Oshxona pichog‘ida qolgan mikrotolalarning kriminalistik ahamiyati: qotillik jinoyatini ochishda tolali materiallar ekspertizasi imkoniyatlari

Sarlavxa: “Pichoqdagi mikrotola — jinoyatning ko‘rinmas izi”

Annotatsiya. Ushbu maqolada oshxona pichog‘i kabi sovuq qurollarda qoladigan mikrotolalarning kriminalistik ahamiyati, ularni aniqlash, ajratib olish, tadqiq etish va identifikatsiya qilish usullari yoritiladi. Mikrotolalar — jinoyat sodir etilgan paytda jinoyatchi, jabrlanuvchi yoki voqea joyidagi buyumlar o‘rtasida yuz beradigan kontaktdan so‘ng qurol yuzasida qoldiriladigan yashirin izlar sifatida baholanadi. Tadqiqot mikrotolalarning moddiy-dalildagi o‘rni, ularning ekspert-tahlil jarayonidagi diagnostik imkoniyatlari hamda kriminalistik amaliyotdagi ahamiyatiga bag‘ishlanadi.

Kalit so‘zlar: mikrotola, ekspertiza, kriminalistika, pichoq, identifikatsiya, qotillik, kontakt izlari.

Kirish

Tolali materiallar ekspertizasi kriminalistika fanining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Mikrotolalar — ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin jinoyat tafsilotlarini ochib beruvchi yashirin axborot manbai bo‘lib, ular qurol, kiyim yoki buyumlar orasidagi aloqa natijasida paydo bo‘ladi. Odatda, (o`tkir tig`li qurolda) jinoyat sodir etgan shaxs qurolni yuvib, tozalab, dalillarni yo‘qotmoqchi bo‘ladi. Ammo mikrotolalar fizik-kimyoviy barqarorligi sababli ko‘pincha saqlanib qoladi va aybdor shaxsni fosh etishda hal qiluvchi o‘rin egallaydi.

Jinoyat holati misolida mikrotolalarning ahamiyati

2024-yilda Farg‘ona viloyatida qayd etilgan qotillik jinoyatida oshxona pichog‘i asosiy qurol bo‘lgan. Gumonlanuvchi voqeadan so‘ng pichoqni suvda chayib tozalagan, biroq kriminalistika jihatidan to‘liq izsiz qilishning imkoni bo‘lmagan. Pichoq voqea joyidan dalil sifatida olinganda, ekspertlar unda mikrotolalar bo‘lishi ehtimolini yuqori deb baholashgan.

Jinoyat ishining murakkabligi shundan iboratki, gumonlanuvchi o‘zini voqeaga aloqasi yo‘qligini aytgan. Asosiy dalil mikrotolalar yordamida topildi.

Mikrotolalar — tabiiy, sun’iy yoki aralash tarkibli tolalar bo‘lib, o‘lchami odatda 1 mm dan kichik bo‘lgan, optik uskunalarsiz ko‘z bilan ko‘rinmaydigan zarrachalardir.

Oshxona pichog‘ida mikrotola saqlanishining sabablari

     Pichoq — silliq yoki yarim silliq metall yuzadan iborat bo‘lsa-da, uning qirralari va mikroshikastlari tolalarni ushlab qolishi mumkin. Bu holatlar quyidagilar natijasida yuz beradi:

  • pichoq jabrlanuvchi kiyimi bilan kontaktda bo‘lganda;
  • qurolni yashirish jarayonida mato buyumlarga tekkanda;
  • pichoq dastasi teri yoki kiyim tolalarini yutib olganda;
  • qurolni ko‘tarib yurish vaqtida qo‘lqop, sumka, qoplama bilan ishqalanish ro‘y berganda.

Dalil sifatida oshxona pichog‘ining ko`zdan kechirish

Mikrotolalarni ajratib olishpichoq yuzasidan mikrotolalar quyidagi usullar bilan olindi:

  • yuzaga bosilmay, engil tegizish orqali yopishqoq mikrolenta orqali tig‘ sirti yuzasidan tolalar yig‘ildi.
  • pinset, igna, mikrocho‘tka yordamida pichoq qirralaridagi zarrachalar to‘plandi.
  • namlangan gupka yordamida qo‘shimcha tolalar ajratib olindi.

