Maʼlumki, Sudlar tomonidan biron-bir fuqarolik ishini koʻrib chiqishda, undagi mavjud holatlar toʻliq oʻrganilmasdan, oydinlik va aniqlik kiritilmasdan turib ushbu fuqarolik ishi hal etilmaydi. Xuddi shunday holatlarni aniqlashda fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlarga tayaniladi. Ish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlashda, ekspertiza tadqiqotlari va tadqiqot natijalariga asoslangan ekspert (ekspertlar) xulosalari muhim ahamiyatga ega. Chunki, sud eksperti (ekspertlari) oʻz xulosalarini fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlar asosida oʻtkazadi va ilmiy tekshiruvlar natijasi asosida asoslab beradi.
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasida aynan shunday murakkab tadqiqotlar koʻplab oʻtkaziladi. Oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalari asosida odil sudlov uchun alohida ahamiyatli qatʼiy xulosalar beriladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan Odam DNKsi sud biologik eksprtizasiga
-Biologik otalik faktini aniqlash
-Biologik onalik faktini aniqlash
-Biologik aka-ukalik faktini aniqlash
-Biologik opa-singillik faktini aniqlash
-Biologik bobo-buvalik faktini aniqlash
-Ota avlod bo‘yicha biologik qarindoshlik faktini aniqlash (Y-xromosoma bo‘yicha)
kabi nizolarga barham berish maqsadida ekspertizalar tayinlanadi: DNK tadqiqotlari orqali birinchi yoki ikkinchi darajali qarindoshlik faktlari aniqlanib, sud uchun zarur maʼlumotlarni berish imkoni mavjud. Hozirda texnologiyalarni tobora rivojlanib borayotganligi natijasida nafaqat birinchi yoki ikkinchi darajali, balki uchinchi yoki toʼrtinchi darajali qarindoshlik faktlarini aniqlash imkoniyatlari mavjudligini koʼrishimiz mumkin. Shuningdek, mavjud uslublar tekshirilayotgan shaxslarni bir ota yoki ona liniyasi boʼyicha qarindosh yoki yoʼqligini aniqlash imkonini bermoqda. Bu aslida biologik ota-ona boʼlmagan xolatlarda, meʼros bilan bog‘liq masalalarni xal qilishda qo‘l keladi. Bizning laboratoriyamiz faoliyatini boshlagan kundan hozirgi kunga qadar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlardan otalik yoki onalikni belgilash, otalikka eʼtiroz bildirish xolatlari, meʼros masalasi bilan bog‘liq turli qarindoshlik munosabatlari boʻyicha ishlar kelib tushadi. Ushbu xollarda tomonlarning solishtirma namunalari tekshiruvdan oʻtkaziladi va xulosalar beriladi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan oxirgi yillarda Respublika sud ekspertizasi markazining Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyalariga otalikni belgilash va aliment undirish, otalikka eʼtiroz bildirish va shu onadan tugʻilganlik faktini aniqlash boʻyicha tayinlanadigan ishlarning soni koʻpaygan. Shu bilan birgalikda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan ekspertiza tayinlash tartiblari yuzasidan ayrim kamchiliklar kuzatilmoqda. Masalan: ajrimda koʻrsatilgan savollarning ekspert vakolati doirasiga kirmasligi yoki ularning notoʻgʻri talqinda berilishi holatlari kuzatilmoqda. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan quyidagi maʼlumotlar yaʼni choralarni ko‘rish talab etiladi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazishlik uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
-Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini oʻtkazish haqida sudning ajrimi
-Ekspertiza xarajatlari uchun toʻlovni toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov pattasi (kvitantsiya, chek qogʻoz).
-Tomonlar (da’vogar, javobgar, arizachi, manfaatdor va boshqalar)ning shaxsini tadiqlovchi hujjatlari (pasport va tugʻilgan haqidagi guvohnomaning nusxalari)
-Bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi mavjud boʻlmagan holatlarda mahalla yoki boshqa vakolatli idoralar tomonidan berilgan maʼlumotnoma.
