O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 12.05.2020-yildagi PF-5992-son “2020-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida moliya bozorida teng raqobat sharoitlarini yaratish, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish, banklarning davlat resurslariga qaramligini pasaytirish, bank xizmati ko‘rsatishni modernizatsiya qilish, banklarning samarali infratuzilmasini yaratish va faoliyatini avtomatlashtirish, shuningdek, banklar faoliyatiga xos bo‘lmagan funksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish orqali bank tizimining samaradorligini oshirish va boshqa shu kabi vazifalar belgilandi.
Bugungi kunda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy sohasida tubdan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Sud-moliya-kredit ekspertizasi amaliyotidan aniqlanishicha, banklar tomonidan kreditlarni ajratish va tadbirkorlar tomonidan ularni maqsadli foydalanish jarayonida paydo bo‘layotgan nizolarga asosan bank sohasida boy berilgan foydani aniqlash masalasi ko‘paymoqda.
Bank sohasida va tadbirkorlik sub’ektlarining boy berilgan foydasi deb “Bank sohasi va tadbirkorlik sub’ektlarining ob’ektiga nisbatan huquq egasi o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari” tushuniladi.
Jumladan, boy berilgan foyda – shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlaridir. Odatdagi fuqarolik muomalasi sharoiti sifatida bozor faoliyatining, ko‘zda tutilmagan vaziyatlar yoxud yengib bo‘lmas kuch deb talqin qilinayotgan vaziyatlar ta’sir etmayotgan, uning uchun odatdagi sharoitlari tushunilishi lozim.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida bunday holatlar ko‘plab uchramoqda. Bank sohasida kredit berish yoki berilgan kreditni o‘z vaqtida qaytarilmasligi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining mahsulot yetkazib beruvchi shartnomani buzib tovarni yetkazib bermasligi sotib oluvchi do‘konning bekor turib qolishiga sabab bo‘lsa, majburiy bekor turish bilan bog‘liq ijara haqini to‘lash xaridor-do‘kon uchun haqiqiy ziyonni, yetkazib berilmaslik va uning oqibatida kelib chiqqan bekor turish sababli xaridor-do‘kon ololmagan foyda esa boy berilgan foydani tashkil etadi.
O‘zbekistonning dunyo bozoriga kirishi davlatning iqtisodiy manfaatlarini xalqaro standart talablariga jinoyatchilik tajovuzidan samarali himoya qilishni talab qiladi. Shu munosabat bilan, me’yoriy adabiyotlar va sud-tergov amaliyotini o‘rganish asosida maxsus fundamental uslubiyot yaratishga muhim ehtiyoj tug‘ildi.
Uslubiy tavsiyalarning yaratilishidan maqsad bank sohasida boy berilgan foydani aniqlashda sud-iqtisodiy ekspertizasini yana bir rahbariy vosita bilan ta’minlashdan iborat bo‘lib, bank sohasida kredit mablag‘larining berilishi va to‘liq yoki qisman qaytarilmasligi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar bo‘yicha sud-ekspertizalarni o‘tkazishda iqtisodchi ekspertlar tomonidan keng miqyosda amalda qo‘llaniladi va ekspertizaga kelgan materiallarni ob’ektiv, ilmiy, har tomonlama tadqiqot qilishga yordam beradi.
Bank sohasida boy berilgan foydani aniqlash sud-iqtisodiy ekspertizasida boy berilgan foydani aniqlash bo‘yicha ekspertga beriladigan savollar dastlab, kreditni olish va uni qaytarmaslik bilan bog‘liq bo‘lib, bank tomonidan kredit berish bilan bog‘liq ololmagan daromadini hamda kredit mablag‘ini o‘z vaqtida yoki kechiktirib berish bilan tadbirkorning ololmagan daromadini aniqlash masalasi hisoblanadi.
Bank sohasida boy berilgan foydani aniqlash sud-iqtisodiy ekspertizasi bugungi kunda quyidagi masalalarni hal etadi:
– bank muassasasi tomonidan berilgan kreditning qaytarilmasligi oqibatida yetkazilgan zarar summasi va boy berilgan foyda miqdorini aniqlash;
– kredit summasining to‘liq qaytarilmasligi (qisman qaytarilganligi) natijasida boy berilgan foyda summasini hisoblash;
– kredit mablag‘ini kredit shartnomasida ko‘rsatilgan muddatdan kechiktirib berish oqibatida tadbirkor tomonidan ololmagan, boy berilgan foyda miqdorini aniqlash;
– kredit mablag‘ini kredit shartnomasida ko‘rsatilgan miqdordan kam berilishi natijasida tadbirkor tomonidan ololmagan, boy berilgan foyda summasini hisoblash.
Ushbu yo‘nalishda ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda birlamchi hujjatlarda o‘z aksini topgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha alohida e’tibor qaratiladi. Xususan:
– kredit mablag‘larini olgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy jihatdan mustaqilligini o‘rganish;
– kredit liniyasini ochish shartnomasi;
– kredit mablag‘larini qaytarishni ta’minlash va kafolat berish;
– imtiyozli kredit mablag‘larini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
– kredit mablag‘larini pul aylanmasidan (oborotdan) olish, ularni sarflanishi holati, kredit mablag‘lariga xarid qilingan aktivlar harakati;
– olingan kredit mablag‘larini harakati;
– kredit mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarilmaslik bilan bog‘liq bo‘lgan hisob-kitob ma’lumotlari har tomonlama to‘liq tadqiqot qilinadi.
Bu uslubiy tavsiyalar bank sohasida boy berilgan foydani aniqlashda foydalaniladigan hujjatlarni tadqiqot qilishning usullari; bank faoliyati sohasida boy berilgan foyda masalasi to‘g‘risida ma’lumot yig‘ishni tashkillashtirish usullarini takomillashtirish; bank sohasida ishlatiladigan hujjatlarning tadqiqotini o‘tkazish sifatini sezilarli darajada oshirish uchun axborot bazasini yaratish to‘g‘risida tushuncha beradi; ekspertlik tadqiqoti ob’ektlarini tizimlashtiradi; sud-tergov idoralari tomonidan bank sohasida ushbu yo‘nalish bo‘yicha sud-ekspertiza yechimiga qo‘yiladigan masalalar bilan tanishtiradi; iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov yuritish doirasidagi savollarni shakllantiradi; ekspert tomonidan tahlil qilinadigan hujjatlar ro‘yxatini keltiradi.
Qayd etilganlarni umumlashtirib, noqonuniy daromad olish maqsadida bank sohasida moliyaviy firibgarlik yo‘li bilan kredit mablag‘ini qaytarmaslik yo‘li zarar keltirish hamda daromad sifatida olinishi lozim bo‘lgan foizlar miqdoridagi boy berilgan foydaning paydo bo‘lishiga olib keladi deb xulosa qilish mumkin.
Shuning uchun bank sohasida boy berilgan foyda miqdorini aniqlash bugungi kunda dolzarb masala bo‘lib qolmoqda va bunga bank sohasida boy berilgan foyda miqdorini aniqlash usullari, uslublarini ob’ektiv aniqlash, ma’lumotlar bazasi va bank sohasidagi qo‘llaniladigan hujjatlarni tadqiqot qilish bo‘yicha mazkur uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish asosiy vazifasi bo‘lgan ushbu turdagi sud iqtisodiy ekspertizasi ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
X. Sulaymonova nomidagi Sud iqtisodiy ekspekrtizasi bo‘limi mudiri Sh. Urozmatov