Bugungi kunda texnik qurilmalar yordamida akustik kanal orqali uzatiladigan nutq axborotini qayd qilish – nafaqat yo‘naltiruvchi, balki keng tarqalgan, daliliy ahamiyatga ega bo‘lgan kriminalistik axborot vositasidir.
Jinoyat ishlari materiallariga qo‘shib qo‘yilgan telefon yoki boshqa turdagi tashuvchilar yordamida to‘plangan audio-video yozuvlar, faqatgina jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda emas, balki og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishda ayniqsa ob’ektiv, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dalillar manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birgalikda, jinoyat ishlar bo‘yicha ashyoviy dalil bo‘lib fonogrammalar xizmat qilgan hollarda, sud-fonografiya ekspertizasi xulosalaridan daliliy manba sifatida samarali foydalanish, fonogrammalarni kelib chiqishining qonuniyligi va protsessual jihatdan ularni jinoyat ishiga to‘g‘ri rasmiylashtirilib qo‘shib qo‘yilishi bilan chambarchas bog‘liq.
Sud-fonografiya ekspertizasi tadqiqoti uchun taqdim qilinadigan fonogrammalar quyidagi manbalardan olinishi mumkin:
– surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning sanksiyasini olib chiqargan qarorga binoan yoki sud ajrimiga ko‘ra, telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlar yozib olinishi natijasida;
– jinoyat sodir etilganda jabrlanuvchi, guvoh yoki boshqa shaxslarning yozma arizalaridan;
– tezkor-qidiruv tadbirining o‘tkazilishi jarayonida texnik vositalar qo‘llanilgan bo‘lsa, bunday audio-video yozuvlar, faqatgina O‘zR JPKning dalillarni to‘plash, tekshirish va ularni baholashni tartibga soluvchi talablarga javob berganda, fonogrammalar tergovchi qarori asosida, ashyoviy dalil sifatida jinoiy ish materiallariga qo‘shilib qo‘yiladi. Daliliy ashyolar sifatida to‘plangan fonogrammalar jinoyat- protsessual kodeksining talablariga rioya qilgan holda, ko‘zdan kechirish va eshitib ko‘rish bayonnomasi asosida rasmiylashtiriladi.
Sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazish, asosan, maxsus bilimga ega bo‘lgan davlat sud-ekspertlariga, ya’ni davlat sud-ekspertizasi muassasasi xodimlariga topshiriladi. Bu ekspertiza turi dastlabki tergov jarayonida yoki jinoyat ishini sudda ko‘rilayotgan davrda tayinlanishi mumkin.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud sud-fonografiya ekspertizasini tayinlayotgan paytida, ekspertiza o‘tkazilishi jarayonida, tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan fonogrammalar qanday sharoitda, holatda va qanday tovush yozib olish moslamasi yordamida yozib olinganligi haqidagi ma’lumotlar zarur bo‘lib qolishi mumkinligini e’tiborga olishi lozim. Ayrim xollarda bu ma’lumotlar ekspertizani sifatli o‘tkazilishiga ko‘makdosh bo‘ladi. Shu borada, ekspertiza tadqiqoti uchun taqdim qilingan materiallarda kamchiliklar bo‘lsa, ekspertni, ekspertiza o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan materiallarni ekspertiza o‘tkazishni to‘xtatib turib, so‘rovnoma orqali ekspertiza tayinlagan organdan (tergovchi, sud) talab qilib olish huquqi borligini eslatib o‘tish joizdir. Qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, bunday materiallar ijrosiz, ya’ni ekspertiza o‘tkazilmasdan qaytarilishi yoki xulosa berishning ilojisi yo‘qligi haqida ma’lumot berilishi mumkin. Sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazishning xususiyatlaridan biri – bu ekspertiza tadqiqoti uchun taqdim qilingan fonogrammalarni (ob’ektlarni) yaroqli yoki yaroqli emasligini, ayrim hollarda, to‘laqonli ekspertiza tadqiqotisiz, aniqlash imkoni yo‘qligidir.
