Fototexnika ekspertizasi – bu sud ekspertizasi sohasidagi maxsus yo‘nalish bo‘lib, fotoapparatlar, videokameralar, ularning raqamli xotira qurilmalari va suratga olish jarayonida hosil bo‘lgan tasvirlarni ilmiy-texnik usullar yordamida tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. Mazkur ekspertiza turi jinoyat ishlarini tergov qilishda, dalil sifatida taqdim etilgan fotosuratlar va videoyozuvlarning haqiqiyligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fototexnika ekspertizasining asosiy maqsadi – tasviriy axborotning manbasi, o‘zgartirilganligi yoki soxtalashtirilganligini aniqlash, shuningdek, foydalanilgan fototexnikaning turini va texnik holatini belgilashdir.
Asosiy vazifalar quyidagilar xisoblanadi.
- Foto va video materiallarning asl nusxaligi va yaxlitligini aniqlash;
- Tasvir yozilgan qurilma modeli va texnik xususiyatlarini aniqlash;
- Rasm yoki video montaj, tahrir yoki soxtalashtirish belgilari mavjudligini ekspertiza yo‘li bilan tekshirish;
- Qurilmada saqlanib qolgan metama’lumotlarni (EXIF) tahlil qilish;
- Suratga olish vaqti, joyi va sharoitlarini aniqlash.
Fototexnika ekspertizasi ob’ektlari sifatida, “raqamli va analog fotoapparatlar, videokameralar, xotira kartalari, flesh-disklar, tashqi xotira qurilmalari, Suratlar (raqamli fayl shaklida) Rasmni tahrirlash uchun ishlatilgan dasturiy vositalar (Adobe Photoshop, Lightroom, va boshqalar) qaraladi.
Fototexnika ekspertizasida qo‘llaniladigan metodlar quyidagilardir:
- Vizual tahlil: tasvir strukturasi va fizik belgilarini ko‘z bilan baholash;
- EXIF ma’lumotlarini tahlil qilish: suratning texnik tafsilotlari (kamera modeli, diafragma, ISO, GPS koordinatalari)ni aniqlash;
- Hash va piksel darajasida tahlil: rasmning o‘zgartirilgan qismlarini aniqlash;
- Spektral va giper-spektral tahlil: rasm rang diapazonini ilmiy tahlil qilish;
- Kompyuter dasturlari yordamida autentifikatsiya: maxsus forensik dasturlar (ExifTool, Amped Authenticate, Forensically va boshqalar) orqali o‘rganish.
Ekspertiza jarayoni bosqichlari
- Ob’ektni qabul qilish va ro‘yxatga olish – fototexnikaning holatini hujjatlashtirish.
- Ma’lumotlarni nusxalash – xotira qurilmalaridan dalillarni bit-to-bit ko‘chirish.
- Texnik tahlil – qurilma parametrlarini va fayl tuzilishini tekshirish.
- Tasvir tahlili – rasmning o‘zgartirilgan qismlari, soxta montaj belgilarini aniqlash.
- Xulosa tayyorlash – olingan natijalar asosida ilmiy asoslangan ekspert xulosasi yoziladi.
Qo‘llanilish sohalari
Fototexnika ekspertizasi quyidagi sohalarda qo‘llaniladi:
- Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov jarayonlarida (daliliy surat va videolar tahlili);
- Sud majlislarida tasviriy axborotning haqiqiyligini isbotlash;
- Axborot xavfsizligi va ommaviy axborot vositalaridagi soxtalashtirish holatlarini aniqlash;
- Intellektual mulk va mualliflik huquqlarini himoya qilishda.
Zamonaviy tendensiyalar
Bugungi kunda fototexnika ekspertizasi raqamli texnologiyalar bilan chambarchas bog‘liq. Sun’iy intellekt asosida ishlovchi tizimlar rasm tahririni aniqlash, soxta suratlarni ajratib ko‘rsatish imkonini bermoqda. Shuningdek, blokcheyn texnologiyasi orqali tasvirning “asl nusxa”si raqamli tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilib, keyingi o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi.
D.Sh. Ataniyazov
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi bo‘limi boshlig‘i, 1-darajali yurist.