Sud-soliq ekspertizasi nima uchun kerak?

Bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish, jumladan soliq tekshiruvlari materiallari sud-iqtisodiy ekspertizasining eng keng tarqalgan obyektlaridan biri hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, sud-iqtisodiy ekspertizasi yo‘nalishida sud-soliq ekspertizasi turining ishlab chiqarilganligi bejiz emas.

Jinoyat protsessida sud-soliq ekspertizasi o‘tkazishga talab jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan soliq va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, soliqlarni yashirish, soliq organi tomonidan hisoblangan qo‘shimcha soliqlarning asosliligini aniqlash bilan bog‘liq holatlarda yuzaga keladi.

Iqtisodiy sudlarda mazkur turdagi ekspertizani o‘tkazish zarurati odatda soliq organi va soliq to‘lovchi o‘rtasida soliq solish obyektini aniqlash, byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan ba’zi soliqlarni miqdori va muddati to‘g‘risidagi nizoni hal qilish lozimligida paydo bo‘ladi.

Agar soliq qonunchiligining buzilishi bilan bog‘liq holda ma’muriy javobgarlik yuzaga kelsa, unda sud-soliq ekspertizasi ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida tayinlanishi mumkin.

Mazkur ishda sud-soliq ekspertizasini ishlab chiqishda nazariya va amaliyotdagi savol va masalalarni yechish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar bayon etilgan. Ekspertizaning protsessual xususiyati va sud ekspertining iqtisodiy hamda huquqiy maqomi hozirgi davrda zamonaviy sharoitda yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida soliq solish bazasini kengaytirish orqali soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish borasida bir qator vazifalar belgilangan. O‘zbekiston PrezidentiSh. Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi hamda 2018-yil 18-iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari soliq tizimini yangi pog‘onaga olib chiqish va samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega hujjatlar hisoblanadi.

Undan ko‘zlangan asosiy maqsad – soliq tizimini davlat va iqtisodiy agentlar talablari darajasida takomillashtirish va yangisoliq qoidalarini amalga joriy etishdan iboratdir. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”giO‘RQ-599 sonQonuni bilan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinib 2020-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilgan.

Shuningdek, bugungi kunda sud-ekspert tadqiqotlarining xolisligini, har tomonlamaligini, to‘liqligini va ilmiy asoslanganligini ta’minlash maqsadida sud-iqtisodiy ekspertizalarning sinfiga kiruvchi alohida tur hisoblangan sud-soliq ekspertizalarini o‘tkazishda zamonaviy uslubiyatning asoslarini takomillashtirish, soliq tizimini o‘zgarishi natijasida ekspert tadqiqotlarini yangi tizimga xoslash, tadqiqot o‘tkazishni tartibga soluvchi yagona uslubiyat yaratishmajburiyati yuzaga keldi.

Qolaversa, sud-tergov idoralari tomonidan ekspert xulosasini ish uchun ahamiyatli dalil sifatida baholashda xulosaning yetarli darajada ilmiy asoslanganligiga shubha tug‘ilmasligi uchun ekspertning qayd etilgan faoliyatini tartibga soluvchi yagona uslubiy qo‘llanma zarur.

Bundan tashqari, uslubiy qo‘llanmaning dolzarbligi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahriri qabul qilinishi borasida tadbirkorlik subyektlarini faoliyatini soliq qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan tuzilgan tekshiruv dalolatnomalarining shakllari, ularga bo‘lgan talablar va soliq sohasidagi o‘zgarishlarga ekspert tadqiqotlarini moslashtirish, sud-iqtisodiy ekspertizada qo‘llaniladigan umumiy uslublarni mazkur sinf ekspertizalar o‘tkazishga xoslash lozimligi bilan bog‘liq.

Bundan kelib chiqadiki, sud-soliq ekspertizasining predmeti, sodir etilgan bir birlik moliyaviy xo‘jalik operatsiya bo‘yicha soliq solinadigan bazaning mavjudligi, sodir etilgan bir birlik moliyaviy xo‘jalik operatsiya bo‘yicha hisoblanishi va to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq miqdori, byudjetga hujjatlar bo‘yicha to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi faktik ma’lumotlar (tergov qilinayotgan yoki sudda ko‘rib chiqilayotgan holatlar)dagi ko‘rsatkichlar hamda tekshiruvmateriallarida aks ettirilgan holatlar bo‘yicha qo‘shimcha soliqlarning hisoblanishi uslubiy jihatdan asosliligini tadqiq qilishdir.

Bunday faktik holatlar ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da keltirilgan masala doirasida O‘zbekiston Respublikasining protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda buning uchun maxsus vakolatlangan shaxs – ekspert tomonidan aniqlanadi.

Sud-soliq ekspertizasining maqsadi – bir birlik sodir etilgan moliyaviy xo‘jalik operatsiya bo‘yicha soliq va yig‘imlarning hisoblanishi to‘g‘riligi va to‘liqligini, amaldagi soliq qonunchiligi talablariga mosligini aniqlash.

