Haqorat va kamsitish: huquqiy javobgarlik va ijtimoiy oqibatlar

Jamiyatda odamlar o‘rtasidagi munosabatlar ularning o‘zaro muloqotida aks etadi. Har bir individ shaxs bo‘lib shakllanishda eng avvalo muloqot vositasi sifatida tilni o‘rganadi.

Hozirgi kunda jamiyatdagi jarayonlarning jadallik bilan rivojlanishi natijasida odamlar o‘rtasidagi muloqot asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar axborotning keng tarqalishi, hamda shaxsga oid ma’lumotlarning joylashtirilishi bilan aksariyat hollarda jiddiy munozarali masalalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Biroq, o‘zaro suhbatlarda va yozishmalarda duch kelinadigan his-hayajonli, ziddiyatli yoki bahsli vaziyatlarda yoshlar tomonidan haqoratli yoki kamsituvchi so‘zlarning qo‘llanilishi juda ko‘p kuzatilmoqda.

Kamsitish – bu shaxsning qadr-qimmatini pastga tushirish, uning sha’ni va huquqlarini buzishdir. Bu odatda, shaxsning fikrini inkor qilish yoki uning insonga xos qadr-qimmatini hurmat qilmaslik shaklida namoyon bo‘ladi. Kamsitishning turli shakllari bo‘lishi mumkin. Xususan:

– shaxsning faoliyatini yoki harakatlarini ahamiyatsiz deb ta’riflash;

– shaxsga nisbatan bepisandlikni ochiq ifodalanishi, uning qiziqishlarini inkor qilish, masxaralash;

– shaxsni qadr-qimmatini, shaxsiyatini yoki turmush tarziga nisbatan adolatsiz munosabatni ifodalash orqali namoyon bo‘ladi.

Shaxsga nisbatan bildirilgan kamsitish nafaqat uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini susaytirishi va psixofiziologik jihatdan stress va depressiyaga tushishi, balki uning umumiy ruhiy holati va jamiyatdagi ijtimoiy faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday holatlar insonning o‘z qadr-qimmatini past baholashiga, o‘zini yolg‘iz va tushkun his qilishiga, atrofdagilarga nisbatan ishonchsizlik yoki qo‘rquv hissining ortishiga olib kelishi ehtimoli yuqori.

Ayniqsa, bunday salbiy ta’sir yosh bolalarga nisbatan amalga oshirilganda yanada kuchli namoyon bo‘ladi. Bolalik davrida ruhiy barqarorlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega bo‘lib, haqorat va kamsitish ularning psixologik rivojlanishiga jiddiy putur yetkazishi mumkin.

Haqorat – bu uning shaxsiy qadr-qimmatini kamsitish orqali tahqirlovchi holatdir. Bu odatda, o‘z fikri va xulq-atvoriga munosabat bildirganda, beadab (uyat), haqoratli (so‘kish) va axloqsiz (nomunosib) so‘z va iboralarni ifodalash yoki nomaqbul xatti-harakat (tupurish), nomaqbul imo-ishoralarni  qo‘llash  orqali namoyon bo‘ladi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda yoshlarimiz o‘rtasida chet el madaniyati ta’siri ostida haqoratli qo‘l harakatlarini amalga oshirish holatlari ham ko‘plab uchramoqda. Ushbu holatlar ham bevosita muloqotda yozma yoxud og‘zaki ravishda haqorat qilgan bilan barobar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasiga asosan insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi qat’iy belgilangan.

Mazkur konstitutsiyaviy huquqlarni buzish esa, o‘z navbatida, ma’muriy huquqbuzarlikka hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga asosan haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 140-moddasiga asosan haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur moddaga asosan nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali haqorat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Haqorat va kamsitish holatlarini ob’ektiv va huquqiy baholash jarayonida sud ekspertlarining roli juda muhimdir. Ushbu jarayonda ekspertlar qo‘llanilgan so‘z va iboralarni lingvistik va psixologik nuqtai nazardan tahlil qilib, ularning haqoratli yoki kamsituvchi xarakterga egaligini aniqlash bilan shug‘ullanadilar. Shuningdek, ushbu ifodalarning shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va ruhiy holatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatganini chuqur o‘rganish ham ekspertiza jarayonining muhim tarkibiy qismidir.

Sud ekspertlari, odatda, holatni baholash jarayonida jabrlanuvchining hissiy holatini, psixologik ta’sir darajasini va ushbu holat natijasida yuzaga kelgan oqibatlarni chuqur tahlil qiladi. Ushbu baholash shaxsning o‘zini qanday his qilgani, uning jamiyatdagi mavqei, ijtimoiy va shaxsiy munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatgani kabi omillarni o‘z ichiga oladi.

Ayniqsa, kamsitish yoki haqorat natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan stress, tushkunlik, xavotir yoki boshqa psixologik o‘zgarishlarni aniqlash uchun maxsus psixologik testlar va diagnostik usullar qo‘llaniladi. Bunday usullar orqali jabrlanuvchining ruhiy barqarorligi, hissiy reaksiyalari va psixologik holati chuqur o‘rganiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, haqorat va kamsitish holatlari jamiyat hayotida salbiy ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday holatlar insonlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchning zaiflashishiga, suhbatdoshlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularni uzoq davom etuvchi stress va tushkunlik holatlariga tushishiga sabab bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shuningdek, bunday xatti-harakatlar ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoiy javobgarlikka olib kelishi ham mumkin.

Shu bois, har bir inson muloqot madaniyatiga rioya qilishi, jumladan, shaxslararo muloqotda, ijtimoiy tarmoqlarda va turli ommaviy platformalarda o‘z fikrini bildirayotganda hurmat va odob mezonlariga amal qilishi zarur. Shaxsning sha’ni va qadr-qimmati buzilmasligi uchun axloqiy va huquqiy me’yorlarga rioya qilish nafaqat individual, balki jamiyat barqarorligi va sog‘lom muloqot muhitini ta’minlash uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublikas sud ekspertiza markazi
Sud-lingvistik va psixologik ekspertizasi bo‘limi ekspertlari N. Najmidinova hamda S. Ibragimov