Sud ekspertlik faoliyatining rivojida xalqaro sud ekspertiza tashkilotlarning o‘rni

O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasining 28-moddasida agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanib qo‘yilgan. Bu esa sud ekspertiza tashkilotlarining jinoyatchilikni oldini olish va uni fosh etishdadagi mas’uliyati va rolini yanada oshiradi.

Shu o‘rinda barcha davlatlar kabi mamlakatimizda fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilinishida, jinoyatchilikning oldini olish va uni fosh etishda sud ekspertiza tadqiqotlari natijalari muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Shu bois mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori, sud-huquq tizimining muhim bo‘g‘inlaridan sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham islohotlar izchillik bilan amalga oshirilib, ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha bir qator Prezident Qarorlari va Farmonlariga asosan ushbu sohadagi normativ hujjatlar takomillashtirilib, sud eksperti kadrlarining kasbiy malakasini oshirish, sohani zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash, sud ekspertizasi jarayoniga advokatlar hamda nodavlat sud ekspertlari ishtirokini ta’minlash orqali, odil sudlovni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu o‘rinda, sud ekspertiza yo‘nalishida halqaro hamkorlikni rivojlantirish va turli xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lib, xalqaro standartlarni sohaga tadbiq etish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Ma’lumki, so‘nggi 50-yil ichida dunyoning turli mintaqalarida ko‘plab sud-ekspertiza tarmoqlari shakllandi, jumladan 1974-yilda Amerika uchun ASCLD (American Society of Crime Laboratory Directors), 1986-yilda Avstraliya va yangi Zelandiya uchun SMANZFL (Senior Managers of Australian and New Zealand Forensic Laboratories), 1995-yilda Evropa uchun ENFSI (European Network of Forensic Science Institutes ) va 2004-yilda Lotin Amerikasi, Ispaniya va Portugaliya uchun AICEF (Academia Iberoamericana De Criminalistica Y Estudios Forenses).

Bularni qatoriga Osiyo sud-ekspertiza fanlari tarmogʻini (Asian Forensic Sciences Network – AFSN) hamda Butunjahon sud ekspertlari assotsiatsiyasini (International Association of Forensic Sciences — IAFS) ham kiritish mumkin.

Keling bu xalqaro tashkilotlar haqida barafsil to‘xtalamiz.

Asian Forensic Sciences Network – AFSN

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6256-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga moʻljallangan konsepsiyasi boʻyicha 2021–2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yoʻl xaritasi”ning 39-bandida Sud-ekspertiza muassasalarining Osiyo sud-ekspertiza fanlari tarmogʻi (Asian Forensic Sciences Network – AFSN)ga aʼzo boʻlish nazarda tutilgan edi.

Mazkur vazifani amalga oshirish maqsadida Asian Forensic Sciences Network – AFSN faoliyati o‘rganildi.

Unga ko‘ra, Asian Forensic Sciences Network – AFSN 2008-yildan beri Osiyodagi sud-ekspertiza olimlari uchun sud-ekspertiza sohasida ilgʻor xorijiy tajriba bilan almashish, sud-ekspertiza fanini rivojlantirish, unda zamonaviy yondashuvlar va tadqiqotlarni hamda boshqa shu sohaga oid masalalarni muhokama qilishda xalqaro platforma sifatida xizmat qilib kelayotganligi aniqlandi.

Hozirda AFSNda 18 ta davlatning (Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Filipin, Singapur, Tayland, Vyetnam, Bangladesh, Mongoliya va boshqa) 70 ta sud ekspertiza muassasalari aʼzo sifatida qabul qilingan. AFSNda 9 ta texnik ishchi guruhlari hamda Sifat kafolati va standartlar qoʻmitasi mavjud.

Asian Forensic Sciences Network – AFSN 1999-yilda Gonkongda bo‘lib o‘tgan UNDCP (sobiq UNODC) tomonidan Janubi-Sharqiy Osiyodagi giyohvand moddalarni sinovdan o‘tkazish laboratoriyalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy maslahatlashuvlar natijasida “DrugNetAsia” yillik mintaqaviy axborot byulleteni nashr etilgan. Ushbu ma’lumot byuleteni mintaqadagi giyohvand moddalarni tekshirish laboratoriyalari o‘rtasida ma’lumot almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qilgan.