Bunda fonogrammalar bo‘yicha nafaqat lingvistik, balki akustik (asbob-uskunali) tadqiqotlar ham o‘tkaziladi. Sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazish jarayonida talaygina masalalarni hal qilish uchun ekspertdan har xil sohadagi ilm va texnikaga doir bilimga ega bo‘lish talab qilinadi.
Ekspert o‘z kompetensiyasi doirasida ekspertiza tayinlash haqidagi qarorda (ajrimda) qo‘yilmagan savollarga, agar ular ekspertlik tadqiqoti predmetiga taalluqli bo‘lsa, tashabbus ko‘rsatib, ular bo‘yicha ham o‘z xulosasini berish huquqiga ega.
Ekspertlik amaliyoti identifikatsion masasalalarni hal etish uchun tergov va sud organlari tomonidan ekspertizaga taqdim qilinadigan ovoz va nutq namunalari nafaqat hajmi, sifati bo‘yichagina emas, balki shakli, mohiyati va mazmuni qoniqarliligi bo‘yicha ham alohida ahamiyatga egaligini ko‘rsatmoqda. Tergovchi (sud) ovoz va nutq namunalarini olish jarayonida maxsus bilimlari bo‘lmaganligi sababli, ba’zida tekshirilishi lozim bo‘lgan fonogramma bilan taqqoslab bo‘ladigan namunalarni olishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Bunday xolatlarni oldini olish uchun tergovchi (sud), namunalar olishdan avval mutaxassislar bilan maslahatlashishi maqsadga muvofiqdir. Gumondor shaxsning ovoz va nutq namunalari tajribaviy yoki erkin holda bo‘lishi mumkin. Tergov (sud) organlari tomonidan bunday namunalar O‘zR JPKning talablariga amal qilib olinadi. Undan tashqari, protsessual qonunchilik tomonidan o‘rnatilgan tartibda tergov yoki boshqa protsessual harakatlar amalga oshirilgan davrda tovush yozuvchi qurilmalar qo‘llangan bo‘lsa, ular ovoz va nutqning shartli-erkin namunasi sifatida ekspertiza tadqiqotiga taqdim qilinishi mumkin. Ekspertizaga ovoz va nutq namunasi sifatida taqdim qilinadigan fonogrammalarga asosiy talab – ularni shubhasiz gumondor shaxsga tegishli ekani, sifatliligi, nutqiy material va hajmi bo‘yicha sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazish uslubiyoti talablariga javob berishidir. Ovoz va nutq (solishtiruv) namunalarining davomiyligi taxminan 35-45 minutdan kam bo‘lmasligi lozim, chunki qisqa muddatli solishtiruv namunalarda shaxsning ovozi va nutqiga doir o‘ziga xos umumiy va xususiy belgilari aks etmaydi;
– solishtiruv namunalarini o‘qittirib yoki yodlatib olish ham sud- fonografiya ekspertizasini o‘tkazish uslubiyoti talablariga ziddir;
– tadqiqot qilinayotgan fonogramma qaysi tilda va shevada bo‘lsa solishtirish uchun namunalar ham o‘sha tilda va shevada olinadi.
Ekspertiza tayinlashda namunalar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan talablarga rioya qilinib olinishi, sud – fonografiya ekspertizasini sifatli va qisqa muddatda o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi va uning samaradorligini ta’minlaydi.
Tergovchi (sud) sud-fonografiya ekspertizasini tayinlash haqidagi qarori (ajrimi)da tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan ob’ektlarni to‘liq va aniq ifodalashi kerak. Ekspertlar ihtiyoriga imkon qadar, ob’ektlarning originali taqdim qilinadi va fonogramma yozib olingan texnik anjomlar haqida ma’lumot beriladi.
