Radiotexnika ekspertizasi

Radiotexnika fan va texnikaning keng sohasi bo‘lib, dunyodagi kun sayin taraqqiy etib borayotgan barcha turdagi raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirilgan tizimlar va aloqa vositalarining asosini tashkil etadi.

Radiotexnika ekspertizasi jinoyat, fuqarolik ishlari, ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar, turli nizoli vaziyatlar bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruvlar va boshqa ishlarda tayinlanishi mumkin.

Radiotexnika ekspertizasi tadqiqot obyektlari – radioelektron qurilmalar, ularning tarkibiy qismlari va texnik hujjatlari, mobil elektronika qurilmalar, SIM-kartalar, radarlar, metall detektorlari, radioboshqaruvli uchuvchisiz apparatlar(dronlar), avtomobil signallarini qulfdan chiqarish uchun qurilmalar, radio shovqinlarni yaratuvchi qurilmalar, ratsiyalar va ularning bazaviy stansiyalari, radiotexnika qurilmalarining komponentlari, yashirincha ma’lumotlarni to‘plash uchun ishlatiladigan qurilmalar.

Radiotexnika ekspertizasining predmeti – radioelektron qurilmalardan fizika, elektronika, radiotexnika sohasidagi maxsus bilimlar asosida ish uchun ahamiyatli zarur ma’lumotlarni aniqlashdan iborat.

Radiotexnika ekspertizasi quyidagi vazifalarni hal etiladi:

  • tadqiqot uchun taqdim etilgan qurilmaning maqsadini, radiotexnika uskunasi ekanligi yoki yo‘qligini aniqlash;

–        tadqiqot uchun taqdim etilgan qurilmaning texnik tavsiflarini aniqlash;

–        qurilmaning ishlash qobiliyatini aniqlash;

–        texnik qurilmalarning apparat komponentlaridan kelib chiqib uning umumiy holati va jismoniy nuqsonlar mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash;

–        tekshirilayotgan radioelektron qurilmaning tarkibiy qismlariga o‘zgartirish kiritilganligi yoki yo‘qligini aniqlash;

–        tadqiqot uchun taqdim etilgan qurilma ishchi holatida bo‘lmasa hamda uning xotirasi mavjud bo‘lsa undan ish uchun ahamiyatli ma’lumotlarni qidirish va olish imkoniyatlarini aniqlash.

 

Radiotexnik ekspertizada qo‘llaniladigan asbob-uskunalarning imkoniyatlari

Tadqiqot qilinayotgan radiotexnik qurilmalarning signal va radiochastota o‘lchovlarini aniqlash;

Elektr signalining xususiyatlarini o‘lchash;

Signal va radiochastota o‘lchovlarini solishtirish;

Qurilmaning ishdan chiqqan komponentlarini aniqlash;

Ishdan chiqqan komponentlarni almashtirish;

Qurilmani ishchi holatiga keltirish;

Qurilma xotirasi mavjud bo‘lsa undan kerakli ma’lumotlarni olish;

Tizim va xizmat ma’lumotlarini (системная и служебная информация) ko‘rish va tahlil qilish (bajarilgan ishlar ketma-ketligi);

Turli mezonlar bo‘yicha (kontekst, xususiyatlar, xesh-funksiyalar va boshqalar) ma’lumotlarni qidirish va tahlil qilish;

Tadqiqot natijalari hisobotini shakllantirish.

Radiotexnika qurilmasining holatini aniqlash masalasini hal qilish uchun radiotexnika ekspertizasiga qo‘yiladigan savollar quyidagi ko‘rinishda bo‘lishi mumkin:

  1. Taqdim etilgan obyekt radiotexnika qurilmasimi?
  2. Taqdim etilgan qurilma ma’lumotlarni xufyona olish uchun mo‘ljallangan maxsus texnik vositalar toifasiga kiradimi?
  3. Taqdim etilgan qurilma ishchi holatidami?
  4. Taqdim etilgan qurilmaga texnik qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilganmi?
  5. Taqdim etilgan qurilmaning xotirasi mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa, undan ma’lumotlarni olishning imkoni bormi?
  6. Taqdim etilgan qurilma yordamida qanday turdagi ma’lumotlarni olish mumkin?
  7. Taqdim etilgan SIM kartaning xotirasida foydalanuvchiga oid ma’lumotlar mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa ularni olish imkoni bormi?
  8. Muayyan sharoitlarda (masofa, noqulay sharoitlar, shovqin mavjudligi va boshqalar) taqdim etilgan qurilma yordamida ma’lumotni xufyona olish mumkinmi?
  9. Taqdim etilgan radiotexnika uskunasimi? Ha bo‘lsa radioshovqin hosil qilishda ishlatish mumkinmi?
  10. Taqdim etilgan qurilmalar yordamida plastik toʻlov kartalaridagi maʼlumotlarni va bankomat klaviaturasidagi tugmalar bosilishi haqidagi maʼlumotlarni (shu jumladan PIN kodlar) olish mumkinmi?

Bugungi kunda radiotexnika ekspertizasining imkoniyatlari ancha keng bo‘lib, ulardan samarali foydalanilsa, ayrim turdagi jinoyatlarni aniqlash va tergov  qilish sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

 

D.Sh. Ataniyazov

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi
Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi bo‘limi boshlig‘i, 1-darajali yurist.