2007-yilda UNODC vakili doktor Barbara Remberg UNODCning prekursorlar va noqonuniy giyohvand moddalar bo‘yicha bo‘lib o‘tgan mintaqaviy seminarida mintaqaviy sud-ekspertiza tarmog‘ini shakllantirish g‘oyasini ilgari surgan.

2008-yil oktabr oyida Osiyo mintaqasining 6 ta milliy sud ekspertizasi institutlari vakillari (Bruney Ilmiy xizmatlar departamenti (Department of Scientific Services – Brunei Darussalam), Malaysiya Kimyo fakulteti (Department of Chemistry – Malaysia), Filipin Milliy tergov byurosi (National Bureau of Investigation – Philippines), Tayland Sud ekspertizasi markaziy instituti (Central Institute of Forensic Science – Thailand), Vyetnam Sud ekspertizasi instituti (Forensic Science Institute – Vietnam) va Singapur Sog‘liqni saqlash fanlari boshqarmasi (Health Sciences Authority – Singapore) Singapurda mintaqaviy sud ekspertizasi tarmog‘ini tashkil etish masalasini muhokama qilish uchun uchrashishgan va ushbu xalqaro uchrashuv Osiyo sud-ekspertizasi tarmog‘i Asian Forensic Sciences Network – AFSN faoliyatini boshlab bergan.

AFSN o‘z faoliyatini 2012-yil 28-noyabrda Tarmoqning yillik yig‘ilishida tasdiqlangan Konstitutsiyasi (Ustavi)ga asosan olib boradi. Konstitutsiyada AFSNning maqsadi, a’zo bo‘lish tartibi, boshqaruvi, kotibiyati, ishchi guruhlari, odob-axloq kodeksi, yillik yig‘ilishlari va resurslari haqida normalar kiritilgan.

AFSN maqsadi sifatida quyidagilar belgilangan:

– Osiyo sud-ekspertiza institutlari uchun sud ekspertizasi xizmatlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun forum tashkil etish;

– Ekspert ishchi guruhlari, treninglar, hamkorlikdagi tadqiqotlar, malaka testlari va akkreditatsiyalar orqali Osiyoda sud ekspertizasi xizmatlari sifatini oshirish;

– Sud ekspertizasini targ‘ib qilish va rivojlantirish uchun boshqa shunga o‘xshash tarmoqlar bilan aloqalarni o‘rnatish;

– Osiyodagi sud-ekspertiza masalalari bilan bog‘liq strategiyalarni shakllantirish.

AFSNga a’zo bo‘lish uchun Talabgor o‘z mamlakatida nufuzli maqomga (Ishonchli maqom politsiya, prokurorlar yoki sudyalar tomonidan foydalaniladigan hisobotlarni doimiy ravishda taqdim etishni anglatadi) ega bo‘lgan Osiyodagi hukumat yoki hukumatga qarashli sud ekspertizasi institutlarining direktorlaridan (yoki direktor tomonidan tayinlangan vakillardan) iborat bo‘lishi kerak. Har bir mamlakatda ko‘pi bilan bitta ovoz beruvchi a‘zo bo‘lishi kerak. Har bir ishtirokchi faqat bitta ovozga ega.

Talabgorning a‘zolik masalalari Tarmoq Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va zarur deb topilgan taqdirda, ariza beruvchi Tarmoq Kengashiga taqdimot qilish uchun taklif qilinadi. Mezonlarga javob bermaydigan, ammo AFSN uchun foydali deb hisoblangan institutlar ovoz berish huquqiga ega bolmagan a‘zolar sifatida ariza berishga taklif qilinishi ham mumkin.

Agarda AFSN a‘zosi a‘zolik mezonlariga javob bermasa, a‘zolik yillik yig‘ilishda Tarmoq Kengashining tavsiyasiga ko‘ra tugatiladi.

A’zolar barcha AFSN tadbirlarini faol qo‘llab-quvvatlashlari, ishtirok etishlari va Kotibiyatga ularning huquqlari yoki ma’muriy ma’lumotlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berishlari kerak. Agar a’zo ketma-ket ikki yil davomida yillik yig‘ilishlarda doimiy ravishda qatnashmasa, a’zolik masalasi Kengash tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.