Ekspertiza o‘tkazish uchun taqdim qilinuvchi suhbatlar yozib olingan asbobni (tashuvchini) asli (originali) taqdim etilishi maqsadga muvofiqdir, chunki ayrim hollarda, faqat suhbatlar yozib olingan birlamchi asbob (tashuvchi) orqali unda mavjud bo‘lgan montaj va o‘zgartirish belgilarini aniqlash mumkin bo‘ladi.
Sud-fonografiya ekspertizasini tayinlashda tergovchi (sud) tomonidan tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan suhbatlarning (kuzdan kechirish va eshitib ko‘rish bayonnomasi) stenogrammasi tuziladi. Chunki stenogrammani tuzish uchun sud-fonografiya sohasida maxsus bilimlar talab qilinmaydi. Stenogrammalar suhbatda ishtirok etgan shaxslar gaplashgan shevada iloji boricha aniq va to‘liq bayon etiladi.
Daliliy ashyolar sifatida jinoiy ishga qo‘shib qo‘yiladigan fonogrammalarni analog shaklda – ya’ni kassetaga, mikrokassetaga, videokassetaga yoki raqamli shaklda – ya’ni raqamli diktofonni (videokamerani) xotirasining mikrosxemasiga, kompakt, raqamli diskga, flesh-karta xotirasiga, uyali telefon xotirasi va hokazolarga qayd qilib qo‘yish mumkin.
Fonogrammalar qayd qilinib olingan daliliy ashyolar vakolatli mansabdor shaxslar tomonidan qaloqlanib, muhrlangan va imzolangan holatda ekspertizaga taqdim qilinadi.
Tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan fonogrammalarni har tomonlama, to‘liq tekshirilishi, keyinchalik esa, ekspert xulosasini sudda dalil sifatida talqin qilinishi, ko‘p jihatdan ekspertlar hal qiluvi uchun qo‘yilgan savollarni aniq va ravon shakillashtirilishiga bog‘liqdir. Shu borada, sud-fonografiya ekspertizasi hal etadigan masalalarda qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Ekspertiza tayyorlash haqidagi qarorda (ajrim)da quyidagi savollarni qo‘yish mumkin:
– ekspertizaga taqdim etilgan stenogrammaning tadqiq qilinuvchi fonogramma mazmuniga mos kelishi yoki mos kelmasligi;
– ekspertizaga taqdim etilgan yozuv (fonogramma) sifati qoniqarsiz (past) bo‘lganda suhbat stenogrammasini tuzish;
– ekspertizaga taqdim etilgan suhbatda nechta shaxs ishtirok etganligini, ularning jinsini, suhbat qaerda (xonada, ko‘chada, avtomashina salonida va h.k.) yozib olinganligini aniqlash;
– suhbat yozib olingan tashuvchida (mexanik) elektroakustik montaj belgilari mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash;
– ekspertizaga taqdim etilgan fonogramma asli yoki nusxaligini aniqlash;
– ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammadagi ovoz va nutqning kimga tegishli ekanligini aniqlash;
– ekspertizaga taqdim etilgan tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan fonogramma aynan qaysi moslamada yozib olinganligini aniqlash;
– ekspertizaga taqdim etilgan videotasma va videofonogrammalarni tadqiqot qilish va h.k.
Lekin bu keltirilgan savollar ro‘yxati to‘la-to‘kis emas. Konkret jinoyat, fuqarolik, ma’muriy ishlar bo‘yicha sud-fonografiya ekspertizasi tayinlanganda faktik holatlarini aniqlab, daliliy ahamiyatiga ega bo‘la oladigan boshqa savollar ham shakillashtirilishi mumkin.
Yuqorida bayon etilganlar, sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazish uchun materiallarni tayyorlash va uni o‘tkazish murakkab va mashaqqatli jarayon ekanligidan dalolat beradi.
Sud-fonografiya ekspertizasi laboratoriyasi
mudirasi Abrarova Nigara Bakievna