Bugungi kunda Respublikamizda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlari va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish holatlarini aniqlashda sud ekspertizasining, xususan, hujjatlarning sud-texnik ekspertizasining ham o‘rni beqiyos. Respublikamizdagi sud-huquq organlari bilan hamkorlikda mazkur ekspertiza imkoniyatlaridan foydalangan holda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan keng ko‘lamdagi sud ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalarning hayotimizga yanada chuqurroq kirib kelishi, ko‘plab yangi ixtiro va kashfiyotlar qilinishi o‘laroq hujjatlarning sud-texnik ekspertizasining obyektlari va mazkur turdagi ekspertiza hal qiladigan masalalar ham tobora kengayib bormoqda. Aytish joizki, hujjatlar sud-texnik ekspertizasining predmetini sud-huquq organlari ish yurituvida bo‘lgan ishlar uchun ahamiyatli hisoblanadigan, hujjatlarni tayyorlash, ularning mazmunini o‘zgartirish, ko‘rinmaydigan yozuvlarni aniqlash bilan bog‘liq faktlar tashkil qiladi.
Hujjat – ma’lum voqea-hodisalar haqida axborot beruvchi, shuningdek ba’zan yuridik kuchga ega bo‘lgan, inson aqliy faoliyati mahsuli hisoblanadigan moddiy dunyo obyekti hisoblanadi. Qolaversa, hujjatlar mazkur ekspertiza tadqiqotlarining ham asosiy obyekti hisoblanadi. Bunday hujjatlar turlicha mazmunda va shaklda bo‘lishi mumkin. Jumladan, qo‘lda yozilgan hujjatlar (bayonnomalar, arizalar, imzolar bilan tasdiqlangan matnlar va h.k.), bosma hujjatlar (printerda yoki nusxa ko‘chirish qurilmasida tayyorlangan hujjatlar), rasmiy blankalar (muhrli, shtamp bosilgan rasmiy hujjatlar), notarial hujjatlar (shartnomalar, guvohnomalar va h.k.), moliyaviy hujjatlar (kvitansiya, hisob-faktura, kassa hujjatlari) va h.k.
Aytishimiz mumkinki, hujjatlar sud-texnik ekspertizasi o‘zining obyektlari xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
Hujjatlar sud-texnik ekspertizasining obyektlari quyidagilar hisoblanadi:
- turli maqsadda bajarilgan hujjatlar (ish hujjatlari, qimmatli qog‘ozlar, xizmat guvohnomalari, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, turli diplom va sertifikatlar, banknotalar, aviachiptalar, kvitansiyalar va boshqa hujjatlar);
- hujjatlar rekvizitlarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan texnik vositalar;
- hujjatlar sud-texnik ekspertizasining an’anaviy obyektlari uchun ishlab chiqilgan metodikalar bo‘yicha tadqiq qilinadigan va tom ma’nodagi hujjat hisoblanmaydigan obyektlar– yaxshi ko‘rinmaydigan va ko‘rinmaydigan yozuvlar, muhr akslari va h.k.;
Ushbu ekspertiza tadqiqotlarida hujjatlardagi bosma matnlar, qo‘lyozma yozuvlar, imzolar, muhr va shtamp akslari, fotosuratlar, hujjatlarni tayyorlash yoki ularga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan texnik vositalar va boshqa obyektlar tadqiq qilinadi.
Hujjatlar sud-texnik ekspertizasida mazkur tadqiqot obyektlari bilan bog‘liq bir qator masalalar hal etiladi. Xususan, ushbu masalalarni qismlarning bir hujjatga tegishliligini aniqlash, hujjatlarni tayyorlash va ularga o‘zgartirish kiritishda ishlatilgan texnik vositalarni identifikatsiya qilish, hujjatning tayyorlanish usulini aniqlash, hujjatga o‘zgartirish kiritish holati va usulini aniqlash, hujjatning dastlabki mazmunini aniqlash kabi masalalar tashkil qiladi.
Sud-tergov organlari tomonidan ekspert oldiga hujjatlar sud-texnik ekspertizasida hal etiladigan masalalarga taalluqli quyidagi mazmundagi savollar qo‘yilishi mumkin:
– hujjatdagi yozuvlar bir yoki turlicha yozuv qurilmalari yordamida bajarilganmi?
– hujjatdagi barcha yozuvlar bir yozuv qurilmasida bajarilganmi?
– yozuvni bajarishda ishlatilgan yozuv qurilmasining turi qanday?
– taqdim etilgan qog‘oz qismlari bir hujjatga tegishlimi?
– taqdim etilgan hujjat tadqiqot uchun taqdim etilgan printerdan chop etilganmi?
– tekshirilayotgan muhr (shtamp) aksi aniq bir muhr (shtamp)dan qoldirilganmi?
– hujjatdagi muhr (shtamp) akslari bir yoki turlicha muhr (shtamp)lardan qoldirilganmi?
– taqdim etilgan hujjat nusxalari bir yoki turlicha elektrofotografik (yoki boshqa nusxa ko‘paytiruvchi) qurilmalar yordamida bajarilganmi?
– tekshirilayotgan bosma matnlar qanday usulda bajarilgan?
– tekshirilayotgan qo‘lyozma matn qo‘shib yozish, alohida chiziqlarni chizib qo‘yish, bir shtrixlarni ikkinchisining ustidan chizish usullari bilan o‘zgartirilganmi?
– tekshirilayotgan qo‘lyozma matn tozalash, yemirish (yuvish) usullarida o‘zgartirilganmi?
– yemirish, tozalash usullari bilan o‘chirilgan yozuvlarning mazmuni qanday?
– ustidan suyuqlik to‘kilgan, chizib tashlangan yozuvlarning mazmuni qanday?
– hujjatdagi muhr (shtamp) aksi qanday usulda bajarilgan?
– muhr (shtamp) aks va hujjatning boshqa rekvizitlaridagi o‘zaro kesishuvchi shtrixlar qanday ketma-ketlikda bajarilgan?
– muhr (shtamp)ning yaxshi ko‘rinmaydigan aksi mazmuni qanday?
– muhr (shtamp)ning o‘zgartirilgan aksining dastlabki mazmuni qanday?
– bosma matn va hujjatning boshqa rekvizitlari qanday ketma-ketlikda bajarilgan?
– o‘zgartirilgan bosma matnning dastlabki mazmuni qanday? va h.k.
Hujjatlarning sud-texnik ekspertizasi kriminalistik ekspertizalar ichida o‘zining ko‘p obyektliligi va hal qiladigan masalalarining turlichaligi bilan ajralib turadi. Shu sababli ushbu turdagi ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda ekspert tomonidan har tomonlama bilim, malaka va ko‘nikmalar talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasi davlat sud eksperti I.Berdimurodov