Bino konstruksiyalarini texnik diagnostika qilishning mohiyati konstruksiyaning ishdan chiqishi va shikastlanishining sabablarini aniqlaydi. Shu bilan birga aniqlash va baholash usullarini ishlab chiqadi. Diagnostikaning maqsadi bino va inshootlarning texnik holatini baholash usul va vositalarini ishlab chiqishdan iborat hisoblanadi. Konstruksiyalarning xavfsizligi uning hisobiy sxemasini, konstruksiyani tayyorlashda, montaj va ekspluatatsiya jarayonida loyihada qabul qilingan yechimga me’yoriy hujjatlar talabi bo‘yicha mos bo‘lgan holdagina ta’minlangan bo‘ladi. Binolarni ekspluatatsiya qilish qoidasiga muvofiq texnik xodim tomonidan tashqi devorlar, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar bir yilda bir marta ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Navbatdan tashqari o‘tkaziladigan ko‘riklar esa joriy ko‘rikda defektlar, shikastlanish yoki deformatsiya holatlari aniqlangan hollarda amalga oshiriladi. Tekshiruv ishlaridan maqsad esa bino konstruksiyalarining haqiqiy texnik holatini ko‘rik o‘tkazilayotgan vaqtga nisbatan aniqlashdan iboratdir. Bino va inshootlar konstruksiyalarining kuzatuv-tekshiruv ishlari quyidagi ishlarni o‘z ichiga oladi:
- loyiha hujjatlari, ishchi chizmalar va ochish ishlari bo‘yicha dalolatnomalar bilan tanishish; ob’ektni bevosita ko‘zdan kechirish, ob’ektni loyihaga mosligini aniqlash, bevosita ko‘zga tashlanadigan defektlar (darzlar, tomdan suv o‘tishi, temirbeton elementlarda himoya qatlamining buzilishi, metall konstruksiyalarning korroziyalanishi, elementlarda egilish, boltli, payvandli birikmalarning holati va h.k.)ni aniqlash, ob’ektni ko‘rikdan o‘tkazish rejasini tuzish, buzmaydigan usullar asosida tadqiqot ishlari amalga oshiriladi;
- inshootning holatini tahlil qilish va aniqlangan defektlarni bartaraf qilish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqiladi. Bevosita tekshiruv natijasida ob’ekt holatiga baho berish tekshirilayotgan konstruksiya haqida dastlabki ma’lumotlarni beradi, konstruksiya elementlaridagi yemirilish darajasini tahlil qilishni, keyingi tekshiruv ishlarini olib borish zaruriyatini aniqlab beradi. Bu avvalo, tekshiruv ishlarini olib borishda buzmaydigan usullarni qo‘llash bilan bog‘liq. Bunday sinovlar konstruksiyaning ham statik, ham dinamik ta’sirlar ostida yuklanishida o‘tkazilishi mumkin. Bunday ishlar majmuasining o‘tkazilishi ob’ektning geometrik parametrlari (oraliq, qalinlik, balandlik…)ni, materiallarning mustahkamlik va strukturaviy tarkibini, betonning himoya qatlamini, armaturalarning joylashuvini, elementlarning egilishi va deformatsiyalanishini, ko‘chishlarning dinamik amplitudalarini, konstruksiyaning tebranishlar davrini, alohida nuqtalarning tezlanishini va h.k. aniqlashdan iborat;
- ob’ektlarni tekshirishda muhandislik geodeziyasi usullaridan keng foydalanilib, uning yordamida inshootdagi cho‘kish, vertikaldan og‘ish, siljish, darzlar o‘lchami va deformatsiya choklarining holatlari hamda konstruksiya elementlaridagi egilish holatlari aniqlanadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, buzmaydigan usullar har doim ham aniq ma’lumot bera olmaydi. Shuning uchun bu usulda olingan natijalarni buzuvchi usullarda olingan natijalar bilan taqqoslab, ular orasidagi farq yoki bog‘liqlikni aniqlash mumkin.
Shuningdek, bino va inshootlarda kuzatuv-tekshiruv ishlarini amalga oshirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
– davriy va navbatdan tashqari nazoratda shikastlanish va defektlar aniqlanganda;
– yong‘in, tabiiy ofatlardan va texnogen avariyalardan so‘ng;
– davtexnazorat tashkiloti ko‘rsatmasiga asosan;
– ob’ektda texnologik jarayon o‘zgarganda yoki konservatsiyaga topshirilganda;
– kuzatuv-tekshiruv ishlari muhlati tugaganda yoki ob’ektning me’yoriy xizmat muddati tugaganda;
– ob’ekt egasi o‘zgarganda, shuningdek korxonani sug‘urta qilish jarayonida;
– sanoat va jamoat binolarini normal ekspluatatsiyaga yaroqliligini, xuddi shunday, turar joy binolarida odamlarni yashashi mumkinligini aniqlash maqsadida;
– ta’mirlash yoki rekonstruksiya qilishni iqtisodiy asoslashda; me’yoriy tabiiy-iqlim ta’siri ko‘rsatkichlari (zilzilaviy, qor va shamol yuklari)ning ortishi natijasida.
