Respublikamizda avtomobillashtirish jarayoni tez rivojlanayotgani sababli yo‘l-transport hodisalari soni ham ko‘payib borishini kuzatishimiz mumkin. Stastistik ma’lumotlarga ko‘ra har yili 10000 atrofida yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, natijada 2500 ga yaqin odam halok bo‘lgan.
Amaliyotda, yo‘l-transport hodisalari asosan quyidagi turlarga bo‘linadi, bu:
– piyodalarni urib ketish;
– transport vositalarning to‘qnashuvi;
– transport vositalarining ag‘darilishi;
– qo‘zg‘almas to‘siqlar bilan to‘qnashuv;
– nomexanik transport vositalarini urib ketish;
– transport vositalaridan yo‘lovchilarni yiqilishi yoki tushib qolishi.
Har bir yo‘l-transport hodisasi qisqa vaqt ichida sodir bo‘ladigan murakkab hodisa bo‘lib, uni tergov qilishda transport muhandislik, yo‘l qurilishi va foydalanishi, yo‘l harakatini boshqarish va xavfsizligi, tibbiyot va yo‘l harakati psixologiyasi soxasidagi mutaxassislarining yordami talab qilinadi, bunday maxsus bilimlar – ekspertlik bilimlar nomlanadi va bunday soxalardan biri – sud avtotexnika ekspertizasi deb ataladi.
Transport vositalarning texnik holatini, voqea sodir bo‘lgan joydagi yo‘l vaziyatini va voqea ishtirokchilarining harakatini, shuningdek voqea yuz berishiga sababchi bo‘lgan holatlarni belgilab beruvchi, yo‘l-transport hodisasining mexanizmi (jarayoni) bilan bog‘liq bo‘lgan haqiqiy ma’lumotlarni aniqlash – sud avtotexnika ekspertizasi tadqiqotining predmeti hisoblanadi.
Sud avtotexnika ekspertizasi o‘z o‘rnida bir necha turga bo‘linadi. Har bir turi o‘ziga xos predmeti, ob’ektlari, tadqiqot usullari va ekspertizaga taqdim qilinishi zarur bo‘lgan materiallar to‘plami bilan ajralib turadi. Shularni hisobga olib sud avtotexnika ekspertizasi amaliyotda mamlakatimizda quyidagi turlariga bo‘linadi:
- Yo‘l transport hodisasi mexanizmini matematik hisoblar bilan tadqiqot qilish ekspertizasi.
- Transport vositasining texnikaviy holati ekspertizasi.
- Transport vositasi va yo‘l transport xodisasi joyidagi izlarni (transport-trasologiya yoki transport-izshunoslik) ekspertizasi.
- Sud-transport baholash ekspertizasi
- Avtomobil yo‘llari ekspertizasi.
Sud avtotexnika ekspertizasi Respublikamizda 1961 yildan buyon bajarilishi boshlangan va bir necha marotaba jiddiy ko‘rib chiqilib, zamon talablariga takomillashtirilgan. Oxirgi yillarda sud-avtotexnika ekspertizasi yo‘nalishida bir qator o‘zgarishlar, shu bilan birga yo‘l-transport hodisalari yuzasidan ekspertizalar o‘tkazish jarayonida zamonaviy kompyuter dasturlar va asbob-uskunalar bilan jihozlanishlar amalga oshirildi va hozir X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Sud-avtotexnika laboratoriyasida mavjud bo‘lgan maxsus kompyuter dasturlaridir.
Albatta, hozirgi kunda, har qanday jinoyatning tez va samarali fosh etilishi voqea joyini ko‘zdan kechirish, voqea mexanizmni aniqlash, ashyoviy dalillarni aniqlash va saqlab qolish, shu bilan birga, yuqori sifatli suratga olish kabi birlamchi tergov harakatlarining sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Bunday holda, ekspertning xar kuni ishlatadigan asosiy vositalardan biri zamonaviy raqamli fotokamera bo‘lib, u hatto nostandart sharoitlarda ham yuqori sifatli tasvirni olish va voqea joyidagi holatni to‘liq aks ettirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, ayrim holatlarda YTHdan keyin haydovchilar almashib qolishi, oldi haydovchi o‘rindig‘ida qaysi shaxs bo‘lganligi, oldi yo‘lovchi o‘rindig‘ida kim bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlashda, albatta voqea joyiga kelgan tergov yoki ekspertlar guruhi biologik izlarni maxsus fotoapparatlardan foydalangan xolda aniqlash mumkinligi inobatga olgan xolda, kelgusida voqea joyiga chiquvchi barcha guruhlar shunday zamonaviy maxsus raqamli fotokameralardan keng foydalanilishni yo‘lga qo‘yilishiga ishonch bildiraman.
