Moliya-kredit ekspertizasi imkoniyatlari.

Hozirgi davrda mamlakat iqtisodiyotida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va investitsion muhitni yaxshilash eng muhim masalalardan biridir. Shu jarayonda sud moliya-kredit ekspertizasi moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, kreditlash jarayonida risklarni kamaytirish va loyihalarning iqtisodiy samaradorligini aniqlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Moliya va kredit munosabatlari – bu pul vositalarining maqsadli fondlarining hosil bo‘lishi va foydalanilishi sodir bo‘lishiga ko‘maklashuvchi va vaqtincha foydalanish uchun beriladigan narx bo‘yicha kreditor va ijarachi o‘rtasida hosil bo‘ladigan iqtisodiy munosabatlar. Moliya va kredit teoriyasi iqtisodiy fan butun tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Bu teoriya buxgalteriya hisobi fani bilan yaqin bog‘liq, chunki byudjet, moliyalashtirish, kapital mablag‘lar, soliqlar, foydadan chiqim va boshqa tushunchalarning ma’nosini ochib beradi. Bu barcha kategoriyalarning miqdorli aksi buxgalteriya hisobi bilan amalga oshiriladi.

Sud moliya-kredit ekspertizasi – bu korxona, tashkilot yoki investor tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalar, kredit shartnomalari va investitsion loyihalarni iqtisodiy tahlil qilish jarayonidir. U kredit berishdan oldin qarz oluvchining moliyaviy holatini baholash hamda investitsiya loyihasining istiqbolini belgilashga yordam beradi. Pul mablag‘lari fondlarini shakllanishi va sarflanishi, kredit mablag‘larini taqsimlanishini asosliligi aks etgan, yaʼni moliya-kredit jarayonlarini (operatsiyalarini) o‘zida aks ettirgan hujjatlarni tadqiq etish, hamda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik holatlarini aniqlash sud moliya-kredit ekspertizasi predmetidir.

Moliya-kredit ekspertizasini vazifalariga:

– moliyalashtirilgan mablag‘larning maqsadli taqsimlanishi;

– davlat va mahalliy byudjetga soliqlar, yig‘imlar va ajratmalarning to‘liq va o‘z vaqtida kelib tushishi;

– tashkilot (byudjet)larning tayinlangan smetalariga amal qilishi;

– moliyalashtirish va kreditlash sohasidagi qoidabuzilishlar natijasida davlat va korxona (tashkilot)larga yetkazilgan moddiy zararlar hamda asossiz yaratilgan fondlar va ulardan foydalanish;

– bank kredit mablag‘larini maqsadsiz ishlatish kabi holatlarni aniqlash kiradi.

– davlat byudjeti to‘lovlari (foyda solig‘i, ishchi, xizmatchilarning ish haqidan daromad solig‘i, jamoa tashkilotlarining daromadlarini taqsimlanishi va shu kabilar) hisob-kitoblarini asosligiga aniqlik kiritish vazifalari;

– kredit mablag‘lari olish uchun korxona tomonidan bank muassasiga noto‘g‘ri maʼlumotlar berilishi holatlarini aniqlash;

– keraksiz, haridorgir bo‘lmagan, maʼnaviy eskirgan tovar va jihozlar uchun kredit olish maqsadida asossiz rejalashtirishlar va ushbu holatda korxonaga nisbatan qo‘llanilgan jarima hamda kredit mablag‘ini muddatidan oldin qaytarib olishga bo‘lgan sanktsiyalarni asosligini aniqlash kiradi.

– ishlab chiqarish, fan va texnika, ijtimoiy rivojlantirish, moddiy rag‘batlantirish kabi iqtisodiy barqarorlashtirish fondlarini to‘g‘ri shakllanganligini aniqlash;

– korxona(tashkilot)ning kredit mablag‘lariga bo‘lgan talabini asosliligini aniqlash.

– korxona va tashkilotlar tomonidan davlat va mahalliy byudjetlarga to‘lovlarni to‘liq va o‘z vaqtida o‘tkazib berilishi aniqlash;

– byudjet tashkilotlari tomonidan (fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash va boshqalar) pul mablag‘larini asosli sarflanishi aniqlash;

– korxonalar tomonidan kreditlash tartibiga amal qilinmaslik natijasida bank tomonidan qo‘llanilgan sanktsiyalarni to‘g‘riligi va asosligi aniqlansin;

– bank tomonidan berilgan kredit mablag‘larini korxona tomonidan to‘g‘ri sarflanishi va hokazolar.

Moliya-kredit operatsiyalarini aks ettiruvchi quyidagi hujjatlar sud moliya-kredit ekspertizasining obʼekti hisoblanadi:

1) uzoq muddatli iqtisodiy meʼyorlar hujjatlar, meʼyorlar, stavkalar, limitlar, dotatsiyalar, muassasalar, bank va muassasa o‘rtasidagi kredit shartnomalari;

2) ko‘rsatkichlarni asoslovchi hisob-kitoblar ilova qilingan moliyaviy rejalar (daromad va harajatlar balansi);

3) buxgalteriya hisob-kitobining dastlabki va jamlama hujjatlari, tovar-transport yuk xatlari, bank ko‘chirmalari bilan birga to‘lov dalolatnomalari, kredit ajratish, mahsulot yetkazib berish shartnomalari, akkreditiv arizalar, hisobvaraq-fakturalar, yuk xatlar, to‘lov dalolatnomalari, jurnal orderlari, bosh kitob, balans hisoboti va boshqalar;

4) ishlab chiqarish va mahsulot tannarxi bo‘yicha buxgalteriya va statistika hisobot hujjatlari.

Sud moliya-kredit ekspertizasi usuli deganda ekspert-iqtisodchi tomonidan moliya-kredit operatsiyalari aks ettiruvchi hujjatlarni (masalan: kredit va boshqa shartnomalari, xo‘jalik munosabatini mohiyatini ochib beradigan ishchanlik yozishmalar, analitik va sintetik hisobi registrlari (jurnal-orderi, “Kredit va qarzlarni hisobi” va boshqa jurnal orderlari), operatsiya jurnali (o‘tkazmalari), “Qisqa muddatli kreditlar va qarzlar hisob-kitobi”, “Uzoq muddatli kreditlar va qarzlarni hisob-kitobi”, “Boshqa schotlar bo‘yicha hisob-kitob” schotlar kartochkalari, bosh kitobi, har xil qaydnomalar provodkaning yozuvlari bilan, schotlar bo‘yicha qoldiqlar va aylanmalar (schotlarning majmuasi), hisobot shakllari va boshqalar) fuqarolik-huquqiy tusdagi hujjatlar bilan birgalikda va boshqa ish materiallarini tadqiq qilishda, shuningdek uning yechimiga qo‘yilgan vakolatiga kiruvchi savollarga xulosa berishda foydalaniladigan uslublar majmui tushuniladi.

Shu bois, bank muassasaning, moliya-kredit tashkilotlarning va xo‘jalik subʼektlarning (korxona, tashkilot va boshqalarning) faoliyatlarini moliya-kredit taraflarni tariflovchi hamma qismlarni va ayniqsa ularning moliyaviy natijalarni to‘liq o‘rganishda sudga oid iqtisodiy usullar bilan iqtisodiy va moliya-iqtisodiy nazariyasining usullarini bir-biri bilan o‘zaro bog‘lash asosida amalga oshiriladi.

 

M.R.Fayzullayeva
Sud iqtisodiy ekspertizasi bo‘limi eksperti