SUD TRANSPORT-IZSHUNOSLIK EKSPERTIZASI BO‘YICHA TUSHUNCHA HAMDA USHBU EKSPYERTIZA HAL QILADIGAN SAVOLLAR.

Yurtimizdan bo‘layotgan juda ko‘plab o‘zgarishlar, har bir sohadagi yutuqlar qatorida avtomobilsozlik sohasida xam juda ko‘plab o‘zgarishlar hamda yutuqlarga erishib kelinmoqda. Yurtimizda avtomobillar kundan kunga ortib borayotgani yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlash masalasini taqozo qilmoqda. Bu masalani hal qilishda huquqiy mexanizmlar sezilarli o‘rin egallaydi. Yo‘l-transport hodisalari holatlarini belgilashda maxsus bilimlardan samarali foydalanish alohida ahamiyatlidir. Shuning uchun sud avtotexnika ekspertizalar ish holatlarini belgilash va odil sudlovni amalga oshirishda muhim dalil vositasi hisoblanadi. Sud avtotexnika ekspertizasi o‘z navbatida bir qancha yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, ulardan mavzuga oid bo‘lgan transport izshunoslik ekspertizasi yo‘nalishi bo‘yicha ma’lumot berib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Transport-izshunoslik ekspertizasida transport vositalarida vujudga kelgan izlar, transport vositalarini to‘qnashishi natijasida mavjud bo‘lgan shikastlarni o‘rganish, ularning o‘zaro joylashuvini taqqoslash, transport vositalaridagi shikastlanishlarning yer sathiga nisbatan o‘lchamlari va ulardagi shikastlanishlarning yo‘nalishi, shikastlarning chuqurlik va uzunliklarini, hajmini, qirilish izlarini yo‘nalishini, transport vositalarining tiklangan holatini tadqiq qilish, ajralib tushib qolgan detallar asosida quyidagi savollarga oydinlik kiritiladi.

-Transport vositalarining to‘qnashuv vaqtida bo‘ylama o‘qlari orasidagi burchakni;

-Transport vositalarining to‘qnashuv joyini;

-Transport vositalarining to‘qnashuvdan oldin, to‘qnashuv vaqtida va to‘qnashuvdan keyingi harakat yo‘nalishlarini;

-To‘qnashuv vaqtida transport vositalarining o‘zaro joylashuvi;

-To‘qnashuv vaqtida transport vositalari harakatda bo‘lganligi yoki ulardan bittasi to‘xtab turganligini;

-Transport vositalarining to‘qnashuv vaqtida yo‘l o‘qiga nisbatan qanday burchak ostidan bo‘lganliklarini;

-Bir xil yo‘nalishda xarakatlanib kelayotgan transport vositalarining xarakat yo‘nalishini o‘ngdan chapga yoki chapdan o‘ngga o‘zgartirganligini

Transport vositalarining to‘qnashuv vaqtidagi bir-biriga nisbatan joylashuvi deganda ularning bo‘ylama o‘q chiziqlari orasidagi burchak tushuniladi. Transport vositalarining to‘qnashuv vaqtidagi o‘zaro joylashuvi ularda vujudga kelgan juft jarohatlar asosida to‘qnashuv holatini tiklash yo‘li bilan aniqlanadi. Buning uchun transport vositalarida vujudga kelgan texnik shikastlarning joylashuvi, o‘lchamlari va xarakteriga ko‘ra to‘qnashuv modeli yaratiladi.

Transport vositalaring to’qnashuv joyini aniqlashda amaliyotda qo‘llanilayotgan uslubga asosan, transport vositalari to‘qnashgan joyni aniqlashda voqea joyiga ulardan to‘kilgan tuproq yuqumlari, yonilg‘i va moylash materiallari, shisha siniqlari hamda ajralib tushib qolgan har-xil detallarning joylashuvi, yo‘l yuzasida transport vositalari g‘ildiraklaridan qolgan tormoz va sirpanish izlari, ularning to‘qnashuvga qadar bo‘lgan harakat yo‘nalishlari, to‘qnashuvdan keyingi traektoriyalari va shu kabi bir qancha ma’lumotlar asos qilib olinadi.

Transport vositalarining to‘qnashuv vaqtida yo‘ldagi vaziyatlari. Transport vositalarining to‘qnashuv vaqtida qatnov qismidagi vaziyatlarini aniqlash uchun to‘qnashuv  holati  aks etgan chizma yo‘lning parametrlari va to‘qnashuv joyining geometrik o‘rni hamda ularning g‘ildiraklaridan to‘qnashuv joyiga qadar qolgan tormoz izlari  bilan to‘ldiriladi.  Natijada Transport vositalarining to‘qnashuv vaqtida  yo‘lning qatnov qismida  egallagan  vaziyatlari ma’lum bo‘ladi.