Bino va inshootlarning konstruksiyalarini tekshirish ishlari odatda, o‘zaro bog‘langan uchta asosiy bosqichdan iborat bo‘ladi:
- kuzatuv-tekshiruv ishlarini olib borish uchun tayyorgarlik;
Binolarni dastlabki kuzatuv-tekshiruvda bino konstruksiyalarida umumiy holda bevosita nazorat o‘tkazilib, barcha defekt va shikastlanishlar bo‘yicha ularning tashqi belgilari aniqlanadi
- dastlabki (bevosita) kuzatuv-tekshiruv ishlari;
Tekshirishda nafaqat bino konstruksiyalarining jismoniy holati, balki, ularning ma’naviy eskirishi, binoni buzishga bo‘lgan ehtiyoj, binoga ustqurma qurish imkoni borligi yoki yo‘qligi binoning ayrim elementlarini o‘zgarishsiz qoldirishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi aniqlanadi. Demak, dastlabki tekshiruv bino konstruksiyalarining tashqi ko‘rinishi bo‘yicha binoning texnik holatiga dastlabki xulosa berish va sinchiklab tekshirish zaruriyatini aniqlash uchun amalga oshiriladi.
3) sinchiklab (asbob-uskunalar yordamida) kuzatuv-tekshiruv ishlari.
Asbob-uskunalar yordamida sinchiklab tekshirish qo‘yilgan topshiriqdan, loyihaviy-texnik hujjatlarning mavjudligi va to‘laligidan, defekt va shikastlanishlarning tafsiloti va darajasidan kelib chiqqan holda to‘liq yoki mahalliy ahamiyatga ega bo‘ladi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar natijalariga ko‘ra ob’ektning konstruktiv elementlarning holati qo‘yidagi tasniflarga bo‘linadi:
- Soz holatda Betonning mustahkamligi loyihadagi ko‘rsatgichdan past emas, alohidagi qismlarda (o‘lchanganlarning umumiy hisobidan 20 % dan ortiq bo‘lmagan) himoya qatlamining kattaligi loyihada berilgan miqdordan kam – 20% gacha; egilish kattaligi va darzlarning kengligi me’yoriy chegaradan oshmasligi (ishchi armaturaning korroziya natijasida kundalang kesimining kamayishi ko‘zatilmaydi.
- Ishchi holatda Elementlarning asosiy kesimidagi betonning mustax kamligi betonning ximoya qavatidan tashqarida va loyihadan pastdagi siqilgan zonada 10% dan ko‘p bo‘lishi kerak emas, betoning himoya qavatidagi kattalik loyihadan past (30% gacha) va yuzaning 30% maydondan kam. (zo‘riqtirilmagan armatura ishchi yuzasi maydonining kamayishi 5% dan oshmaydi). Emirilish- 10% gacha.
- Cheklangan ishchi holatda Elementning asosiy kesimidagi beton mustahkamligi loyihadagidan 30%gacha kam, ishchi armatura va quyiladigan detallarning kesim yuzasining kamayishi 5% dan ortiq, armatura darajasida ekspluatatsion ta’sirlar sababi bilan hosil bo‘lgan darzlar kengligi amaldagi me’yorlar chegarasidan kam emas; ekspluatatsion ta’sirlar natijasida elementlardagi egilish, asosiy cho‘ziluvchi kuchlanish zonasida hosil bo‘lgan darzlar ruxsat etilgan chegaradan 30%dan ko‘prok. Emirilish – 25% gacha.
- Ishga yaroqsiz holat Plitalar va ko‘p oraliqli to‘sinlarning o‘rta orliqlarida defektlar mavjudligi: qiyshaygan darzlar paydo bo‘lgan zonada belbog‘larning uzilishi; qatlamli zanglash, armaturaning kundalang kesim yuzasining 15% kamayishi, siqilgan zonalarda armaturaning burtib chiqishi shu zonada betonning maydalanilishiga olib keladi. Me’yoriy talablarga teskari kamaygan yig‘ma elementlarning taqalish yuzasi 1,3 < K1,6 da. Yemirilish – 50% gacha
- 5. Avariya holatida Darzlar va shu bilan birgalikda tayanch zonasini kesib utuvchi cho‘ziluvchi armaturaning ankerovkasi; payvandlangan choklarda taxlangan po‘latli detalli plastinalarning zanglashi sababli ankerlardan chiqindilar chiqishi va boshqa sabablar, taxlangan va qushilgan elementlarning zo‘riqishi; yig‘ma elementlarning joyidan siljishi; tayanchlarning quzg‘alishi; egiluvchi elementlarda kengligi 0,5 mm dan ortiq darzlar bo‘lganida fermalarning siqilgan elementlarida belbog‘larning uzilishi; og‘ma darzlar paydo bo‘lgan zonadagi belbog‘larning uzilishi; cho‘zilgan zonadagi armaturaning alohida sterjenlarining uzilishi; siqilgan zonada ishchi armaturalarning burtib chiqishi. Me’yoriy va loyihaviy yig‘ma elementlar tayanch yuzasi ko‘rsatkichlarining kamayishi: K>1,3 da yemirilish – 50% dan yuqori.
Bino va inshootlarda qurilish konstruksiyalarining texnik holatini ob’ektlarni sotib olishda, keyingi ish hajmini aniqlashda, uni ekspluatatsiya qilishda, ta’mirlashga muhtoj va qay darajada, rekonstruksiya zaruriyati mavjud yoki mavjud emasligi hamda uni buzib, yangisini qurish arzonroq
va osonroqligini aniqlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Sud qurilish texnikaviy ekspertizasi bo’limi boshlig’i E.A.Kayumov