AFSN Kengashi kamida to‘rtta va yetti nafardan ko‘p bo‘lmagan Kengash a’zolaridan iborat bo‘lishi kerak, shu jumladan sobiq Prezident (agar u hali ham o‘sha a’zo muassasada ishlayotgan bo‘lsa), amaldagi Prezident va Tarmoq faoliyatini boshqarish hamda kelajak uchun strategik yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha vitse-prezident. Vitse-prezident yillik yig‘ilishda a’zolar tomonidan saylanadi va amaldagi prezident vakolati oxirida prezidentlik lavozimini egallaydi.

Kengash a’zolari yillik yig‘ilishda saylanadi. Tayinlangan a’zo kamida ikki yillik AFSN a’zoligiga ega bo‘lishi kerak. Har bir muddat ikki yilni tashkil etadi. Agar Kengash a’zolari yetti nafardan kam bo‘lsa, Kengash zaruratga qarab ikki yil muddatga qo‘shimcha a’zolarni ham saylashi mumkin.

AFSNning barcha a’zolari 2009-yil 12-noyabrda AFSN yillik yig‘ilishi tasdiqlangan Xulq-atvor kodeksiga rioya qilishi shart.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Asian Forensic Sciences Network – AFSNga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi uchun, barcha tegishli jarayonlarni amalga oshirib, AFSNning 2023-yil 11-15-sentabr kunlari Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida o‘tkazilgan keyingi umumiy yig‘ilishi va «Light & shadow: technology vs evidence / Yorug‘lik va qorong‘ulik: texnologiya dalillarga qarshi» mavzusidagi AFSN a’zolari uchun tashkillashtirilgan simpoziumda ishtirok etdi.

Markaz delegatsiyasi AFSNning yalpi yig‘ilishi dorasida O‘zbekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov bilan birgalikda AFSN boshqaruv kengashi vitse-prezidenti, Malaziya Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi Ximiya departamenti rahbari Xalima binti Abdul Raxim xonim bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda ikki sud ekspertiza muassasalari o‘rtasida hamda AFSN bilan sud ekspertiza sohasida keng qamrovli hamkorlik masalalari muhokama etilib, O‘zbekistonda sud ekspertiza faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar yuzasidan axborot uchrashuv ishtirokchilari e’tiboriga yetkazildi.

Bundan tashqari, AFSNning yangi a’zolariga a’zolik sertifikatlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi AFSNning 65-a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi esa 18-davlat etib tasdiqlanganligi e’lon qilindi.

Shunigdek, AFSNning 15-yalpi yig‘ilishi ishchi guruhlarining ish faoliyati va simpozium yakunlari bo‘yicha hisobotlar tinglandi hamda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi direktori Akram Xalilov tomonidan O‘zbekistonda sud ekspertiza sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va Markaz faoliyati haqida ma’ruza qilinib, taqdimot o‘tkazildi hamda AFSNga a’zo davlat vakillarining qiziqtirgan savollariga javob berildi.

Shu bilan birga, Filippin, Janubiy Koreya, Xitoy, Indoneziya, Hindiston, Singapur, Tailand va boshqa AFSNga a’zo davlat vakillari bilan sud ekspertiza sohasida keng qamrovli hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Markazning AFSN ga a’zo bo‘lishi hamda ushbu tashkilot ishida ishtirok etishi bilan quyidagi imkoniyatlar yaratildi.

Jumladan:

AFSNga a’zo davlatlar bilan sud ekspertiza sohasida yangi innovatsion ma’lumotlarni o‘zaro almashishga, sohadagi muammo va ularni yechimlari bo‘yicha fikr almashishga, Markazda o‘tkazilayotgan sud ekspertiza tadqiqotlari, uslublari va standartlarini yangi zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqishga, AFSNning “Forensic Asia” jurnalida Markaz xodimlarining tadqiqot natijalari, maqolalari va tezislarini chop etishga, AFSN sha’feligida o‘tkaziladigan sohaviy tadbirlarda ishtirok etishga hamda AFSN ga a’zo davlatlarning sud ekspertiza muassasalarida kelishuvga ko‘ra malaka oshirish va stajirovka o‘quv kurslarini tashkil etish, shunnigdek, AFSNning 9 ta texnik ishchi guruhlari va Sifat kafolati va standartlar qo‘mitasi ishlarida ishtirok etib, sud ekspertiza sohasini yanada rivojlantirish imkoni yaratildi.

