Bugungi kunda, O‘zbekiston aholisining kreditlarga bo‘lgan talabining oshishi, jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan kreditlar ulushining ko‘payishi natijasida, ularning qarz yukini chuqur tahlil qilish zaruratini tug‘dirmoqda.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan kreditlar ulushining jadal o‘sishi va ularning kreditlari depozitlarga nisbatan ikki baravar ko‘pligi jamg‘arma kayfiyatiga nisbatan aholining kredit kayfiyati oshganidan dalolat beradi.
Bunda, o‘z-o‘zidan Bank va kreditor o‘rtasida foiz hisoblanishi bo‘yicha turli nizolar yuzaga kelmoqda.
Bugungi kunda sud moliya-kredit ekspertizasi xulosasi moliyaviy huquqbuzarlikni sodir etishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektning noqonuniy xatti-harakatlarini oshkor qilish va tekshirishda dalillarni to‘plashning asosiy elementi bo‘lib qolmoqda.
Hozirgi kunda jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan kreditlarning foizlari to‘g‘ri hisoblanganligini aniqlash maqsadida sud-tergov organlari tomonidan sud moliya-kredit ekspertizasi o‘tkazilishi talabi tobora oshib bormoqda.
Mazkur muammo sud moliya-kredit ekspertizasi yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu ekspertdan buxgalteriya hisobi va ushbu sohadagi ish tajribasini talab etadi.
Sud moliya-kredit ekspertizalarining ilmiy asoslarini oshirish uchun ekspertlar amaliyoti va sud ekspertizasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish uchun qo‘llaniluvchi bir qator usullar asosida zamonaviy ishlanmalar zarur edi.
Shu munosabat bilan, “Sud moliya-kredit ekspertizalarda O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi depozit va kreditlar bo‘yicha foiz hisoblash usullari yuzasidan uslubiy tavsiyalar” ni ishlab chiqish bilan bog‘liq sud moliya-kredit ekspertizalarini bajarishning uslubiy asoslarini takomillashtirish choralari ko‘rildi va X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi direktori va Moliya instituti rektori tomonidan
2021 yil 18 yanvarda tasdiqlangan 2021 yilga mo‘ljallangan Ish dasturiga muvofiq “Sud moliya-kredit ekspertizalarda O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi kreditlar bo‘yicha foiz hisoblash usullari yuzasidan uslubiy tavsiyalar”ni ishlab chiqish jarayonida depozit va kreditlar bo‘yicha foiz hisoblashga oid nizolar va huquqbuzarliklar masalasi o‘rganildi.
Ta’kidlash joizki, Sud moliya-kredit ekspertizasida O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi kreditlar bo‘yicha foiz hisoblash usullari fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishi (shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv materiallari), ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida kreditlar bo‘yicha foizlarni haqiqatda to‘g‘ri hisoblanganligini aniqlash zarur bo‘lgan hollarda tayinlanishi mumkin.
Sud moliya-kredit ekspertizasi o‘tkazishga talablardan biri jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan kredit shartnomasiga ko‘ra qancha miqdorida foiz qarzdorligi mavjudligi, qancha miqdorda muddati o‘tgan kretid qarzi, qancha miqdorda muddati kelmagan qarzi hamda kredit shartnomasiga ko‘ra qancha miqdorda foiz qarzdorligi bo‘lganligi, kredit shartnomasiga asosan oshirilgan foiz stavkasi to‘g‘ri hisoblangaligini aniqlash kabi bog‘liq holatlarda yuzaga keladi.
Iqtisodiy sudlarda mazkur turdagi ekspertizani o‘tkazish zarurati odatda bank va qarz oluvchi o‘rtasida kredit qarzi va hisoblangan foizning to‘g‘riligini aniqlash, kreditorga to‘lanishi lozim bo‘lgan summa miqdori va muddati to‘g‘risidagi nizoni hal qilish lozimligida paydo bo‘ladi.
Bundan kelib chiqadiki, sud moliya-kredit ekspertizasida O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi kreditlar bo‘yicha foiz hisoblanadigan bazaning hajmiga, ya’ni bank tomonidan qarz oluvchiga berilgan qarz miqdoriga qarab, ma’lum davr uchun aniq belgilangan foiz hisoblanishi va to‘lanishi lozim bo‘lgan pul miqdori, kreditorga hujjatlar bo‘yicha to‘langan summa to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tergov qilinayotgan yoki sudda ko‘rib chiqilayotgan holatlar)dagi ko‘rsatkichlarni tadqiq qilib, uni to‘g‘ri hisoblanganligini tekshirishdir.
Bunday holatlar ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da keltirilgan masala doirasida O‘zbekiston Respublikasining protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda buning uchun maxsus vakolatlangan shaxs – ekspert tomonidan aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2004 yil 30 yanvarda 1306-son bilan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2003 yil 11 oktabrdagi 25/8-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Tijorat banklarida foizlarni hisoblash to‘g‘risida Nizom
O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari tomonidan kreditlar, depozitlar va qarz mablag‘lari, qarz qimmatli qog‘ozlari, shuningdek boshqa moliyaviy vositalar bo‘yicha foizlarning Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq hisoblanishi tartibini aniqlab beradi.
