- O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni qachon qabul qilingan hamda uning maqsadi nimadan iborat?
Javob: O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni 2010-yil 1-iyun kunida qabul qilingan bo‘lib, 2010-yil 2-iyun kunidan kuchga kirgan. Qonunning asosiy maqsadi sud ekspertizasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
- Qonunga muvofiq sud ekspertizasi qanday harakat?
Javob: sud ekspertizasi — fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat hisoblanadi.
- Tekshirish obyektlariga nimalar misol bo‘lishi mumkin?
Javob: Qonunning 9-moddasiga muvofiq “Ashyoviy dalillar, tekshirish uchun namunalar, boshqa moddiy obyektlar, murdalar va ularning qismlari, hujjatlar, shuningdek sud ekspertizasi o‘tkazilayotgan ish materiallari tekshirish obyektlari bo‘lishi mumkin.” Shuningdek, tekshirishlar tirik odamga nisbatan ham o‘tkazilishi mumkinligi belgilangan.
- Sud ekspertiga qo‘yiladigan malakaga oid talablarga misol keltiring.
Javob: davlat sud eksperti lavozimini oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan, muayyan sud-ekspert ixtisosligi bo‘yicha keyingi tayyorgarlikdan o‘tgan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi egallashi mumkin. Sud eksperti sifatida jalb etiladigan boshqa tashkilot xodimi va boshqa jismoniy shaxs oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lishi lozim.
- Sud eksperti qanday huquqlarga ega?
Javob: Sud eksperti quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilikda belgilangan tartibda sud ekspertizasi predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish;
sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish;
tergov harakatlari o‘tkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir bo‘lish va shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga sud ekspertizasi predmetiga oid savollar berish;
sud muhokamasida sud ekspertizasi predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va so‘roq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish;
ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish;
o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki sud ekspertizasi predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish;
uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish;
agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish;
agar uning huquq va erkinliklarini ishni yuritayotgan organning qarorlari, shaxsning harakatlari (harakatsizligi) buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Sud eksperti qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
- Sud ekspertining xulosasi qanday hujjat?
Javob: sud ekspertining xulosasi (xulosa) — sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tomonidan tuziladigan va sud-ekspert tekshirishlarining olib borilishini va natijalarini aks ettiradigan yozma hujjat hisoblanadi.
- Qo‘shimcha va qayta sud ekspertizalari qanday holatlarda tayinlanadi?
Javob: Qo‘shimcha sud ekspertizasi xulosadagi bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) tomonidan o‘tkaziladi.
Xulosa asoslantirilmaganda yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.
- Sud ekspertizasini o‘tkazish uchun asoslar qaysilar?
Javob: Qonunning 17-moddasiga ko‘ra tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini o‘tkazish uchun asoslar hisoblanadi.
- Xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjat qanday hujjat?
Javob: Agar sud eksperti qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.
- Sud ekspertizasini o‘tkazilganligi uchun to‘lov undirilishi mumkinmi?
Javob: Qonunning 25-moddasida ko‘ra davlat sud-ekspertiza muassasalari fuqarolik ishlari va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazganlik uchun to‘lov undirishga haqliligi ko‘rsatilgan bo‘lib, to‘lov miqdorlari haqidagi ma’lumotlar Markazning rasmiy veb-saytida (sudex.uz-Me’yoriy baza-Tariflar yoki quyidagi havola orqali https://sudex.uz/?page_id=103 ) joylashtirilgan.
Kenjayev Sardor
Markazning Surxondaryo viloyat bo‘limi Ish yurituvchisi