-Solishtirma namunalar (qon, soʻlak) olish haqida bayonnomaning asli yoki nusxasi.
-Tekshiruv oʻtkazilishi lozim boʻlgan shaxslarning solishtirma namunalari.
Ajrimda tomonlar(da’vogar, javobgar, arizachi, manfaatdor va boshqalar)ning familyasi, ismi, sharifi, tugʻilgan sanasi va boshqa ma’lumotlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlar bilan bir xil boʻlishi va farq qilmasligi lozim.
Bundan tashqari, ajrimda tomonlardan ekspertiza tadqiqotlari uchun namunalarni RSEM yoki uning viloyat boʻlimlarida boʻlim mutaxassisi tomonidan olinishi aniq qilib belgilanib ketilishi lozim.
Tomonlarning namuna topshirish jarayoni xolisona amalga oshirilayotganligini kuzatish uchun xolislarning ishtiroki ham toʻliq ta’minlanishi lozim.
Odаm DNKsi sud biologik ekspertizаsigа tаqdim etilishi lozim boʻlgаn obyektlаrni olish:
Fuqarolik ishlari boʻyicha masalalarni koʻrib chiqishda sudlar DNK ekspertizasi tadqiqotlari uchun qon yoki soʻlak namunasi taqdim qilishlari mumkin. Sud majlisida tomonlar(da’vogar, javobgar, arizachi, manfaatdor va boshqalar)ning ekspertiza tadqiqotlari uchun qon namunasini yoki soʻlak namunasini topshirishlari kelishib olinishi va ajrimda ushbu namuna aynan belgilab ketilishi lozim boʻladi. Ba’zan qon yoki soʻlak namunasini topshirish tomonlarning ixtiyoriga qoldirilishi holatlari kuzatiladi. Bunda ikkita qarama-qarshi tomon ikki turdagi namunani topshirishni xohlashadi va natijada tortishuvlar, ortiqcha muammolar kelib chiqadi. Sudyalar qon yoki soʻlak namunalarini topshirish tanlovini tomonlarning ixtiyoriga qoldirishlarida mana shunday muammoli holatlarni yuzaga kelishini ham inobatga olishlari lozim.
DNK ekspertizasi uchun ekspertizani tayinlagan organning ajrimiga binoan tekshirilayotgan shaxslardan qonni sud ekspertiza muassasasida emas, balki boshqa tibbiyot muassasalarida olishga ruxsat beriladi. Bunda, tekshirilayotgan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi (kattalar uchun – pasport, voyaga yetmaganlar uchun – tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar) va namunalarni olish jarayoni vakolatli shaxs tomonidan sud tomonidan qayd etiladi. Olingan qon namunalarining soni har bir odamdan kamida 0,2-0,5 ml bo’lishi kerak . Bunday holda, namunalar har biri alohida muhrlangan qog’oz paketga qadoqlanishi kerak . Paketda identifikatsion yozuv (shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida) va namunalarni olgan tibbiyot xodimlarining, qon olish jarayonida qatnashgan shaxslarning, tibbiy muassasaning muhri bilan tasdiqlangan imzolari bo‘lishi kerak. Namunalarni olish toʻgʻrisidagi bayonnoma asli yoki nusxasi sud ekspertiza muassasalariga yuborilgan materiallarga alohida ilova qilinadi .
Qon namunasi- tekshirilayotgan shaxslardan maxsus steril laboratoriyalarda qoʻl barmogʻidan 0,2- 0,5 ml miqdorida steril dokalarga olinadi. Qon olish jarayonida bir marta ishlatiladigan steril igna(skarifikator)lardan foydalaniladi. Bunda ovqatlanish tartibiga hech qanday talablar yoʻq. Naʼmuna olinadigan bolalarning yoshi cheklanmagan.