Transport vositalarining to‘qnashuv vaqtida harakatda bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini aniqlash. To‘qnashuv vaqtida avtomobilning harakatda bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi to‘g‘risidagi savol o‘ziga xos bo‘lib, har doim ham yechimga ega bo‘lmaydi. Avtomobillarning biri ikkinchisiga nisbatan ko‘ndalang yo‘nalishda harakatlanib to‘qnashgan holatda savolga javob berish ehtimoli kuchayadi. Tadqiqotlar davomida transport vositalari to‘qnashuvidan vujudga kelgan texnik shikastlar (detallarning egilishi, pachoqlanishi, sinishi, yuzasida paydo bo‘lgan sidirilish-ishqalanish izlari xarakteri) orqali ekspert tomonidan olinadigan axborotlar to‘plami qiyoslash, taqqoslash orqali amaliyot tajribalari bilan qayta tahlil qilinadi va yakuniy xulosaga kelinadi.

Transport-izshunoslik ekspertizasi yo‘l-transport hodisasiga oid ishlarni olib borishning turli bosqichlarida – hodisa yuz bergan joyni ko‘zdan kechirish, yo‘l-transport hodisasi mexanizmini tiklash jarayonida tergov organiga uslubiy yordam berishga qodir. Transport vositalarida vujudga kelgan izlarning kelib chiqish sabablari va hosil bo‘lish mexanizmiga oydinlik kiritishda transport-izshunoslik ekspertizasi alohida ahamiyatlidir. Olingan axborotlar orqali transport-izshunoslik ekspertizasi tergov va sud  organlariga yo‘l-transport hodisasining sodir bo‘lish va rivojlanib borish mexanizmi to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlar beradi.

Transport vositalaridagi deformatsiyalarning hosil bo‘lishi. To‘qnashuvning turiga qarab transport vositasida vujudga kelgan deformatsiyalar va ularning xarakteriga baho berish mumkin. To‘qnashuv natijasida vujudga kelgan o‘zgarishlar xarakteri, o‘lchamlari va joylashuvi bo‘yicha transport vositalarining o‘zaro to‘qnashuvda bo‘lgan qismlari hamda to‘qnashuv vaqtida ularning o‘zaro joylashuviga aniqlik kiritiladi.

Transport vositalarining va ulardan qolgan izlarning joylashuvi, izlarning yo‘nalishi va xarakteri, yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joyda qolgan predmetlar – avtomobildan sinib tushgan qismlar, shisha siniqlari, to‘kilgan moy dog‘lari, suv, elektrolit, tormoz suyuqligi va h.k. ko‘zdan kechirish bayonnomasiga to‘liq qayd qilinishi va chizmada ko‘rsatilishi shart, chunki, keyinchalik ushbu ma’lumotlar orqali yo‘l-transport hodisasining sodir bo‘lish mexanizmi o‘rganiladi. Amaldagi qonun talablariga ko‘ra, bayonnomaga faqatgina ko‘zdan kechirish vaqtida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar kiritiladi.

Transport vositalari haydovchilarining harakatlariga huquqiy baho berishda to‘qnashuv joyining o‘rni alohida ahamiyatlidir. Shuning uchun, tergov yo‘li bilan to‘qnashuv joyini aniqlash imkoni bo‘lmaganda ushbu savol transport-trasolgiya ekspertizasi muhokamasiga qo‘yiladi.  Ekspertiza tadqiqotlarida to‘qnashuv joyini hamda transport vositalarining yo‘ldagi vaziyatlarini aniqlash imkoniyatlari taqdim qilingan ma’lumotlardan kelib chiqadi.

Hodisa joyidagi vaziyatni hujjatlarga qayd qilish iloji boricha tez bajariladi. Yo‘ldagi harakatning cheklanishi, ya’ni to‘xtatilishi transport vositalarining yig‘ilib qolishiga olib keladi. Ayrim hollarda harakat ishtirokchisi bo‘lgan tranport vositasi yo‘lning qatnov qismida to‘xtab qolgan bo‘lib, uni joyidan qo‘zg‘atish bilan g‘ildiraklar izlari yo‘qolishi mumkin. Voqea joyi va transport vositasi har tarafdan fotosuratlarga (imkoni bo‘lsa, videotasvirga) olinadi. Foto va video tasvirlarning aniqligi, ko‘pincha, tergov harakatlarining muvaffaqiyati omili hisoblanadi. Transport vositasini hodisadan so‘ng vaqtincha saqlash joyiga transportirovka jarayonida undagi dastlabgi o‘zgarishlar (pachoqlar, dam qo‘yib yuborgan shinalar)ning xarakteri saqlanib qolishi kerak, buning uchun evakuatorlar xizmatidan foydalanish maqsadga muvofiq.

Yuqorida aniqlangan holatlar bo‘yicha, transport-izshunoslik ekspertizasining imkoniyatlari keng, sud tergov organlarining odil qaror chiqarishda o‘rni beqiyos hisoblanadi.

X.Sulaymonova  nomidagi RSEM
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi
eksperti H. Sultonov

Skip to content