Yana bir taklif sifatida, voqea joiyga chiquvchi ekspert va tergov guruhlarini zamonaviy 3D-skanerlar bilan ta’minlash kerak deb o‘ylayman. Hozirgi kunlarda rivojlangan davlatlarda yo‘l-transport hodisasi natijasida olingan avtotransport vositalaridagi shikastlanishlarni va ularning yo‘ldagi joylashuvlarini o‘zgarishsiz saqlab qolish uchun lazerli skanerlash usuli keng qo‘llanib kelinmoqda, bu esa o‘z o‘rnida o‘lchamlarni va masofalarni aniqlashda xatolikni kamaytirishga va voqea joyini ko‘zdan kechirish vaqtini qisqartirishga imkon beradi.
Biz bilamizki, hozirgi kunlarda raqamli video qayd etish tizimlarining keng tarqalishi sud, tergov va dastlabki tergov organlari ixtiyorida yo‘l-transport hodisasini qayd etgan videoyozuv materiallari tobora ko‘proq paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu materiallarni tadqiq qilish voqea haqida ma’lumot olish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi. Misol uchun Markazning sud-avtotexnika ekspertlari ixtiyorida 2019 yildan DTP-Expert nomli maxsus kompyuter dasturi mavjud bo‘lib, ushbu dastur yordamida:
- hodisa davomiyligi;
- hodisa ishtirokchilarining tezligi va uning o‘zgarish xolatlari
- harakat ishtirokchilarining voqea joyida ko‘rsatilgan vaqtda keltirilgan ob’ektlarga nisbatan joylashuvi;
- transport vositalarining harakatlanish o‘lchamlari;
- voqea joyidagi izlarning o‘lchami va joylashuvi;
- ma’lum vaqt davomida transport vositalarning tashqi yoritish asboblari va svetofor ob’ektlarining ish tartibi va haqiqiy holatlari kabi savollarni xal qilish imkonini berdi
Shuni ta’qidlash lozimki, 2020-2021 yillar davomida sud-avtotexnik ekspertlari tomonidan videotasvirlarga asosan 300 dan ortiq ekspertizalar bajarildi va ushbu yo‘nalishda ekspertizalar soni ko‘payib bormoqda.
Keyingi Markazning ekspertlari ixtiyorida bo‘lgan maxsus kompyuter dasturi, bu PC-Crash dasturi. PC-Crash – raqamli texnologiyalar yordamida yo‘l-transport hodisasi mexanizmini aniqlash, qayta tiklash hamda 3D-modellashtirish imkoniyatini beruvchi maxsus kompyuter dasturi hisoblanadi va ushbu dastur bir qator Yevropa, Osiyo va MDX davlatlarida keng qo‘llanadigan dasturlar qatoriga kirib, bizning ekspertlarimiz hozirda ushbu dasturdan samarali fodalanish maqsadida malaksini oshirib kelmoqda.
Yana bir, nisbatan oddiyroq kompyuter dasturi, bu xammaga taniqli AutoCAD grafik dasturi bo‘lib, ushbu dastur yordamida ekspertlarimiz oddiy vazifalarni, ya’ni ekspertlik chizmalarni, transport vositalarni YTH vaqtida bir biriga va yo‘l elementlariga nisbatan joylashuvini aniqlash va aks ettirish vazifalarini bajarib kelmoqda.