Jami 7 dona mikrotola namunasi olingan.

Laboratoriya tahlil usullari– olingan tolalar quyidagi usullar bilan tekshirildi:

  • “Olympus SZX10” rusumli (126-marta kattalashtirilgan, halqali diod lampali yoritkichli), «MOTICAM» rusumli yorugʼlik mikroskopi (200-marta kattalashtirilgan) stereoskopik mikroskoplari orqali— tolalarning shakli, elastikligi, kesimi aniqlandi.
  • Tolalar boʼyoqlarining mikrokimyoviy tahlili —taqqoslanayotgan tolalar juftlari boʼyoqlarining sinfini aniqlash maqsadida mikrokimyoviy tahlillar o`tkazildi.
  • FX5 spektroskopiya — taqqoslanayotgan tolalar boʼyoqlarining spektrlari taqqoslanganda ular spektr chizigʼining tuzilishi, soni va maksimumlarining mos kelishi aniqlandi.

Natijada pichoq yuzasida aniqlangan tolalar:

  • 3 ta to`q kulrang poliester tola,
  • 2 ta to`q kulrang paxta tola,
  • 2 ta to`q ko`k rangli aralash sintetik (polimer) tola aniqlangan.

 Gumonlanuvchi bilan tolalarni bog‘lash – identifikatsiya jarayoni.

      Gumonlanuvchi A.X. ning voqea sodir bo`lgan vaqrida egnida bo`lgan kiyimlari  ekspertizaga topshirilib, tadqiqot natijalariga ko`ra kiyim matosining tolali tarkibi:

  • To`q kulrang poliester-paxta aralashmasidan iborat,
  • yeng qismida to`q ko`k rangli polimer tolalar mavjud,

     Pichoqdagi tolalar bilan gumonlanuvchi kiyimi orasida 100% fizik-kimyoviy moslik aniqlangan.

     Bu mikrotolalar gumonlanuvchi va qurol o‘rtasida bevosita kontakt bo‘lganini isbotladi.

Muammoning ilmiy-kriminalistik tahlili.

Mikrotolalar jinoyat mexanizmini tiklashda o‘ta ishonchli dalillar berishi mumkin. Ushbu ishda ham mikrotolalar:

  • qurol jabrlanuvchiga yaqin masofada ishlatilganini;
  • gumonlanuvchining hodisa joyida bo‘lganini;
  • pichoq yuvilgani bo‘lsa ham, kuyish yoki to‘liq yo‘qolmaganligini;
  • kurash sodir bo‘lganini aniqlashda hal qiluvchi rol o‘ynadi.

Bu esa tolali materiallar ekspertizasining kriminalistik amaliyotdagi o‘rni naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xulosa

       Oshxona pichog‘ida qolgan mikrotolalar — ko‘rinmas, ammo o‘ta muhim kriminalistik axborot manbaidir. Ular yordamida gumonlanuvchining qurol bilan aloqasi, jinoyat tafsilotlari, kurash mavjudligi va voqea ketma-ketligini aniqlash mumkin. Tolali materiallar ekspertizasi zamonaviy mikroskopiya va spektroskopiya usullari bilan kombinatsiyalangan holda jinoyatlarni fosh etishda beqiyos natijalar beradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Назаров К. “Криминалистика асослари”. — Т., 2020.
  2. Боев Т. “Суд экспертизаси назарияси”. — Тошкент, 2021.
  3. Houck M. & Siegel J. Fundamentals of Forensic Science, Academic Press, 2019.
  4. Robertson J., Grieve M. Forensic Examination of Fibres, CRC Press, 2017.
  5. Sud ekspertizasi agentligi metodik qo‘llanmalari, 2022–2024 yillar.

Abduqodirova Shaxnoza Abduqodir qizi,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Х. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi,
Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasining eksperti, +998998692205