International Association of Forensic Sciences IAFS

O‘zbekiston Respublikasi Perezidentining 2021-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6256-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021 – 2025-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi bo‘yicha 2021 – 2023-yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yo‘l xaritasi”ning 44-bandida Sud ekspertlarining xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda, jumladan Butunjahon sud ekspertlari assotsiatsiyasiga (International Association of Forensic Sciences – IAFS) shafeligida o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarda muntazam ishtirok etish belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5997-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2020 – 2024-yillarda adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish konsepsiyasini 2020-2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 70-bandida Sud-ekspertlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Butunjahon sud ekspertlari assotsiatsiyasiga (International Association of Forensic Sciences – IAFS) a’zo bo‘lish ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4125-son Qarori bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 24-bandida Butunjahon sud ekspertlari assotsiatsiyasiga (IAFS) a’zo bo‘lish masalasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Mazkur vazifani amalga oshirish maqsadida International Association of Forensic Sciences – IAFS faoliyati o‘rganildi.

Butunjahon sud ekspertlari assotsiatsiyasi (International Association of Forensic Sciences-IAFS) 1957-yilda tashkil etilib va sud ekspertiza sohasidagi turli olim va amaliyotchilarni birlashtirgan.

Sud ekspertiza fanlarini rivojlantirish, sud ekspertlari va olimlar o‘rtasida ilmiy va texnik ma’lumotlarni almashinuvini ta’minlash, sud ekspertizaning yangi yo‘nalishlarini belgilab berish hamda o‘quv seminarlarni tashkil etish IAFSning asosiy vazifasi sifatida belgilab olingan.

IAFS 1957-yilda tashkil etilgan bo‘lib, sud ekspertizaning turli sohalari – sud tibbiyot, toksikologiya, daktiloskopiya, sud biologiyasi, giyohvand moddalarni o’rganish, ballistika, trasologiya, baxtsiz hodisalar va avtohalokatlarni rekonstruksiya qilish, sud-psixiatriya, tibbiy antropologiya, bioetika va fanlar bo‘yicha olim va amaliyotchilarni birlashtirgan.

1957-yildan beri IAFS 19 ta xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazdi. IAFS ning boshqaruv organi Kengash boʻlib, uning tarkibiga Prezident va avvalgi Prezident kiradi.

Prezident IAFSning har uch yillik majlislarida Kengash tomonidan saylanadi.

IAFSning oldingi prezidentlari va mezbon shaharlari quyidagicha:

1957 F.C. Tomas (Bryussel, Belgiya), 1957 C.P. Larson, 1957-1960 M. Helpern (Nyu-York, AQSh), 1960-1963 F.E. Lagerlar (London, Buyuk Britaniya), 1963-1966 X. Gormsen (Kopengagen, Daniya), 1966-1967 X. Vard Smit, 1967-1969 D.M.Lukas (Toronto, Kanada), 1969-1972 T.K. Marshall (Edinburg, Buyuk Britaniya), 1972-1975 H. Xartman (Syurix, Shveytsariya), 1975-1978 W.G. Ekkert (Vichita, AQSh), 1978-1981 J.Chr. Giertsen (Bryggen, Norvegiya), 1978-1984 S.S.Kind (Oksford, Buyuk Britaniya), 1984-1987 J.A.J. Ferris (Vankuver, Kanada), 1987-1990 W.J. Tilstone (Adelaida, Avstraliya), 1990-1993 V. Bonte (Dyusseldorf, Germaniya), 1993-1996 T. Takatori (Tokio, Yaponiya), 1996-1999 B.A. J. Fisher (Los-Anjeles, AQSh), 1999-2002 E. Bakchino (Montpelye, Fransiya), 2002-2005 S.C. Leung (Gonkong, Xitoy), 2005-2008 Ronald L. Singer (Yangi Orlean, AQSh), 2008-2011 D.N. Vieyra (Madeira, Portugaliya), 2011-2014 X. Chung (Seul, Janubiy Koreya), 2014-2017 M.S. Pollanen (Toronto, Kanada), 2017-2023 Kloud Rux (Sidney, Avstraliya).