Maxsus asbob uskunalarga o‘tsak, biz bilamizki har qanday zamonaviy avtomobil ichki diagnostik sensorlar asosida ishlaydigan elektron boshqaruv bloklari bilan jixozlangan bo‘lib, barcha g‘ayritabiiy (elektron nosozliklar bo‘iycha) ma’lumotlar kontroller xotirasiga yozilib qolish va uni saqlab qolish imkonini beradi. Butun dunyo bo‘ylab boshqaruv bloklaridan ma’lumot olish uchun diagnostika skanerlari va ushbu bloklar bilan “axborot almashish” imkonini beradigan tizimlar qo‘llaniladi. Markaz ekspertlari ixtiyorida zamonaviy Launch X431 PAD V skaneri bo‘lib, ushbu skaner eng zamonaviy diagnostik uskunalardan biri bo‘lib, 100dan ortiq avtomobillarini elektron tizimdagi ma’lumotlarni olishga imkoniyat beradi. Ekspertlar uchun eng muhim ma’lumotlar, ya’ni avtomobilda YTHdan oldin nosozliklar mavjud bo‘lganmi, agar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, ushbu nosozliklar YTHga ta’sir qilganligi to‘g‘risidagi faktlarni aniqlash imkonini beradi. Shu bila birga, bir qator horijiy transport vositalardagi elektron bloklar YTH vaqtidagi tezlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni saqlab qoladi va ushbu ma’lumotlarni ham mahsus skaner yordamida aniqlash imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Sud-avtotexnika ekspertizasi jarayonida qo‘llaniladigan asbob-uskunalar ro‘yxati juda keng bo‘lib, qisqacha yana bir qator juda muhim uskunalarni keltirib, asosiy funksiyalar to‘g‘risida gapirib o‘tish lozim.
Deselerometr – avtomobilning sekinlashish miqdorini (vaqt birligida tezlikni kamaytirish) o‘lchash uchun inersial (mayatnik) turdagi qurilma.
Lyuftomer – g‘ildiraklar harakati boshlanishidan oldin rulning umumiy aylanish burchagini (lyuftini) o‘lchash uchun mo‘ljallangan.
Avtomobillarning bo‘yoq qalinliklarini o‘lchay uchun tolщinomer, bizning laboratoriyada o‘lchagich mavjud bo‘lib, hozirgi kunlarda avtomobil oldi sotisida axoli tomonidan ushbu uskunaga qiziqish bildirilmoqda. Bunda bo‘yoq qalinligidan avtomobil bo‘yolganligi, ya’ti ta’mirlanganligi yoki ta’mirlanmaganligini aniqlash mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, sud-avtotexnika ekspertlari uchun maxsus ko‘chma laboratoriya harid qilingan bo‘lib, ushbu laboratoriya tarkibiga YTH joyida ishlash va transport vositalarni sifatli ko‘zdan kechirish uchun mo‘ljallangan zamonaviy maxsus asbob-uskunalar bilan jixozlash nazarda tutilgan.
Avtomobil oynalarini yorug‘lik o‘tkazishni o‘lchagichi, bizning laboratoriyada TONIK rusumli o‘lchagich mavjud bo‘lib, hozirgi kunlarda axoli tomonidan ushbu uskunaga qiziqish bildirilmoqda.
Xulosa tariqasida, shuni ta’qidlash lozimki, mamlakatimiz ko‘chalarida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash ko‘plab omillarga, jumladan, yo‘l-transport hodisalarining profilaktikasi, huquqbuzarliklarni fosh etishning to‘g‘ri tahlili va dalillar bazasi sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Bugungi kunda rivojlangan davlatlarda voqea joyida dronlardan foydalanish jinoyatlarni ochishda samarali natijadlar bermoqda.
Dalillar bazasi, o‘z navbatida, yo‘l-transport hodisaning to‘g‘ri tahlil qilish natijasida shakllanadi, bunda tergov ishtirokchilarining texnik jixozlanishi ham muhim rol o‘ynaydi. Ekspert va tergovchilarni eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, o‘z navbatida, har tomonlama va xolisona tergovni ta’minlaydi. Tergovning har bir ishtirokchisi (ekspert bo‘ladimi, tergovchi bo‘ladimi) yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi yangiliklarni o‘rganishi va amaliyotga joriy qilish kerak bo‘ladi va shu yo‘l bilan mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligining holati yanada yuqori darajasiga erishiladi.
Absamatov Urol Sattor o‘g‘li
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xuzuridagi X.Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertiza markazi Sud avtotexnika ekspertizasi
laboratoriyasi eksperti