Mo‘rili isitish vositalaridan foydalanishning muhim shartlari

O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi,

YTE laboratoriyasi mudiri, 3-darajali adliya maslahatchisi

Rustemov Yakubjan Kiyamovich

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Yong‘in texnik ekspertizasi laboratoriyasi amaliyoti, turmushda elektr yoki gaz manbasida ishlaydigan uskuna va moslamalardan o‘rnatilgan talab va qoidalarga amal qilgan xolda foydalanish, xayotimizning farovon o‘tishing garovi ekanligi isbotini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda energetikani rivojlantirish yo‘nalishlarida gaz va elektr energiya manbalaridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan. Chunki, bugungi kunda barcha ishlab chiqarish korxonalari, o‘quv muassasalari, zavod, fabrika, ferma, barcha tadbirkorlik sub’ektlari yoki xonadonimizni gaz va elektr energiya manbalarisiz tasavvur qila olmaymiz.

Ohirgi yillarda ko‘p kuzatilayotgan mudhish hodisalardan biri – xonadonlarda, ishlab chiqarish ob’ektlarida gaz-havo aralashmasi (hajmli) portlashi, chaqnashi yoki fuqarolarni is gazidan zaxarlanish xolatlari  sodir bo‘layotganligi sir emas. Buning oqibatida fuqarolarning hayoti xavf ostida qolishi, ularni jarohat olishi va yanada achinarlisi bazilarini vafot etishi bilan yakunlanganligini ko‘rsatmoqda.

Yong‘in texnika ekspertiza laboratoriyasi amaliyotida quyidagi xodisalarning sabablarini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkazilganligi sababli, ushbu xodisalarga qisqacha ta’rif berib o‘tiladi:

Portlash – bu qisqa vaqt ichida kichik hajmda sezilarli darajada energiya chiqishi bilan sodir bo‘ladigan va yuqori tezlik tufayli atrof-muhitga zarba, tebranish va issiqlik ta’siriga olib keladigan tez oqimli fizik yoki fizika-kimyoviy jarayon;

Chaqnash – qisqa muddatli ko‘rinadigan yorug‘lik (nur) sochish bilan kuzatiladigan yonuvchan gaz, bug‘ va havo arlashmasi moddasining yuzasidagi tez yonishidir;

Yong‘in – odamlarni hayoti va (yoki) sog‘ligiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol mulkiga, shuningdek atrof tabiiy muhitga zarar yetkazadigan, nazorat qilib bo‘lmaydigan yonish xodisasidir;

Yonish – katta miqdorda issiqlik va yorug‘lik ajralib chiqishi bilan kechadigan yonuvchi modda va oksidlovchining o‘zaro murakkab fizik – kimyoviy ta’siriga aytiladi.

Is gazi  – (uglerod oksidi) rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, uglerodi mavjud bo‘lgan har qanday yoqilg‘i: tabiiy gaz, benzin, dizel, mazut, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘larining chala yonishi oqibatida hosil bo‘ladi. Tutun tarkibida 3 foiz, ishlangan gazda 13 foiz, portlovchi gazlar tarkibida esa 50−60 foizgacha is gazi bo‘ladi.

Ma’lumki, tabiiy gaz hidsiz, rangsiz, tez alangalanuvchan, xavo bilan aralashuvchan, yopik muxitda xavo bilan aralashib, yong‘in manbayi ta’sirida portlovchi, yonuvchi xususiyatiga ega modda hisoblanadi.

Shuningdek, tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik juda ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Misol uchun metan gazining ma’lum bir hajmdagi havo bilan aralashmasi portlash (chaqnash)ga sabab bo‘ladi. Xususan, havo tarkibida 5 foizdan 15 foizgacha bo‘lgan miqdorda to‘planib qolsa, kuchli portlash xavfi paydo bo‘ladi.

Tabiiy gaz havodan yengil bo‘lganligi uchun doim yuqoriga intiladi, shuning uchun tabiiy gaz sizib chiqqanda xonaning yuqori qismida yig‘iladi va manba bilan ta’sirlashishi natijasida bir zumda chaqnashi, portlashi va yong‘inni kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Xonada hosil bo‘lgan gaz-havo aralashmasida gaz ma’lum miqdorni tashkil etganida aralashmaning yonishi tezligi sekundiga bir necha yuz metrga teng bo‘lgan portlashsimon yonishga o‘tadi, natijada portlash sodir bo‘ladi. Portlash natijasida kuchli siqilgan havo hisobiga zarb to‘lqini hosil bo‘ladi va bu binoning katta hajmda buzilishiga olib keladi.