Banklar O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasiga muvofiq aktivlar va majburiyatlar bo‘yicha mijozlar bilan tuziladigan shartnoma shartlari asosida foiz stavklari, vositachilik to‘lovlari miqdorlari, aktivlar va majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlar davri va muddatlarini mustaqil belgilaydilar.
Foyda va zararlar to‘g‘risidagi hisobotdagi foizli daromadlar va xarajatlarning tasnifi buxgalteriya balansidagi moliyaviy vositalar tasnifiga mos kelishi lozim.
Hisoblangan to‘lanadigan va olinadigan foizlar:
– ular bilan qo‘shilgan har har qanday iqtisodiy foyda bank tomonidan olinish yoki sarflanish ehtimoli mavjud bo‘lganda;
– modda ishonchli o‘lchanadigan qiymat yoki bahoga ega bo‘lganda buxgalteriya balansida tan olinishi lozim.
Qo‘llanadigan hisob siyosatining ochib berilishi, izohlar yoki boshqa tushuntirishga oid materiallar bunday moddalarning tan olinmasligini o‘rnini qoplamaydi.
Hisoblab yozish usulidan foydalanish tartibi.
Barcha banklar pul oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotdan tashqari o‘z moliyaviy hisobotlarini buxgalteriya hisobining hisoblab yozish usuliga binoan tuzishlari kerak.
Barcha banklar buxgalteriya hisobining hisoblab yozish usulini operatsiyalarni qayta ishlash chog‘ida asosan avtomatlashtirilgan shaklda qo‘llashlari lozim.
Banklar daromadlar va xarajatlarni hisobga olishda izchillik, ishonchlilik, aniqlik, to‘liqlik va o‘z vaqtidalilik bo‘yicha talablarni o‘z ichiga oladigan hisoblab yozish ususini qo‘llash bo‘yicha taomillarni qo‘llashlari kerak. Bu taomillar ushbu talablarni belgilash va qo‘llashning tegishli usullari to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olishi lozim.
Foizlarni tan olish tartibi
Foizlar buxgalteriya hisobining hisoblab yozish usuli bo‘yicha tan olinadi.
Jumada hisoblab yoziladigan foizni hisoblashda odatda hisob-kitobga juma, shanba va yakshanbada foizlarni hisoblab yozish uchun 3 kun olinishi lozim.
Agar joriy oy juma yoki shanbada tugaydigan bo‘lsa, unda hisoblab yozish tegishlicha bir kun yoki ikki kun uchun amalga oshiriladi. Hafta oxirida qoladigan kun (kunlar) navbatdagi oyning birinchi ish kunida hisoblab yoziladi. Agar joriy kun shanbada tugasa, unda oydagi eng oxirgi hisoblab yozish jumada ikki kun (juma va shanba) uchun aks ettiriladi. So‘ngra, keyingi dushanbada hisoblab yozish navbatdagi ikki kun – yakshanba va dushunba uchun amalga oshiriladi. Bayram kunlariga nisbatan ham xuddi shunday jarayon qo‘llanadi.
Har bir oyda hisoblab yoziladigan va aks ettiriladigan foizlar ushbu oyda bank tomonidan sarflangan xarajatlarni aniq aks ettirishi kerak. Hisobot davriga tegishli bo‘lgan hisoblab yozilgan foizlarning biror-bir qismini keyingi davrga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bank aktivlari bo‘yicha foizlarning o‘sishi to‘xtatilishi va ularni hisobdan chiqarish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Daromad bank tomonidan uning hisobvarag‘iga olingan va olinishi lozim bo‘lgan iqtisodiy foydaning yalpi tushumlarinigina o‘z ichiga oladi. Vakillik munosabatlarida iqtisodiy foydaning yalpi oqimi uchinchi tomon nomidan yig‘iladigan, bank kapitalini oshishiga olib kelmaydigan summalarni o‘z ichiga oladi. Uchinchi tomon nomidan inkassatsiya qilingan summalar daromad hisoblanmaydi. Buning o‘rniga vositachilik haqi summasi daromad hisoblanadi.
Sud moliya-kredit ekspertizasi bank sohasida xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha sud moliya-kredit ekspertizalarni o‘tkazishda keng miqyosda amalda qo‘llaniladi va ekspertizaga kelgan materiallarni ob’ektiv, ilmiy, hartomonlama tadqiqot qilishga yordam beradi.
Bank va mijoz o‘rtasidagi munosabatlarda firibgarlik yo‘li bilan zarar keltirishning turli xil yo‘llari keng tarqalgan deb xulosa qilish mumkin. Shuning uchun ularni ochilishi, va ko‘p hollarda oldini olinishi ayniqsa dolzarb masala hisoblanadi.
Botirova Oygul Narzullaevna