Soʻlak namunasi esa, soʻlak namuna olish uchun moʻljallangan maxsus tayoqcha yordamida namuna topshiruvchining ogʻiz boʻshligʻidan olinadi. Bunda ham ovqatlanish tartibi va bolaning yoshi belgilanmagan
Namuna olish jarayonida namuna oluvchi mutaxassis kontaminatsiya(bir biologik materialni boshqasi bilan ifloslanishi)siz namuna olayotganligi sud vakili tomonidan toʻliq nazoratga olinishi zarur. Shuningdek, namuna olish jarayonida ushbu jarayonda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan gapirish, aksa urish, yutalish yoki boshqa ortiqcha harakatlarni amalga oshirish ta’qiqlanadi. Har bir namuna topshiruvchidan olingan namuna shu paytning oʻzida qadoqlanib, qaysi shaxsdan qanday turdagi namuna olinganligi haqidagi ma’lumotlar yozilib, tegishli shaxslar tomonidan imzolanadi.
Biologik namunalarni qadoqlash uchun tayyor qogʻoz konvertdan yoki zich qogʻozdan foydalanish maqsadga muvofiq. Baʼzi holatlarda gazetadan yoki boshqa qogʻoz manbalaridan foydalanishga ruxsat etiladi. Qadoqlash uchun polietilen paketlar va havo oʻtkazmaydigan boshqa polimer materiallardan foydalanish qatʼiyan man etiladi. Qadoqlangan namunalar tegishli shaxslar ya’ni namuna olish jarayonida ishtirok etgan shaxslar tomonidan imzolanadi hamda tegishli muassasaning muxri bilan muhrlanadi.
Odаm DNKsi sud biologik ekspertizаsigа tаqdim etilishi lozim boʻlgаn obyektlаrni saqlash va yuborish:
- Ekspertiza tadqiqotlari uchun olingan va qadoqlangan solishtirma namunalar ekspertiza muassasasiga yetib kelguniga qadar yaxshi va yaroqli holatda saqlanishi zarur. Ekspertiza tadqiqoti davomida solishtirma namunaning yaroqsizlanganligi aniqlansa, sud ekspertizasi tayinlagan organga solishtirma namunalarni qaytadan taqdim qilish yuzasidan iltimosnoma yuboriladi va bu vaqtda ekspertiza ijrosi vaqtinchalik toʻxtab turadi. Bundan tashqari qaytadan namuna olish va ekspertiza muassasasiga taqdim etish qoʻshimcha vaqt va qoʻshimcha xarajatlarni talab etadi. Bunday holatlarni yuzaga kelishini oldini olish uchun bir nechta talablar mavjud. Jumladan: solishtirma namuna solingan qadoqlar toʻgʻridan toʻgʻri quyosh nuri, uzoq vaqt namlik va yuqori harorat taʼsirida qoldirish mumkin emas. Solishtirma namunani quritish maqsadida sunʼiy va tabiiy issiqlik manbalaridan (quyosh nuri va har xil isitgichlar) foydalanish qatʼiyan man etiladi. Bu DNK zanjiridagi uzilishlarga olib kelishi va biologik namunani yaroqsiz holatga keltirishi mumkin. Bu esa tadqiqot davomida natija olinmasligiga sabab boʻladi. Ekspertiza tadqiqotlari uchun olingan, qadoqlangan va belgilanagan tartibda saqlangan solishtirma namunalar ekspertiza muassasasiga yetib kelguniga qadar yaxshi, yaroqli hamda qadoq ichidagi namunalar almashtirilmagan holatda yetkazilishi zarur. Solishtirma namunalarni ekspertiza muassasasiga yetib kelguniga qadar yaxshi va yaroqli holatda saqlanishi hamda yetkazilishi yuzasidan choralarni koʻrish ekspertiza tayinlovchi organ (shaxs)ning zimmasida boʻladi. Chunki, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi NIZOMning
21-bandida (10.04.2023-yil ro’yxat raqami 72-son) hamda ISO/IES 17025:2017 xalqaro standartining talabiga koʻra ishlab chiqilgan Markaz sifat boʻyicha qoʻllanmasining 7.8.2.2 bandida sud ekspertiga tadqiqot uchun taqdim etilgan tekshirish obyektlarini ishonchliligiga sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) javob berishi belgilab qoʻyilgan. Sud ekspertiga tadqiqot uchun taqdim etilgan tekshirish obyektlari muhrlangan va tegishli yozuvlar bilan izohlangan, qadoqlar butunligi buzilmagan boʼlishi lozim.