2020-yilda IAFS konferentsiyasi Avstraliyaning Sidney shahrida o’tkazilishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli konferentsiya 2023-yil 20-24 noyabrga ko’chirilgan.

Qayd etilganidek, IAFS juda noodatiy tashkilot. Yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida u o‘zining asosiy vazifasini – tuzilmaning aniq yo‘qligiga qaramay, har uch yilda bir marta sud ekspertlarining xalqaro uchrashuvlarini o‘tkazishni muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda.

Oldingi Prezidentlar Kengashi Prezidentni va yig’ilish joyini tanlaydi va Prezident o’z konferentsiyasi tugaganidan keyin avtomatik ravishda Kengashning umrbod a’zosi bo’ladi.

Har bir konferentsiya uchun faqat Prezident javobgardir. Bu o’z-o’zini moliyalashtirishi kerak, chunki IAFSning o’zida mablag’ yo’q. Yangi prezident kutishi mumkin bo’lgan eng ko’p narsa bu avvalgi konferentsiyadan “boshlang’ich” xarajatlarni qoplash uchun “pul mablag’lari”. Bu miqdor beshinchi va oltinchi uchrashuvlar o’rtasida o’tkazilgan 5,000 dollardan Adelaida uchrashuvidan keyin 75,000 dollardan oshdi. Byudjetlar ham ko’paydi va hozirda grantlar, xayriyalar, ko’rgazma ishtirokchilari uchun to’lovlar, seminarlar va delegatlarni ro’yxatdan o’tkazish to’lovlari orqali to’planishi uchun 1,6 million AQSh dollariga yaqinlashmoqda. Prezident keyingi yig’ilishgacha Kengashga auditorlik tekshiruvidan o’tgan moliyaviy hisobotni taqdim etadi va olingan ortiqcha mablag’ni keyingi Prezidentga o’tkazadi.

IAFSning tomonidan o‘tkaziladigan yalpi-yig‘ilish, konferensiyalarning afzalligi shundaki, konferentsiyalar biznesga emas, balki ilmiy va jamoatchilik, soha vakillari va tor doirdagi mutaxassislar bilan muloqotga qaratilgan. Shuningdek, o‘zaro professional ma’lumotlar xalqaro miqyosda almashiladi va soha vakillari o‘zaro qimmatli hamkorlik aloqalari o’rnatiladi.

International Association of Forensic Sciences – IAFSga a’zo bo‘lish uchun talabgor IAFS tomonidan xar uch yilda bir marotaba o‘tkaziladigan yig‘ilish-anjumanlarida doimiy ishtirok etib borishi, ya’ni yalpi-yig‘ilishida ro‘yxatdan utib, yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar (misol uchun, IAFSning yangi Prezidentini saylash, keyingi anjuman mezbonligini xal etish, sud ekspertiza faoliyatining yangi yo‘nalishlarini belgilash va boshqa dolzarb masalalar) bo‘yicha ovoz berish jarayonlarida qatnashishi kerak.

IAFS uch banddan iborat o‘z Nizomiga ega.

Unga ko‘ra, 1. Sud ekspertizani rivojlantirish. 2. Ilmiy va texnik ma’lumotlarni almashishda sud ekspertlari va boshqa mutaxassilarga ko‘mak ko‘rsatish. 3. Har uch yilda IAFS yalpi yig‘ilishlarini tashkil etish belgilangan.

IAFSning navbatdagi anjumani 2023-yil 20-24 noyabrda Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tdi. IAFSning anjumani bilan bir vaqtning o‘zida Avstraliya va Yangi Zelandiya sud ekspertiza jamiyatining 26-simpoziumi (26th Symposium of the Australian & New Zealand Forensic Science Society) o‘tkazildi. Mazkur IAFSning anjumanida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi delegatsiyasi ishtirok etib, IAFS ning to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi.

