jamiyatning barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Murojaatnomada 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlash taklif etildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2026 yilga berilgan nom ramziy emas, balki aniq dasturiy mazmunga ega. Bu yil doirasida mahalla infratuzilmasi uchun 20 trillion so‘m, og‘ir sharoitli 33 tuman va 330 mahalla uchun 8,5 trillion so‘m hamda mahalliy budjetlar mustaqilligini oshirishga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizmlar joriy etilishi ta’kidlandi. Bunday choralar mahalliy boshqaruvni kuchaytirish, fiskal detsentralizatsiya va aholining qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini oshirishga xizmat qiladi.
Inson kapitali: ta’lim va yoshlar siyosati. Prezidentimiz Murojaatnomada inson kapitali masalasi alohida strategik resurs sifatida talqin qilinadi. Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining uzoq muddatli asosi ekani ta’kidlanadi. Jumladan, 2025 yilda:
- o‘quvchi va talabalar xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi;
- O‘zbekiston ilk bor futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi;
- shaxmat va parasport sohasida rekord natijalar qayd etildi. Bu misollar inson kapitaliga qilingan investitsiyaning samarasini ko‘rsatadi.
Yoshlar siyosati va milliy kelajak. Prezidentimiz nutqida yoshlar mamlakat kelajagining asosiy tayanchi sifatida ko‘rsatiladi. Yoshlar uchun ta’lim, kasb-hunar, sport va tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. “Yoshlarimizga qarab, ular erishayotgan yutuqlarni ko‘rib, ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tariladi”. Ilmiy nuqtai nazardan, bu demografik dividenddan samarali foydalanish siyosati sifatida baholanadi.
Texnologik va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish – strategik zarurat. XXI asr global raqobat sharoitida davlatlar o‘rtasidagi farq, eng avvalo, tabiiy resurslar yoki geografik joylashuv bilan emas, balki texnologik salohiyat, innovatsiya darajasi va inson kapitali sifati bilan belgilanmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yilgi Murojaatnomasida iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgani tasodifiy emas.
Prezidentimiz bu masalani qat’iy tarzda quyidagicha ifoda etadi: “Hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli bo‘lish uchun malakali mutaxassislar va zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega”. Ilmiy nuqtai nazardan, bu yondashuv endogen iqtisodiy o‘sish nazariyasiga to‘liq mos keladi. Ushbu nazariyaga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishning asosiy manbai – innovatsiya, bilim va texnologiyadir.
Iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish. Prezident Murojaatnomada qo‘shilgan qiymat yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlar quyidagi maqsadlarga qaratilgan:
- yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirish;
- xomashyo eksportidan tayyor mahsulot eksportiga o‘tish;
- mehnat unumdorligini oshirish.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Qaerda yangi texnologiya va yuqori malakali kasb egalari bo‘lsa, o‘sha joyda o‘sish bo‘ladi”.
Murojaatnomada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, sanoatda energiya samaradorligini oshirish hisobiga birgina yilda 1 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratilgan. Bu raqam texnologik modernizatsiya iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashini isbotlaydi.
Investitsiya siyosati: sifatga yo‘naltirilgan yondashuv. Prezidentimiz o‘z nutqida investitsiya siyosatida miqdor emas, sifat ustuvor bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi. Xususan, u quyidagicha bayon qiladi: “Har bir dollar investitsiya ilg‘or texnologiya, yangi kompetensiya va eksport uchun xizmat qilishi kerak”. Bu fikr investitsiya siyosatida strategik saralash tamoyili joriy etilayotganini ko‘rsatadi. Ilmiy jihatdan aytganda, bu yondashuv “investitsiya sifati indeksi”ni oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Murojaatnomada ma’lum qilishicha, kelgusi yillarda 180 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish hamda bir million yuqori daromadli ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt siyosati. Murojaatnomaning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt masalasidir. Prezidentimiz bu sohani kelgusi taraqqiyotning “drayveri” sifatida baholaydi. Jumladan, 2025-yilda AT xizmatlari eksporti ilk bor 1 milliard dollarga yetgan va startaplarga 270 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilgan.
Bu borada Prezidentimiz quyidagi muhim tashabbuslarni ilgari surdi:
- sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etish;
- data-markazlar va superkompyuterlar qurish;
- fintex va raqamli startaplar ekotizimini rivojlantirish. Bu choralar raqamli davlat konsepsiyasini amaliyotga joriy etishni anglatadi.
Ilm-fan, innovatsiya va milliy ilmiy maktablar. Prezidentimiz nutqida ilm-fan va innovatsiya alohida strategik resurs sifatida ko‘rsatildi. Murojaatnomada ilk bor O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh uchirish, milliy kosmonavt tayyorlash va Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressini o‘tkazish rejalashtirilayotgani e’lon qilindi. Bu tashabbuslar mamlakatni faqat texnologiya iste’molchisi emas, balki texnologiya ishlab chiqaruvchi davlatga aylantirish maqsadini ko‘zlaydi.
Tashqi siyosat: ko‘p vektorli hamkorlik va xalqaro nufuz. Murojaatnomada tashqi siyosatga bag‘ishlangan qism O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligi va nufuzi oshganini ko‘rsatadi. Prezidentimiz nutqida “Biz Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz” deya ta’kidlab o‘tadi. 2025-yilda O‘zbekiston:
- “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti;
- “Markaziy Osiyo – Yaponiya” uchrashuvi;
- Markaziy Osiyo – AQSh formati kabi yirik xalqaro muloqot maydonlariga mezbonlik qildi. Bu holat O‘zbekistonning mintaqaviy yetakchi va konstruktiv diplomatik markaz sifatidagi o‘rni mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
2026-yil ustuvor yo‘nalishlari: institutsional transformatsiya. Prezidentimiz Murojaatnomada 2026-yil uchun aniq ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish;
- iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish;
- ichki bozor va talabni rag‘batlantirish;
- mehnat bozori va kasblar transformatsiyasi;
- ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish;
- zamonaviy davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimi islohoti.
Bu ustuvor yo‘nalishlar davlat siyosatida tizimli va uzviy yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga 2025 yilgi Murojaatnomasi quyidagi xulosalarni chiqarish imkonini beradi:
- Murojaatnoma – strategik boshqaruv hujjati sifatida davlat siyosatida markaziy o‘rin tutadi;
- Yangi O‘zbekistonda natijador, pragmatik va insonga yo‘naltirilgan davlat modeli shakllanmoqda;
- ijtimoiy davlat, mahalla instituti va inson kapitali o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlanmoqda;
- texnologik va innovatsion taraqqiyot milliy iqtisodiy strategiyaning o‘zagiga aylangan;
- O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda konstruktiv, ochiq va ko‘p vektorli siyosat yuritmoqda.
Qolqanov Nuriddin Tashpulatovich,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent