- Bugungi kunda X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazining Xorazm viloyat bo‘limida qaysi ekspertiza turlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmoqda?
Javob: X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Xorazm viloyat bo‘limida bugungi kunda sud-qurilish, sud-yer, sud-tovarshunoslik, sud-iqtisodiy, sud-avtotexnika, sud-transport baholash, sud-transport izshunoslik, Odam DNKsi sud biologik ekspertiza turlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib kelinmoqda.
- X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazining Xorazm viloyat bo‘limida Odam DNKsi sud biologik ekspertiza turi qachon tashkil etilgan?
Javob: X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazining Xorazm viloyat bo‘limida 2023-yil 29-dekabr kuni Odam DNKsi sud biologik ekspertiza laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
- DNK ekspertizasi o‘zi nima va u qanday masalalarni hal etadi?
Javob: Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi diagnostika, klassifikatsiya hamda identifikatsiya masalalarini hal qiladi.
Identifikatsiya bu – biologik izni gumondagi shaxsning solishtirma qon namunasi bilan solishtirish orqali uning shaxsini aniqlash, qon dogʻlari, soʻlak, soch, ter namunasi, tana boʻlaklari va boshqa biomateriallarni bir shaxsdan yoki boshqa boshqa shaxslardan kelib chiqqanligini aniqlash va shu bilan birga birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali qarindoshlik aloqalarini aniqlashdan iborat.
Diagnostika – taqdim etilgan biologik materialning DNK ekspertizasi tadqiqotlari uchun yaroqliligini aniqlash.
Klassifikatsiya – voqea joyidan topilgan biologik materiallarning jins mansubligini ya’ni ayol kishi yoki erkak kishiga tegishli ekanligini aniqlashdan iborat.
- Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi qanday holatlarda o‘tkaziladi?
Javob: Tergov idoralaridan yashiringan jinoyatchi yoki o‘zi haqidagi ma’lumotni qasddan yashirayotgan gumonlanuvchini shaxsini aniqlash uchun aynan shu turdagi maxsus tekshiruvni o‘tkazish zarur bo‘ladi Shuningdek yaqin qarindoshlikni aniqlash, otalikni belgilash, meros belgilashda qarindoshlikni aniqlash holatlari bo‘yicha, tug‘ruqxonalarda chaqaloqning almashib qolishi, noma’lum jasadlarning identifikatsiyasi va gumon qilinayotgan shaxsning qarindoshlari orqali shaxsni aniqlash uchun odam DNK si sud biologik ekspertizasi tayinlanadi.
- 5. Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi orqali aynan qanday qarindoshlik darajalarini belgilash mumkin.
Javob: Biologik otalik;
-Biologik onalik;
-Biologik aka-ukalik;
-Biologik opa-singillik;
-Biologik bobo-buvalik;
-Biologik amaki(amma)-jiyanlik;
-Biologik tog‘a(hola)-jiyanlik;
-Ota avlod bo‘yicha biologik qarindoshlik faktini aniqlash (Y-xromosoma bo‘yicha);
- Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati hamda anonim murojaatlar asosida DNK tadqiqotlarini o‘tkazish va mutaxassis fikri berish tartibining huquqiy asosi!
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF6256-sonli “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SUD-EKSPERTLIK TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA”gi farmonining 7-bandiga asosan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida oʻtkazilishi mumkin boʻlgan sud ekspertizasi turlari boʻyicha ekspertlar tamonidan tadqiqotlar o‘tkazilib mutaxasiss fikri berish” tartibi belgilab qo‘yilgan. Vazirlar Mahkamasinig 2023-yildagi 73-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom”ga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati hamda advokat so‘roviga ko‘ra shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish belgilab o‘tilgan. Mazkur nizomga ko‘ra nafaqat Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi balki Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi va uning viloyat bo‘limlarida mavjud barcha ekspertiza turlari bo‘yicha fuqarolarning o‘zlari murojaat qilib tegishli ixtisoslik doirasida mutaxassis fikri olishi mumkin.
Shu bilan birga Adliya vazirining 2022-yil 14-martdagi 6-mh-son buyrug‘i bilan Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan.
- Odam DNKsi sud biologik ekspertizasiga tadqiqotlar o‘tkazish uchun qanday obyektlar taqdim etilishi kerak?
Javob: DNK ekspertizasining tadqiqot obyektlariga o‘z tarkibida DNK malekulalarini saqlovchi har qanday odam biologik materiallari jumladan:
- Qon va tana ajratmalarining qurib qolgan izlari;
- Voqea joyidagi qon izlari;
- So‘lak namunasi;
- Ashyoviy dalildagi biologik izlar (qon, so‘lak, ter-yog‘ izlari);
- Qotillik qurollaridagi biologik izlar (qon, ter-yog‘ izlari);
- Soch tolalari ildiz qismi bilan;
- Tishlar;
- Suyak fragmentlari;
- Maniy hujayralari;
- Ajratmalar;
- Amniotik suyuqlik, abort qilingan material;
- Tanadagi turli xil to‘qimalar(mushak, teri);
- Xorion to‘qimasi va o‘zida DNK molekulalarini tutuvchi boshqa biologik materiallar.
- Anonim murojaat qilish tartibda qanday.
Javob: 1.Anonim murojaat qilgan shaxslarning hech qanday shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi va shaxsning shaxsga doir ma’lumotlari so‘ralmaydi.
2.Solishtirma namunalar murajadchi tomonidan taqdim qilinadi yoki laboratoriyada mutaxassis tomonidan olinadi.
3.Tadqiqotlar uchun taqdim qilingan solishtirma namunalar anonim anketa orqali maxsus belgilar bilan belgilanib qayd qilinadi.
- Ko‘pchilikni qiziqtirgan savollardan biri – DNK ekspertizasi tadqiqotlarining bugungi kundagi narxi qancha?
Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Аdliya vazirining 2023-yil 24-martdagi 61-um-son buyrugʻi bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida oʻtkaziladigan tadqiqotlar uchun haq miqdorlari” tasdiqlangan. Ushbu buyruq bilan tasdiqlangan tariflarga ko’ra DNK ekspertizasi tadqiqoti uchun taqdim etilgan bir dona solishtirma namuna uchun 1 292 000 so’m etib belgilab qo‘yilgan(Bu narx oddiy qon va so‘lak namunalari uchun). Tadqiqotlarning umumiy narxi taqdim qilingan obyektlar soniga hamda hal etish uchun qo‘yilgan savollar soniga bog‘liq holda har xil summada bo‘lishi mumkin. Misol uchun bugungi kunda minimal tadqiqot ya’ni bitta farzandga nisbatan otalik yoki onalik faktini belgilash narxi 2 754 000 so’mni tashkil etadi. Ushbu summa obyektlar soniga mos ravishda ko‘p bo‘lishi mumkin.
- DNK ekspertiza tadqiqotlarning yakuniy natijasi bo‘lgan ekspert xulosasini olish uchun qancha vaqt talab etiladi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasinig 2023-yildagi 73-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom”ning 8-bandiga ko‘ra “Ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ning qarori (ajrimi) asosida tadqiqotlarni oʻtkazish muddatlari sud ekspertizalarining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga koʻra 30 kun doirasida belgilanadi. Sud ekspertizasi turlarining murakkablik darajasi ekspertiza tashkilotining yuqori turuvchi idorasi, shuningdek, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari uchun Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Tadqiqotlarni oʻtkazishni 30 kun mobaynida bajarish mumkin boʻlmagan taqdirda, ekspertiza tashkiloti rahbari muddat oʻtishidan 3 ish kuni oldin asoslangan holda ekspertiza tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga yozma yoki elektron ravishda xabar qiladi hamda ular bilan kelishgan holda qoʻshimcha muddatni belgilaydi.
Advokat soʻrovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq tadqiqotlar oʻtkazish muddatlari sud-ekspertiza tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan belgilanadi”
Qonunda ko‘rsatilmagan hech qanday asoslarsiz muddat buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazining
Xorazm viloyat bo‘limi eksperti Qalandarov Og‘abek Gennadiy o‘g‘li