Hozirgi kunda sud ekspertizasi sohasida xalqaro hamkorlik institutining ahamiyati inkor etib bo‘lmaydigan darajada muhimdir. Dunyo miqyosida sud ekspertizasining rivojlanishi adolatni amalga oshirishning muhim tarmog‘i sifatida e’tirof etiladi.
Xususan, yurtimizda so‘nggi yillarda ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hamkorlikning geografiyasi doimiy ravishda kengayib, xorijiy davlatlarning sud ekspertiza muassasalari bilan muhim hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda, o‘z o‘rnida xorijiy ekspertiza muassasalarining O‘zbekistondagi sud-ekspertiza faoliyatiga ham qiziqishi ortib bormoqda.
Hozirda, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish siyosatini belgilaydigan asosiy davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bo‘lib, bu siyosatni bevosita amalga oshiruvchi yetakchi sud ekspertiza muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi hisoblanadi. Aynan ushbu muassasa tashabbusi bilan mamlakatimizda sud ekspertizasi sohasida xalqaro konferensiyalar, sessiyalar, davra suhbatlari, master-klasslar o‘tkaziladi va ularda chet el sud ekspertiza muassasalari vakillari ishtirok etadi.
Mamlakatimizda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha izchil siyosat olib borilmoqda, bu nafaqat yaqin qo‘shnilar bilan, balki uzoq xorijiy davlatlar bilan ham sheriklik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgan. Shu bilan birga, ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari doirasida, mamlakatimiz sud ekspertiza muassasalarining mintaqaviy va jahon miqyosidagi nufuzli sud-ekspertiza hamjamiyatlariga a’zoligi borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga turtki bo‘lgan voqealarni ta’kidlash muhim. Xususan, 2019-yilda o‘tkazilgan “Tashkent Law spring” Xalqaro huquqiy forum forumining alohida sessiyasida “Sud ekspertizasi” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirni ta’kidlash lozim, unda nafaqat yetakchi sud ekspertizasi va ilmiy-amaliy tashkilotlarning rahbarlari, balki chet elning yetakchi ekspertlari va mutaxassislari ham ishtirok etishdi. Mazkur sessiyada Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya, Gruziya, Italiya, Litva, Rossiya va AQSh vakillari ishtirok etib, sud ekspertizasi sohasidagi dolzarb muammolar va uning rivojlanish yo‘llari muhokama qilindi. Bugungi kunda ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu tadbir mamlakatimizda sud ekspertizasi faoliyatini rivojlantirish uchun muhim turtki bo‘ldi.
Bundan tashqari, sud ekspertiza muassasalarini xalqaro standartlar bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazish muhim omil hisoblanadi. Xususan, 2020-yilda mamlakatimiz davlat sud ekspertiza muassasalarining sud-ekspertiza laboratoriyalari ISO/IEC 17025 xalqaro standarti bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Yana bir muhim voqea sifatida 2023-yilda III Xalqaro huquqiy forum doirasida o‘tkazilgan “Sud ekspertizasining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi sessiyani ta’kidlash lozim, unda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston va Turkmaniston vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan Belarus Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi va Armaniston Respublikalariga tashriflar tashkil etildi. 2023-yilda Qozog‘istonning Oktobe shahrida xorijiy davlatlarning Adliya vazirliklari huzuridagi ekspertiza muassasalarining rahbarlari ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazildi, unda ushbu davlatlar sud-ekspertiza muassasalarini integratsiyalashuvi va sud ekspertizasi muassasalari tarmog‘ini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi. Keyinchalik, SHHTga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashi huzurida sud ekspertizasi faoliyati bo‘yicha ishchi guruh tuzildi, uning tarkibiga X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi vakillari ham kiritildi.
2023-yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertizasi markazi Osiyo sud ekspertiza muassasalari tarmog‘ining (AFSN) 18-a’zo davlatiga aylandi. Avvalroq Markazdan tashqari, Markaziy Osiyoda ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan yagona tashkilot Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi sud ekspertizasi markazi edi.