Gazni sezish uchun unga quyiladigan asosiy talablardan biri uni hidlantirilish hisoblanadi. Gazga o‘tkir hidli modda odarant, ya’ni etilmerkaptan qo‘shiladi.

Amaliyot, aholi yashash xonadonlarida, binolarda asosan tabiiy gazdan noto‘g‘ri foydalanish, gaz uskunalarining nosozligi yoki yer ostidan o‘tayotgan quvurning teshilishi oqibatida gazning sizib chiqib xona yoki yerto‘lalarda yig‘ilib, portlashdan xavfli gaz-havo aralashmasi hosil qilib, portlashni keltirib chiqarayotganligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, bosim ostida ishlovchi qurilmalarda (bug‘ qozoni, isitish pechlari)  ham turli sabablar orqali fizik portlashlar sodir bo‘lib turganligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek,  gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, nostandart (qo‘lbola yasalgan) isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish, dudburonlarni noto‘g‘ri o‘rnatish, havo kirish yo‘llarini berkitib qo‘yish, ya’ni yetarli havo aylanmaydigan sharoitda gazga moslashtirilgan qurilmalarning havoni tortish mexanizmi ishdan chiqishi, gaz moslamalarini yoqilgan holatda nazoratsiz qoldirishi kabi xolatlarda  gazning sizib chiqib, noxush xodisalarga olib kelayoganligni ko‘rsatmoqda.

Gaz bilan bog‘liq portlashlarni sababi yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish jarayonida, portlash sodir bo‘lish mexanizmining qonuniyatlarini va hodisa sodir bo‘lgan joyning jismoniy muhitini tashkil etuvchi obektlarga uning ta’siri izlarini o‘rganish, shuningdek uning tuzilishi, usulini aniqlashdan iborat va portlash manbasining xavflilik darajasini o‘rganish asosiy vazifalarni tashkil etadi.

Shuningdek, portlash sodir bo‘lgan joyda voqea joyining ilk holatini tiklash, buzilganlik va dastlabki holatini o‘rganish, portlashni keltirilib chiqargan vaziyatni tahlil qilish, portlash qoldiqlari yordamida portlashga sabab bo‘luvchi omillarni, xodisaning kelib chiqish mexanizmini tiklash yo‘li bilan aniqlashdan iborat.

Portlash, chaqnash yoki fuqarolarni is gazidan zaxarlanish xolatlarini oldini olish uchun gaz yoqilg‘isidan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilinishi kerak. Jumladan:

– Uy-joy, xonadon yoki binoga o‘zboshimchalik bilan gaz olib kirish;

– Uy-joy, xonadon yoki bino gaz loyihasiga o‘zgartirish kiritish;

– O‘zboshimcha gaz uskunalarini ta’mirlash;

– Gaz uskunalarining konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritish;

– Shamollatish va tutun so‘rish tizimlarining tuzilishini o‘zgartirish;

– Shamollatish kanallarini, tutun haydash tuynuklarini yopib qo‘yish;

– Xavfsizlik va nazorat asboblarini o‘chirib qo‘yish;

– Dudburonlari nosoz gaz moslamalaridan foydalanish;

– Avtomatlashtirilmagan gaz uskunalarini nazoratsiz qoldirish;

– Gaz plitalaridan xonani isitish maqsadida foydalanish;

– Gaz uskunalaridan boshqa maqsadlarda foydalanish.

Shuni ta’kidlash lozimki, qaytmas jarayon xisoblangan yong‘in, portlash xodisasi sababini aniqlash, murrakkab tadqiqotlar turi xisoblanib, bu soha ekspertidan chuqur va keng doiradagi  bilimlar talab etadi. Buning asosiy sabablari, ekspertdan portlab, yonib yo‘q bo‘lib ketgan joydan, xodisa joyidagi izlarni, qoldiqlarni o‘rganish orqali, xodisaning joyidagi birlamchi xolatini aniqlash, xodisaning sodir bo‘lish mexanizmini tiklash va albatta uning kelib chiqish sababini aniqlash vazifasi yotadi.