Sud-soliq ekspertizasini o‘tkazadigan ekspertsoliq qonunchiligi, shuningdek buxgalteriya hisobi va soliq hisobisohasidamaxsusiqtisodiy bilimlarga ega bo‘lishi kerak. Buning sababi, soliqlarni hisoblash soliq qonunchiligi normalari asosida soliq va yig‘imlar bo‘yicha byudjet bilan hisoblashishlar bilan bog‘liq operatsiyalarni buxgalteriya hisobi tizimida amalga oshiriladi. Hujjatlar bo‘yicha hisoblangan va to‘langan soliq va yig‘imlar to‘g‘risida axborot buxgalteriya va soliq hisobi ma’lumotlarida saqlanadi.

Sud-soliq ekspertizasi obyektlarini quyidagi guruhlarga ajratishimiz mumkin:

– asosiy obyektlar – sodir etilgan moliyaviy xo‘jalik operatsiyasi yuzasidan soliq solish elementlari to‘g‘risidagi axborotlarni o‘zida aks ettirgan belgilangan (unifikatsiyalangan) shakldagi hisob hujjatlari; soliq solish elementlarini aniqlashda qo‘llaniladigan boshlang‘ich hisob hujjatlari; buxgalteriya va soliq hisobiregistrlari; bank hujjatlari, hisobvarag‘i aylanmasidan ko‘chirma ma’lumotlari; tovarlarni ishlab chiqarish va sotish, tovar (ish, xizmat)larni sotish, yetkazib berish bo‘yicha moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalar, jismoniy shaxslarning daromadlari, yuridik va jismoniy shaxslarning daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan hisobotlar; soliq hisobotlari, moliyaviy hisobotlar, korxonaning hisob siyosati;

– yordamchi obyektlar – bu hisob hujjatlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda tadqiq qilinuvchi hisob yuritilmaydigan hujjatlar; ta’sis hujjatlari, shartnomalar, soliq tekshiruvi dalolatnomalari, soliq organlari hujjatlari (dalolatnomaga ilova qilingan tekshiruv hujjatlari va b.), auditorlik hisobotlari, boshqa mutaxassislik ekspertlarining xulosalari;

– elektron obyektlar – bu avtomatlashtirilgan hisobot materiallari (elektron hujjatning flesh xotirada taqdim etilgan shakli).

Agar qog‘oz shaklida taqdim etilgan hisobot hujjatlari elektron shaklda yaratilgan bo‘lsa, ular “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi to‘g‘risida”giNizom talablariga muvofiq majburiy rekvizitlarga ega bo‘lishi kerak.

Bunday shaklda taqdim etilgan axborotsud-tergov organlari tomonidan (flesh xotira, magnit, raqamli, optik tashuvchilar va perfokartalar) ishonchliligiga huquqiy baho berilganidan so‘ng sud-soliq ekspertizasi obyekti sifatida tadqiq qilinishi mumkin

Soliq ekspertizasi yechimiga qo‘yiladigan savollar, qoida tariqasida:

– bir birlik sodir etilgan moliyaviy-xo‘jalik operatsiya bo‘yicha byudjetga hisoblangan soliq summasining to‘liqligi;

– bir birlik sodir etilgan moliyaviy-xo‘jalik operatsiya bo‘yicha soliq summasining vaqtida to‘lanishi;

– bir birlik sodir etilgan moliyaviy-xo‘jalik operatsiya bo‘yicha soliq elementlari(stavka, soliq solish bazasi va h.z) aniqlanishi to‘g‘riligi;

– soliq tekshiruvi dalolatnomasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlarning amaldagi soliq qonunchiligi va boshqa mos normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligi;

– soliq tekshiruvi dalolatnomasida qo‘shimcha hisoblangan soliqlarning uslubiy jihatdan asoslanganligi;

– hujjatli tekshiruv (taftish, audit) o‘tkazish davrida tekshiruvchi (taftishchi, auditor) tomonidan qo‘llanilgan usul va uslublarning to‘g‘riligi (asoslanganligi);

– boshqa masalalarni (soliq imtiyozlarini qo‘llash, soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari) aniqlash bilan bog‘liq.

Sud-soliq ekspertizasi oldiga jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan sodir etilgan bir birlik moliyaviy-xo‘jalik operatsiyasi oqibatida vujudga kelgan soliq oqibatlarini aniqlash, bir birlik sodir etilgan moliyaviy-xo‘jalik operatsiya bo‘yicha soliq hisoblanishida soliq qonunchiligini tartibga soluvchi qoida va me’yorlarga rioya etilganlik holatlarini aniqlash to‘g‘risida savollar ham qo‘yilishi mumkin.

RSEMning Buxoro viloyat bo‘limi mudiri
3-darajali adliya maslahatchisi F.M. Ochilov