Odam DNKsi Sud biologik-ekspertizasiga obyektlarni taqdim etish tartibi.
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi tadqiqotlari faqat ekspertizasini tayinlashga vakolatli organ (shaxs) tomonidan, protsessual qonunga va qonun osti hujjatlarda keltirilgan talablarga muvofiq rasmiylashtirilgan ish materiallari sud ekspertiza muassasasiga taqdim etilgan taqdirdagina oʻtkaziladi. Ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs) tomonidan tadqiqotlarga sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi ajrim tadqiqot obyektlari va ish materillari shuningdek, tadqiqotlarni oʻtkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur boʻlgan sud ekspertizasi predmetiga taaluqli ma’lumotlarga ega boʻlgan hujjatlar, ekspertiza xarajatlari uchun toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kvitansiyalar sud ekspertiza muassasasiga taqdim etilishi kerak.
Sud ekspertizalarni tayinlashda ajrimlarning faksimal va yorugʻ sezgir qogʻozga koʻchirilgan nusxalarini taqdim etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan ekspertiza tayinlanganda ish materiallari rasmiylashtirish qoidalariga rioya etilmaganligi aniqlanganda, ekspertiza tayinlangan sudning manziliga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan davlat sud eksperti tomonidan iltimosnoma yuboriladi. Mazkur holatda Odam DNK si sud biologik ekspertizasiga ekspertiza tayinlagan sud organi tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlar koʻrilmasa iltimosnoma yuborilgandan 30 kun oʻtgach mazkur ekspertiza oʻtkazilmasdan, ijrosiz qaytariladi.
Odam DNKsi Sud-biologik ekspertizasi bo‘yicha qo‘yiladigan savollar
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan Odam DNKsi sud biologik ekspertizasiga tayinlanayotgan ekspertizalarning ayrimlarida ajrimda koʻrsatilgan savollarning ekspert vakolati doirasiga kirmasligi yoki ularning notoʻgʻri talqinda berilishi holatlari kuzatilmoqda. Bunday holatlarda ekspertiza tayinlagan organ (shaxs) Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi boʻyicha davlat sud eksperti (ekspertlari)ning xulosasini olganda ish uchun ahamiyatli boʻlgan ma’lumotlarni ololmasligi ham mumkin. Chunki davlat sud eksperti faqat hal etish uchun oʻzining oldiga qoʻyilgan savollargagina javob beradi. Savollar esa ajrimda notoʻgʻri qoʻyilgan. Shuning uchun ekspertiza tayinlashda ekspertlar oldiga hal qilishlik uchun qoʻyilgan savollar notoʻgʻri talqinda berilmasligi, Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi vakolati doirasida berilishi talab etiladi.
Quyida ajrimda koʻrsatilgan savollarning ekspert vakolati doirasiga kirmasligi yoki ularning notoʻgʻri talqinda berilishi yuzasidan ba’zi misollarni keltirib oʻtamiz:
-Fuqaro (tekshirilayotgan onaning F.I.SH) tomonidan dunyoga keltirilgan (tekshirilayotgan bolaning F.I.SH) yoshi aniqlansin?
–(tekshirilayotgan bolaning F.I.SH) taraflar (tekshirilayotgan ota-onaning F.I.SH)ning birgalikdagi hayoti (jinsiy yaqinligi) maxsulimi yoki yoʼqmi?