Sud ekspertizasi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha hozirgi kunga qadar imzolangan quyidagi hujjatlarni e’tirof etish o‘rinli bo‘ladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida sud-ekspertiza faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha 2021-yil 6-dekabrda Astana shahrida imzolangan hamkorlik haqidagi memorandum;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Belarus Respublikasi Sud ekspertizasi davlat qo‘mitasi o‘rtasida sud ekspertizasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi 2018-yil 5-martda Minsk shahrida imzolangan kelishuv;
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi hamda Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi huzuridagi Rossiya federal sud ekspertizasi markazi o‘rtasida sud-ekspertiza faoliyatida hamkorlik bo‘yicha 2019-yil 21-oktabrda Moskva shahrida imzolangan kelishuv;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi va Ukraina Sud ekspertizasi instituti o‘rtasida sud ekspertizasi sohasidagi hamkorlik haqida 2020-yil 24-dekabrda imzolangan memorandum;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Turkiya Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida sud ekspertizasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida 2022-yil 29-martda Toshkent shahrida imzolangan memorandum;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi va Armaniston Respublikasining Ilmiy-tekshirish markazi sud ekspertizasi o‘rtasida 2023-yil 17-mayda Toshkentda imzolangan hamkorlik haqidagi memorandum;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi va Belarus Respublikasi Sud ekspertizasi davlat komiteti o‘rtasida sud ekspertizasi sohasida hamkorlik haqidagi 2023-yil 17-mayda Toshkentda imzolangan kelishuv;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi va Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligining Sud ekspertiza markazi oʻrtasida 2024-yil 23-avgustda imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv;
O‘zbekiston Republikasi Hukumati hamda Malayziya Hukumati o‘rtasida sud ekspertlik faoliyati to‘g‘risidagi 2025-yil 5-fevralda Malayziyaning Kuala – Lumpur shahrida imzolangan kelishuv.
Yuqorida keltirilgan memorandumlar va kelishuvlar sud ekspertizasi sohasidagi turli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirishni nazarda tutadi, shu jumladan, ilmiy-tekshirish faoliyatini birgalikda amalga oshirishdan tortib, sud ekspertlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishgacha. Hozirda ushbu kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertizasi markazi va Turkiya sud tibbiyoti instituti bilan yaqin hamkorlikni ta’kidlash lozim. Jumladan, Markaz mutaxassislari sud-avtotexnik, fonografik, kompyuter-texnik va genetik ekspertiza laboratoriyalarida amaliyot o‘tab, xalqaro tajribani o‘zlashtirishdi.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim masala sifatida ekspertiza tadqiqotlari sifatini oshirishni ham ta’kidlash lozim. Hozirgi kunda sud ekspertizasi rivojlanishining zamonaviy bosqichida ekspertiza tadqiqotlarining sifatini kafolatlashda xalqaro standartlarga muvofiq sifat menejmenti tizimlarini va akkreditatsiyani joriy etish asosiy o‘rin tutadi. Akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar yaxshi tashkil etilgan sifat tizimiga egaligidan dalolatdir. Hozirgi kunda Markazning to‘rtta laboratoriyasi ISO/IEC 17025 xalqaro standarti bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan.
Shuningdek, ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun standartlarni ishlab chiqish va joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu sohada faoliyat mamlakatimizda yaqinda tashkil etilgan sud ekspertizasi bo‘yicha texnik komitet STK-15ni yaratish orqali amalga oshirilmoqda, unga deyarli barcha davlat sud ekspertizasi muassasalari vakillari kiritilgan. Ushbu faoliyat xalqaro hamkorlik bilan bevosita bog‘liqdir. Xususan, STK-15 texnik qo‘mitasi MTK-545 davlatlararo standartlashuvi kengashiga a’zo sifatida qabul qilindi, shuningdek, ISO/TC 272 “Forensic sciences” xalqaro texnik qo‘mitasiga 19-nazoratchi sifatida qabul qilindi, bu esa ekspertiza tadqiqotlariga xalqaro standartlarni yanada faol joriy etishga yordam beradi.
Markazning yaqin kelajakdagi rejalari sud ekspertizasi faoliyatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘lib, kelgusida xalqaro hamkorlik sohasida qator nufuzli sud ekspertiza muassasalari bilan kelishuvlarga erishish ko‘zlangan, bu esa o‘z navbatida Respublikamizda sud ekspertiza hamda sud-huquq tizimi yanada rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Xalqaro hamkorlik va jamoatchilik
bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i,
2-darajali adliya maslahatchisi
Saidxodjayev Saidillaxodja Xusanovich