SUD EKSPERTIZASIDA RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR

Bugungi taraqqiy etgan dunyoda raqamli texnologiyalar hayotimizning ko‘p jabhalarida, jumladan, huquqni muhofaza qilish va sud tizimlarida muhim o‘rin tutadi. So‘nggi o‘n yilliklardagi “raqamli inqilob” sud ekspertizasi taraqqiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi hamda sohaning ajralmas va be’qiyos vositalaridan biriga aylandi.

Sud ekspertizasida raqamli texnologiyalarning qo‘llanilishi zamonaviy sud ekspertizasining yangi bosqichga chiqishiga va yangi ko‘rinishda namoyon bo‘lishiga olib keladi. Ushbu texnologiyalardan foydalangan holda, sud ekspertlari tergovning aniqligi, samaradorligi va obyektivligini oshirish va natijada sud jarayonlarining yanada samarali bo‘lishiga hissa qo‘shishi mumkin.

Huquqni muxofaza qilish, kriminalistika va sud ekspertizasi sohalarida zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion ishlanmalar va raqamli texnologiyalardan foydalanishda asosan ma’lumotlarni olish, to‘plash, qayta ishlash, uzatish va saqlash bilan bog‘liq imkoniyatlar muxim o‘rin egallaydi. Ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda raqamli texnologiyalardan foydalanish haqqoniy natijalarga erishishda muhim o‘rin tutadi, jumladan, raqamli ma’lumotlarni qayta ishlash hamda tahlil qilish, kiberxavfsizlik yohud kiberjinoyatchilik masalalari, voqealarni virtual qayta tiklash, katta hajmli ma’lumotlar, ularni tahlil qilish, raqamli hujjatlar va ma’lumotlarni saqlash masalalarida raqamli texnologiyalardan foydalanish dolzarb xisoblanadi.

Yanada oddiyroq aytkanda, raqamli ma’lumotlarni qayta ishlash hamda tahlil qilish bu – ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot mutaxassislarga matnli hujjatlar, tasvirlar, videolar, audio fayllar va boshqalar kabi turli xil raqamli dalillarni tahlil qilish imkonini beradi. Kompyuter tizimlari obyektni yoki uning yuzini aniqlash va tasvirni qayta ishlash, videodagi obyektlarning joylashishini tahlil qilish va boshqa maqsadlarda ishlatilishi mumkin.

Raqamli ma’lumotlarni qayta ishlash, shuningdek, hujjatlarni o‘zgartirish yoki qalbakilashtirish, tasvirlar va video fayllardagi metama’lumotlarni o‘chirish yoki o‘zgartirish kabi jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash uchun ham qo‘llanilishi mumkin. Raqamli texnologiyalardan foydalanish tufayli ekspertlar tomonidan o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijalarining aniqlik darajasi yuqori bo‘ladi hamda tadqiqot natijalarining haqqoniy bo‘lishiga va sudlarga ishonchli dalillarni taqdim etish imkoniyatini yaratadi.

Kiberxavfsizlik va kiberjinoyatchilik sohasi bo‘yicha so‘nggi o‘n yillikda sud ekspertizasining eng muhim jihatlaridan biriga aylandi. Raqamli texnologiyalar va internetning tarmog‘ining rivojlanishi bilan kiberxavfsizlik bilan bog‘liq tahdidlar tobora ortib, jiddiylashib va murakkablashib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, raqamli texnologiyalar kiber jinoyatlarni aniqlash, tahlil qilish va oldini olish uchun joriy etish va qo‘llash zaruratini yuzaga keltiradi.

Maxsus, ixtisoslashgan dasturiy ta’minotlar va mashinani o‘rganish algoritmlari vositasida tarmoq trafigini kuzatish, zararli dasturlarni va axborot tizimlariga hujumlarni aniqlash uchun ishlatilishi mumkin.

Voqealarni virtual qayta tiklash – sud ekspertizasidagi raqamli texnologiyalarning yana bir muhim jihati bu hodisalarni virtual tarzda qayta tiklash yoki qurish imkoniyatidir. Zamonaviy 3D modellar va virtual reallik texnologiyalaridan foydalangan holda ekspertlar jinoyatlarning virtual sahnalari va modellarini yaratishi mumkin, bu esa sud va tergovchilarga sodir bo‘lgan voqea, hodisalarni yaxshiroq tushunish imkonini beradi.

Voqealarni virtual rekonstruksiya qilish, ayniqsa, yo‘l-transport hodisalari, qurolli jinoyatlar va hokazolar kabi murakkab jinoiy ishlarda samarali qo‘llanilishi mumkin. Mutaxassislar virtual modellar yordamida obyektlar traektoriyasini tahlil qilish, zararning aniq joylashuvi va xarakterini aniqlash va boshqa ko‘p narsalarni amalga oshirishi mumkin.

Bundan tashqari, katta hajmli ma’lumotlar va ularni tahlil qilish ham bugungi kundagi dolzarb  hamda tobora murakkablashib borayotgan aspektlardan bo‘lishi bilan birga sud ekspertizasi sohasida ham muhim rol egallamoqda. Zamonaviy ma’lumotlar tahlili va mashinani o‘rganish algoritmlaridan foydalangan holda, mutaxassislar katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlashlari va turli ma’lumotlar o‘rtasidagi yashirin bog‘liqliklar, maxfiy belgilar va shifrlarni aniqlashlari mumkin.

Ma‘lumotlar tahlili tendentsiyalar va rivojlanishlarni bashorat qilish, shuningdek, potentsial zaifliklar va tahdidlarni aniqlash uchun ishlatilishi mumkin. Ma’lumotlarni tahlil qilishning zamonaviy usullaridan foydalangan holda, sud- ekspertlari mavjud faktlar va dalillarga asoslangan holda ko‘proq hamda ishonchliroq ma’lumotlarga ega bo‘lgan holda qarorlar qabul qilishlariga imkoniyat yaratadi.

Sud ekspertizasida raqamli texnologiyalardan foydalanishning yana bir muhim jihati bu – hujjatlarni raqamlashtirish va ma’lumotlarni saqlash imkoniyatidir. Raqamli texnologiyadan foydalangan holda, mutaxassislar elektron hujjatlarni yaratishlari va dalillarning raqamli nusxalarini saqlashlari mumkin, bu ularning xavfsizligi va uzoq muddatli saqlash imkoniyatini oshirishni ta’minlaydi. Bu shuningdek, sud protsessi ishtirokchilari o‘rtasidagi ma’lumot almashishni soddalashtiradi, shaffoflikni ta’minlaydi va ish materiallarining ishonchliligini oshirib, yo‘qotish yoki shikastlash xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, raqamli texnologiyalar sud ekspertizasi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda, sud ekspertizasi samaradorligi va aniqligini oshirmoqda. Statistik ma’lumotlar sud jarayonlarida raqamli texnologiyalarning ahamiyati ijobiy ekanligini tasdiqlaydi va ularning jinoyatchilikka qarshi kurashga yanada keng ko‘lamda tadbiq etilishi kerakligini ko‘rsatadi. Sud ekspertizasi sohasida raqamli texnologiyalarni yanada rivojlantirish va joriy etish insonlar va jamiyat xavfsizligini ta’minlanishi bilan birga qonunlarga, adolatga bo‘lgan ishonchning ortishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Ataniyazov Doniyor Shonazarovich

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining
Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi (2-darajali yurist).

Skip to content