Bugungi kunda qurilish sohasidagi xavfsizlik, texnik me’yorlarga rioya qilish va sifat nazorati masalalari tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, nizoli holatlarni va qurilish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni adolatli hal etish zarur bo‘lgan hollarda, sud-qurilish ekspertizasi muhim rol o‘ynaydi. Ushbu ekspertiza qurilish obyektlarining texnik holati, ularning konstruktiv elementlari, hamda loyihalash va ekspluatatsiya jarayonlariga oid muhim ma’lumotlarni aniqlashga xizmat qiladi.
Sud-qurilish ekspertizasining dolzarbligi uning nafaqat nizolarni hal qilishda, balki yirik infratuzilma loyihalarini baholash, qurilishdagi ehtimoliy xatolarni bartaraf etishda ham qo‘llanilayotganidan dalolat beradi. Bu jarayonda ishonchli, aniq va xolis xulosaga kelish uchun zamonaviy asbob-uskunalar va ilg‘or texnologiyalar muhim ahamiyat kasb etadi. Sud-qurilish ekspertizasida xorijiy davlatlarda qo‘llaniladigan zamonaviy asbob-uskunalardan biri bo‘lgan GNSS (Global Navigatsion Satellite System) va Taxeometr haqida batafsil tushuncha beramiz.
GNSS (Global Navigatsion Satellite System)
GNSS – bu butun dunyo bo‘ylab joylashuvni aniqlash tizimi bo‘lib, u yer orbitasida harakatlanayotgan sun’iy yo‘ldoshlar orqali ishlaydi. Ushbu tizim AQSh tomonidan ishlab chiqilgan va dastlab harbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan edi, biroq hozirda u fuqarolik sohalarida ham keng qo‘llanilmoqda. GNNS va GPS qurilmalari bugungi kunda transport, qurilish, qishloq xo‘jaligi, kartografiya, navigatsiya, geologiya, va hatto kundalik hayotda ham keng tarqalgan. Bu global navigatsiya sun’iy yo‘ldosh tizimi orqali, obyektlarning aniq joylashuvi, chegaralari, maydoni o‘lchamlari haqida ma’lumot olish imkonini beradi. Bu tizim orqali yer va binolarning aniq koordinatalari olinadi. Sud-qurilish ekspertizasida GNSS tizimidan foydalanishning afzalliklari juda katta.
GNSS tizimining yordamida yer yuzasidagi barcha obyektlar va qurilishlarning o‘lchovlari maksimal darajada aniq va tez amalga oshiriladi, bu esa sud-qurilish ekspertizasi jarayonida o‘z navbatida xatoliklarni kamaytiradi. Ushbu texnologiyalar real vaqt rejimida aniq koordinatalarni belgilash va tezkor o‘lchash ishlarini amalga oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, ushbu qurilmalardan olingan ma’lumotlar asosida AutoCAD va boshqa muhandislik dasturlarida yer maydonlari hamda unda joylashgan bino va inshootlarning chizmalarini aniq va to‘g‘ri o‘lchangan holda ishlab chiqish imkoniyati yaratiladi. Bu esa sud ekspertizasi tekshirishlarni yanada ishonchli, tezkor va xatosiz bajarilishini ta’minlaydi.
Taxeometr
Taxeometr (yoki total station) – bu yer o‘lchovlarida qo‘llaniladigan zamonaviy asbob-uskunadir. Taxeometr, o‘zining lazerli texnologiyasi yordamida masofalarini aniq o‘lchash imkonini beradi. Bu asbob yordamida har xil o‘lchovlarni bajarish mumkin, masalan:
Masofalarni o‘lchash: Taxeometr yordamida masofalarni yuqori aniqlik bilan o‘lchash mumkin, bu esa sud-qurilish ekspertizasi jarayonida binolar va obyektlarning holatini tahlil qilishda juda muhimdir.
Vertikal va gorizontal o‘lchovlar: O‘lchovlarni turli yo‘nalishlarda bajarish, shu jumladan binolarning balandliklari, poydevorlar va boshqa strukturaviy elementlarning holatini tekshirish imkonini beradi.