-Fuqaro (tekshirilayotgan otaning F.I.SH) va (tekshirilayotgan bolaning F.I.SH)lar bir-birilari bilan fiziologik jihatdan oʻxshashmi?
Yuqorida keltirilgan bunday mazmundagi savollarga javob berish Odam DNKsi sud biologik ekspertizasining vakolatiga kirmaydi va bunday turdagi tadqiqotlar oʻtkazilmaydi. Tekshirilayotgan bola taxmindagi ota-onaning jinsiy hayoti mahsulimi degan savol DNK ekspertizasi hal etadigan savollar qatoriga kirmaydi. DNK ekspertizasi tekshiruvlari orqali muayyan shaxslarning bolaga nisbatan biologik otaligi yoxud onaligini, yoxud boshqa turdagi qarindoshligini aniqlash mumkin. Maʼlumki, shaxslarning jinsiy hayotga moyilligi tibbiyot mutaxassislari tomonidan hal etiladi.
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi boʻyicha ekspertlar oldiga hal qilishlik uchun quyidagicha savollar qoʻyish mumkin.
–Fuqaro (tekshirilayotgan onaning F.I.SH)ning 2012-yil 15-mayda tugʻilgan (tekshirilayotgan bolaning F.I.SH)ga nisbatan biologik onaligi tasdiqlanadimi yoki yoʼqmi?
-Fuqaro (tekshirilayotgan otaning F.I.SH)ning 2012-yil 15-mayda tugʻilgan (tekshirilayotgan bolaning F.I.SH)ga nisbatan biologik otaligi tasdiqlanadimi yoki yoʻqmi?
-Fuqarolar (tekshirilayotgan shaxslarning F.I.SH)larning bir-biriga nisbatan biologik aka-ukaligi tasdiqlanadimi yoki yoʻqmi?
-Fuqaro (tekshirilayotgan shaxsning F.I.SH) 2012-yil 15-mayda tugʼilgan (tekshirilayotgan bolaning F.I.SH)ga nisbatan biologik amakimi yoki yoʻqmi?
-Fuqaro (tekshirilayotgan shaxsning F.I.SH) 2012-yil 15-mayda tugʻilgan (tekshirilayotgan bolaning F.I.SH)ning biologik xolasimi yoki yoʻqmi?
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi tadqiqotlari katta moddiy xarajatlarni talab qiladi, chunki unda dunyodagi bir nechta kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan maxsus reagentlar va maxsus to‘plamlardan foydalaniladi. Bitta ekspertizaning qiymati ya’ni toʻlov narxi ko‘rib chiqilayotgan fuqarolik ishi yuzasidan kelib chiqib taqdim qilingan obyektlar (solishtirma namunalar)ning umumiy soniga hamda ekspert oldiga hal etishlik uchun qoʻyilgan savollarning soniga qarab, umumlashtirilib belgilanadi. Fuqarolik ishlari yuzasidan Odam DNKsi sud biologik ekspertizasiga otalikka e’tiroz bildirish yoki biologik otalik faktini aniqlash yuzasidan tayinlangan ekspertizalarning ba’zilarida ham biologik otalikni ham, bilogik onalikni ham aniqlash boʻyicha savollar qo‘yilgan boʻladi. Ajrim boʻyicha belgilangan shaxslar va qoʻyilgan savollar sonidan kelib chiqib ekspertizaning narxi hisoblab berilganda esa tomonlar faqatgina biologik otalik fakti tekshirilsa boʻldi, biologik onalik faktini tekshirilishi uchun ortiqcha toʻlov qilmasliklarini ta’kidlashadi.
Yuqorida keltirilgani kabi tushunmovchiliklarni oldini olish uchun Odam DNKsi sud biologik ekspertizasiga ekspertiza tayinlayotgan sud organlari ajrimda ekspertlar oldiga hal qilishlik uchun savollar qoʻyishda har bitta savol uchun toʻlov qilinishini ham inobatga olishlari lozim.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
“Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi” laboratoriyasi eksperti
S.H.Turdiboyev.