Anjuman dasturiga ko‘ra, sud ekspertiza sohasidagi pandemiyadan so‘ng turgan muammolar va ularni strategik yechimlari, huquqiy va ilmiy jihatdan sohani qo‘llab quvvatlash, yangi ekspertiza turlarning sud ekspertiza institutlari oldiga qo‘yilgan masalalarni yechishdagi roli, sud ekspertizaning zamonaviy ko‘rinish tendensiyalari va boshqa bir qator mavzular bo‘yicha AQSh, Avstraliya, Shvesiya, Kanada, Shveysariya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya va boshqa davlat va xalqaro tashkilot vakillarining ma’ruza va taqdimotlari, shuningdek, sud ekspertiza fanlariga ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari professor o‘qituvchilarinnig seminar va mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.

Xususan, IAFS ning 23-anjumani va Avstraliya va Yangi Zelandiya sud ekspertiza jamiyatining 26-simpoziumining birinchi tarmoq tadbirida tanishuv uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanishuv tadbirida dunyoning 70 davlatidan ishtirokchilar hamda sud ekspertiza sohasi uchun uskuna va dasturlar ishlab chiqaruvchi 40 ta kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Shundan, 10 dan ortiq davlat vakillari va Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan texnologiyalar bo‘yicha 20 dan ortiq kompaniyalar vakillari bilan ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazildi.

Jumladan, sud ekspertiza uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi «Shimadzu», «Hamilton», «Digital Forensic Sciences Australia», Odam DNKsi bo‘yicha ma’lumotlar bazasi ishlab chiqaruvchi «STRmix», robotlashtirilgan uskunalar ishlab chiqaruvchi «BSD», laboratoriyalar uchun LIMS texnologiyalar ishlab chiqaruvchi «LabWare» va boshqa kompaniyalarning innovatsion ishlanmalari bilan yaqindan tanishildi.

Shuningdek, Filippin davlatidan tashrif buyurgan, Osiyo sud ekspertizasi tarmog‘i-AFSN kotibi Meilani Joy Ordono bilan uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvda AFSN prezidenti Filippin Politsiya brigaderi General Konstancio Chinayog bilan ham videokonferensiya orqali muloqot qilindi. Ular tomonidan O‘zbekistonda, shu jumladan Markazda sud ekspertizani rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berilib, AFSNning 2028-yilda bo‘ladigan yig‘ilishini O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazish bo‘yicha taklifi berildi.

Osiyo sud ekspertizasi tarmog‘i (AFSN)ning 2024-yildagi yillik yig‘ilishi Tailandda, 2025-yilgi yillik yig‘ilishi Janubiy Koreyada va hokazo o‘tkazilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Fransiya, Bolgariya, Yaponiya, Ozarbayjon, Avstriya, Daniya va Malaziya davlatlari delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik masallari muhokama etildi.

Simpozium doirasi tashkil qilingan «Varsash Sayntifiks», «BSD robotiks», «Epe trasted tu protekt», «forensik tuls» «Shumadze»va boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi hamda zarur ma’lumotlar almashinildi.

Anjumani doirasida yigirma oltita ishchi guruhlar shakllantirilgan bo‘lib, bular raqamli sud ekspertizasi, DNK, hujjatlar kriminilasitikasi, noqonuniy giyohvand moddalar, sifatni ta’minlash va standart, antropologiya va arxeologiya, biologik kriminalistlar, klinik sud tibbiy ekspertiza va tibbiy hamshiralik, jinoyat joyi, o‘qitish va qayta tayyorlash, yong‘in va portlash, tibbiy potologiya, tibbiy taponomiya va entomolgiya, gumanitar tibbiy fanlar, terrorga qarshi kurash va harbiy sud ekspertiza, odontologiya, psixiatriya, ekspertizaning huquqiy asoslari, farmolokologiya va toksikologiya, hayvon va o‘simliklar jinoyatchiligi ekspertizasi, genetik genealogiyada sud ekspertiza, barmoq izi, sud tibbiy ekspertiza
va boshqalardir. Delegatsiya a’zolari belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlarda ma’ruzalarda ishtirok etishdi.

