Qurilish sifatini baholash bo‘yicha tadqiqotlar.
Qurilish ob’ektlarining sifatini baholash ularning me’yoriy talablarga muvofiqligi, loyihaviy hujjatlarga rioya qilingani va ishlatilgan materiallarning xalqaro standartlarga mosligi nuqtai nazaridan amalga oshiriladi.
Qurilish sifatini baholashda ishlarning sifatini tekshirish bo‘yicha qurilish jarayonida bajarilgan ishlar to‘liqlik, texnologiyalarga muvofiqlik va materiallarning standartlarga mosligidan kelib chiqqan holda tahlil qilinadi, qurilish materiallarini tekshirishda ishlatilgan beton, metal konstruksiyalar, yopishtiruvchi vositalar, izolyatsiya materiallari kabi elementlarning xususiyatlari laboratoriyada tekshiriladi. Tadqiqot metodlarida laboratoriya sinovlari, vizual tahlil, diagnostika vositalari yordamida ob’ektning holati va mustahkamligi baholanadi. Agar sifat talablarga javob bermasa, bu bo‘yicha xulosada batafsil bayon etiladi.
Qurilishning xato va nuqsonlarini aniqlash.
Ushbu yo‘nalish qurilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar va ularning sabablarini aniqlashga qaratilgan.
Bunda turli texnologiyaviy va konstruktiv kamchiliklar tahlil qilinadi. Tahlil jarayonida qonunbuzarliklar va texnologiya buzilishlari, mehnat xavfsizligi, qurilish texnologiyasiga oid qoidalarga amal qilinmagan holatlar tahlil qilinadi. Qurilish konstruksiyasidagi nuqsonlarni aniqlashda devorlarning yorilishlari, qoplamalarning yomon biriktirilganligi, isitish tizimlaridagi muammolar kabi nuqsonlar o‘rganiladi.
Qurilishda nuqsonlarni aniqlash uslublari:
– Ultrasonik diagnostika uskunalari;
– Lazer o‘lchash vositalari;
– Rentgenoskopiya kabi usullar qo‘llaniladi.
Qurilishning xato va nuqsonlarini aniqlash yakunlangandan so‘ng ekspert ob’ektdagi xato va nuqsonlar sabablarini ko‘rsatib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.
Qurilish xarajatlarini ekspertiza qilish.
Qurilish ob’ektlarining iqtisodiy ko‘rsatkichlarini baholash nizolarni hal qilishda juda muhimdir. Bunda asosiy e’tibor qurilish xarajatlarining haqqoniyligiga qaratilgan. Qurilish ob’ektlarining iqtisodiy ko‘rsatkichlarini baholashning asosiy vazifasi smeta hujjatlarini o‘rganish hisoblanib, bunda ob’ekt uchun ajratilgan mablag‘lar qanday sarflangani tekshiriladi hamda loyihada ko‘zda tutilgan xarajatlar bilan amaldagi ishlovchi harajatlar o‘zaro taqqoslanadi. Ortiqcha xarajatlarni aniqlashda mahsulotlar, ishchi kuchi yoki xizmatlar uchun yuqori narx belgilangan bo‘lsa, bu holat qayd etiladi. To‘g‘ri narx belgilash metodikasiga bozor narxlarini o‘rganish hamda qurilish ishchi kuchi va materiallarning hududiy omillarini tahlil qilish kiradi. Sudda qurilish xarajatlari bo‘yicha kelib chiqqan nizolarni hal etishda ushbu ekspertiza natijalari asosiy dalil bo‘lib xizmat qiladi.
Qurilish ob’ektlarining texnik holatini baholash.
Binolar va inshootlarning texnik holati ularning xavfsizligi va ekspluatatsiyaga yaroqliligini aniqlashda muhim o‘rin tutadi. Asosiy tekshirish jarayonida ob’ekt vizual ko‘rikdan o‘tkazilib, konstruksiyalardagi yoriqlar, defektlar, korroziyalar aniqlanadi. Konstruksiyalarning mustahkamligini baholashda seysmik barqarorlik, statik va dinamik kuchlar tahlil qilinadi. Agar ob’ekt avariya holatida bo‘lsa, uni ta’mirlash yoki qayta qurish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Qurilish ob’ektlarining texnik holatini baholashda qo‘llaniladigan texnologiyalarga:
– Georadar diagnostikasi;
– Qurilish konstruksiyalarining qarshilik darajasini laboratoriya sinovlari orqali baholash kiradi.
Qurilishning atrof-muhitga ta’sirini baholash.
Qurilish ob’ektlari joylashgan hududning ekologiyasiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, bu yo‘nalish ham muhim ahamiyatga ega. Uning asosiy tahlil sohalari chiqindilarning ekologik xavfi, suv, havo va tuproq holatini baholash hamda ta’sirlarni minimallashtirish strategiyalari kiradi. Bunda qurilish jarayonida chiqindilar hajmi va ularning zarari o‘rganilib, suv, havo va tuproq holatini baholanadi. Ob’ekt qurilishi bu tabiiy resurslarga qanday ta’sir qilishi o‘rganiladi hamda qurilish jarayonida ekologik xavfni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Qurilish ob’ektlari avariyalarini tahlil qilish.
Qurilish jarayonidagi yoki foydalanish jarayonida yuzaga kelgan avariyalarning sabablarini aniqlash muhim ahamiyat kasb etib, tahlil jarayonida avariya sabablari tahlil qilinadi. Loyihadagi xatolar, materiallarning yomon sifati, ekspluatatsiya qoidalari buzilgani kabi omillar o‘rganiladi. Qurilish ishlariga mas’ul shaxslarni aniqlashda sud jarayonida aybdor shaxslarni aniqlash uchun dalillar asosida ekspertiza xulosasi tayyorlanadi. Avariya sabablari va zararlarni bartaraf qilish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, bunday holatlarning oldini olish uchun texnik va tashkiliy choralar tavsiya etiladi.
RSEMning Surxondaryo viloyat boʻlimi Sud qurilish-texnik eksperti
Raxmatullayev Tursunali Joʻraboyevich