Taxeometr asboblari zamonaviy qurilish ishlarida, shuningdek, yer holati va inshootlar holatini tekshirishda keng qo‘llaniladi. Bu asbob, ayniqsa, tekshiriladigan obyektlar orasidagi masofalar va o‘lchovlar yuqori aniqlikda bo‘lishi kerak bo‘lgan holatlarda juda foydalidir
Taxeometrlar yordamida ekspertlar obyektlar o‘rtasidagi masofalarni millimetrgacha aniqlik bilan o‘lchay oladilar. Bu esa, ayniqsa, binolarning siljishi, deformatsiyasi yoki joylashuvdagi nomuvofiqliklarni aniqlashda juda muhimdir. Shuningdek, taxeometr yordamida hosil qilingan o‘lchovlar raqamli formatda saqlanadi, bu esa keyinchalik ularni hujjatlashtirishda, ekspertiza xulosalarini tuzishda ham qulaylik yaratadi.
Bundan tashqari, taxeometrlar zamonaviy dasturiy ta’minotlar bilan uyg‘un ishlaydi. Bu dasturlar yordamida o‘lchov natijalarini tahlil qilish, grafik chizmalar yaratish, orqali binoning holatini ko‘rsatish mumkin bo‘ladi. Masalan, bir binoning loyihada belgilangan balandligi 15 metr deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, ammo amalda 14,5 metr bo‘lib chiqsa, bu normativ hujjatlarga zid keladi. Taxeometr orqali aniqlangan bu farq dalil sifatida huquqiy jarayonlarda muhim o‘rin tutadi.
Yana bir muhim jihat — taxeometrlardan foydalanish natijasida inson omiliga bog‘liq xatoliklar kamayadi. Oddiy qurilish o‘lchov usullarida insonning e’tiborsizligi yoki tajriba yetishmasligi natijasida noto‘g‘ri ma’lumotlar olinishi mumkin. Taxeometr esa avtomatlashtirilgan tizim orqali o‘lchovlarni amalga oshiradi va bu xatolik ehtimolini keskin kamaytiradi. Ayniqsa, sud ekspertizasida bunday aniqlik juda muhim, chunki bu yerda har bir millimetr va burchakning og‘ishi muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin..
Bundan tashqari, taxeometrlar faqat bino va inshootlarning o‘lchamlarini emas, balki atrof-muhitning ham joylashuvini aniqlashga imkon beradi. Bu jihat ayniqsa yer maydoni bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda muhimdir. Masalan, ikki qo‘shni yer egalari o‘rtasida yer maydoni noto‘g‘ri belgilangan degan shubha mavjud bo‘lsa, taxeometr yordamida yer chegaralarini aniq aniqlash va bo‘lish mumkin.
Shuningdek, sud ekspertizalarida taxeometrdan foydalanish orqali obyektlarning loyihaviy chizmalarini joyida tekshirish mumkin. Bu orqali qurilishdagi buzilishlar, ruxsatsiz o‘zgartirishlar yoki me’yoriy hujjatlarga zid holatlar aniqlanadi. Natijada, bu dalillar sud jarayonida ishonchli asos sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda sud-qurilish ekspertizasida GNSS/GPS va taxeometr kabi zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanish, o‘lchovlar aniqligini ta’minlash, qurilishlar holatini ishonchli baholash va xatoliklarni kamaytirish uchun zarurdir. Ushbu texnologiyalar orqali amalga oshirilgan o‘lchovlar va tahlillar, ekspertlarga aniq va ishonchli xulosalar chiqarishga imkon beradi, bu esa sud jarayonlarida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Zamonaviy asbob-uskunalar yordamida sud-qurilish ekspertizasi jarayonida nafaqat vaqtni tejash, balki xatoliklarni minimallashtirish ham mumkin bo‘ladi.
Alimbayev Jamshid
Sud ekspertlik ilmiy tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi