KRIMINALISTIKA VA SUD EKSPERTIZASINING MODELLARI

Kriminalistika fani bo‘yicha bir necha o‘n yillar davom etayotgan qizg‘in munozaralardan so‘ng, kriminalistikaning fan sifatida to‘lq shakllanishi davri hali tugamaganligini ta’kidlash mumkin. Kriminalistika hozirgi kunga qadar umumiy fanlar tizimida o‘z o‘rnini topa olmadi.

Ushbu fan fundamental va amaliy fanlar potensialini o‘zlashtirishda faqat birinchi qadamlarni qo‘ymoqda deyish mumkin hamda aksariyat hollarda umumiy ilmiy bilimlarning aksiomalariga qarshi turadi. Masalan, kriminalistikaning asosiy kategoriyalaridan bo‘lgan “jinoyatlarning kriminalistik tavsifi” kriminalistikaning zamonaviy umum-ilmiy va uslubiy asosi sifatida qaralishi mumkin emas, balki, o‘zining noaniqligi tufayli u (“jinoyatlarning kriminalistik tavsifi”) har qanday ilmiy tushunchaga qo‘yiladigan talablarga javob bermaydi.

Ta’kidlash joizki, oxirgi besh-olti yillar davomidagina O‘zbekiston kriminalistika fani jahon kriminalistik tizimida o‘z o‘rnini topmoqda. Hozirda juda ko‘plab, huquqshunoslik hamda ijtimoiy-iqtisodiy fanlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha olib boriladigan dissertatsiyalarning mualliflarining (tadqiqotchilar) ilmiy asarlari (masalan, ilmiy maqolalari) umume’tirof etilgan indeksatsiyalashgan ma’lumotlar ba’zalari – nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilmoqda.

Shu sababli, kriminalistika fanining jahon kriminalistik bilimlari tizimidagi o‘rnini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi deb ta’kidlash mumkin. Bu holda kriminalistikani tanqid qilish emas, balki jahon kriminalistika fani va sud ekspertizasi tizimlari hamda modellarining har tomonlama qiyosiy tahlili haqida fkr yuritish zarur. Shu bilan birga, nafaqat kriminalistika fanining tushunchalari va qoidalari, balki ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlar amaliyotida qo‘llash samaradorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu vazifa esa fundamental ilmiy izlanishlar olib borilishini talab qiladi. Albatta, hajm jihatdan kichik bo‘lgan maqolada ushbu muammoning alohida jihatlari bo‘yicha fikr bildirish mumkin.

Ta’kidlash joizki, o‘zaro farqlangan (tabaqalashtirilgan) bilimlarning funksionalligi davlat sud-ekspertiza muassasalari (bo‘limlar, laboratoriyalar va ma’lumotlar bazalari) tarkibini shakllantirishda, tergov va ekspert mutaxassisliklari hamda kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini shakllantirishda samarali qo‘llaniladi. Maxsus bilimlarni o‘zaro aniq farqlamasdan, kriminalistik faoliyatni samarali normativ-huquqiy tartibga solish ham mumkin emas.

Oxirgi besh yillikda, O‘zbekistonda Krimnalistika fanini o‘rganishga alohida yangicha yondashuvlar ishlab chiqildi. Jumladan:

– jinoyatni tergov qilish va ochish nazariyasining asosini tashkil qiluvchi fanlar qatorida kriminalistika va sud ekspertizasi markaziy o‘rinni egallaganligi sababli, D.Bazarova va I.R.Astanovlar “Kriminalistika va ekspertiza” nomli, kriminalistika va sud ekspertizasi fanlarining to‘liq kursini tashkil etadigan, mazmuni tergov, tezkor-qidiruv va ekspertiza faoliyatining zamonaviy imkoniyatlarini yoritilgan darslik chop etganlar. Ushbu darslikda kriminalistika nazariyasi va tergov amaliyotida keyingi yillarda yuz bergan muhim o‘zgarishlar, kriminalistik texnika sohasidagi yangi – ilmiy vositalar, uslubiy tavsiyalar va murakkab xavfli jinoyat turlari, jumladan, uyushgan jinoyatchilar, xorij fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish uslubiyotlari yoritilgan;

– O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida esa Kriminalistikaning dastlabki ikki bo‘limi – kriminalistikaga kirish, kriminalistik texnika – kriminalistik ekspertizalar kafedrasida (amaliy ekspertlik tajribasiga, jinoyatlarni tergov qilish faoliyatida maxsus bilimlarni qo‘llash tajribasiga hamda tegishli turdagi sud ekspertizalarni mustaqil o‘tkazish huquqiga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan), fanning qolgan ikki bo‘limi – jinoyatlarni tergov qilish metodikasi hamda kriminalistik taktika va metodika – “Tergov faoliyati kafedrasi”da (amaliyotchi tergovchilar tomonidan) o‘qitiladi.

O‘zbekiston kriminalistikasi, sud ekspertizasi va Sudga oid fanlari (Forensic science)” tizimining asoslari va tuzilishini taqqoslash natijasida quyidagicha xulosalar qilindi:

– O‘zbekiston kriminalistikasining nazariy-uslubiy asoslari va uning ichki rivojlanish potensialining afzalligi kriminalistika faniga kriminalistik bilimlarning quyi nazariy-uslubiy tizimlarini yanada muvaffaqiyatli rivojlantirishga imkon beradi. Bunda shuni yodda tutish kerakki, empirik bilimlar darajasida amaliy vazifalarni hal qilishda maxsu bilimlarning barcha sohalari va qatlamlarining uyg‘unlashgan sintezi amalga oshiriladi va bu holda nazariy bilimlarning afzalliklari endi maqbul bo‘la olmaydi;

– dunyoning juda kam mamlakatlaridagina (masalan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi) mavjud bo‘lgan milliy sud ekspertizasi tizimi, ushbu tizimning samarali moddiy-texnik ta’minoti va me’yoriy-huquqiy tartibga solish imkoniyatlarini yaratadi;

– Amerika yoki Angliyaning umumiy ma’nodagi yuqori ilmiy-texnik va texnologik salohiyati kriminalistik va sud-ekspertiza tadqiqotlarining sudga oid fanlari (Forensic science) tizimidagi tegishli darajasi va potensialini bevosita aniqlaydi. Shu bilan birga, kriminalistika bilan sudga oid fanlari (Forensic science) tizimining konseptual asoslari va tuzilishini o‘zaro taqqoslash O‘zbekiston kriminalistikasi va sud ekspertizasining tuzilishi va nazariy-uslubiy asoslarini modernizatsiya qilish bo‘yicha xulosalar chiqarish va takliflar kiritish imkonini beradi;

– xorijiy huquq tamoyillarida chuqur ilmiy tahlillarsiz foydalanish (qo‘llash) amaldagi jinoyat protsessidan haqiqat tamoyillarini chiqarib tashlashga olib keladi, natijada esa ushbu sohadagi huquqni qo‘llash faoliyatini nazariy va uslubiy asoslardan mahrum qilishi mumkin;

– O‘zbekiston odil sudlovida mamlakatda mavjud bo‘lgan davlat sud ekspertizasi tizimining afzalliklaridan, uni huquqiy muvofiqlashtirish, tizimli va texnologik optimallashtirish imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmaydi. Bundan tashqari, ushbu tizimni boshqarishni markazlashtirishga e’tibor berilyotgan bo‘lsa-da (“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishni va unga ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi”), biroq, idoraviy ekspertiza tizimlarini shakllantirish va nodavlat xususiy sud ekspertizasini tashkil etishning an’analari shakllanmoqda. Ushbu an’analar ekspertizani odil sudlovning samarali vositasi sifatida obro‘sini orishiga va davlatning texnologik rivojlanish talablarini yanada takomillashuviga olib keladi;

– kriminalist olimlar va sud ekspertlarining faoliyati huquqni muhofaza qilish amaliyotda talab etiladigan odatiy kriminalistik va sud-ekspertlik vazifalarini hal qilish uslublari va texnologiyalarini tayyorlashni ta’minlaydigan tizimli-faoliyatli va funksional yondashuv talablariga javob berishi kerak.

 

M.M. Muxamedjanova

  1. Sulaymonova nomidagi Respublika

sud ekspertizasi markazi SBIE laboratoriyasi davlat sud eksperti

 

 

 

 

Skip to content