Bundan tashqari, fuqarolarimiz tomonidan ko‘pincha uylarda, dala xovlilarda, bozorlarda yengil taom pishirib sotish kabi joylarida maishiy gaz ballonlaridan keng foydalaniladi. Ammo,  keyingi paytlarda fuqarolaramiz tomonidan maishiy gaz ballonlardan foydalanish jarayonida xavfsizlik va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasliklari natijasida yong‘in, portlash kabi xodisalarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotganligini  ko‘rsatmoqda.

Bunday baxtsiz xodisalarning asosiy sababi – aholining maishiy gaz ballonlardan noto‘g‘ri foydalanishidan kelib chiqmoqda.

Yong‘inning paydo bo‘lishi maishiy gaz ballonlaridan gazning sizib chiqishi yoki ballonlarning portlashidan kelib chiqadi. Bu fuqarolarning loqaydligi va bu borada yetarli ko‘nikmaga ega emasligidan dalolat beradi.

Ma’lumki, suyultirilgan uglevodorod gazlar tarkibida bir necha xil toksin moddalari mavjud. Bulardan asosiysi serovodorod moddasi bo‘lib, u har yili maishiy gaz ballonlarning 0,1 mm qatlamini yemirib boradi.

Shuni qayd etish lozimki, hududimizda maishiy gaz ballonlarining gaz bilan to‘ldirilishida me’yoriy hujjatlarga asosan, ballon 80 foizgacha gaz bilan to‘ldirilishi ta’kidlab o‘tilgan. Lekin bizning iqlim sharoitimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, kuz-qish mavsumlarida hamda bahorning boshlarida ballon 80 foizga to‘ldirilishi mumkin, ammo yozgi mavsumda ballonga solinadigan gaz miqdori 65 foizdan oshmasligi zarur.

Maishiy gaz ballonlaridan foydalanishda quyidagilar qat’iyan man etiladi:

–  gaz ballonlarini ochiq olov, isitish manbalari, elektr uskunalari yonida saqlash va ishlatish;

– gaz ballonlarini maxsus shlanglardan tashqari, gaz uzatishga mo‘ljallanmagan  shlanglardan foydalanish;

– sinovdan o‘tmagan tashqi qismida ishlatishga yaroqli belgisi bo‘lmagan gaz ballonlarini ishlatish;

– maishiy gaz ballonlarini havo harorati +35 darajadan yuqori bo‘lgan yashash xonalarida, garajlarda ishlatish va saqlash;

– foydalanilmasdan turgan (3-oy, undan ko‘proq vaqt) maishiy gaz ballonlarini qayta sinovdan o‘tkazmasdan ishlatish;

– bosim ko‘rsatgichi, reduktori mavjud bo‘lmagan, jo‘mragi nosoz gaz ballonlaridan foydalanish;

– gaz ballonlarini uy sharoitida to‘ldirish, yechib olish, ta’mirlash, quyosh nuri ostida yog‘li tarkiblar bilan yonma-yon va yuqori qavatli uylarda gaz ballonlarini saqlash  va ishlatish.

Yong‘in texnik ekspertizasi laboratoriyasi amaliyoti, yuqorida keltirib o‘tilgan qoidalarga amal qilmaslik mudxish xodisalariga olib kelayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli, uyimizda, ishxonamizda, qaerda bo‘lmaylik, yong‘in xavfsizligi, texnika xavfsizligi, uskunalaridan foydalanish qoidalariga amal qilishimiz zarurdir va bu bilan o‘zimizni, oilamizni, fuqarolarimizni, uyimiz xamda mol-mulklarimizni bunday baxtsiz xodisalardan saqlagan bo‘lamiz.

Foydalangan adabiyotlar:

  1. 1.Y.K.Rustemov, A.I.Xidoyatov, M.S. Saidov va boshqalar. Gaz va elektrotexnika ob’ektlarining portlash texnik ekspertizasi tadqiqotlari usullari. Toshkent, RSEM 2023.
  2. 2.Taubkin S.I. Pojar i vzrыv, osobennosti ix ekspertizы. – M., 1999. .
  3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 martdagi 226-sonli “Gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori.
  4. Internet manbalar: https://zarnews.uz/uz/post/maishiy-gaz-ballonlardan-foydalanish