Shu bilan birga IAFS ishtirokchilariga sertifikatlarni tantanali topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilish davomida IAFSning 2026-yildagi 24-simpoziumini o‘tkazishga talabgor nomzod bo‘lgan Birlashgan Arab amirliklari, Shotlandiya, Bolgariya, Meksika, Malayziya davlatlari orasidan eng yaxshi talabgor sifatida taqdimot qilgan Bolgariya Gabrovo sud ekspertiza tashkiloti boshlig‘i professor Yanko Kolev IAFSga keyingi uch yillikka yangi prezident etib, IAFSning  2026-yildagi 24-simpoziumini o‘tkazishga Bolgariya mezbon davlat etib e’lon qilindi.

Markazning IAFSga a’zo bo‘lishi hamda ushbu tashkilot ishida ishtirok etishi bilan quyidagi imkoniyatlar yaratildi.

Jumladan:

IAFS ning tomonidan o‘tkaziladigan yalpi-yig‘ilishda ishtirok etish. IAFS konferensiyalarning afzalligi shundaki, konferensiyalar biznesga emas, balki ilmiy va jamoatchilik, soha vakillari va tor doirdagi mutaxassislar bilan muloqotga qaratilgan. Shuningdek, o‘zaro professional ma’lumotlar xalqaro miqyosda almashiladi va soha vakillari o‘zaro qimmatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilishiga e’tibor qaratiladi.

Sud ekspertizasi sohasidagi yangi innovatsion ma’lumotlar va tajribani IAFSga a’zo bo‘lgan sud-ekspertiza muassasalari, ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalari va tadqiqot markazlari bilan almashish, ushbu sohadagi muammolar va ularning yechimlari haqida fikr almashish imkonini berdi.

Shuningdek, yangi zamonaviy talablarni hisobga olgan holda sud ekspertiza standartlarini qayta ko‘rib chiqish, ekspertiza usullarini takomillashtirish, IAFS shafeligida o‘tkaziladigan tadbirlarda (seminar, o‘quv-kurs, stajirovka va boshqa) to‘siqlarsiz ishtirok etish, ishlab chiquvchilardan ixtisoslashtirilgan ekspert uskunalari bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni va ular haqida bevosita ushbu uskunadan foydalangan sud ekspertiza muassasalardan fikr-mulohazalarni olish sharoitlari yaratildi.

Bundan tashqari, dunyo sud ekspertiza hamjamiyati oldida RSEM nafaqat Osiyo sud ekspertiza tarmoklari (Asian Forensic Sciences Network – AFSN) mintaqamiy tashkilotining to‘laqonli a’zosi sifatida, balki Butunjahon sud ekspertlari assotsiatsiyasi (International Association of Forensic Sciences – IAFS) butunjaxon tashkiloti a’zosi tariqasida ish faoliyatini olib borish. Bunda RSEM tomonidan bajarilgan sud ekspertiza xulosalarining ishonchliligi hamda boshqa mamlakat tegishli idoralari tomonidan tan olish imkoniyati yaratildi.

Shu jumladan, Markazning laboratoriyalari ISO/IEC 17025 xalqaro standarti talablari bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tish ishlarini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi, bu esa laboratoriyalar tomonidan beriladigan tadqiqot natijalarini (xulosalarni) xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishini, fuqarolarning buzilgan huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga va odil sudlovni ta’minlanishiga xizmat qildi.

Shu bilan birga, Yevropa, Amerika va boshqa qit’a sud ekspertiza tashkilotlari hamda sud ekspertiza muassasalari bilan sud ekspertiza yo‘nalishlari bo‘yicha ham teng huquqli hamkorlik qilish imkoniyatlari paydo bo‘ldi.

Xulosa o‘rnida Sud ekspertiza faoliyatida xalqaro hamkorlikni ta’minlash, sud ekspertiza muassasalarining xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni o‘rnatish va ularnig ishida doimiy ishtirok etishi, mamlakatimizda sud ekspertiza sohasini yanada rivojlantirish, xalqaro standarlarni soha faoliyatiga tadbiq etish, sud ekspert kadrlarning malakalarini xorij standartlar asosida oshirish borish, zamonaviy innovatsion texnologiya va yangi uslubiyotlarni o‘zlashtirishda, tadqiqot natijalarinig ishonchligiga hamda ularni xalqaro miqyosda tan olinishida xizmat qiladi.

S.Saidxodjaev,
X. Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertiza markazi
Xalqaro hamkorlik va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i

Skip to content